O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi toshkent moliya instituti
-mavzu. Soxta tadbirkorlik va soxta bankrotlik
Download 1.44 Mb.
|
Ozbekiston respublikasi oliy va orta maxsus talim vazirligi t
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1. Soxta tadbirkorlik
- Soxta bankrotlik
- 3. Bankrotlikni yashirish
8-mavzu. Soxta tadbirkorlik va soxta bankrotlik
1. Soxta tadbirkorlik. 2. Soxta bankrotlik. 3. Bankrotlikni yashirish. Tayanch so‘z va iboralar: soxta tadbirkorlik, soxta tadbirkorlik uchun javobgarlik, tijoratchi tashkilot, tijoratchi bo‘lmagan tashkilot, soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish, buxgalteriya hisobotlari, buxgalteriya hisobotlarini buzib ko‘rsatish, jinoyatning motive, jinoyatning maqsadlari, jinoyatning kvalifikatsiyasi, jinoyat sub‘yekti, mulkiy jinoyatlar, o‘zganing mulki. 1. Soxta tadbirkorlik Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan qulay sharoit yaratilmoqda. Imtiyozli kreditlar va ssudalar taqdim etilmoqda. Lekin ba‘zan shaxslar tomonidan moddiy foyda olish maqsadlarida, tamagirlik niyatlarida soxta korxonalar tashkil qilinib, davlatning iqtisodiy manfaatlariga va bozor iqtisodiyoti manfaatlariga zarar yetkazish kabi achinarli holatlar ham sodir etilmoqda. Shu sababdan jinoyat qonunining 179-moddasida soxta tadbirkorlik uchun javobgarlik belgilangan. Soxta tadbirkorlik deganda ustavida ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan ozod qilish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida korxonalar va boshqa tadbirkorlik tashkilotlari tuzish tushuniladi. Soxta tadbirkorlikning ijtimoiy xavfliligi shundaki, u respublikaning iqtisodiy manfaatlariga ziyon yetkazadi. Mazkur jinoyat davlat tomonidan beriladigan imkoniyatlardan foydalanib, shaxsiy g‘arazli maqsadlarda korxonalar ko‘radigan daromadlardan turli shaxslarning shaxsiy boyib ketishiga olib keladi va davlat tomonidan iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘larning behuda sarflanishiga olib keladi. Buning oqibatida kutilayotgan natijalarga erishilmaydi. Shu bois, ushbu jinoyatning bevosita o‘bekti qonunda belgilangan tartibda korxonalar va tadbirkorlik tashkilotlarini tuzishning o‘rnatilgan tartibi, shuningdek, davlat tomonidan shu sohalarni rivojlantirish uchun berilayotgan imtiyozlarning o‘z maqsadlari yo‘lida sarflanishini ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar manfaatlari hisoblanadi. Jinoyatning o‘bektiv tomoni ustavda ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan korxonalar yoki boshqa tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni tuzishda ifodalanadi. Korxona yoki boshqa tadbirkorlik tashkilotini tuzish (vujudga keltirish) faktining o‘zi qonunga to‘la asoslangan bo‘lmaydi, uning nizomi, zaruriy ta‘sis hujjatlari qabul qilinadi, ro‘yxatdan o‘tkaziladi, biroq ishni boshlash vaqti kelganda bunday korxona o‘z nizomida ko‘rsatilgan faoliyat bilan umuman shug‘ullanmaydi yoki nizomida ko‘rsatilmagan faoliyat bilan shug‘ullanadi. Nizomda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadining yo‘qligi ta‘sis hujjatlarida ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarmaslikda namoyon bo‘ladi. Fuqarolik kodeksining 85-moddasiga muvofiq, butun korxona mulkiy kompleks sifatida ko‘chmas mulk hisoblanadi. Butun korxona yoki uning qismi olish-sotish, garovga qo‘yish, ijara hamda ashyoviy huquqlarni belgilash, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq boshqa bitimlarning o‘bekti bo‘lishi mumkin. Mulkiy kompleks bo‘lgan korxona tarkibiga uning faoliyati uchun mo‘ljallangan hamma mulk turlari, shu jumladan yer uchastkalari, binolar, inshootlar, uskuna, inventar, xom ashyo, mahsulot, talab qilish huquqi, qarzlar, shuningdek korxonani, uning mahsuloti, ishlari va xizmatlarini aks ettiruvchi xususiy alomatlarga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari) bo‘lgan huquqlar va boshqa mutlaq huquqlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kiradi. Korxonalarning asosiy faoliyati tovar (mahsulot) ishlab chiqarishga yoki alohida xizmatlar ko‘rsatish (qurilish, transport, aloqa, ta‘minot va hokazo)ga asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 40-moddasiga muvofiq, foyda olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni shunday maqsad qilib olmagan (tijoratchi bo‘lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo‘lishi mumkin. Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs xo‘jalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi, unitar korxona va qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha shakllarda tuzilishi mumkin. Tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy ta‘minlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek, qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 41-moddasida yuridik shaxs o‘zining ta‘sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqaroviy huquq layoqatiga ega bo‘ladi. Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning nizomi yoki qonun hujjatlarida belgilangan bo‘ladi. Har bir tuzilgan korxona yoki boshqa tadbirkorlik tuzilmasi faqat o‘z Nizomida ko‘rsatilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi kerak. Soxta tadbirkorlikda esa tuzuvchilar o‘z Nizomida ko‘rsatilgan faoliyatini amalga oshirish maqsadini ko‘zlamaydi, balki korxona yoki boshqa tadbirkorlik tashkiloti boshqa maqsadlarini ko‘zlab tuziladi. Qonunda bunday maqsadlar sifatida ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan ozod qilish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish nazarda tutilgan. Soxta tadbirkorlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda shaxsning ta‘sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirmay turib noqonuniy kreditlar olish, soliqlardan ozod bo‘lish, egallashga huquqi bo‘lmagan boshqa mulkiy foyda ko‘rish maqsadini ko‘zlaganligi hisobga olinishi lozim7. Soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan boshlab oqibat kelib chiqqan-chiqmaganligidan qat‘iyy nazar, jinoyat tugallangan hisoblanadi. Soxta tadbirkorlik tashkiloti aybdor foydasiga g‘ayriqonuniy mol-mulkni egallash, aldash yoki ishonchni suiiste‘mol qilish yo‘li bilan mol-mulkni egallash harakatlarini amalga oshirish uchun tuzilgan bo‘lsa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksi 168-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Tahlil etilayotgan jinoyatning sub‘yektiv tomoni to‘g‘ri qasdda tavsiflanadi. Aybdor ustav faoliyatini amalga oshirmaydigan tadbirkorlik tashkilotini tuzayotganligini anglaydi va ana shunday tashkilot tuzishni istaydi. Jinoyatning maqsadi jinoyat tarkibi sub‘yektiv tomonining zaruriy belgisiga kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra aybdor ustavida ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan ozod qilish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida korxonalar va boshqa tadbirkorlik tashkilotlari tuzadi. Qilmishda bunday maqsadning aniqlanmaganligi Jinoyat kodeksi 179-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini inkor etadi. Ssuda tekin foydalanish shartnomasini anglatadi. Tekin foydalanish shartnomasi (ssuda) bo‘yicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan bo‘lsa, normal amortizatsiyani hisobga olib, xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi. Soxta tadbirkorlikning sub‘yekti 16 yoshga to‘lgan har qanday jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin. Soxta bankrotlik Mazkur jinoyatning ijtimoiy xavfliligi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonuni talablarini buzishda, jamoatchilikni yanglishtirishda, shuningdek, kreditorlarga moddiy zarar yetkazishda ifodalanadi. Soxta bankrotlikni e‘lon qilishda kreditorlar qarzdordan qarz mablag‘larini ololmay qoladilar. Binobarin, ko‘rilayotgan jinoyatning bevosita o‘bekti respublika iqtisodiyot asoslarini tashkil etadigan xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlarning moddiy manfaatlari hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunining 3-moddasiga muvofiq, bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) - xo‘jalik sudi tomonidan e‘tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligini anglatadi. Kreditorlarning talablarini bajarish muddati boshlangan kundan e‘tiboran xo‘jalik yuritish sub‘yekti uch oy mobaynida ularni bajara olmayotgani yoki bajarishga qodir emasligining muqarrarligi sababli joriy to‘lovlari to‘xtatib qo‘yilishi xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt bankrot bo‘lishining tashqi alomati hisoblanadi. Xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt ixtiyoriy ravishda tugatilayotganida uning o‘zi bankrot bo‘lganligini rasman e‘lon qilganidan keyin u bankrot bo‘lgan hisoblanadi. Bankrotlikka taalluqli ko‘pgina masalalar 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunida tushuntirib berilgan. Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning o‘z majburiyatlarini iqtisodiy jihatdan bajara olmasligi haqida bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan e‘lon berishi natijasida kreditorlarga ko‘p miqdorda zarar yetkazilishida namoyon bo‘ladi. Sub‘yektning bila turib, o‘zining nochorligi haqidagi yolg‘on ma‘lumotni e‘lon qilishi soxta bankrotlik hisoblanadi. Xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt haqiqatda kreditorlar oldidagi o‘z majuriyatlarini bajarishga qodir bo‘lgani holda, ularni bajarishdan ataylab bo‘yin tovlab, o‘zini bankrot deb e‘lon berishi, ataylab haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan e‘lon berish hisoblanadi. Bankrot deb e‘lon qilish deganda xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning iqtisodiy nochor hisoblanishi, ya‘ni kreditorlar oldida o‘zining majburiyatlari bo‘yicha to‘liq javob bera olmay qolishi to‘g‘risida ma‘lumotlar tarqatish tushuniladi. Xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt qonunda belgilangan tartibni buzib o‘zining iqtisodiy nochorligini e‘lon qilgan hollarda, aybdorning qilmishi muayyan holatlar mavjud bo‘lganida firibgarlikni vujudga keltiradi. Agar mansabdor shaxs soxta hujjatlar taqdim etib, bankrotlik to‘g‘risida e‘lon bersa, uning qilmishlari jinoyatlarning jami bo‘yicha Jinoyat kodeksi 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan ham kvalifikatsiya qilinadi. Soxta bankrotlik tadbirkorning o‘z majburiyatlarini iqtisodiy jihatdan bajara olmasligi haqida bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan e‘lon berishi oqibatida kreditorlarga ko‘p miqdorda zarar yetkazilishida namoyon bo‘ladi. Ko‘p miqdordagi zararning mavjud emasligi fuqaroviy - huquqiy javobgarlikka asos bo‘ladi. Shu munosabat bilan, soxta bankrotlikka doir ishlarni ko‘rishda ishning barcha holatlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqish va bunday qalloblikning haqiqiy tashkilotchilarini aniqlash shart, zeroki mazkur tashkilotlarga ularni tashkil etishga aloqasi bo‘lmagan shaxslar, ya‘ni soxta shaxslar ham rasman rahbarlik qilishlari mumkin8. Tahlil etilayotgan jinoyatning sub‘yektiv tomoni to‘g‘ri qasdda tavsiflanadi. Aybdor o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatlarini anglaydi va shunday harakatlarni amalga oshirishni xohlaydi. Tahlil etilayotgan jinoyatning sub‘yekti 16 yoshga to‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlar bo‘lishi mumkin. Bunday shaxslar sifatida yuridik shaxsning rahbarlari, yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va xo‘jalik sub‘yekti nomidan bankrotlik to‘g‘risida ishni qo‘zg‘ash vakolatiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar (masalan, tugatish komissiyasi a‘zolari) bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksi 180-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Bankrotlikni yashirish jinoyatining ijtimoiy xavfliligi shundaki, u sodir etilishi bilan bozor iqtisodiyotining asosiy prinsiplari buziladi, bozor iqtisodiyotining rivojlanishida to‘siqlar vujudga keladi. Bankrotlikni yashirish natijasida kreditorlarga moddiy zarar yetkaziladi. Tahlil etilayotgan jinoyatning bevosita o‘bekti iqtisodiyot asoslarini ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. O‘bektiv tomondan mazkur jinoyat xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning kreditorlarga ko‘p miqdorda zarar yetkazishiga sabab bo‘lgan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumot va hujjatlarni taqdim etishi, buxgalterlik hisobotlarini buzib ko‘rsatishi yo‘li bilan iqtisodiy jihatdan o‘zining to‘lovga qodirligini yo‘qotganligini yoki iqtisodiy nochorligini boshqacha tarzda qasddan yashirishida ifodalanadi. Yashirish deganda o‘zining to‘lovga qodir emasligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni buzib ko‘rsatish yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan hujjatlarni kreditorlarga taqdim etish yoxud buxgalteriya hisobotlarini buzib ko‘rsatish yoxud o‘zining iqtisodiy nochorligi haqidagi boshqa faktlarni berkitish tushuniladi. Iqtisodiy nochorlik to‘g‘risidagi axborotlarni yashirish xo‘jalik sub‘yektining haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlar va hujjatlarni taqdim etishi, buxgalteriya hisobotlarini buzib ko‘rsatishi yoki boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. Haqiqatga to ‘g ‘ri kelmaydigan ma ’lumotlar va hujjatlarni taqdim etish deganda xo‘jalik sub‘yektining haqiqiy moliyaviy xo‘jalik holatini aks ettirmaydigan ma‘lumotlarni taqdim etishini tushunish lozim. Moliyaviy xo‘jalikfaoliyati deganda xo‘jalik va tadbirkorlik tuzil malarining ustavida belgilangan faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq mahsulot chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlarni amalga oshirish, moliya-buxgalteriya, hisob-kitob va statistik hujjatlarni yuritish, shuningdek, xo‘jalik sub‘yektlarining moliya, soliq, bank, bojxona va boshqa organlar hamda xo‘jalik sub‘yektlari bilan o‘zaro munosabatlari tizimini tushunish kerak. Ma‘lumotlar va hujjatlarni taqdim etish - pochta orqali jo‘natish bilan, bevosita vakolatli shaxs yoki xo‘jalik sub‘yektining boshqa vakili tomonidan taqdim etishdir. Ushbu holatlar qilmishning kvalifikatsiyasiga ta‘sir etmaydi. Shuni alohida ta‘kidlash lozimki, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumot va hujjatlarni taqdim etish ular shunday ma‘lumotlarni taqdim etishga vakolatli yoki javobgar shaxs tomonidan rasmiy ravishda taqdim etilgandagina ijtimoiy xavfli qilmishni vujudga keltiradi. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma‘lumotlar norasmiy ravishda taqdim etilganda, bankrotlikni yashirish deb qaralmasligi lozim. Bankrotlikni yashirish buxgalteriya hisobotlarini buzib ko‘rsatish orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Buxgalteriya hisoboti deganda tashkilotning mulkiy va moliyaviy holati hamda uning hisobot davri (oy, chorak, yil) mobaynida buxgalteriya hisobi ma‘lumotlari asosida belgilangan shaklda tuziladigan ma‘lumotlarning yagona tizimi tushuniladi. Buxgalteriya hisobotlarini buzib ko‘rsatish deganda xo‘jalik sub‘yekti moliyaviy xo‘jalik faoliyatining haqqoniy holatini aks ettirmaydigan har qanday harakatlar natijasida kelib chiqadigan oqibatlarni tushunmoq lozim. Ushbu harakatlar ma‘lumotlarni to‘liq yoki qisman taqdim etmaslik, balansni shakllantirishda ayrim usullardan foydalanish va hokazo. Buxgalteriya hisobotlarini buzib ko‘rsatishning aniq usullari jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta‘sir etmaydi. Tahlil etilayotgan jinoyat kreditorlarga ko‘p miqdorda zarar yetkazish tarzidagi ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqqan paytdan e‘tiboran, tugallangan hisoblanadi. Qonunga ko‘ra kreditorlar deganda qarzdor pul majburiyatlari bo‘yicha va (yoki) majburiy to‘lovlar majburiyatini bajarish bo‘yicha qaysi yuridik yoki jismoniy shaxs oldida javobgar bo‘lsa, ayni shu yuridik yoki jismoniy shaxslar (qarzdor qaysi fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi uchun javobgar bo‘lsa, ayni shu fuqaro, shuningdek, o‘z ishtirokidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) bundan mustasno) tushuniladi9. Sub‘yektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan sodir etilishi mumkin. Shaxs qarzdor tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor bankrot holatidaligini va uning sodir etgan harakatlari huquqqa xilofligini anglab yetadi, ko‘p miqdorda zarar yetkazishi mumkinligini ko‘ra biladi va buni xohlaydi yoki anglagan holda sodir etilishiga yo‘l qo‘yadi yoxud uning oqibatiga befarq qaraydi. Jinoyatning motiv va maqsadlari turlicha bo‘lishi mumkin, biroq ular jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta‘sir ko‘rsatmaydi. Jinoyat sub‘yekti 16 yoshga to‘lgan har qanday xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlar bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksi 181-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Download 1.44 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling