8 – variant
1.Feruza hovliga tushib, shabnamda qiyg‘os ochilgan atirgullar ustiga egildi, to‘yib-to‘yib hidladi. (H.G‘ul.) 2.Ilm-hikmat bilan ko‘tariladigan shosupaga qurol bilan chiqib bo‘lmaydi. (K.Hamr.) 3.Iroda insonning qudrati, sevishi va sevilishi, nafrati va quvonchi, vafosi va ishonchi demakdir. (J.Abd.) 4.O‘-o‘-o‘, nimasini aytasiz! Ko‘z-quloq bo‘lish kerak. (H.Davr.) 5.Kuy hamon ingrardi, tirnardi, ezardi. Ado qilardi, paydo qilardi. (S.Say.) 6.U o‘tirganlar orasidan kimnidir qidirardi. (S.Ahm.)
9 – variant
Markaziy Osiyoning qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday yozadi: “Navro’z... Bahor yomg’irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochulguncha , daraxtlar gullashidan mevasi tukkuncha, hayvonlardan shahvat qo’zg’atishidan to nasl vujudga kelguncha va o’simlik unib chiqa boshlashidan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro’z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”.
10 – variant
Iltimos
Senga balki ayon, balki noayon,
Bir hayot hadisin aylayin bayon.
Mayli, suvlar kechgin, mayli, o‘tda yon,
Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
Ta’nadir dunyoda yomondan yomon,
Non berib rangingni etgaydir somon.
Aqling butun bo‘lsa, to‘rt muchang omon
Hargiz iltimosga kuning qolmasin
Bo‘ri emas deysan odam odamga,
Ko‘zing kattaroq och, boqqil olamga,
Birov otamga der, birov onamga,
Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
Saxovat axliga garchi yuz burdim,
Gohi dam hayratda lol qotib turdim,
Norning it oldida cho‘kkanin ko‘rdim,
Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
Oh, do‘stim, demagil qaydan bu tuyg‘u
She’rim, sen uchun ham bo‘lolsin ko‘zgu.
Mening bir jaydari falsafamdir bu:
Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
(A.Orip.)
11 – variant
Qalb shunday ummonki...
Qalb shunday ummonki, uning bag‘rida
Dahshatli dolg‘alar silsilasi bor,
Qalb shunday zaminki, otash qa’rida
Vulqonlar otguchi zilzilasi bor.
U bir sayyoradir, Yerdek shafaqgun.
U bir olamdirki, bilmas nihoya.
Uni myhvaridan chiqarmoq uchun
Atom jangi emas, bir so‘z kifoya. (E.Voh.)
Do'stlaringiz bilan baham: |