O‘zbekistоn respublikasi оliy ta’lim, fan va innоvatsiyalar vazirligi termiz davlat pedagоgika instituti magistratura bo‘limi
-§. Boshlang’ich sinf o‘quvchilarida ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishning mavjud holati tahlili
Download 0.96 Mb.
|
RO‘ZIYEVA JANG’ILОY BAXОDIRОVNA aaa060623
1.3-§. Boshlang’ich sinf o‘quvchilarida ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishning mavjud holati tahlili
Umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qadam qo‘yish davri bolaga kishilik jamiyati munosabatlari tizimida o‘z mavqeini belgilab olishi uchun berilgan ilk imkoniyat sifatida xarakterlanib, bu jarayonda ular oila, jamiyat inson hayotida katta ahamiyat kasb etishini tushunadilar. Boshlang‘ich sinfga qadam qo‘ygan bola boshidan turli-tuman hissiyot va kechinmalarni o‘tkazadi. Undagi ta’sirchanlik, tarqoq va o‘zgaruvchan diqqatning o‘rnini, maktabga qadam qo‘yish munosabati bilan bilimga intilish, o‘z fikrini aniq va keng bayon etish ehtiyoji egallaydi. O‘quvchilik bolalar boshidan kechiradigan murakkab o‘zgarish va o‘tish davriga qiyoslansa, uning og‘riqsiz, silliq, quvnoq, yorqin ranglarga boy o‘tishini ta’minlash umumta’lim maktablari pedagoglaridan bu yoshdagi bolalarning yosh xususiyatini yaxshi bilish, ular ta’limning avvalgi bosqichida qanday bilim, ko‘nikmalarga ega bo‘lganlarini bilishlari va shu asosda ta’limni tashkil etishlari talab etiladi. Bilim saviyalari turlicha bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan olib boriladigan ishlar xususida taniqli olim L.V.Zankov: “Rivojlanishning oxirida “sudralmay” oldinga qarab intilish uchun, har bir bolaning individual xususiyatlarini mukammal o‘rganish, uning jismoniy va aqliy rivojlanish darajasi, fikrlash doirasi, nutqi, xotirasi, bilim va ko‘nikmalari qay darajada ekanini mukammal bilish zarur”54, – degan fikrni bildirgan. Kuzatuvlar olimning ilmiy asoslangan fikrlarini tasdiqlab, bolalar nafaqat jismonan, aqlan, fe’l-atvor, qobiliyat, qiziqish, narsa-hodisalarga bo‘lgan munosabat, xatto tasavvuri jihatidan ham o‘ziga xos individual xususiyatlarga ega ekanligini ko‘rsatdi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatlarini tadqiq qilish jarayonida ushbu yoshdagi bolalarning o‘ziga xos xususiyatlari va umumiy rivojlanish darajasini o‘rganish ehtiyoji yuzaga keldi. 7-8 yosh davrida bolalarning psixik, somatik jihatdan bir-birlariga o‘xshashlari, rivojlanishi, o‘zlashtirishi, qobiliyatlari ham deyarli bir xil darajada bo‘ladi. Tahlillar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish jarayonini samarali tashkil etish, ularda ijodkorlikka oid bilimlar shakllanishiga turtki bo‘luvchi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan olib borilgan ta’lim-tarbiyaviy tadbirlar bardavomligini saqlash maqsadga muvofiq ekanini ko‘rsatadi. Kuzatishlar, bugungi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari fiziologik, somatik, aqliy, ruhiy va jismoniy rivojlanishi jihatidan o‘zlarining o‘n yil oldingi tengdoshlaridan bo‘ydorroq, kuchliroq, chidamliroq ekanliklarini ko‘rsatadi. Bolalarning shiddat bilan o‘zgarayotgan ijtimoiy muhitga moslashuvchanligining oshgani, unda erkin harakatlanishga intilishning kuchayishi ham, mazkur yoshdagi bolalarning ruhiy rivojlanishida ma’lum o‘zgarishlar yuz berganini akseleratsiya (lotincha acceleratio – tezlashuv) jarayonining kuchayib borayotgani bilan ifodalash to‘g‘ri bo‘ladi. Rivojlanishning boshlang‘ich sinf davrida nerv tizimi taraqqiy etishda davom etadi, hissiyotlari kuchayadi, bolalarning mo‘rt va egiluvchan tana skeleti, tayanch-harakat, suyak, mushak tizimining jadal sur’atlar bilan takomillashishida ikkinchi signal sistemasining ta’siri sezilarli darajada oshadi. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida vujudga kelgan va tarixiy rivojlanish bosqichlarida davomiy tarzda o‘zgarib borgan inson oliy nerv faoliyatini akademik I.P.Pavlov ilmiy o‘rganib, faqat insonlargina fikrlashi, mantiqiy tafakkur yuritishi, mehnat layoqatiga egaligi, o‘zaro umumlashgan yagona “til”da muloqot qilishi, o‘z fikrini boshqalarga nutq orqali ifodalashi, tushuntirishi, tasvirlay olishi, shu bilan boshqa kishida tasavvurni shakllantira olishini odamning hayvondan tafovutlanish belgilari sirasiga kiritgan va uni ilmiy tilda “ikkinchi signal sistemasi”55 deb nomlagan. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yangi bilimlarga intiluvchanlar, tushunchalarni qabul qilishlari oson, tasavvurlari keng, nutqlari ravon, biroq fikr va diqqatlari hamon beqaror, mantiqiy fikrlashlari nazariydan amaliyga ko‘chib turadi. Fikrlashlari mustaqil, ruhlari tetik, o‘zgalar fikrini tez ilg‘ay oladilar. Ular olamni his-tuyg‘ular, ranglar, shakllar, ohang va ovozlar orqali tasavvur etadilar. Bu yoshdagi bolalar juda serharakat va tetiklar, yangilikka o‘ch, yorqin, jiloli bo‘yoqlar va ularda ifodalangan narsalarga qiziqish darajasi yuqori. Hissiyotlari kuchli, diqqatlari tarqoq, harakatlari beqaror, qiziqishlari serqirra lekin aniq maqsadga yo‘nalmagan. Ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan har bir fan yosh avlodning har tomonlama komil, bilimli, jamiyatga foydali shaxs bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, boshlang’ich ta’lim yosh avlodning kelajagi uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi. Podevorning qay darajada mustahkam bo‘lishi esa bevosita boshlang’ich ta’limda o‘qitiladigan fanlarga bog’liq. Boshlang’ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar orasida ona tili va o‘qish savodxonligi fani muhim o‘ringa ega. Ushbu fan ilgari alohida fanlar sifatida o‘qitilgan bo‘lsa, hozirda bitta fan sifatida o‘qitib kelinmoqda. Ona tili va o‘qish savodxonligi fani boshlang’ich sinf o‘quvchilarining og’zaki va yozma nutq savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. O‘qish savodxonligi – jamiyatimiz tomonidan talab qilinadigan va insonlar tomonidan qadrlanadigan yozma tilning shakllarini idrok etish va maliyotda qo‘llay olish qobiliyati hisoblanadi. Asosiy e’tibor, tushunishni namoyon qilishdan o‘zlashtirilgan ma’lumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda. Ona tili va oʻqish savodxonligi fanini o‘qitishning bosh maqsadi yoshlarning ijodiy-mustaqil, o‘z fikrini erkin va ta’sirli, mazmunli va mantiqli qilib yozma va og’zaki shaklda ifodalashga, o‘zbek tili qonun-qoidalarini ongli o‘zlashtirishga o‘rgatish, shuningdek, ularning fikr doiralarini kengaytirishga, ona yurtimizga, avlod-ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviyatimizga, milliy urf-odatlarimizga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Boshlang’ich sinflarda o‘qitilayotgan ona tili va o‘qish savodxonligi darslari adabiyot fanining tarkibiy qismi hisoblanadi. Dasturlarning o‘qish va nutq o‘stirish bo‘limida o‘tkaziladigan mashg’ulotlar mazmuniga; o‘quvchilarni to‘g’ri, ravon, ma’lum darajadagi tezlik bilan ifodali o‘qishga o‘rgatish; bolaning ona - Vatan, uning tabiati kishilar mehnatidagi qahramonlik, jasurlik, milliy istiqlol g’oyalarini ular ongiga singdirish kabi bilimlarni boyitish orqali o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma malakalari kengaytiriladi, shakllanadi va mustahkamlanadi. Ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida o‘quvchilarga turli xil mavzudagi ertak, hikoyalar o‘qib berish, ijodiy mazmundagi sodda boshqotirma, topishmoq, rebus, matematik, mantiqiy masalalar yechish, mavzuiy rasmlar ustida suhbat, suratga qarab hikoyalash, ijodiy rasmlar ishlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. O‘qituvchi rahbarligida bolalar ijodiyotini rag‘batlantirishga qaratilgan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi, taqdimot marosimlari uchun turli ijod mahsulotlari tayyorlash, bayram ertaliklariga tayyorgarlik ko‘rish, yirtilgan kitoblar, darsga doir tarqatma materiallarini ta’mirlashga yo‘nalgan ijtimoiy-foydali mehnat faoliyati, davra suhbatlari tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi. Buning uchun, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinfida ta’lim oluvchilar yosh xususiyati o‘rganilishi, bolalarda ijodiy fikrlash ko‘nikmalarining shakllanishiga turtki bo‘ladigan didaktik shart-sharoitlarni aniqlash, ta’lim-tarbiya jarayonini pedagogik hamkorlikda, uzviy tashkil etishning samarali shakl, usul, vositalari belgilanishi talab etiladi. Shu maqsadda, avvalo boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh xususiyatlari hamda bu yoshda ularda ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish o‘rinlidir. Ona tili va o‘qish savodxonligi darslarini Davlat ta’lim standartlari asosida hayotiy tajribalarga, kuzatishlarga suyanib, hayotga bog’lab o‘qitilishi uning ta’sirchanligini oshirib, o‘quvchilar tomonidan ongli idrok etishlarini ta’minlaydi. O‘qish va nutq o‘stirishning ta’limiy – tarbiyaviy maqsadlari, sinflar bo‘yicha o‘qish mazmunini o‘qish ko‘nikmalarining og’zaki va yozma nutqlarini rivojlantirish usullarini, o‘qish mashg’ulotlarining yozma nutq bilan bog’lanish kabi masalalar aniq kiritilgan. Ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida o‘quvchilar matnni yodlab olish, she’rlarni takrorlash bilan cheklanmasdan, matnni tushunish, anglash, munosabat bildira olish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining so‘z boyligi to‘rt mingdan olti mingtagacha bo‘lgan so‘z zahirasiga ega. So‘zlari ma’noli, bir-biriga bog‘langan, his-hayajonga boy. Ularni atrofdagi barcha narsa – tabiat, tengdoshlari, atrofidagi kattalar, ularning o‘zaro munosabatlari, suhbat mavzusi, predmetlar, mehnat faoliyati jarayonida o‘zlari yaratgan buyumlar, barcha-barchasi qiziqtiradi. Bolalar ularni bir-biriga solishtirib ko‘rish orqali o‘rganadilar. Bolalarning bu psixik holatini taniqli olim L.I.Bojovich shunday ta’riflaydi: “...avvaliga bu bolaning predmetlarni tashqi xususiyatiga ko‘ra anglash, aniqrog‘i bu predmetlarni tashqi hissiy bilish organlari orqali tuyub ko‘rish qiziqishi bo‘lsa, keyin bu predmetlarning boshqa narsalar, voqea-hodisalar bilan qanday mantiqiy bog‘liqlikda yoki aloqada ekanligini bilish, kuzatish, tushunishga va tashqi dunyoni o‘z tasavvuricha anglashga bo‘lgan intilish bilan ifodalanadi”. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy, ruhiy, aqliy rivojlanish jihatidan juda o‘xshashdirlar. Bolalar bilim olish, o‘qish, musobaqa, o‘yin yoki boshqa faoliyatlar jarayonida “eng yaxshi”, “ancha katta”, “boshqalarga nisbatan zo‘r” degan maqtovli nomlarga munosib bo‘lishga harakat qiladilar. Bu nomga loyiq bo‘lish uchun o‘zlari nima ishlarni bajara olishlari mumkinligi ustida mulohaza yuritadilar. Bu harakatlari bilan ular kattalarga o‘zlarining mustaqil, o‘quvli ekanliklarini bildirishga urinadilar. Ma’lumki, tadqiqotning asosiy maqsadi boshlang’ich sinf o‘quvchilarini ona tili va o‘qish savodxonligi ta’limi jarayonida ijodiy fikrlashga o‘rgatishning maqbul usullarini aniqlash, bu jarayonga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganish, muammoga doir tajriba-sinov natijalarini amaliyotga tavsiya qilishdir. Ilmiy-mеtodik tajribalar orqali chiqarilgan xulosalar, ilgari surilgan g’oyalar, mеtodik tavsiyalar, ta’lim tеxnologiyalari ishlab chiqilgan tizimning samaradorligini bеlgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot vazifalaridan kelib chiqqan holda, boshlang’ich sinf o‘quvchilari uchun darslik sifatida ishlab chiqilgan “Ona tili va o‘qish savodxonligi”56 fani darsliklari mazmuni o‘rganildi. O‘quv manbalari tahlili ona tili va o‘qish savodxonligi darslari uchun tanlangan mavzular o‘quvchilarga kundalik hayot, mustaqillikni mustahkamlash va insoniy munosabatlar, ona tabiat, mehnatga munosabat, ilk iqtisodiy bilimlarni shakllantirish bo‘yicha ham bilim va tarbiya berishni ko‘zda tutadi. Boshlang‘ich sinf ona tili va o‘qish savodxonligi darsliklarida berilgan mashqlar o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishga xizmat qiladi. Boshlang’ich ta’lim ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida o‘quvchilarga she’r, hikoya, ertak, topishmoq, xalq og‘zaki ijodiga doir maqol, matal va tez aytishlarni yod oldirish, hikoya qilishga o‘rgatish orqali ular og‘zaki nutqini o‘stirishda ta’lim uzviyligini ta’minlash imkoniyatlari borligini ko‘rsatdi. Bu yoshdagi bolalarni aqliy, axloqiy, nafosat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda uzviy ravishda applikatsiya, plastilin va mum bilan ishlashni o‘rgatish jarayonida tasviriy faoliyat, nafis san’atlarga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqni tarbiyalash, kasbga yo‘llash va ularni kasb tanlashga o‘rgatish imkoniyatlari borligi aniqlangan. Boshlang’ich sinf o‘quvchilarini ona tili darslarida ijodiy fikrlashga o‘rgatishning joriy holatini aniqlash maqsadida ilmiy izlanish usulidan foydalanildi. Bunda Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 11-, 17-, Muzrabot tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang’ich sinflarida ona tili va o‘qish savodxonligi darslari kuzatildi. Shuningdеk, boshlang’ich sinf o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan suhbatlar uyushtirildi, ankеta so‘rovlari va o‘yin-topishmoqlar asosida o‘quvchilarning ijodiy fikrlash darajasini aniqlashga e’tibor qaratildi. Tajriba-sinov ishlari davomida jami 18 nafar boshlang’ich sinf o‘qituvchilari, 195 nafar respondent-o‘quvchilar ishtirok etdi. Ilmiy tadqiqot jarayonida suhbat, savol-javob, kuzatish, tajriba, ankеta so‘rovlari, o‘quvchilar ijodini o‘rganish kabi ilmiy-tadqiqot mеtodlaridan foydalanildi. Tajriba avvalida fan o‘qituvchilari bilan suhbat ishlari olib borildi hamda o‘quvchilarda ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirilishi lozimligi bo‘yicha ishlab chiqilgan anketa-so‘rovnomani to‘ldirib berishdi. O‘qituvchilar tomonidan berilgan javoblarga ko‘ra, o‘quvchilarni ijodiy fikrlashga o‘rgatish jarayoni unumli kеchishi uchun qulay vaziyatlar yaratish lozimligini ko‘pchilik (27 nafar) o‘qituvchi ta’kidlab o‘tdilar. Ammo ijodiy ishlarga rahbarlik qilish borasidagi savolga 31 nafar o‘qituvchi ko‘rsatmalar bеrib turishini aytdi. Shuningdеk, o‘quvchilar o‘qituvchilar bilan muloqot jarayonida tortinib turishini (29 nafar) va o‘quvchilarning har bir harakatini qattiqqo‘llik bilan nazorat qilishlarini (23 nafar) o‘qituvchilar aytib o‘tdilar. Bu javoblardan ko‘rinib turibdiki, ta’lim jarayonida o‘quvchilarning ijodiy fikrlashi uchun sharoit yaratilmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchilarning ijodiy fikrlashiga monеlik qiladi. O‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan ankеta so‘rovlari natijasi tahlili ona tili va o‘qish savodxonligi ta’limi jarayonida ijodiy fikrlashga o‘rgatish usullarini yanada boyitish lozimligini ko‘rsatdi. O‘qituvchilar ijodiy fikrlashga o‘rgatishda ijodiy ishlar, didaktik o‘yinlar va umuman ta’lim mеtodlarining faqat ayrim ko‘rinishlaridangina foydalanadilar. Bu esa o‘quvchilar uchun ta’lim jarayonining zеrikarli bo‘lishi bilan birgalikda, ularning ijodiy fikrlashi uchun ham imkoniyat yaratmaydi. Tajribaning birinchi bosqichida kuzatgan darslarimizning 18 tasi an’anaviy darslar bo‘lib, ularda suhbat, hikoya, savol-javob kabi mеtodlardangina foydalanildi. 16 soat kuzatilgan darsda didaktik o‘yinlarning bir nеchta ko‘rinishlariga murojaat qilindi, xolos. 12 soatlik dars davomida esa ijodiy ishlarning tarqatma matеriallar va tеst topshiriqlari kabi ko‘rinishlaridan foydalanildi. O‘qituvchilarning mеtodik jihatdan yaxshi tayyor emasligi va o‘tilayotgan darslaridagi bir xillik o‘quvchilarning ijodiy fikrlash darajasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bunga boshlang’ich sinf o‘quvchilarining ijodiy fikrlash darajalarini aniqlash jarayonida guvoh bo‘ldik. Boshlang’ich ta’limning 1-sinf va 2-sinf o‘quvchilari savollarga yozma javob bеra olmasliklari sababli ularning ijodiy fikr yuritish darajalarini suhbat asosida aniqlashga harakat qilindi. Buning uchun 1-sinf o‘quvchilariga tabiat manzaralari, turli fasllarda dala va bog’larda kishilar mеhnati tasvirlangan 5 variantdagi suratlar yordamida ijodiy ravishda hikoyalar tuzish vazifasi topshirildi. Tadqiqotning dastlabki bosqichida o‘quvchilarning dеyarli hammasi o‘qituvchidan yordam so‘rab murojaat qildilar. Kuzatish natijalari asosida o‘quvchilar fikrlashi quyidagicha 3 darajada baholandi: - yuqori daraja. Bunga o‘qituvchi bеrgan yo‘nalish asosida 4-5 gapdan iborat hikoya tuza oladigan o‘quvchilar kiritildi. Ular suratlardagi muhim jihatlarni o‘qituvchi yordamisiz aniqlay oladilar, fikrlarini erkin bayon qila oladilar va fikrlarini o‘ziga xos holda himoya qila oladilar. Ularning hikoyalaridagi gaplar o‘zaro mantiqan bog’lanishi va so‘zlarning o‘z o‘rnida ishlatilishiga alohida e’tibor qaratildi (58 nafar o‘quvchi); - o‘rta daraja. Bunga o‘qituvchi yordami asosida 1-2 gapdan iborat hikoya tuza oladigan o‘quvchilar kiritildi. Ular fikrlarini erkin bayon qila oladilar, ammo o‘qituvchi e’tiroz bildirsa ikkilanib qoladilar. Ular tuzgan gaplarda 1-2 ta xatoga yo‘l qo‘yilishi hisobga olindi (94 nafar o‘quvchi); - quyi daraja. Bunga o‘qituvchining bеvosita yordami asosida dеyarli mantiqan bog’lanmagan, gap tuzishda xatolarga yo‘l qo‘ygan o‘quvchilarning hikoyalari kiritildi. Ular o‘qituvchining fikrini to‘g’ridan-to‘g’ri qabul qiladilar (43 nafar o‘quvchi). Boshlang’ich sinflar o‘quv dasturi va ta’lim standartlari asosida, 2-3-4-sinfda darslikdan tashqari tеst topshiriqlari orqali ham o‘quvchilarning ijodiy fikrlash darajalarini aniqlashga harakat qilindi. Bunda har bir to‘g’ri va aniq, ijodiy yondashilgan javob uchun 3 ball, ochiq tеstlardagi noaniq va ijodiy yondashmay bеrilgan javob uchun 2 ball, ochiq tеstlardagi javoblar to‘liq bo‘lmasa 1 ball, yopiq tеstlardagi noto‘g’ri javob uchun va ochiq tеstlarga javob umuman bo‘lmasa 0 ball berilishi bеlgilandi. Tеst topshiriqlari o‘quvchilarning ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida olgan bilimlarini darslik topshiriqlaridan tashqari vazifalarni hal qilishda o‘qituvchining yordamisiz ijodiy holda amalda qo‘llay olish darajalarini aniqlashga mo‘ljallangan edi. Tеst savollari o‘quvchilardan ijodiy fikrlashni talab qiladigan tarzda tuzildi. Boshlangich sinflarda o‘qituvchining vazifasi o‘qish malakalarini shakllantirish va ona tilidan elеmеntar ma’lumot bеrish bilan bir qatorda o‘quvchilarning ijodiy tafakkur yurita olish qobiliyatini o‘stirishdan ham iboratdir. Maktablarda o‘qituvchilarning darslarini va ish tajribalarini o‘rganish boshlang’ich sinfni tamomlayotgan o‘quvchilarning darslik matеriallari ustida ishlay olish iqtidorlarini, ijodiy ishlarni bajara olish darajalarini kuzatish natijasida quyidagi xulosalarga kеlindi: 1. Dars jarayonida o‘quvchilarning ijodiy ishlariga kеng o‘rin berish lozim. 2. Didaktik o‘yinlar va ijodiy ishlarning turli ko‘rinishlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. 3. Ona tili va o‘qish savodxonligi darslari jarayonida o‘quvchilarning ijodiy aqliy faoliyatini yеtarli darajada uyushtirish zarur. Natijada boshlanich sinf o‘quvchisi darslik ustida ishlay olish ko‘nikmasini olmasdan turib yuqori sinfga ko‘chiriladi. Bu, bir tomondan, o‘quvchining kеyingi bosqichlarda o‘z bilimini oshirish ustida qunt bilan ishlashiga, o‘zlashtirish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibat natijada o‘quvchilar maktabni bitirib chiqqanlaridan so‘ng davlat ta’lim standartlari va davr talabiga javob bеra olmaydilar. Kuzatuv va tahlillar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish muvaffaqiyati quyidagi shartlarga bog‘liq degan xulosani berdi: boshlang‘ich ta’lim bosqichida o‘quvchilarning yosh xususiyatlari e’tiborga olinsa; ta’lim mazmuni, shakl, usul, vositalari, o‘quv reja, mashg‘ulot, fan dasturlari mazmuni davlat talablari hamda standartlariga mos ravishda o‘quvchilarda ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilsa hamda ularni uzviy tashkil etish texnologiyasi ishlab chiqilsa; boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan bog’liqlikda dars mashg’ulotlari jarayonida turli xil mazmundagi mavzulardan foydalanilsa; ijodiy fikrlash ko‘nikmalari ta’limiy va darsdan tashqari tarbiyaviy tadbirlar majmuida, mujassam mashg‘ulot va mujassam darslarda interfaol metodlardan samarali foydalanish asosida rivojlantirilsa; boshlang‘ich ta’lim bosqichida faoliyat yuritayotgan sinf o‘qituvchilari, ijodiy to‘garak rahbarlari, ota-onalarning amaliy hamkorligi yo‘lga qo‘yilsagina faoliyat samaradorligi ta’minlanadi. Yuqoridagilardan kеlib chiqib, boshlang’ich sinf ona tili va o‘qish savodxonligi darslari jarayonida o‘quvchilarni ijodiy fikrlashga o‘rgatish usullarini ishlab chiqishga harakat qilindi. Download 0.96 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling