147-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining yagona moliya, pul va bank tizimiga ega.
148-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti respublika byudjetidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetidan va mahalliy byudjetlardan iboratdir. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi.
149-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi. Soliqlarni joriy qilish huquqi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga tegishlidir.
150-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi soʻmdir.
Soʻm Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy toʻlov vositasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasining hududida qonuniy toʻlov vositalari sifatida pul belgilarini muomalaga kiritishda va ularni muomaladan chiqarishda mutlaq huquqqa egadir.
151-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan va banklardan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit va valyuta siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakatda banklar faoliyatini tartibga solishni amalga oshiradi, bank va toʻlov tizimlarining barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz vazifalarini bajarishda mustaqildir.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |