O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi universiteti
Husayn boyqaroning o’g’illari haqida
Download 270.54 Kb.
|
Husayn boyqaro o\'g\'illari.
3. Husayn boyqaroning o’g’illari haqida:
Husayn Boyqaro Hirot taxtiga chiqmasidan avval ma’lum muddat Samarqandda Sulton Abusaid Mirzo saroyida xizmat qildi. Abusaid Mirzo uni iliq kutib olib, temuriylarga xos ixlos bilan unga chin e’tiqod qo’ygan edi. Ammo Sulton Uvays unga qarshi bosh ko’tarib, hujum qilganidan so’ng Abusaid Mirzoning Husayn Boyqarodan ko’ngli qoldi. Ixlosi qaytgan podsho boshqa shahzodalar qatori Husayn Boyqaroni ham hibsga oldi. Chunki toj-taxtni ko’zlab, ertami-kechmi Husayn Boyqaro ham bosh ko’tarishi mumkin edi. Buni Sulton Abusaid kech bo’lsa-da, baribir tushunib qoldi. Sulton Husaynning hibsga olingani haqidagi xabar uning onasi Feruzabegimga yetib bordi. Feruzabegim Hirotdan zudlik bilan kelib, o’g’lini qutqarib oldi. Sulton Abusaid Mirzo bilan aloqani butunlay uzgan Husayn Boyqaro onasiga qo’shilib, shitob bilan Samarqandni tark etdi. U Hirotga emas, balki Marvga yo’l oldi. Bu paytda Marvda Sulton Sanjar hukmronlik qilardi. U Sulton Abusaid Mirzoning ashaddiy dushmani edi. Sulton Sanjar Husayn Boyqaroni quchoq ochib qarshi oldi, uning sarkardalik mahoratini yuqori baholadi. U Boyqaro bilan yanada yaqinroq bo’lishni istardi. Shu maqsadda uni o’ziga kuyov qildi. Beka Sultonbegim ismli qizini unga xotinlikka berdi. Shunday qilib, Sulton Husayn Boyqaro Marv hukmroni Sulton Sanjarga kuyov bo’lib qoldi. Badiuzzamon Mirzo Husayn Boyqaroning ana shu xotinidan tug’ilgan to’ng’ich farzandi edi. O’sha davr odatiga ko’ra, u bo’lajak taxt egasi, ya’ni valihad hisoblangan. Badiuzzamon Mirzo g’ayrat va shijoat, yurtni boshqarish va sarkardalikda boshqa temuriy shahzodalardan ajralib turardi. Ulug’ shoir Alisher Navoiy u haqda iftixor bilan so’zlab, ichki va tashqi fazilatlari tufayli yuksak maqom egallaganini (“Husni surot va husni siyrat bila orasta va jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila niyrosta yigitdur”), kamolga yetganini alohida ta’kidlaydi. Mirzoning yana bir jihati uning she’riyat bilan mashg’ul bo’lishi, shoirligi edi (“tab’i ham nazm uslubida muloyimdur”). Navoiy Badiuzzamon Mirzoning fors-tojik hamda turkiy (eski o’zbek tili)da qalam tebratganini aytib, uni o’zbekcha she’ridan bir bayt keltiradi: Ey sabo, gar so’rsa holim shammai ul sarvinoz, Evrulub boshig’a men sargashtadin yetkur niyoz. Alisher Navoiy Badiuzzamon Mirzoga umid bilan qarar, uni kelajakda mamlakatni adolat bilan boshqarishi, yurt obodonligi uchun jon kuydirishiga chin yurakdan ishonardi. Shoirning Badiuzzamon Mirzoga bitgan maktublari hamda unga bag’ishlangan she’riy satrlari sinchiklab o’rganilsa, ayon bo’ladiki, Navoiy shahzodani hamisha kuzatib yurgan, uning yutuqlaridan muttasil quvongan, xato-kamchiliklaridan mehribon otalardek ko’yingan. Bilib turib yo’l qo’ygan noto’g’ri xatti-harakatlarini esa ro’y-rost yuziga aytib, uni bu yo’ldan qaytarishga uringan. O’z navbatida Badiuzzamon Mirzo ham Navoiyga chinakam ixlos qo’ygan, uni mehribon ustoz va murabbiy sifatida hamisha e’zozlardi. Hatto, eng qaltis vaziyatlarda ham shoirning aytganlarini so’zsiz bajargan, uning so’zini ikki qilmaslikka intilgan Badiuzzamon Mirzo Navoiyning ta’na-dashnomlari, tanbehlarini hamisha e’tirozsiz qabul qilgan. Navoiy bilan Badiuzzamon o’rtasidagi munosabatning samimiyligi hozirga qadar bizga ota-bola o’rtasidagi nazokatli va nafis munosabatni eslatadi. Ammo shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, sulton Husayn Boyqarodek podshohning bu to’ng’ich o’g’li barcha temuriy shahzodalar kabi toju taxtga nihoyatda o’ch edi. Uning o’z otasiga qarshi bosh ko’tarib isyon olovini yoqqanligi, mamlakat, yurt boshiga g’oyat katta tashvish va tahlika tug’dirgani ma’lum. Ota-bola o’rtasidagi ushbu behuda ixtilof va nizo tufayli hisobsiz qonlar to’kildi, ko’pgina yosh yigitlar umri xazon bo’ldi. Badiuzzamon Mirzo uchun bu toj-taxt talashlari g’oyat qimmatga tushdi. U dastavval Zulcharog’ nomli manzilda, ikkinchi marta esa Nishin yaylovida otasi tomonidan tor-mor etildi. Eng xunugi, Badiuzzamon Mirzoga ergashib, Husayn Mirzoning Abulmuhsin Mirzo va Kepak Mirzo kabi o’g’illari ham otaga qarshi bosh ko’tardilar. Husayn Boyqaro bilan Badiuzzamon Mirzo o’rtasidagi kelishmovchiliklarning kelib chiqishiga faqat shahzodani ayblash adolatdan bo’lmaydi, albatta. Dastavval Astrobodni Badiuzzamonga bergan Husayn Boyqaro xotini Xadichabegimning qutqusi bilan bo’lsa kerak, niyatidan qaytib, uni Muzaffar Mirzoga topshirish haqida maxsus farmon beradi. Badiuzzamon Mirzoni esa Astrobod hokimligidan ozod etib, uni Balx hokimi etib tayinlaydi. Ushbu adolatsiz farmon shahzodaning g’azabini toshirib yuboradi. Chunki Astrobod hokimligidan ketish Badiuzzamon Mirzoning valiahdlikdan mahrum etilishi bilan barobar edi. Xullas, Sulton Husayn Boyqaroning Badiuzzamon Mirzoni Astrobod hokimligidan mahrum etish to’g’risidagi farmoniga Badiuzzamon bo’ysunmay, uni bajarishdan bosh tortdi. Sarkash shahzoda o’zining o’n ikki yoshli o’g’li, dadil va jasur Mo’min Mirzoni Astrobodda qoldirib, shaharga Muzaffar Mirzoni kiritmaslikni tayinladi, o’zi esa Balx sari yo’l oldi. Otasining Xadichabegim gapiga ko’nib, bunday ish tutishidan qattiq g’azablangan Badiuzzamon Mirzo: “Astrobodga odam yuborib, ovora bo’lmang. Uni baribir bermayman”, degan mazmunda maktub bitib, otasiga jo’natadi. Ulug’ shoir Alisher Navoiy otaga qarshi bosh ko’targan Badiuzzamon Mirzoni otasi bilan yarashtirish uchun ko’p sa’y-harakat qilgani tarixiy asarlar orqali ma’lum. Shoir Badiuzzamonga yuborgan bir maktubida ota bilan yurt talashish el boshiga zo’r falokatlar keltiradi, deb tashvish bildirardi. U shahzodani to’g’ri yo’lga boshqarish uchun jon kuydirar va uni insofga chaqirardi. “Men bu gaplarni birovning gapi bilan emas, balki ota-bola o’rtasidagi munosabatdan yaxshi xabardor bo’lganligi uchun aytaman”, deb alohida uqtirgandi shoir. Navoiyning Badiuzzamon Mirzoga yo’llagan ikkinchi maktubi Tangri rizosi ota rizosi bilan barobardir, shuningdek, Alloh g’azabi ham ota g’azabi bilan qo’shilib ketadi, degan gaplar bilan boshlandi. Shoir Badiuzzamon Mirzoga qarata, kimki otasini rozi qilsa, u Tangrini ham rozi qilgan bo’ladi, aks holda Xudoning g’azabiga duchor bo’ladi, dedi. Shunday ekan, kim otaga qarshi bosh ko’tarib chiqa oladi?!Navoiyning fikricha, farzand uchun ota qudratli tarbiyachi, ona esa qonuniy rizq beruvchidir. Shu o’rinda Navoiy turkigo’y shoir Ahmad Yugnakiyning bir to’rtligini misol keltiradi. Undagi “Atodin xato kelsa, ko’rma xato”, deyish bilan Husayn Boyqaro tomonidan Badiuzzamon Mirzoga nisbatan yo’l qo’yilgan noto’g’ri xatti-harakatni g’oyat pardali tarzda qayd etish barobarida “Bu xatoni savob bil”, ya’ni bu holni dastak qilib, otaga bosh ko’tarish nihoyatda ulug’ gunoh ekanligini ta’kidlamoqchi bo’ldi. Navoiy mazkur maktubda Badiuzzamon Mirzoning o’z otasiga qarshi yo’l qo’ygan kamchiliklarini ro’y-rost sanab o’tgan, unga tanbeh bergan, sultonning o’g’li ekanligiga qaramay ayamay tanqid qilgan.Navoiyning fikriga ko’ra, Badiuzzamon Mirzo viloyatdan keladigan barcha daromadni o’z ixtiyoriga olib qo’ygandi. Bu o’sha davrda amalda bo’lgan qonunlarga mutlaqo zid edi. Ikkinchidan, shahzoda Husayn Boyqaro farmoniga so’zsiz bo’ysunish o’rniga undan bo’yin tovlagan, bu gustohlik sanalardi. Ma’lumki, gustohlik andishasizlik, ibosizlikdan iborat. Uchinchidan, shahzoda hali qo’lga kirmagan Iroq viloyatini otasi bilan maslahatlashmay, u bilan kelishmay turib, o’z tasarrufiga kiritgan edi. Bunda Badiuzzamon tomonidan yo’l qo’yilgan xato shundaki, u o’z nishoni, ya’ni farmon va boshqa rasmiy hujjatlarida otasi Husayn Boyqaroning nomini chiqarib tashlagandi. Bu esa o’sha zamonda amalda bo’lgan davlat yuritish tartiblariga mutlaqo zid bo’lgan. Mavjud qonunga muvofiq, viloyat hukmdorlari har bir rasmiy hujjatda mamlakat hukmdorining nomini tilga olishlari shart edi. 1496-1497 yillarda ota-bola o’rtasida keskin urush harakatlari boshlanib ketdi. Badiuzzamon Mirzoni pand-nasihatlar bilan to’g’ri yo’lga solishga ko’zi yetmagan Navoiy ularni yarashtirish maqsadida Balxga jo’nadi. Navoiyni o’ziga ustoz deb bilgan, chin dildan hurmat qilgan shahzoda uning biror gapini ikki qilmay, shoir qo’ygan barcha shartlarga so’zsiz rozi bo’ldi. Ammo muzokaralar ijobiy yakunlanishi oldidan Badiuzzamon Mirzoning odamlari podshohning maxfiy farmonini qo’lga tushirdilar. Balx shahrining kutvoli (komendanti)ga yo’llangan ushbu farmonda Badiuzzamonni shaharga kiritmaslik va qo’lga tushirib, zindonband qilish buyurilgan edi. Farmonni o’z ko’zi bilan ko’rgan Navoiy Sulton Husayn Boyqaroning bu xatti-harakatidan qattiq norozi bo’ladi. Natijada farmon tufayli shahzoda otasi bilan yarashish fikridan voz kechdi… Nihoyat, ota-bola temuriyzodalar o’rtasidagi omonsiz jangda Badiuzzamon yengildi. Keyingi kuni Muzaffar Mirzo Astrobodni bosib olib, Mo’min Mirzoni makr bilan qo’lga tushirib, asirlikka oldi. 12 yoshli Mo’min Mirzo Hirotga, Ixtiyoriddin qal’asiga keltirildi. Bu fursatdan ustalik bilan foydalangan Xadichabegim makkor vazir Nizomulmulk bilan maxfiy ravishda til biriktirib, Sulton Husayn Mirzoning mastligi chog’ida undan Mo’min Mirzoni o’ldirish haqida oldindan tayyorlab qo’yilgan farmonga muhr bostirib oldilar… Sulton hushiga kelib, voqeaning butun dahshatini angladi-da, darhol o’zi muhr bosgan farmonni bekor qildi. Ammo vaqt o’tgan, Mo’min Mirzo allaqachon fitna qurboni bo’lgandi. Bu qonli voqealar ro’y bergan ma’shum kunlarda Navoiy davlat ishlari bilan Mashhadda edi. Shoir dahshatli xabardan qattiq larzaga tushdi. “Shayx Majdiddin Bag’dodiyning Xorazmshoh Muhammad tomonidan qatl etilishi Chingizxon tomonidan qirg’inni boshlab bergan bo’lsa, Mo’min Mirzoning o’ldirilishi ham xuddi shunday bo’lajak”, deb bir necha bor takrorlaganini tarixchi Xondamir eslatib o’tgan. Zamonning zaylini qarangki, voqealarning borishi Navoiyning yuqorida aytgan fikrlarini to’la-to’kis tasdiqladi. Ko’p o’tmay Hirotga Shayboniyxon boshliq qo’shinlar bostirib kirdi. 1499 yilda Sulton Husayn Boyqaroning Marvda hokimlik qilayotgan o’g’li Abulmuhsin otaga qarshi bosh ko’tardi. Qartaygan, toliqqan shahanshoh o’z pushti kamaridan bo’lgan o’g’ilga qarshi qo’shin tortishga majbur bo’ldi. Shuning uchun Husayn Boyqaro haj safariga otlanish uchun taraddud ko’rayotgan Navoiyga maktub jo’natib, uni o’rdasiga, o’z huzuriga yetib kelishni so’radi. Alisher Navoiy bu paytda hajga borish uchun yo’lga chiqqan va Mashhadga yetgan edi. Podshoh maktubi xususida shoir Mashhad ulug’lari bilan maslahatlashdi. Ular mamlakat osoyishtaligi uchun shoirdan haj safarini qoldirish zarurligini ta’kidladilar. Alisher Navoiy shoh qo’shini joylashgan o’rdaga yetib keldi. Padariga qarshi isyon ko’targan Abul Muhsin otasi bilan sulh tuzish uchun podshoh nomidan Alisherning vakil bo’lishini shart qilib qo’ygandi. Shoir ota-bolani yarashtirib, Hirotga qaytdi. Sulton Husayn Boyqaro saltanatiga tashqi dushman Shayboniyxon tahdidi xavf solmoqda edi. 1500 yilda Samarqand Shayboniyxon tasarrufiga o’tdi. Bu vaqtda Samarqandni qo’lga kiritish uchun kurash boshlagan Bobur Mirzo Sulton Husayn Mirzo va Badiuzzamonga odam yuborib, undan yordam so’radi. Ammo ulardan hech qanday ko’mak kelmadi. 1504 yilda Husayn Boyqaro Shayboniyxon bilan bo’lgan jangda vafot etdi. Uni shohona urf-odatlarga amal qilib dafn etishgach, sarkardalar va beklar o’zaro maslahatlashib, Hirot taxtini teng tiriklik asosida Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Mirzoga topshirdilar. Boburning aytishicha, bu qiziq ish, ya’ni podshohlikda sheriklar asosida hukmronlik hech qachon eshitilmagan edi. Zahiriddin Muhammad Bobur 1506 yilda Hirotda Badiuzzamon bilan uchrashgan. Sevimli jasur farzandidan ajralgan, Navoiyning pand-nasihatlaridan yetarli xulosa chiqargan Badiuzzamon anchayin cho’kib qolgan, hayotning omonsiz zarbalaridan soch-soqoli oqarib qolgan edi. Shayboniyxon Hirotni egallaganidan so’ng Badiuzzamon Mirzo Turkiyaga ketib qoldi va 1514 yilda Istanbulda sargashtalikda dunyodan ko’z yumdi. Download 270.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling