10-MAVZU: TA’LIMNI TASHKIL ETISH SHAKLLARI VA TURLARI.
Dars - maktabda ta’limni tashkil qilishning asosiy shakli.
Ta’lim turlari.
Ta’limni tashkil qilish shakllari haqida tushuncha.
Ta’limni tashkil qilishning an’anaviy sinf-dars shakli.
Dars turlari va tuzilishi. Dars va dars mashg‘ulotining bir-biridan farqli tomonlari.
Ta’limni tashkil qilishning noan’anaviy shakllari: o‘quv dialogi, munozara, didaktik o‘yinlar, trening va boshqalar.
O‘quv ishlarini tashkil qilishning darsdan va ta’lim muassasasidan tashqari shakllari.
Tayanch so‘zlar: tashkil etish, shakl, ta’limni tashkil etish shakli, ta’limni tashkil etish tizimi, dars, darsning turlari, ta’limni tashkil etishning yordamchi shakllari.
Ta’limni tashkil etishning shakllari. Ta’limni tashkil etish shakli – bu o‘qituvchi va o‘quvchining belgilangan tartibda, muayyan maqsadga muvofiq ma’lum rejimda tashkil etiladigan o‘quv-bilish faoliyatining tashqi ifodasidir.
Jahon pedagogika fani va amaliyotida ta’limni tashkil etishning turli shakllari mavjud. Jamiyat rivojining har bir yangi bosqichi ta’limni tashkil etishga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Ayni vaqtda ta’limning quyidagi shakllari ajratib ko‘rsatiladi: in-dividual, individual-guruhli, sinf-dars, leksiya-seminar va sinfdan tashqari, auditoriyadan tashqari, maktabdan tashqari. Ular o‘quvchilarni qamrab olishi, o‘quvchilar faoliyatini tashkil etishi, jamoaviy va individual shakllarining nisbatlari, mustaqilligi darajasi va o‘qish jarayoniga rahbarlik qilish xususiyatlari kabi belgilariga ko‘ra quyidagi uch asosiy turga ajratiladi: individual; sinf-dars; ma’ruza-seminar.
Qadim zamonlarda mavjud bo‘lgan o‘qitishning eng qadimgi shakli ta’limning individual shakli hisoblanadi. O‘qishni tashkil etishning individual shakli antik davr va o‘rta asrlarda yagona usul bo‘lgan, undan ba’zi mamlakatlarda XVIII asrgacha keng foydalanilib kelingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |