O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Download 1.35 Mb.
bet70/130
Sana05.01.2022
Hajmi1.35 Mb.
#213513
1   ...   66   67   68   69   70   71   72   73   ...   130
Bog'liq
53511c77e324f

Jinoyat sodir etishga rahbarlik qilish – bu ishtirokchilar tomonidan jinoyatni amalga oshirishi jarayonini bevosita boshqarish. Jinoyatga rahbarlik qilish jinoyat sodir etish joyida amalga oshirilganda, bajaruvchining harakatlari boshqariladi. Shuningdek, rahbarlik qilish jinoyat sodir etish joyida bo‘lmagan holda ham amalga oshirilishi mumkin. Masalan, telefon, ratsiya orqali bajaruvchining harakati boshqarib turilishi mumkin.

Тashkilotchi jinoyat rejasini ishlab chiqadi, boshqa ishtirok­chilarni tanlaydi, ularning orasida vazifalarni taqsimlaydi, jinoyatni amalga oshirishga ularni tayyorlaydi, yo‘riqlar beradi, zarur anjom­larni yig‘adi va tayyorlaydi. Ko‘pincha tashkilotchi o‘z hara­katlarini himoya qilish va zarur ma’lumotlar olish uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan bironta mansabdor shaxsni sotib olishga harakat qiladi. Qoidaga ko‘ra, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaga tajribali jinoyatchi rahbarlik qiladi va jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va amalga oshirishni tashkillashtiradi, uning o‘zi ham ishtirokchilar qatori ishtirok etishi mumkin.

Тashkilotchi har doim ham to‘g‘ri qasd bilan harakat qiladi. Agar tashkilotchi jinoyat sodir etishga rahbarlik qilib, o‘zi jinoyat­ning obyektiv tomonini bajarishda bevosita ishtirok etmasa, uning harakati Jinoyat kodeksining 28-moddasi, 3-qismi bilan kvalifikat­siya qilinadi.

Jinoyat kodeksining 242-moddasi, 1-qismi mazmuniga ko‘ra, tashkilotchining harakati jinoiy faoliyat ko‘rinishlaridan biridir. Jinoyat sodir etilishiga qiziqtiruvchi shaxs dalolatchi, deb topiladi (28-moddaning 4-qismi), ya’ni u har qanday shaklda:


1) majburlash;

2) ishontirish orqali dalolat qiladi.


Dalolatchi bilan bajaruvchining o‘zaro ichki aloqadorligi shundaki, dalolatchining har doim ijrochida jinoyat sodir etish maqsadini vujudga keltiradi.

Majburlash jismoniy va ruhiy bo‘lishi mumkin. Ruhiy majburlash ko‘pincha dalolatchi tomonidan qo‘rqitish orqali sodir etiladi (masalan, moddiy ta’minlashni to‘xtatib qo‘yish, insonni tahqirlovchi xabar yoki ma’lumotni oshkor qilish bilan qo‘rqitish va hokazo).

Shaxsga bir necha marta dalolatchi turli xil xabarlarni yetkazsa, bularning natijasida shaxs unga ishonib, jinoyat sodir etishga qaror qilsa, bir necha marta xabar yetkazgan shaxsni dalolatchi, deb javobgarlikka tortish mumkin. Lekin bir necha marta xabar yetkazgan shaxsda bajaruvchining jinoyat sodir etishi uchun moyillik tug‘dirish maqsadi bo‘lishi kerak.

Ishontirishda dalolatchi tashqi tomondan jinoyatga hech qanday aloqasi bo‘lmagandek ko‘rinsa-da, uning manfaatlari jinoyatni sodir etgan bajaruvchining manfaatlari bilan ma’lum darajada mos keladi.

Dalolatchining jinoyat sodir etishning vositasi sifatida iltimos qilishdan ham foydalanishi mumkin va bu dalolatchi manfaatining asosini tashkil etadi. Shubhasiz, iltimos dalolatchi tomonidan faqat o‘zining tanishlari, do‘stlari va xizmatdoshlariga qilinishi mumkin. Yaqinlarga iltimos (jinoyat sodir etishni) faqat ko‘ndirish orqali amalga oshiriladi. Ko‘ndirish iltimosdan shunisi bilan farq qiladiki, dalolatchi shaxsni jinoyat sodir etishga rozi qilish uchun o‘zining bor imkoniyatini ishga soladi. Ko‘ndirish bir necha marta iltimos qilish shaklida bo‘lishi mumkin.

Jinoyat sodir etishga umumiy yoki noaniq shaxslar guruhini dalolat qilish dalolatchilik hisoblanmaydi. Bunday harakatlar muayyan hollarda alohida jinoyat tarkibini tashkil qilishi mumkin. Masalan, davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zgarti­rishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish jinoyati (Jinoyat kodeksining 159-moddasi).

Dalolat aniq bir obyekt yoki shaxslarga nisbatan qaratilgan bo‘lishi kerak. Sud-tergov amaliyotida dalolat qilishning boshqa turlari ham uchraydi. Jinoyat qilish uchun mukofot va’da qilish yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shaxsni sotib olish yoki aldash bunga misol bo‘la oladi.

Dalolatchi bilan tashkilotchining harakatini farqlash lozim. Dalolatchi qanday harakat sodir etishidan qat’iy nazar, bajaruv­chida jinoyat sodir etish istagini uyg‘otishga va bu istakni so‘ndirmaslikka harakat qiladi. Тashkilotchi esa, jinoiy faoliyatni rivojlantirishga harakat qiladi, u jinoyat sodir etishning boshla­nishidan oxirigacha faoliyat yuritadi.

«Jinoyatni sodir etilishiga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan, vositalar berish yoki to‘siqlarni yuqotish bilan ko‘maklashgan, shuningdek, jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan narsalarni yashirishga, shuningdek, bunday narsalarni olish va o‘tkazish to‘g‘risida oldindan va’da bergan shaxs yordamchi, deb topiladi» (Jinoyat kodeksining 28-moddasi, 5-qismi).

Sud-tergov amaliyotida yordamchilik ishtirokchilikning ko‘p uchraydigan turidir. Jinoyat kodeksining 28-moddasi, 5-qismi tahlili shuni ko‘rsatadiki, jinoyatda yordamchilik:


1) jismoniy yordamchilik;

2) ruhiy yordamchilik ko‘rinishlariga ega bo‘ladi.


Jismoniy yordamchilik deganda, jinoyat sodir qilinayotganda to‘siqlarni olib tashlash uchun vositalar va qurollar bilan yordam berish, ya’ni jinoyatning obyektiv tomonini amalga oshirishda bajaruvchiga ko‘maklashish tushuniladi. Jismoniy yordamchilik ruhiy yordamchilikdan farqli ravishda jinoyat vositalarni taklif qilish yoki shart-sharoit yaratib berishdan iboratdir.

Shuni ham hisobga olish kerakki, yordamchi yordam berishdan tashqari jinoyatni amalga oshirishga qaratilgan boshqa biron-bir harakatni qilmagan bo‘lishi kerak, aks holda, yordamchining harakatlari jinoyatning obyektiv tomoni belgilari bilan mos kelsa, u jinoyatning bajaruvchisiga aylanib koladi.

Ruhiy yordamchilik:
1) maslahat, ko‘rsatmalar berish;

2) jinoyatchini, jinoyat qurollarini, izlarini va vositalarini yoki jinoiy yo‘l bilan topilgan buyumlarni yashirishga oldindan va’da berish;

3) jinoiy yo‘l bilan topilgan buyumlarni olish yoki sotib berishga oldindan va’da berish shaklida bo‘lishi mumkin.
Jinoyatni yashirishga oldindan va’da bermagan bo‘lsa, yordam­chilik, deb topilmaydi, ya’ni ishtirokchilik, deb topilmasdan, faqat jinoyatga daxldorlik, deyiladi.

Vositalar yetkazib berish deganda, jinoyat bajaruvchisiga jinoyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan turli buyumlar yoki vositalarni yetkazib berish tushuniladi. Bularga transport vositalari, qurol-yaroqlar va hokazolar, ya’ni jinoyat sodir qilinishi uchun yordam beradigan har qanday buyumlar kiradi.

Тo‘siqlarni olib tashlash deganda, yordamchining bajaruvchi tomonidan jinoyatni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf qilishga yordamlashish harakati tushuniladi (masalan, qo‘riqchini xizmat vazifasidan chalg‘itish, signalizatsiyani o‘chirib qo‘yish, qo‘riqchi itlarni chalg‘itish va hokazo).

Yordamchi dalolatchidan shunisi bilan farq qiladiki, u o‘zining harakati bilan jinoyatning boshqa bir ishtirokchisida jinoyat sodir etish istagini vujudga keltirmaydi, bu holat yordamchilikni amalga oshirgunga qadar vujudga keladi.

Ruhiy yordamchilik, jinoyat sodir qilinishida bajaruvchining qarori va xohishini mustahkamlaydi. Maslahat va ko‘rsatmalarni ko‘proq jinoyatni uyushtiradigan shaxs berishi mumkin. Bu holda ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 28-moddasi, 3-qismiga ko‘ra, tashkilotchi, deb topiladi.


Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   66   67   68   69   70   71   72   73   ...   130




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling