O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi farg‘ona davlat universiteti jahon tarixi kafedrasi


Download 291.56 Kb.
bet5/9
Sana16.06.2023
Hajmi291.56 Kb.
#1499376
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Jizzax davlat pedagogika instituti tarix fakulteti

«Devon Amid-al-mulk» yoki «al-rasail» davlat ahamiyatiga molik bo’lgan rasmiy hujjatlarni tuzish bilan shug’ullangan. Bundan tashqari bu devon chet davlatlar bilan bo’ladigan munosabatlarni ham boshqargan.
«Sohib ash-shurat» devoni davlatning butun harbiy ishlarini, shu jumladan amirning shaxsiy qo’shinini boshqargan. «Sohib ash-shurat»ning mahsus yordamchisi - ariz bo’lgan. U mahkama va uning boshlig’i amir qo’shini xazinasi bilan shug’ullangan. Qo’shinlarga bir yilda to’rt marta maosh to’langan. Davlatni idora etishda «sohib al-borid» devonining ahamiyati ham juda katta bo’lgan. Bu devon davlat ahamiyatiga molik bo’lgan hujjatlarni va xabarlarni yetkazish bilan shug’ullangan. Devonning hamma shahar va viloyatlarda mahalliy mahkamalari bo’lgan.
«Muxtasib» devoni bozorlarni, sotuvchilarni, qadoqboshlarning og’irligi, bozordagi mollarning narxini, sifatini nazorat qilgan. Davlat xazinasining daromadlarini va harajatlarini «mushrif» devoni nazorat qilgan. Bundan tashqari «qozi az-ziyo» va «vaqf» devonlari bo’lgan. «Qozi az ziyo» devoni davlat yerlarini, «vaqf» devoni hadya etilgan yerlarni va musulmon ruhoniylarining boshqa mol-mulklarini nazorat qilishgan.
Devonlarning aytarli hammasining viloyatlarda boshqarmalari bo’lgan. Devonlarning viloyatlardagi boshqarmalari bir tomondan o’z devonlariga, ikkinchi tomondan viloyat hokimiga bo’ysunishgan. Bundan faqat «sohib al-borid» devonining amaldorlari mustasno bo’lgan23.
Viloyat va tumanlar amir tomonidan tayinlangan hokimlar tomonidan idora qilingan. Odatda bunday lavozimga mahalliy boy zodagonlar tavsiya etilgan. Somoniylar davlatida musulmon ruhoniylarning ta’siri nihoyatda kuchli bo’lgan. Ular markaziy hokimiyat ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Somoniylar davlatining diniy hayotida xanafiylar mazxabligiga mansub ruhoniylar hamma diniy lavozimlarni o’z qo’llariga olishgan. Ruhoniylarning boshlig’i «ustod», keyinchalik «Shayx ul-islom», deb atalgan. «Ustod»dan so’ng o’z lavozimi bo’yicha ruhoniylar orasida «xatib» turgan. U jome’ masjidlarida juma namozida xutba o’qish huquqiga ega bo’lgan.
Somoniylar hokimiyati yirik yer egalari hamda mulkdor savdogarlarning manfaatini himoya qilgani tufayli mamlakatdagi mavjud yer va suvning katta qismi davlatga va zodagon tabaqalarga tegishli bo’lgan. Ayni vaqtda yerdan foydalanish va unga egalik qilishning boshqa turlari ham mavjud edi. Davlat tasarrufidagi yerlar «mulki sultoniy», hukmron sulola vakillari, zodagon dehkon va aslzodalarning tasarrufidagi yirik hamda mehnatkash qishloq aholisiga tegishli mayda xususiy yerlar «mulk yerlari» deb atalardi. Masjid, madra­sa, xonaqoh va maqbaralarga vaqtincha yoki muddatsiz foydalanish uchun berilgan yerlar «vaqf yerlari» deyilgan. Barcha turdagi yerdan foydalanuvchilar davlatga hosilning 1/3 xajmida xiroj to’lar edi. Oliy martabali ruhoniy va saidlarga qarashli yerlar («mulki xos») davlat soliqlaridan qisman yoki tamomila ozod etilgan. Bunday imtiyozga ega bo’lgan mulkdorlar davlatga hosilning 1/10 hisobida (ba’zan pul bilan) «ushr» solig’ini to’lar edi. Shuningdek, hukmron sulola hamda oliy tabaqa vakillariga davlat oldidagi xizmatlari evaziga hadya qilingan mulklar (viloyat, tuman yoki ayrim shahar va qishloqlar) “iqto” yoki «tuma yerlar», unga ega bo’lgan mulkdorlar «muqto» yoki «iqtodor» deb yuritilardi. Iqto tarzida esa ayrim viloyat, voha, rustoq (tuman) yoki shaharlar hadya etilgan. Iqto, dastavval, asosan, sulola a’zolari — amirzodalar va ayrim mansabdorlarga in’om etil­gan. Iqto mulklari avvalda ma’lum muddatda berilib nasldan-naslga o’tkazilmagan. Iqtodorlar iqtolaridan to’shadigan daromadni yoki uning ma’lum qisminigina yig’ib olish huquqiga ega bo’lganlar, holos. Butun bir viloyat iqto qilib berilgan noib - vazirga ba’zan o’z nomidan chaqa pul zarb etish huquqi ham berilar edi. Bu ko’pincha markaziy hoqimiyatni kuchsizlantirib, mahalliy hokimlarning boshboshdoqlik harakatlari kuchayishiga olib kelar edi.
Qishloq jamoalari tasarrufida ham ma’lum miqdorda «jamoa yerlari» bo’lib, bunday yerlar ko’pincha lalmikor hamda korizlar vositasida sug’oriladigan suvga tanqis tog’ oldi mintaqalarida joylashgan edi.
Mayda hususiy hamda jamoa yerlaridan tashqari barcha mulklarda mehnatkash qishloq aholisi kadivar yoki yollanib koranda bo’lib ishlar edi. Korandalar IX-X asrlarda «sherik» yoki «barzikor» deb atalardi. Bu davrda katta yer egalari o’z yerlarini barzikorlarga ijaraga berishni afzal ko’rardilar. Ijarachilarning asosiy qismi kam yerli yoki yersiz dehqonlar edi. Agar barzikor o’z urug’ligi va qo’shi bilan dehqonchilik qilsa, hosilning 1/3—1/5 miqdorida hissa olar, urug’lik va qo’sh yer egasi hisobidan bo’lsa hosilning 1/10 yoki 1/12 ulushiga ega bo’lardi. Davlat soliqlari (xiroj va ushr) yer egasidan ham, korandadan ham alohida-alohida shu ulushlar hisobidan olinar edi24.
Dehqonlar zimmasiga sug’orish tarmoqlarini muntazam loyqadan tozalash, kanal qazish, to’g’on o’rnatish, ko’prik qurish, suv ombori barpo etish kabi og’ir ishlar ham yuklangan edi. Bo’lardan tashqari mehnatkash omma masjid, madrasa, xo­naqoh, maqbara va karvonsaroylar kabi qurilishlarda, shahar va qal’alarning mudofaa devorlarini ta’mirlash, yangidan qurish va yo’l tuzatishda tekinga ishlab berishga majbur edi. Aholi, ayniqsa, Somoniylar­ning harbiy yurishlari, hukmron sulolaning ichki nizolari, mahalliy hokimlarning boshboshdoqlik harakatlari bilan bog’liq o’zaro kurashlaridan bezor bo’lgan edi. Bunday ichki siyosiy vaziyat oqibatda mamlakatni iqtisodiy tanglikka olib keldi. Bunday og’ir ahvoldan chiqish uchun 942 yilda aholidan ikki marta soliq o’ndirib olinadi. Siyosiy vaziyat, ayniqsa, Nuh ibn Nasr (943-954) va uning nabirasi Nuh ibn Mansur (976—997) hukmronliklari davrida nihoyatda keskinlashdi. Ketma-ket takrorlangan isyonlar markaziy hoqimiyatni zaiflashtirdi. Bu davrda Yettisuv viloyatida tashkil topgan Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrga qilgan hujumidan 999 yilda Somoniy­lar hoqimiyati butunlay barham topdi.
Somoniylar davrida kuchli va mustaqil davlatning paydo bo’lishi dehqonchilik, hunarmandchilikning rivojlanishi, shaharlarning taraqqiyoti o’z navbatida ichki va tashqi savdoni yanada uzviylashuviga va taraqqiyotiga olib keldi. Avvalo, shahar va qishloqlar o’rtasidagi savdo kengaydi. Ikkinchi tomondan shahar va qishloqlarning qo’shni ko’chmanchi xalqlar va boshqa davlatlar bilan aloqasi rivojlandi.
Xususiy shaxslarga tegishli mulk hukmdor tabaqa xonadoni, dehqon-zodagonlarga, sayyidlar, sipohsolor, badavlat savdogarlarga tegishli mulklar hisoblangan. Shartli yer egaligi ham bo’lgan.
Vaqf mulklari, diniy muassasalar va madrasalarga tegishli mulk. Bu mulkni muassasa mutavallisi boshqargan. Jamoa mulki: yaylov, tog’ yonbag’irlaridagi lalmi yerlar.
Xiroj hajmi shariat va davlat qonunlari asosida belgilangan. Somoniylarning birgina Buxoro va Karmana viloyatlari xirojidan tushgan daromadi 116866 dirhamni tashkil qilgan.
Somoniylar davrida yerlar qaytadan taqsim qilindi. Yer egalarining yangi guruhi tashkil topdi. Ularning ko’pi sipohiylardan chiqqan edi. Masalan, Alpteginning Xurosonda va Movarounnahrda 500 kishilari bo’lib, biror shahar yuq ediki, unda uning qasri yo bog’i, yoxud karvonsaroyi bo’lmasa. Uning tasaruffida minglab otlar va chorva mollari bo’lgan.
Somoniylar davrida qudratli markazlashgan davlatning vujudga kelishi natijasida Movarounnahr va Xurosonda ma’lum barqarorlik qaror topdi. Bu holat mamlakat iqtisodiy hayotiga katta ta’sir ko’rsatdi. Dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Movarounnahr va Xuroson bu vaqtda Sharqning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan o’lkalaridan hisoblangan25.
Xuroson va ayniqsa, Movarounnahr dehqonchilik o’lkalari qatoriga kirgan. Bu yerlarda dehqonchilik asosan sun’iy sug’orishga asoslangan. Ko’plab soy va daryolardan chiqarilgan katta-kichik kanallar mavjud bo’lgan. Buxoro vohasida Shopurkon, Shoxrud, Karmana, Poykand, Samarqand vohasida Barj (Darg’om), Bo’zmadisoy, Ishtixon kabi kanallar shahar va qishloqlarni suv bilan ta’minlagan. Bundan tashqari, bunday kanallar Xorazm, Qashqadaryo, Farg’ona va Shoshda ham bo’lgan. Manbalarga qaraganda Shosh aholisi xalifa Mutasimga (833-842) murojaat qilib vohada suv yetishmasligi tufayli kanal qurilishiga yordam so’ragan. Sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilikdan tashqari lalmikor dehqonchilik ham yaxshi yo’lga qo’yilgan26.
Dalalarda bug’doyning turli navlari, arpa va boshqa boshoqli ekinlar ekilgan. Qishlok xo’jaligida paxta yetishtirishga alohida ahamiyat berilgan. Paxta, ayniqsa, Zarafshon, Qashqadaryo va Marv vohasida ko’p ekilgan. Bog’dorchilik ham yaxshi rivojlangan. Bog’larda olma, shaftoli, nok behi, anor, anjir kabi turli mevalar yetishtirilgan. Uzum yetishtirish yaxshi yo’lga qo’yilgan. Ayniqsa, Samarqand, Marv, Hirotda yetishtirilgan uzumlar juda qadrlangan. Umuman Xuroson va Movarounnahrning mevalari o’zining turli navlari va yuqori sifatliligi bilan butun Sharqda dong taratgan. Juda ko’p quruq mevalar Yevropaning turli shaharlariga jo’natilgan.
Somoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayotda Movarounnahr, Huroson va Xorazmning shahar va qishloqlarida hunarmandchilikning ko’pgina sohalari rivojlangan edi. Somoniylar davlati aholisining asosiy qismi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan.
Dehkonchilik solig’i (xiroj)dan xazinaga kattagina daromad tushgani uchun Somoniylar xo’jalikning shu tarmog’iga ko’proq, e’tibor bergan. Viloyatlarda suv taqsimoti tartibga solinib, ekin maydonlari imkoni boricha kengaytirilgan. Bir qancha yangi sug’orish kanali qazilib, ularning dahanalariga miftoxlar (shlyuz) va suv tashlagich novalar qurildi. Oqar suv tanqis bo’lgan tog’ oldilarida bandlar bino qilinib, suv omborlari barpo etiladi. Yer osti suvlaridan dehqonchilikda foydalanish uchun murakkab gidrotexnika inshooti - korizlar qazilib ishga tushiriladi. Charxparrak chig’irlardan keng foydalaniladi.
X asr arab geograflarining ta’riflashicha, Samarqand va Buxoro rustoklari Zarafshon daryosidan chiqarilgan shoh ariqlardan sug’orilgan. Masalan, Varksar, Maymurg’, Sanjarfagon va Darg’om rustoqlarining dehqonchilik maydonlari Darg’om anhoridan sug’orilgan. Fay kanalidan sug’orilgan yerlar Sug’dning eng obod qismi bo’lgan. Ibn Xavqalning yozishicha, Sug’d daryosi Buxoro chegarasigacha obod qishloqlar orqali oqqan. Buxoro vohasi keng va obod bo’lgan, u 17 ta sug’orish shoh ariqlar orqali sug’orilgan. Sirdaryo havzasida Iloq (Ohangaron) va Parak (Chirchiq) vodiylari ham nihoyatda obod va istehkomli qishloqlari ko’p bo’lganligidan, bu joyni o’rta asr tarixchilari «1000 qal’ali mamlakat» deb ataganlar.
Sug’orish tarmoqlarini loyqadan tozalash, turli hil suv inshootlarini ta’mirlash uchun har yili bahorda yuz minglab hasharchilar ishlagan. Mirob, juybon va poykorlar yoz bo’yi gidrotexnika inshootlari rejimi va suv taqsimotini nazorat qilib turgan. IX asrdan Buxoro vohasining suv taqsimoti bilan shaxsan shahar qozisining o’zi shug’ullangan. Narshaxiyning yozishicha, Sa’id ibn Xalaf Balxiy Buxoroga qozi bo’lgach, «yaxshi qonun-qoidalar o’rnatgan... toki kuchli kishi zaif kishiga zulm o’tkazmasin uchun (shahar) to’g’onlarini qurdirib, Buxoro suvini adolat va insof yuzasidan taqsim qilishni» joriy etgan27.
IX-X asrlarda Movarounnahrda yaylov chorvachiligi rivoj topgan. Ko’chmanchi chorvador qabilalar o’troq aholini chor­vachilik mahsulotlari bilan ta’min etib turgan. O’troq aholi, o’z navbatida, dashtliklarga hunarmandchilik mahsulotlarini yetkazib berib turganlar.
IX-X asrlarda aholining xo’jalik hayotida hunarmandchilik katta o’rin tutadi. Movarounnahr va Xorazm shaharlarida to’qimachilik, kulolchilik, degrezlik, chilangarlik, misgarlik, zargarlik, shishagarlik va duradgorlik ancha rivoj topadi. Ayni vaqtda shaharlarning me’moriy qiyofasi ham o’zgara bordi. Mahobatli saroy, masjid, mad­rasa, namozgoh, xonaqoh va karvonsa­roylar hamda ustaxonalar qad ko’tardi. Shaharlar kengayib ilk o’rta asrlarda vujudga kelgan ark (o’rda), shaxriston (ichki shahar) va rabod (tashqi shahar) yagona devor bilan o’rab olindi, shahar darvozalarining soni ham ko’paydi. Shaharning do’nglik yerida joylashgan arkida odatdagidek podshoh yoki hoqimning qarorgohi (dargoh), xazina, chaqa-tangalar so’qiladigan zarbxona va qamoqxona bo’lardi. Shahar markazida Registon maydoni, devonlar, mahkama saroyi, shuningdek amirzodalar, saroy a’yonlari, ruhoniylar, mulkdor dehqonzodalar va davlatmand savdogarlarning hashamatli qasrlari, podsholikning qurol-yarog’, asbob, egar-jabduq yasaydigan ustaxonalari, hunarmandchilik do’konlari va savdo rastalari joylashgan edi. Shaharlar kengayib, ularning girdi bo’ylab kosib va hunarmandlarning yangi-yangi mahalla-kuylari, bozor va rastalar vu­judga keladi. Mahalla-kuylarda zargar, sarrof, to’quvchi, kulol, misgar, temirchi, duradgor va boshqa hunarmandlarning uy-joylari va do’konlari bo’lardi. Ayni shu davrda Buxoro, Samarqand, Ko’hna Gur­ganj, Marv, Binkat, Kesh, Nasaf, Ax-sikat kabi shaharlar o’rta asr hunarmandchiligining rivoj topgan yirik markaziga aylanadi.
Narshaxiyning yozishicha, IX asrda Buxoro arki yonida podsholikka qarashli «Bayt ut-tiroz» katta to’qimachilik korxonasi bo’lgan. Unda qimmatbaho rangli mato, palos, darparda, yostiq jildi, joynamoz va ust kiyimliklar to’qilgan. Samarqandda ko’proq, misgarlik zargarlik va sarrojlik rivojlangan edi. Turli matolar, kimxob, shoyi va rumollar to’qilar, yuqori navli qog’oz ishlab chiqarilar edi. Shosh o’zining kunchilik mahsulotlari va charm buyumlari bilan, Iloq esa kumush va qo’rg’oshin konlari hamda kumush tanga chiqaradigan zarbxonasi bilan mashhur edi. Movarounnahrning xo’jalik hayotida Xorazm ham katta rol o’ynaydi. Bu yerda hunarmandchilikning boshqa sohalari qatorida qayiqsozlik taraqqiy qiladi. Xorazm va Termizda yasalgan qayiklarda Amudaryo bo’ylab muttasil yuk tashilgan.
Bu davrda hunarmandchilikning ayrim sohalari yirik qishloqlarda ham ri­voj topdi. Buxoroning Zandana kishlog’ida to’qilgan «zandanacha» malla rang bo’z, Samarqandning Vador qishlog’ida tayyorlangan «vadoriy» matosi Sharqda mashxur va manzur edi28.
IX-X asrlarga oid kulolchilik sirlangan idishlari va shishasozlik buyumla­ri bilan alohida mavqeni egallagan. Bu davrda tog’li mintaqalarda konchilik ham jadal rivojlandi. Shosh viloyati, Farg’ona vodiysi, Nurota, Ustrushona, Xo’jand atroflari va Zarafshon tog’larida temir, mis, qo’rg’oshin, oltin, kumush rudalari, feruza va boshqa qimmatbaho toshlar, Badaxshondan la’l va lojuvard qazib olinardi. Iloq viloyati kumush va qo’rg’oshin olinadigan yirik markazlardan edi. Undagi Qoramozor tog’idan bu ikki tur ma’dandan tashqari oltin, mis, temir rudalari va fe­ruza kazib olinardi. Farg’ona vodiysi tog’laridan temir, qo’rg’oshin, kumush, simob, mis, qalay, feruza, novshadil qazib chiqarilardi. Farg’onada o’sha vaqtlardayoq toshko’mir va neft qazib olinib ishlatilganligi ma’lum. Neftdan qamal qilingan shaharga o’t otishda foydalanilgan. Konchilik va temirchilik davlat tasarrufida bo’lgan. Kon qazish ishlari o’z zamonasi uchun ancha takomillashgan edi. Qazilma boyliklar hozirgidek ochiq usulda hamda yer osti konlaridan qazib olinardi. Qazilgan rudalar yer ostidan sixg’altaklar vositasida yuqoriga chiqarilgan. Konlarda, asosan qul, mahbus va qishloq, jamoalari zo’rlik bilan ishlatilardi. Konchilarning mehnati nihoyatda mashaqqatli va xavfli bo’lganligini arxeologik topilmalar (qorachirog’, bolta, cho’kich va hokazo)dan bilish mumkin.
Somoniylar davrida (IX—X) islom dinini qabul qilganlar Movarounnahr hududida, uning vodiy va vohalariga kelib yashayverganlar. Somoniylarning harbiy qismlarida, ma’muriy lavozimlarida turklardan qanchalari hizmat qilganlar. Movarounnahrga Sirdaryoning quyi oqimidagi cho’llardan, Sharqiy Turkistondan va Yettisuvdan juda ko’p turkiy qullar olib kelingan. Bo’larning soni ko’payib Movarounnahr aholisining talabidan bir muncha oshib ketgan. Turkiy qullar boshqa mamlakatlarga savdoga chiqarilgan. Turkiy qullar (o’zining aql idroki yaxshi xizmati bilan) yer yuzidagi boshqa qullardan ustun turganligi Istaxriy asarida qayd qilingan.
Sug’diyona o’lkasining taraqqiy etishida uning geo­grafik jihatdan qulay o’rnashgan joyi ham benihoyat katta ahamiyatga ega edi. Zarafshon vohasidagi yirik shahar va qishloqlar katta tijorat yo’lida — Buyuk ipak yo’lida joylashganligidan bu o’lka aholisi bir qancha mamlakatlar, xalqlar va elatlar bilan savdo-sotiq va madaniy aloqalar olib borish imkoniyatiga ega edi. Bu muhim aloqa yo’li orqali Movarounnahrga turli mamlakat va o’lkalardan xilma-xil tovarlar keltirilgan, o’lkadan ham chetga dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari chiqarilgan. Sug’diyonani o’troq aholisining (sug’diylar) ma’lum qismi tijorat bi­lan shug’ullanib karvon bilan Afg’oniston, Hindiston, Eron va boshqa Old Osiyo mamlakatlariga, Yettisuv va Sharqiy Turkiston orqali sharqda, to Xitoygacha borganlar. Mahalliy tijoratchilar o’lkalarining taraqqiyoti yo’lida bevosita xizmat qilib, uning iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlanib borishiga katta hissa qo’shganlar.
Sug’diyonani shartli ravishda ikki viloyatga bo’lish mumkin:
1)Zarafshon vohasining o’rta va yuqori qismlari — Samarqand viloyati, manbalarda Samarqand Sug’di deyilgan. 2) Shu daryoning quyi (Karmana va undan keyingi) oqimlari — Buxoro viloyati (yoki Buxoro vohasi), Nurota ham shuning tarkibida bo’lgan. Albatta, bu shartli bo’linish.
Sug’diyonaning markaziy shahri Samarqand bo’lib, Buyuk Ipak yo’lining chorrahasida joylashgan edi. Man­balarda qayd etilishicha shahar bir necha dahalarga va mahallalarga bo’lingan. Samarqand o’z davrining ko’p nufuzli shaharlaridan hisoblangan. X asrda unda taxminan 100—110 ming kishi yashagan. Samarqand shahrining IX—X asrlarda Movarounnahr tarixiga, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga qo’shgan hissasi arab geograflarining asarlarida va ilmiy tadqiqotlarida kerakli darajada yoritilgan.
Samarqand shaxrining atroflarida va umuman viloyat ichida ekin ekiladigan obod yerlar, mevali bog’-rog’lar, kanal va ariqlar hamda qishloqlar, qo’rg’onlar juda ko’p bo’lgan. Qishloqlarning aksariy ko’pchiligi kanal va ariq bo’ylab joylashgan edi. «So’g’dda kanal bo’ylarida joylashmagan, ekin ekilmaydigan, dehqonchilik bilan shug’ullanilmaydigan, aholi zich yashamaydigan, ulug’zor qasrlari va mustahkam obod qishloqlari bo’lmagan bironta ham kanal yuq», deb yozadi Ibn Havqal29.
Zarafshon vohasining quyi oqimlaridagi shahar­lar ichida eng yirigi va nufuzlisi IX—X asrlarda Buxoro shaxri edi.
Buxoroda «bir korxona bor edi; unda paloslar, zarpardalar, yozgi kiyimlar, yostiq jildlari, funduqiy joynomozlar va ust kiyimlarni xalifa uchun to’qir edilar: bitta zarpardaga (butun) Buxoro xiroji sarf bo’lardi. Bog’doddan har yili alohida bir omil kelib Buxoro xirojining evaziga shu kiyimlardan olib ketar edi, deb yozgan edi Narshaxiy. Hunarmandlarning ishini yuqori baholab, tarixchi quyidagilarni bayon etadi: «Buxoro shahrida shunday ishga tayin qilingan ustalar bo’lar edilar; viloyatlardan savdogarlar kelib, odamlar zandonachini (Zandonachi qishloqda to’qiladigan mato.) olib ketganlaridek, u kiyimlardan Shom va Misrga, Rum shaharlariga olib ketar edilar. Xurosonning hech bir shahrida bunday (mato) to’qiy olmas edilar».
Buxoro IX—X asrlardagi rabot (qishloqlarni) o’z ichiga olib birmuncha kengaygan, aholisi soni ko’paygan. Shu asrlardagi Buxoroni tilga olib Istaxriy uni (Buxoroni) Movarounnahr va Xurosonda eng ko’p aholi yashaydigan shahar, deb ta’riflaydi. Afsuski, aholi sonini aniq belgilab beradigan boshqa aniq ma’lumotlarga ega emasmiz. O.G.Bolshakovning taxminiy hisobiga ko’ra, Buxoroda X asrda 40—50 ming kishi bo’lgan. Uning atroflarida va rabotlarida yana 48 ming kishi yashagan. Demak, Bu­xoro va uning atroflarida yashovchi aholi soni 100 ming kishiga yaqinlashgan30.
Somoniylar davrida ko’plab yirik hunarmandchilik markazlari mavjud bo’lgan. Jumladan, Buxoroning Zandona va Iskijkat qishloqlarida to’qilgan bo’z matolar, Samarqandning Vadori qishlog’ida yaratilgan mato buyumlar Eron, Iroq va Hindistondan tashqari joylarga ham olib ketilgan va mashhur bo’lgan. Buxorodan chetga qo’y terisi, yog’, soch moyi, mayin gazlamalar, joynamoz gilamlar, gilamlar, mehmonxonalarga yoziladigan matolar, egarlar, Taboristondan matolar, go’sht va qovunlar, har xil shoyilar, ro’mollar, uzangilar, suvluqlar, qayishlar, qozonlar, yong’oqlar, Jizzaxdan jun gazlamalar va kiyimlar, Shoshdan a’lo sifatli charm va charm mahsulotlari, o’qdonlar, egarlar, chodirlar, chakmonlar, namoz gilamchalar, yelkapushtlar, kamonlar, ignalar, bo’z, g’alla va qaychilar chiqarilgan.
Arab geograflari Eloq viloyatini Shosh bilan Farg’ona oralig’ida joylashganligini qayd etadilar. Eloq X asrda kumush—qo’rg’oshin qazib chiqarishning markazlaridan biri bo’lgan. Eloqda Movarounnahrning uchinchi kumush zarbxonasi ochilgan. Biri Samarqandda, yana boshqasi Buxoroda bo’lgan. Eloq chekani — «Shosh koni» deb o’sha davrda shuhrat topgan. O’z vaqtida Xuroson noibi Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid nomidan zarb qilingan kumush dirhamlarning birida «Shosh konida» 189-hijriy yilida (805-yil) zarb qilindi», yana boshqa birida esa «190-(805-806) yilda» degan so’zlar bor31.
Eloqdagi kumush konining nechog’li katta ahamiyatga molik ekanligini tasavvur qilish uchun e’tiborni shunga qaratmoq joizdir, o’sha vaqtlarda kumushni muomalada juda ko’p ishlatgan Sharqiy Yevropaning o’zida bironta ham kumush, qo’rg’oshin koni bo’lmagan. Sharqiy Yevropadagi davlatlarda muomalada asosan somoniylar zarb etgan tangalar bo’lgan.

Download 291.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling