O'zbekiston respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim
II.BOB. FITRAT XALQ POETIK IJODI JANRLARI SINCHISI
Download 65.23 Kb.
|
Fitratning adaonlar misolida)
II.BOB. FITRAT XALQ POETIK IJODI JANRLARI SINCHISI.
I.1 ERTAK VA DOSTON JANRLARI HAQIDA FITRATNING NAZARIYASI Ertaklar dunyodagi boshqa xalqlar og‘zaki ijodida keng tarqalganidek, o‘zbeklarda ham eng ommaviy janrlardan biri sifatida turli viloyatlarimizda yashaydigan yurtdoshlarimiz tomonidan sevib aytib kelingan. Ularning juda qadim zamonlardan yaratilganini «ertak» atamasining Mahmud Koshg‘ariy tomonidan 1074 yilda yozilgan «Devonu lug‘oti-t-turk» asarida «etuk» tarzda qo‘llanganidan bilsa bo‘ladi: «Etuk – hikoya, ertak; biror maqsadni shohga bildirish, hikoya qilish uchun ham bu so‘z qo‘llanadi. Asli bir narsani hikoya qilishdan olingan» . Bu janrning qadimiyligini qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqa bir qator turkiy xalqlar oilasiga kiruvchi millatlar og‘zaki ijodida ham ertak deb atalishi, isbotlashi mumkin. Shuningdek, miflar, afsona, rivoyatlar haqida fikr yuritganimizda, diffuzion jarayonning keyingi bosqichi ertak ekanligini eslatib o‘tganmiz. Demak, agar xalqimiz og‘zaki ijodini qadimgi qadriyatlar sifatida e’zozlasak, bu xazinaning noyob durdonasi sifatida hech ikkilanmay ertaklarni qayd etish mumkin ekan. Ertak terminini O‘zbekistondagi hamma viloyatlar aholisi juda yaxshi bilsa-da, bu janrga oid asarlar turlicha hududlarda turlicha atalgan. Xususan, toshkentliklar «cho‘pchak», farg‘onaliklar «matal», xorazmliklar «varsaqi», o‘zbek va tojik tilida so‘zlashuvchi vatandoshlarimiz «ushuk» tarzda atashgan. Bulardan tashqari jonli so‘zlashuvda ba’zan afsona, o‘tirik, tutal atamalari ham uchraydi. Hatto hazrat Alisher Navoiy ham g‘azallaridan birida «cho‘pchak» so‘zini qo‘llaganlar; Habibim husni vasfin uyla muhlik anglakim bo‘lg‘ay, Qoshinda qissai Yusuf bir uyqu kelturur cho‘pchak . (Baytdagi «cho‘pchak» «Navodiru-sh-shabob»ning 1959 yilgi nashrida «cho‘rchak» shaklida yozilgan. Shuning uchun Alisher Navoiy zamonida «cho‘rchak» yoki «cho‘pchak» atamasi bor edi deb xulosa qilish mumkin bo‘ladi). Ayni paytda baytdagi «uyqu» so‘ziga e’tibor bering. Ma’lum bo‘ladiki, oqshom payti bolalarni uxlatishda ertakning sehrli ta’sir kuchidan bugungi kunda foydalanar ekanmiz, bu an’ana ham bejiz paydo bo‘lmaganini qayd etamiz. Ertaklarning miflardan ijod usulini o‘zlashtirganligi haqida fikr yuritgan edik. Bu an’ana o‘zbek xalq ertaklarining umumiy mazmunida bugungi kungacha saqlanib kelmoqda. Ehtimol, bu janr asarlarining yashovchanligini ta’minlagan asosiy xususiyat ham shundan iboratdir. Xalq o‘z ertaklarida chegarasiz ravishda xayolot olamini kezib chiqadi. Ya’ni ularda xalq fantaziyasi mahsuli bo‘lgan chegara bilmas uydirmalar, transfiguratsiya (bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tish) holatlari tinglovchini o‘ziga jalb etadi. Vaholanki, ertak boshlanmalaridagi “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir och ekan, bir to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan...” (olimlar boshlanmadagi tarkibiy “ekan” qismlarning 20 ga yaqin bo‘lishini belgilashgan) ibora va jumlalar mutaxassislar fikricha, ertakda bayon qilingan voqealarning aslida umuman bo‘lmagani va ro‘y berishi mumkin emasligini anglatar ekan. Haqiqatan ham, dostonlarda biz bu mazmundagi boshlanma – zachinlarni uchratmaymiz. Shu bois odatga ko‘ra dostonlardagi voqealar hayotda bo‘lgan deb qabul qilinadi. Ertakda esa tamom boshqa holat hukm suradi. Chunki bu janr boshlanmasidagi “bor-yo‘q”, “och-to‘q” so‘zlarining o‘zi hikoya qilinayotgan voqeaga nisbatan shubha uyg‘otadi. Ammo masalaning qiziq tomoni shundaki, voqea boshlanmasdan atayin shubha uyg‘otishga bo‘lgan harakat tinglovchiga deyarli ta’sir qilmaydi. Biz ertaklardagi uydirmalarga to‘la ishonamiz, asar qahramonlarining taqdiriga befarq qaray olmaymiz, sevikli malika yoki cho‘pon muvaffaqiyat qozonsa, bu g‘alaba o‘zimiznikidek quvonaveramiz. Xalq ertaklari mazmunida ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy hayotning hamma masalalari o‘z ifodasini topadi, desak xato bo‘lmaydi. Shuning uchun ham yer yuzining hamma mintaqalarida yashaydigan xalqlarda umumiy hayot tarzi yaqin bo‘lgani sabab bir xil mazmundagi ertaklar ko‘p uchraydi. Fransuz, ingliz, xitoy, yapon ertaklari aksariyat hollarda o‘zbeklar ijodidagi bu janrdagi asarlar mazmunini takrorlaydi. Faqat fransuzlarda pishloq, uzum; xitoylarda guruch; o‘zbeklarda tuxum yoki qatiq kabi narsalar farqi seziladi. Agar boshqa xaqlardagi ertaklar matnida shu yoki boshqa narsalar nomini milliy predmetlar bilan alishtirsak, ko‘pincha, boshqa xalqlar namunalari ham o‘zbekniki bo‘ladi-qoladi. Bu holat sababini avval qayd qilganimizdek, bir xalqdan ikkinchi xalqning o‘zlashtirishi deb emas, umumiy hayot tarzining yaqinligi bilan asoslash ma’qulroqdir. Masalan, yoqut xalqidagi “Bekinmachoq”, ruslardagi “O‘n ikki oy” (“Morozbobo”) va o‘zbekdagi “Zumrad va Qimmat” ertaklarida voqea tugunidan tortib yechimigacha bir xil yo‘nalishda kechadi. Ammo bu asarlarning har biri bevosita o‘sha xalq ijodi namunasi deb tan olinadi.. Xalq tabiatan hamisha adolatni yoqlaydi, himoya qiladi. Ertaklar yaratilish jihatdan miflarga asoslansa, mavzuning tanlanishi, obrazlar tizimidagi yo‘nalishlar, hayot muammolarini aks ettirishda adolat mezoniga bo‘ysunadi. Qalloblik, vijdonsizlik, xiyonat, yolg‘onchilik, ma’naviy nopoklik kabi illatlar doimiy ravishda qoralanadi. Mardlik, to‘g‘riso‘zlik, mehnatsevarlik, iymonlilik, poklik fazilatlari hurmat bilan tilga olinadi. Voqeaning tuguni ham hamisha ana shu fazilatlarni ulug‘lash bilan yechimini topadi. Mohir xalq farzandlari tomonidan o‘ylab topilgan fantastik hodisalar, uydirma lavhalar, sehrli narsa-buyumlar, jodular, g‘ayritabiiy hodisalar esa tom ma’noda yovuzlikning qoralanishi, ezgulikning maqtalishida poetik xomashyo sifatida foydalaniladi. Fitrat o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi epik janrlarning eng salmoqlilari – ertaklar va dostonlar haqida ham to‘xtalib, ularning janriy tabiati xususidagi mulohazalarini bayon etib o‘tgan. Ertak janri necha ming yillik tarixga ega. Xalq og‘zaki ijodining bu janri Fitrat qarashlarida ham “ertak” deb yuritilgan. Folklorshunos olimlarning e’tirofi bo‘yicha, ertak eng qadimiy janrlardan biridir. U o‘tmishda ibtidoiy ajdodlarimizning mifologik dunyoqarashi, qadimiy urf-odatlari, marosimlari asosida paydo bo‘lgan. Ertaklarda, odatda, xalqning maishiy turmushi va olijanob insoniy fazilatlar haqidagi orzu-o‘ylar xayoliy va hayotiy uydirmalar vositasida bayon etiladi. Qadimda odamlar oddiy voqealarni bir-biroviga bayon qilib berganidan ertak namunalari paydo bo‘la borgan. Har xil ilohiy detallarga ishonish ertaklarga fantastik ruh bag‘ishlagan. O‘tmishda ertak aytishning o‘z mavsumi bo‘lgan. Aytuvchilik qobilyatiga ega kishilar, ya’ni yoshi ulug‘ insonlar ertak hikoya qilib berganlar. Ertak umumfolklor hodisasi sifatida eng qadimiy epik janrlardan bo‘lib, Mahmud Qoshg‘ariy o‘z “Devonu lug‘ot-it turk” asarida turkiy xalqlarda uning “etuk” atamasi bilan yuritilganini qayd etadi. Unga ko‘ra, etuk “biror voqeani og‘zaki bayon qilish”ni anglatadi. Biroq jonli so‘zlashuvda O‘zbekistonning turli joylarida, chunonchi, Namangan viloyatining Janubiy qismida “ertangi” deb yuritiladigan bu hodisa – ertangi bo‘lib o‘tgan, qadim zamonlardan qilinajak hikoya ma’nosini anglatsa, Samarqand, Farg‘ona va Surxondaryoda bu hodisa – matal, Xorazmda – varsaqi, Buxoroda – ushuk, Toshkentda – cho‘pchak yana boshqa bir maskanlarda hikoya, hikoyat, og‘zaki hikoya, o‘trik yoki o‘tirik, afsona deb yuritilsa-da, fol’klorshunoslikda ertak ilmiy istilohi qabul qilingan va muhim muomalada bo‘lib, ruslardagi “skazka” istilohiga teng ekvivalentga aylangan. Zero, Alisher Navoiy asarlarining qadimgi lug‘ati sanalovchi “Abushqa”da ham ertak istilohi uchraydiki, bu istiloh uzoq o‘tmishda bo‘lganini ham ta’kidlaydi. Ertaklarning tuzilishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Fitratning ertak haqidagi qarashlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, u bu xususda quyidagilarni bayon etadi: «El adabiyotidag‘i hikoyalarga ertak deyiladir. Ertak el shoirlarining xayollari yordami bilan tuzuladir. Bulardan biri Abubakr Devoyev imzosi bilan nashr etilgan “Erksiz folchi” ertagidir. O‘lkamizning eng zararli qurtlaridan bo‘lgan folchi-duoxonlarga juda chiroylik etib kulgani uchun muhumdur. Bu chiroylik ertakning qisqacha mazmuni mana shundaydir, - deb ta’kidlaydi. Shundan so‘ng Fitrat ushbu ertakning mazmuni bilan tanishtiradi: “Bir cholning xotini hammomga yuvinishga boradi. Bir vaqt podshohning folchisining xotini hammomga keladi. Kampirni yarim yuvingan holda chiqaradilar. Kampir cholga qarab: “Nega sen podshohning folchisi emassan” – deb eri bilan urishadi. Chol folchilik asboblarini olib, bozorga boradi. Podshohning amaldorlari uzoq bir viloyatning solug‘ini yig‘ib xachirlariga yuklab kelayotganda, yo‘lda bir xachir oltunni yo‘qotib, podshohga xabar beradilar. Podshoh haligi cholni chaqiradi, bir xachir oltunni topib berishini so‘raydi. Umrida hech folchilik qilmagan chol nima desin! Xachirning yo‘qolgan joyini taxmin aytadi, taxmini esa to‘g‘ri chiqadi. Yana bir kun podshohning xazinasini o‘margan odmni topib beradi. Shundan so‘ng, u folchilar boshlig‘i bo‘ladi. Chol yolg‘on fol ochishini bilishlaridan qo‘rqib, bir fikrga keladi. O‘zini devonadek tutib, hammomdan yalang‘och holatda chiqqancha podshoh oldiga boradi. Podshohning taxtidan tortib tushirib yuboradi va o‘sha asnoda taxt ayvonchasi qulaydi. Mug‘ombir chol ming bahonalar bilan qutulib qoladi. Shunday qilib axmoq xon cholni bir umr saroyda olib qoladi. Fitrat ertak tabiatini shu tarzda tushuntirar ekan, fikrini xalq ertagidan misol keltirish bilan dalillashga urinadi. Ertaklar insonlar axloq, odob, tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi sabab, Fitrat unga alohida e’tibor qaratgan. Fitrat dostonlar haqida ham o‘z qarashlarini bayon etgan. U boshqa folklor janrlari qatorida dostonni ham chetda qoldirmagan. Faqat u: “Doston – bu, asosan, ertakdir. Biroq o‘zining qahramonlarining bo‘lushi, uzun ham kengligi, sof tizim yoki tizim-sochim aralashligi, baxshilar tomonidan cholg‘i bilan aytilishi bilan ertaklardan ayriladir” deb yozadi. Ko‘rinyapdiki, Fitrat doston va ertaklarning tabiatan yaqinligini bildirmoqchi bo‘lgan. Ayni paytda ularning boshqa-boshqa janr ekanligini ham unutmagan. Darhaqiqat, Fitrat ta’kidlaganidek, “doston yolg‘on voqealarga aralashkan qahramonlarning qilg‘an ishlarini tasvir qiladir. Tartib etkuchilari, aytib berguchilari «baxshi» atalg‘an el shoirlaridirlar. Doston nuqul tizim bo‘lg‘ani kabi tizim-sochim aralash ham bo‘ladir”. Demak, Fitrat o‘z kuzatishlari asosida dostonlarning ertaklarga qaraganda epik ko‘lamdorligini, hajmi katta bo‘lishini, asosan, baxshilar tomonidan soz vositasida ijro etilishini ilg‘agan. Ayni paytda yana uning she’riy va nasriy qismlardan tuzilishini bilgan. Shular asosida u doston va ertak janrlarini farqlab ko‘rsatgan. Fitrat doston janriga misol tariqasida o‘zbek xalq qahramonlik eposi “Alpomish”dan parcha keltiradi. “Bu dostonlardan biri – el adabiyoti yo‘lida tirishguchilarimizdan o‘rtoq G‘ozi Olimning 1922 yilda Toshkent va Samarqand uyezdlarida yashayturg‘an uzbeklarning mashhur oqinlari – Hamroqul baxshi va Fozil jirov Yo‘ldosh o‘g‘lining og‘zidan yozib olg‘ani «Alpomish» dostonidir”, - deydi u va misol keltiradi: O‘n olti uruq Qung‘irot elida Dovonbiy degan o‘tdi. Dovonbiydan Olpinbiy degan paydo bo‘ldi... deb qisqa, jumlasi ochiq, fasih bir sochim bilan boshlangan bu doston sochim, tizim aralash dostonlardandir. Shundan so‘ng olim doston qahramonlari va uning yetakchi syujet voqealari haqida ma’lumot beradi: “Dostonning qahramonlari Boybo‘rining o‘g‘li Alpomish, Olpon bilan Boysari qizi Barchinoydir. Alpomishning musulmoncha oti Hakimbekdir. O‘zi madrasada tahsil ko‘radir. Bir kun otasiga zakotdan ma’lumot beradir. Otasi Boybo‘ri Boysarining molidan zakot talab qiladir. Boysari akasiga zakot bermaydir. Qo‘ng‘irot elidan ko‘chadir. Musulmon bo‘lmagan qalmoq yurtiga borib, qo‘nadir. Ondag‘i boturlardan Qorajon bilan Ko‘kaldosh uning qizi Barchinoyga oshiq bo‘ladirlar, uni olmoq istaydir: bu xabarni eshitkan Alpomish o‘zining sevgilisini qutqarmoq uchun otlanib chiqadir. Voqea shuning tegrasida yuradir. Fitrat dostonda qaysi o‘rinda nasrdan, qaysi o‘rinda nazmdan foydalanilganligini o‘z ilmiy kuzatishlari asosida quyidagicha bayon etadi: “Dostonda qahramonlarning o‘zaro so‘zlari tizim bilan boradir. Baxshi bularning qayoqqa borg‘anlarini, nimalar qilg‘anlarini sochim bilan aytadir. Sochimlari yengil, ochiq, qulay onglashilarlikdir. So‘zning tabiiy borishini buzmasdan, ora-sira saj’lar yasaydir. Ba’zi joylarda sochimlar yarim tizim shaklini oladir: To‘qson otni Yo‘qson botur minadi. Jarashiga jiyak sovut kiyadi. Erta bilan namoz vaqti bo‘lg‘anda Boysarining ovulina keladi. Hatto Fitrat dostondagi she’riy parchalarning vazni, qofiya tizimini ham e’tiborsiz qoldirmagan holda shunday izohlaydi: “Tizimlari barmoq vaznidadir. Qofiya to‘g‘risida erkli bir yo‘l tutilg‘an. Qofiyasi bo‘lsa ham belgili bir tartib bilan emas. Qofiyasiz misra’lari ham bor: Ko‘kaldosh: Boysari aka, eshit menim so‘zimdi, To‘qson polvon eng kattasi o‘zimdi. Barchinoyni to‘qson polvon taladi, Olib chiqqin Barchin degan qizingdi, Barchinoy saylasin, bo‘lsun anga bosh. Boysari: Aytkaningga, ey Ko‘kaldosh, ko‘nmayman. Mol emasman, hayvoningga yurmayman. Barchinoyning Alpomishday eri bor, Ul turganda senga qizim bermayman. Alpomishim bu chog‘da yoshdir, Yosh bo‘lsa ham Qo‘ng‘irot eliga boshdir, Bu so‘zing eshitsa Olpon keladi, Qasd aylasa Olpon eling oladi. To‘qsoningga qirq kun qirg‘in soladi. Bir Barchin deb solsa boshingga baloni, Bir Barchin deb qir(q) Barchining oladi. Muhimi shundaki, Fitrat faqat “Alpomish” dostoni emas, balki butun o‘zbek xalq dostonchiligining betakror namunalari, ularga xos xususiyatlar borasida ham to‘xtalishga uringan. Jumladan, u bu haqda shunday yozgan: “Bundan burun ham yozishga o‘tkarilgan el dostonlari bizda ko‘bdir: «Sanavbar», «Tohir va Zuhra», «Bahrom va Gulandom». Xivalik Nurmuhammad Andalibning «Yusuf va Zulayho» hikoyasi shu yo‘sinda yozilg‘an, hatto bosilg‘an el dostonlarimizdandir. (Bularning hammasi sariq qog‘ozda, yomon yanglish, o‘qulmas yoziy (yozuv) birla toshbosmada bosilg‘an, tekshirishka yaramaydir. Ilmiy markazimiz himmat qilsa-da, shularning hammasini yig‘ib, tuzatib, bostirilsa). Ko‘rinyaptiki, Fitrat o‘zbek xalq dostonlarini tezroq yozib olib, xalq mulkiga aylantirish yo‘lida alohida jonkuyarlik va jonbozlik ko‘rsatib, bunga hammani jalb qilishni o‘z insoniy burchi deb anglagan ma’rifatparvar shaxslardan biri bo‘lgan. Olim bu dostonlarning eng muhimi «Ahmadbek», «Yusufbek» dostonlari ekanligini alohida qayd qila turib, “shu dostonlarning-da hammasi sochim-tizim aralashdir. Sochimlarida «Alpomish» dostonida bo‘lg‘an fasihlik yo‘qdir. Sababi bular(ni) baxshilar aytqoncha yozilmay, u zamongi yozish yo‘llariga ergashtirilgani bo‘lsa kerak. Tizimlari yuqorida ashula shaklida ko‘rganimiz to‘rtliklardan tuzulgan” deya ularning badiiyati haqida muhim ma’lumot berib o‘tadi va quyidagi parchani misol keltiradi: Yazidlardin og‘ir lashkar kelibdir, Yusufbekka yo‘q savdolar solibdir, «Valloh, a’lam» Yusufbek qul bo‘lubdur, Turing, beklar, ayrib olay jonimni. Bizni yo‘qlab ko‘zdin yoshni to‘kmasun, Bandi bo‘lub, mardning ko‘ngli cho‘kmasun, Ey yigitlar, bizning bo‘lmasun, Turing, beklar, ayrib olay jonimni. Amirbekning onglang endi so‘zini, Aqlingizga kelib onglang to‘g‘rini, Xudo yor bo‘lsa bir qirsoq kofirni, Turing, beklar, ayrib olay yorimni. Bu yo‘sindan boshqa, eski g‘azal shaklida qator qofiya bila yozilg‘an (el) tizmalari ham bor. Fitrat xalq dostonlari haqida “buyuk voqealarga aralashqon qahramonlarning boshidan o‘tkazganlarini tasvir etib yozilg‘an shoirona asarlarga doston deyiladir” degan ta’rifni beradi va ularni “to‘rtka ajratmoq mumkindir” deb, dostonlarning quyidagi tasnifini keltiradi: 1) qahramon dostonlari; 2) klassik dostonlar; 3) taqlidiy-klassik dostonlar; 4) yangi zamon dostonlari. Ma’lumki, “doston” so‘zi qissa, hikoya, sarguzasht, shonu-shuhrat, ta’rif va maqtov ma’nolarida ishlatiladi. Adabiy atama sifatida bu nom xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotdagi yirik hajmli epik asarlarni anglatadi. Biroq ular hayotni tasvirlash vositalari va usullari jihatidan bir-biridan farq qiladi. Dostonlardagi tarixiy voqelik xalq fantaziyasi asosida umumlashgan timsollarda o‘z ifodasini topadi. Unda umumlashtirishning o‘ziga xos ko‘rinishi – epik umumlashtirish hukmronlik qiladi. Bunday umumlashtirish xalqning ijtimoiy adolat haqidagi ideallari va orzu-umidlari bilan yo‘g‘rilgan. O‘zbek xalq dostonlari juda uzoq tarixiy taraqqiyot bosqichini bosib o‘tgan. Dostonlar ko‘p asrlar davomida og‘izdan og‘izga o‘tib, xalq baxshilari orqali bizgacha yetib kelgan. O‘zbek xalq dostonlari nihoyatda ko‘p turlarga bo‘linib, uzoq asrlar kuylanib kelingan. Dostonlar dastlab V.M.Jirmunskiy va X.T.Zaripov, keyinchalik M.Saidov tomonidan tasnif qilindi. O‘zbek xalq dostonlari qahramonlik, jangnoma, tarixiy, romantik va kitobiy dostonlarga bo‘linadi. Qahramonlik dostonlari o‘zbek xalq dostonchilik taraqqiyotida qahramonlik va romantik dostonlar alohida ajralib turadi. Qahramonlik dostonlari ko‘chmanchilik va yarim ko‘chmanchilik hayoti bilan mahkam bog‘liqdir. Bir qator urug‘ va qabilalarning muayyan xalq sifatida tashkil topa borishi, ilk davlatchilik kurtaklarini paydo bo‘lishi va shu munosabat bilan xalqlar va elatlarning o‘z mustaqilliklari uchun chet el bosqinchlariga qarshi mardonavor kurashlari qahramonlik dostonlari uchun boy material bo‘ladi. Qahramonlik dostonlari bizgacha sof holda “Alpomish” timsolida yetib kelgan. Jangnoma dostonlar. Tarixiy va afsonaviy urushlarda shaxslarning jasorati, qahramonligini tasvirlovchi dostonlar jangnoma dostonlar deb yuritiladi. Islom dini O‘rta Osiyo xalqlari o‘rtasida yoyilayotgan davrda «Jangnomayi Abo Muslim”, “Jangnomayi Amir Hamza” kabi jangnoma dostonlar vujudga keldi. O‘rta Osiyoda keng tarqalgan jangnomalarning qadimgi turlariga Firdavsiyning «Shohnoma”sini va “Jangnomayi Jamshid”, “Xushang”, “To‘maris” kabilarni ko‘rsatish mumkin. Tarixiy dostonlar. Tarixda bo‘lib o‘tgan voqea va hodisalar, ayrim tarixiy shaxslar faoliyati asosida yaratilgan tarixiy dostonlar baxshilar repertuarlaridan boshqa dostonlarga nisbatan kam o‘rin egallaydi. Bu tipdagi dostonlarga «Oysuluv”, “Shayboniyxon”, “Tulumbiy”, “Namoz”, “Jizzax qo‘zg‘oloni” kabi dostonlar kiradi. Romanik dostonlar. O‘zbek xalq dostonlarining eng katta turi romantik dostonlardir. Bu turga kiruvchi dostonlar syujetlari nihoyatda bir-biriga o‘xshash bo‘lib, odatda, qahramon go‘zal qizga oshiq bo‘lib safarga otlanadi, ajoyib-g‘aroyib hodisalarni boshidan kechiradi, qiyinchiliklarni yengib o‘z maqsadiga erishadi. Doston voqealari hashamatli saroylarda, sehrli bog‘larda, bozorlarda, tilsimli qo‘rg‘onlarda, yer va suv osti yo‘llarida kechadi. Bu turdagi dostonlarning mavzusi, timsollari, mazmuni o‘zga xos xususiyatlarga ega va mustaqildir. Bu turdagi dostonlarga «Rustamxon”, “Yakka Ahmad”, “Go‘ro‘g‘li”, “Sohibqiron”, “Orzigul”, Erali bilan Sherali” kiradi. Kitobiy dostonlar. O‘zbek baxshilari repretuaridan mustahkam o‘rin olgan epik asarlarni maxsus bir turini, mumtoz poeziya namunalarini baxshilar tomonidan folklorga xos ravishda qayta ishlanishi natijasida yuzaga kelgan yoki yaratilishi jihatidan yozma adabiy manbaga ega bo‘lgan, shuningdek, bevosita yozma adbiyot ta’sirida yaratilgan asarlar kitobiy dostonlar deyiladi. Masalan, «Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Bahrom va Gulandom”, “Yusuf va Zulayho”, “Vomiq va Uzro”, “Rustami Doston”, “Malikayi Dilorom”, “Tohir va Zuhra” va Alisher Navoiy dostonlarini keltirish mumkin. Hozirgi kunda folklorga oid xalq dostonlari ustida ish olib borilyapti. Bunga misol qilib, Orzuqul Hamroyevaning “Alpomish” dostoni Fitrat talqinida” mavzusi ostida e’lon qilgan maqolasini eslab o‘tish maqsadga muvofiqdir. “Alpomish” dostoni o‘zbek xalqining asriy orzu-umidlarini ifoda etuvchi, o‘zligini ko‘rsatib beruvchi milliy eposdir. Dostonni o‘qishga kiirshgan oddiy kitobxon ham asar voqealari tizimida milliy qiyofa va xarakter aks etganini ko‘radi. Asarda sodir bo‘layotgan hodisalarning mohiyatini yaxshi anglaydi. Buning asosiy sababi esa doston mohiyatiga, har bir bo‘lagiga o‘zbek mentalitetining singib ketganligidir. Ana shu bois ham Abdurauf Fitrat o‘zining “Adabiyot qoidalari” asarida yozma adbiyot va xalq og‘zaki ijodi namunalarini farqlashda “Alpomish” dostonining ayni shu xususiyatini e’tirof etadi. Dostonni ilmiy tadqiq etish borasidagi izlanishlar u yozib olingan yillardayoq boshlangan edi. Bugungi kunga qadar uning juda ko‘plab variant va versiyalari mavjud bo‘lsa-da, ularni yagona mohiyat, o‘zak va mazmun birlashtirib turadi. Fitrat o‘z davrida birinchilardan bo‘lib adabiy parchalarni o‘z ichiga olgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” nomli xrestomatiya (majmua) yaratgan. Bu majmuada “Alpomish” dostonining Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Hamroqul va Berdi baxshi variantlaridan namunalar keltirilgan, dostonning bosh va oxirgi qismlaridan parchalar kiritilgan. Dostonning boshlang‘ich qismi dastavval G‘ozi Olimning Hamroqul baxshi va Fozil Jirovdan yozib olgan varianti sifatida o‘z davrida “Bilim o‘chog‘i” jurnalida nashr etilgan. Qadimgi qahramonlik eposining eng yaxshi xususiyatlarini o‘zida saqlab qolgan Bulung‘ur dostonchilik maktabining iste’dodli vakili Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining “Alpomish” dostoni o‘xshatish va qochirimlarga boyligi, epik mazmunning to‘liqligi, yuqori badiiy mahorati bilan boshqa variantlardan ajralib turadi. Shu bois ushbu variant bugungi kunda dostonning asosiy qabul qilingan varianti sifatida oliy o‘quv yurtlarida, o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitib kelinmoqda. “Alpomish” dostonining Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tomonidan 1922-yilda ilk bor yozib olingan qismi yo‘qolgan. Shu munosabat bilan u haqda to‘laqonli fikr yuritib bo‘lmaydi. Doston 1928-yilda qaytib yozib olingan. Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, avvalgi qo‘lyozmadagi matn saqlanib qolingan. Ular o‘rtasidagi farq 1928-yilda yozib olingan variantda tasvirning kengayishi, misralarning qisqarishi, ularning boshqacha talqin qilinishi, diniy tushunchalarning kamayishi bilan izohlanadi. Shunday qilib Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining “Alpomish” dostoni varianti ham g‘oyaviy, ham badiiy jihatdan yetuk bo‘lib, boshqa variantlar orasida eng mukammali hisoblanadi. Bu holat dostonning boshqa variantlari bilan qiyosiy tahlil etilganda yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Fitrat o‘z majmuasida dostonning boshlang‘ich qismini Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantidan keltiradi. Bu variant mustaqillik yillarida Hodi Zarif va To‘ra Mirzayev tahriri ostida nashr etildi. Ushbu nashr va Fitrat majmuasida keltirilgan parchalar o‘zaro qiyosiy o‘rganilganda, ularning asosan bir xil ekanligini ko‘rish mumkin. Parchalar o‘rtasidagi o‘zaro farq ba’zi unli va undoshlarning o‘zgarishi, xususan jarangli undoshlarning jarangsizlashishi hamda matnning juda ko‘p o‘rinlarda qisqartirishlar bilan berilishida ko‘zga tashlanadi. Masalan, Fitrat majmuasidagi uruq, Dovonbiy, o‘tti, to‘yg‘a, cho‘pron kabi so‘zlar 1998-yilgi nashrda urug‘, Dobonbiy, o‘tdi, to‘yga, ko‘ngli, cho‘furon shakllari keltiriladi. Fitrat majmua tuzish qoidasidan kelib chiqib, matnlarni katta hajmda qisqartirib, voqea hodisalarning asosini anglatuvchi parchalarni keltiradi, xolos. Majmuada dostonning boshlanishida biylarning farzandsizligi voqealaridan tortib to Boysarining zakot sababli qalmoqlar yurtiga ko‘chib ketishi davrigacha bo‘lgan matnlar keltiriladi. She’riy parchalarning aksariyat qismi ham qisqartirib berilgan, Boysin-Qo‘ng‘irotning qalmoq eliga jo‘nash tasviri tushirib qoldirilgan, majmuadagi parchalar qalmoq dehqonlarining shoh Toychaxonga arz qilish voqealari bilan yakunlanadi. Fitrat majmuasida keltirilgan parchalarning 1998-yilgi nashr bilan aynan bir xil ekanligiga olimning “Adabiyot qoidalari” asarida dostondan keltirilgan misollarni kuzatish orqali ishonch hosil qilish mumkin. Jumladan, olim saj’ san’ati haqida fikr yuritar ekan, dostondan shunday misolni keltiradi: “O‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elida bir cho‘pon to‘y bo‘ldi. Biylar to‘yga keldi, biylarning otini ushlamadi, ko‘nglini xushlamadi”. Yana bir o‘rinda el adabiyoti namunalarini izohlar ekan, doston janri xususida keng ma’lumot berib o‘tadi. Olim ayni shu o‘rinda dostonning 1922-yili yozib olingan variantini tilga oladi, keyingi nashr (1928) xususida to‘xtalmaydi. “Bu dostonlardan biri – el adabiyoti yo‘lida tirishguchilarimizdan o‘rtoq G‘ozi Olimning 1922-yilda Toshkent va Samarqand uyezdlarida yashayturg‘on o‘zbeklarning mashhur oqinlari – Hamroqul baxshi va Fozil Jirov Yo‘ldosh o‘g‘lining og‘zidan yozib olgani “Alpomish” dostonidir”. Bu dalilga asoslanib, Fitrat o‘z majmuasida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining 1922-yili yozib olingan va yo‘qolgan qo‘lyozmadan foydalangan, degan xulosaga kelish mumkin. Fitrat majmuadagi dostonning boshlang‘ich qismidan berilgan parchalar Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li va Hamroqul baxshidan yozib olingan, deb ta’kidlaydi. Biroq ushbu parchalar Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantining aynan o‘zidir. Hamroqul baxshi variantining to‘liq matniga ega emasmiz. Unday ayrim parchalar, yuqorida aytilganidek, G‘ozi Olim Yusupov tomonidan “Bilim o‘chog‘i” jurnalida nashr ettiriladi. Ammo shu parchaga qarab ham Hamroqul baxshi yaxshigina dostonchi bo‘lganligi, uning “Alpomish”i dostonning tuzuk variantlaridan ekanligiga ishonch hosil qilsa bo‘ladi. Bu parchada Boysari boshliq o‘n ming uydi qo‘ng‘irotliklarning mollari qalmoq dehqonlari ekinlarini yeb ketishi, dehqonlarning Toychixonga arz qilishi, Surxayl kampirning sovchilari, alplarning Barchin uchun o‘zaro talashishlari va Boysarinikiga sovchilikka borishlari, Barchinning Qo‘ng‘irotga xabar yuborishidan to Qaldirg‘och maslahati bilan yo‘lga chiqqan Alpomishning mozorotda tunashigacha bo‘lgan voqealar tasvirlanadi. Bu parchadagi voqealar bayoni tasvirining umumiy yo‘nalishi jihatidan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantining shu o‘rinlariga juda o‘xshashdir. Farq shu voqealarni talqin qilishda, ifodalashda ko‘rinadi. Fitrat majmuada dostonning har ikkala baxshidan yozib olingan variantlaridagi bir xil boshlang‘ich qismini keltiradi. Demak, bundan Fozil Yo‘ldosh hamda Hamroqul baxshi variantlarining boshlang‘ich qismi aynan bir xil degan xulosaga kelish mumkin. Dostonning so‘ngig qismi Berdi baxshi tomonidan aytilgan variant hisoblanadi. Ushbu variant dostonchilik an’anasining yaxshi xususiyatlarini o‘zida saqlaganligi, she’riy misralarning nisbatan badiiy pishiqligi bilan ajralib turadi. Unda samimiy yumor va hayotiy komizmga o‘ta moyillik sezilib turadi. Ushbu variant o‘zining badiiy mazmun mohiyati jihatidan ishqiy-romanik dostonlarga yaqin turadi. O‘ziga xos lirizm, chiroyli tasvirlar, xalq qo‘shiqlari, she’riy bezaklarga moyillik, ba’zi tafsilotlarni jimjimador ishlash Berdi baxshi uslubining asosiy qirralaridandir. 1969 yilda nashr etilgan ushbu dostonda zamona zayli bilan juda ko‘plab diniy e’tiqodga oid o‘rinlar qisqartirilgan. Bu holatni dostonning 1999 yilgi qayta nashri bilan solishtirish jarayonida yaqqol ko‘rish mumkin. Fitrat o‘z majmuasida dostonning so‘nggi qismini Berdi baxshi variantidan keltirilganini ko‘rish mumkin. Majmuadan Alpomishning Tovka oyim yordami bilan zindondan qutulishi va Qaldirg‘ochning nor boqib yurgan holati aks etgan parchalar kichik hajmda o‘rin olgan. Ushbu parchalar 1999 yilgi nashr bilan solishtirganda ularning aynan har xil ekanligi kuzatiladi. Juz’iy farqli jihatlar, yuqorida keltirilganidek, unli va undoshlar o‘zgarishi va matnning qisqartirib berilishidadir. Fitratning “Alpomish” dostonining ilk variantlari kiritilgan majmuasining milliy urf-odat va qadriyatlarni o‘rganishdagi ahamiyati beqiyosdir. Xulosa qilib aytganda, Abdurauf Fitrat o‘zbek xalq og‘zaki ijodining eng salmoqli, keng tarqalgan, an’anaviy janrlaridan ertak va dostonlar xususida alohida to‘xtalib, ularning janriy tabiati, o‘ziga xos xususiyatlarini ilmiy jihatdan ochib berishga e’tibor qaratgan. Muhimi, olimning u haqdagi qarashlari bu borada keyinchalik yaratilgan tadqiqotlar uchun o‘ziga xos dasturulamal vazifasini o‘tagan. Download 65.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling