FENOLFTALEIN
Reaktivlar
Ftal angidrid 3,2 g (0,02 mol)
Fenol 6,5 g (0,06 mol)
Sulfat kislota; o‘yuvchi natriy; sirka kislota; xlorid kislota; spirt; aktivlantirilgan ko‘mir.
Kichikroq konussimon kolbaga ftal angidrid, fenol va 1,3 ml kontsentrlangan sulfat kislota solib, aralashma moy hammomida temperaturani 125-130°S dan oshirmay 3 soat qizdiriladi.
Kolbadagi suyuqlik, unga tushirilgan termometr bilan vaqt-vaqti bilan aralashtirib turiladi. Reaktsiya tamom bo‘lgandan so‘ng, issiq aralashma 60 ml suvli stakanga qo‘yilib, fenolning hidi ketguncha qaynatiladi; stakan tagida cho‘kma hosil bo‘lib qolishi natijasida qaynayotgan modda otilib sachrab ketishi mumkin. Shuning uchun u doim aralashtirib turilishi kerak. Fenol eritmaga suv bug‘i yuborish bilan ham yo‘qotilishi mumkin.
Eritma sovitilganda tushgan cho‘kma iloji boricha stakanda qoldirilib, Byuxner voronkasi orqali filtrlanadi. Stakandagi cho‘kma (va qisman filtrdagi) 2 marta ozroq sovuq suv bilan yuvilib, 5% li o‘yuvchi natriyning issiq eritmasida eritilib filtrlanadi. To‘q qizil filtrat sirka kislota bilan kislotali muhitga keltirilib, 2-3 tomchi xlorid kislota qo‘shiladi va bir kecha qoldiriladi. Hosil bo‘lgan cho‘kma filtrlanib, quritiladi. Uning miqdori 2,5 g atrofida bo‘ladi.
Toza fenolftalein olish uchun olingan modda 10 ml spirtda qaynatib eritiladi va aktivlantirilgan ko‘mir bilan qaynatiladi.
Issiq eritma Shotta voronkasida filtrlanib, ko‘mir qaynoq spirt bilan yuviladi.
Eritma sovitilgandan so‘ng sakkiz hajm suv bilan suyultirilib filtrlanadi va filtrat chinni kosachada spirtni uchirish uchun suv hammomida qizdiriladi va yarim soat qoldiriladi. Sovitilgandan so‘ng cho‘kmaga tushgan fenolftaleinning kristallari filtrlanib havoda quritiladi.
Toza fenolftaleinning suyuqlanish temperaturasi 259-263°S.
Miqdori 1 g atrofida.
Do'stlaringiz bilan baham: |