O’zbekiston respublikasi oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mirzo ulug'bek nomidagi


Tarix falsafasida tarixiytaraqqiyot g‘oyasi


Download 48.19 Kb.
bet2/3
Sana19.06.2023
Hajmi48.19 Kb.
#1603767
1   2   3
Bog'liq
mustaqil ish umid

2.Tarix falsafasida tarixiytaraqqiyot g‘oyasi
XIX asrda falsafadan sotsiologiya ajralib chiqa boshladi. Mazkur fan jamiyatni tushunishga nisbatan falsafiy yondashuvlarni asosan tan oladi va ayni vaqtda o‘z predmeti va tadqiqot metodlariga ega.  O.Kont. Ijtimoiy tadqiqotlarning ob'ektivligiga erishish lozim, degan g‘oyani himoya qilgan O.Kont (1798-1857) fan sifatidagi sotsiologiya asoschisi. U sotsiologiyani ikki qismga ajratadi: birinchi qism ijtimoiy statikani, ya'ni ijtimoiy tizimlarning mavjudlik shartlarini va ularning amal qilish qonunlarini, ikkinchi qism esa – ijtimoiy dinamikani, ya'ni jamiyatning rivojlanish va o‘zgarish qonunlarini o‘rganadi. Ijtimoiy statika – odam organizmining tuzilishiga o‘xshab ketadigan jamiyat «anatomiyasi»dir. Kont jamiyatda oila, din, davlat kabi muhim institutlarni farqlaydi. U jamiyat rivojlanishining uch bosqichi qonunini ta'riflaydi. Mazkur bosqichlar insoniyat aqliy rivojlanishining uch bosqichiga mos keladi: teologik bosqich (u qadimgi davr va ilk O‘rta asrlarni qamrab oladi va XIII asrda tugaydi), metafizik bosqich (XIV-XVIII asrlar) va pozitiv bosqich (XIX asrda boshlanadi).  Marksizm. K.Marks (1818-1883) va F.Engels (1820-1895) jamiyatni o‘z-o‘zidan rivojlanadigan, iqtisodiy rivojlanishning bir bosqichidagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan o‘ta murakkab tizim sifatida tavsiflaydi. Jamiyatning ziddiyatli birlikni tashkil etadigan barcha tarkibiy qismlari moddiy ishlab chiqarish munosabatlari bilan belgilanadi. Mazkur munosabatlar majmui bazisni, ya'ni jamiyatning iqtisodiy negizini tashkil etadi. Shu asosda jamiyatning o‘ziga xos ijtimoiy munosabatlar amal qiladigan muayyan-tarixiy tipi shakllanadi. Jamiyatning umumiy iqtisodiy asosda shakllanadigan va «alohida, o‘ziga xos xususiyat»ga ega bo‘lgan tipini Marks ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb belgilaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarning o‘zgarishiga Marks pirovard natijada ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarining dialektikasi bilan belgilanadigan qonuniy, tabiiy-tarixiy jarayon sifatida qaraydi.  G.Spenser. Sotsiologiyada organik yo‘nalish asoschisi Gerbert Spenser (1820-1903) jamiyatga individlar birlashmasi sifatida yondashadi.
Uning fikricha, mazkur individlarning rivojlanishidagi farqlar jamiyat evolyusiyasining dastlabki shartlari hisoblanadi. Jumladan, ibtidoiy qabilalar rivojlanishda oqsaganini Spenser ularning qobiliyatlari rivojlanish darajasining pastligi bilan tushuntiradi. Eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta'sirini o‘rgangan. Spenser yaratgan ta'limotni keyinchalik sotsiologiyadagi geografik oqimlarning vakillari rivojlantirgan. 
E.Dyurkgeym. E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga Dyurkgeym o‘zaro ta'sirga kirishadigan va bir-birini vujudga keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma'naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro ta'siridir.  Dyurkgeym ijtimoiy evolyusiya mavjudligini qayd etadi va uni mehnat taqsimoti bilan bog‘laydi. U rivojlangan mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv va kooperatsiyani yuksak darajada uyushgan jamiyatning belgisi deb hisoblaydi. Mazkur jamiyat mehnat taqsimoti mavjud bo‘lmagan arxaik jamiyatlardan ayni shu belgiga ko‘ra farq qiladi. Mehnat taqsimoti individlar o‘rtasidagi farqlarni belgilaydi va shaxs shakllanishining omili hisoblanadi.U odamlarni o‘zaro aloqadorlik tizimi bilan birlashtirib, ijtimoiy aloqalarga uyg‘un tus beradi.  Dyurkgeym shaxs va jamiyatning uzviy aloqasini qayd etadi. Uning fikricha, jamiyatning tubanlashuvi muqarrar tarzda shaxsning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Ne'matlar va xizmatlarni ayirboshlashning buzilishi natijasida yuzaga keladigan tengsizlik, shuningdek shaxs o‘z kasbiy roliga moslashmagani jamiyatda sinfiy kurashni keltirib chiqaradi. Mehnat taqsimotini muvofiqlashtirishning maqbul vositalarini topish, imkoniyatlar tengligini ta'minlaydigan qoidalarning aniq majmuini belgilash talab etiladi. Dyurkgeym bu jarayonda sotsiologiya fan sifatida ayniqsa muhim rol o‘ynaydi deb hisoblagan.  M.Veber. Maks Veber (1864-1920) o‘z sotsiologik qarashlarida Rikkertning borliq va ongning o‘zaro aloqasi zamirida sub'ektning qadriyatga bo‘lgan muayyan munosabati yotadi, degan g‘oyasiga tayangan. Shunga muvofiq Veber tahlil qilinayotgan materialning iqtisodiy, diniy va axloqiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash lozim deb hisoblagan. O‘zining «Protestantcha axloq va kapitalizm ruhi» asarida Veber dastlab Niderlandiya, Angliya va AQShda vujudga kelgan sanoat kapitalizmining qaror topishiga protestantcha axloq qadriyatlarining ta'sirini tahlil qiladi. U hozirgi zamon xo‘jalik hayotida hukm surayotgan kapitalizmning o‘ziga xos xususiyatiga mos keladigan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar – tadbirkorlar va ishchilar shakllanishi natijasida vujudga kelganini qayd etadi. Veber tarixiy materializmning g‘oyalar iqtisodiy munosabatlar ustqurmasi sifatida yuzaga kelgan, degan «sodda» tasavvurlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri e'tiroz bildiradi va aksincha, kapitalizm «ruhi» uning vujudga kelish omili bo‘lgan, deb hisoblaydi.  U kapitalizm modelini kapitalistik naf ko‘rishga oqilona intilishdan keltirib chiqarishga harakat qiladi. Veber ratsionalizm tamoyillari G‘arb madaniyatining barcha hodisalarida: fanda, san'atda, monumental qurilmalar yaratish konstruktiv tamoyillarida hukm surishini qayd etadi. Oqilona ishlab chiqilgan konstitutsiya, huquq, oqilona yaratilgan qoidalarga qarab mo‘ljal oladigan mutaxassis-amaldorlardan iborat siyosiy institut sifatidagi davlat faqat G‘arbda mavjud. Ammo ratsionalizm qadriyatlarini amalga oshirishning eng oqilona ifodasi tadbirkorlik sohasida mujassamlashgan: ishlab chiqarishning kommersializatsiyalashuvi, buxgalteriya hisoboti, chayqovchilikni oqilonalashtiruvchi qimmatli qog‘ozlar va birjalar, mehnatni oqilona tashkil etish va h.klardir. O‘zining boshqa bir qator asarlari, chunonchi: «Tushunuvchi sotsiologiyaning ba'zi bir kategoriyalari haqida», «Jahon dinlarining xo‘jalik axloqi», «Xo‘jalik va jamiyat», «Xo‘jalik tarixi»da Veber ijtimoiy harakat va uning motivatsiyasi tushunchasini ta'riflab berdi. Borliqni tushuntirish uchun u «ideal tiplar» metodologiyasini yaratdi va undan foydalandi. Veber fikriga ko‘ra, ijtimoiy organizm hujayrasi hisoblanadigan ijtimoiy harakat ikki omil: sub'ektiv motivatsiya va boshqalarga qarab mo‘ljal olishni o‘z ichiga oladi. U ijtimoiy harakatning oqilona maqsadli ijtimoiy harakat, oqilona qadriyatli ijtimoiy harakat, affektli ijtimoiy harakat va an'anaviy ijtimoiy harakat kabi tiplarini farqlaydi. 
O‘zining ijtimoiy harakat konsepsiyasini Veber hokimiyatni tushunishga nisbatan ham tatbiq etadi. O‘zgalarning umidlariga qarab mo‘ljal olish ijtimoiy harakatning muqarrar belgisi bo‘lgani bois, hokimiyat siyosiy munosabatlarda ishtirok etuvchi tomonlarning o‘zaro umidlarini nazarda tutadi. Shu holdagina hokimiyat qonuniylik kasb etadi: boshqarayotganlar o‘z buyruqlariga bo‘ysunishlariga umid qiladilar; boshqarilayotganlar esa oqilona buyruqlarni kutadilar. Veber qonuniy davlatlarning: ish vakolatlari qonuniy belgilanishining majburiyligiga bo‘lgan ishonchga ko‘ra hukmronlik; muayyan xulq-atvorga ko‘nikish bilan belgilangan hukmronlik; xarizmatik hukmronlik kabi uch tipini farqlaydi. Boshqaruvning oqilona-byurokratik tipi vujudga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan hokimiyatning namunaviy-oqilona tipini Veber hokimiyat ideali deb hisoblagan.

Download 48.19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling