O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta
Jinoyatda ishtirokchilikning shakllari: oddiy
Download 1.35 Mb.
|
53511c77e324f
11.3. Jinoyatda ishtirokchilikning shakllari: oddiy
ishtirokchilik, murakkab ishtirokchilik, uyushgan guruh, jinoiy uyushma Maxsus adabiyotlarda va darsliklarda jinoyatda ishtirokchilik turlicha klassifikatsiyalangan bo‘lib, jinoyatda ishtirokchilik shakl va turlarga bo‘linadi. Jinoyat sodir etishda ishtirokchilik shakli deganda, jinoyat sodir etishdagi o‘zaro aloqadorlik, ishtirokchilar harakatini oldindan til biriktirgan holda amalga oshirilish darajasi, subyektiv aloqadorligi va xususiyatiga ko‘ra, farq qiluvchi bir necha shaxslarning birgalikdagi harakati tushuniladi. Yuqorida keltirilgan har bir belgi ishtirokchilar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, til biriktirganlik va umumiy maqsadga erishishi uchun muvofiqlashtirilganligiga ko‘ra farq qiladi. Ishtirokchilar harakatining yuqori darajada tashkil qilinganligi va til biriktirganligi ko‘zlangan maqsadga erishishni osonlashtiradi. Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyani tahlil qilishda sud va tergov organlari qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilmagan, lekin jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish imkonini beradigan belgilarga e’tibor berishlari lozim. Ishtirokchilik obyektiv (ishtirokchilar o‘rtasidagi obyektiv aloqadorlik) va subyektiv (ular o‘rtasidagi subyektiv bog‘liqlik) mezonlarga ko‘ra turlarga bo‘linadi. Obyektiv mezon ishtirokchilarning obyektiv tomondan aloqadorligida ifodalanadi, bu asosga ko‘ra ishtirokchilik, ikki turga bo‘linadi:
2) murakkab ishtirokchilik. Obyektiv mezon ishtirokchilar o‘rtasidagi jinoyat sodir etishdagi aloqadorlikni ifodalaydi, ya’ni rollarning taqsimlanishi, kim qaysi vazifani bajarishini belgilab qo‘yilishi va boshqalar. Oddiy ishtirokchilikda birgalikda bajaruvchi shaxslar Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddasida ko‘rsatilgan jinoyatning obyektiv tomonini bevosita til biriktirmagan holda sodir etadilar. Murakkab ishtirokchilikda (bajaruvchi bilan bir qatorda dalolatchi, tashkilotchi, yordamchi jinoyat sodir etishda ishtirok etadi) jinoyat sodir etishda birgalikda ishtirok etishning o‘ziga xosligi shunda ko‘rinadiki, faqat ishtirokchigina Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddasida ko‘rsatilgan jinoyatning obyektiv tomonini bevosita bajaradi, boshqa ishtirokchilar esa jinoyatni bilvosita bajaradilar. Ishtirokchilik to‘satdan vujudga kelishi mumkin, bu ishtirokchilarning jinoiy harakatini amalga oshirish uchun birlashishida ifodalanadi. Bezorilik, nomusga tegish jinoyatlari ko‘pincha birgalikda sodir etiladi. Ishtirokchilikning subyektiv mezoni ishtirokchilarning jinoiy harakatni amalga oshirishda o‘zaro kelishganligi bilan belgilanadi. Bu mezon asosida ishtirokchilik: 1) oldindan til biriktirilgan; 2) oldindan til biriktirilmagan ishtirokchiliklarga bo‘linadi. Oldindan til biriktirilmagan ishtirokchilik, bevosita jinoyat sodir etish jarayonida yoki muayyan vaqt oralig‘ida (masalan, A. ismli shaxs odam o‘lirish maqsadida B.ni ura boshlaydi, buni kuzatib turgan V. ismli shaxs ham unga qo‘shilib B.ni uradi va odam o‘ldirish jinoyati sodir etiladi), lekin jinoyat sodir etilgunga qadar til biriktirilmadi. Bunday ishtirokchilikda til biriktirganlik darajasi minimal bo‘lib, jinoyat obyektiv tomonini tashkil qiluvchi harakatlar to‘liq yoki qisman amalga oshiriladi, ishtirokchilar o‘z harakati orqali boshqasining harakatini to‘ldiradi. Oldindan kelishilgan ishtirokchilikda birgalikda jinoyat sodir etish haqida oldindan til biriktirib, shuningdek, jinoyat sodir etilishidan oldinroq til biriktirgan holda jinoyat sodir etiladi. Ishtirokchilikni kvalifikatsiya qilish uchun bu kelishuvga erishilgandan so‘ng qancha vaqt o‘tganligi ahamiyatga ega emas. 1994-yilgi Jinoyat kodeksining 29-moddasida esa, jinoyatda ishtirokchilikning quyidagi shakllari belgilangan bo‘lib, bularga:
2) murakkab iishtirokchilik; 3) uyushgan guruh; 4) jinoiy uyushmalar kiradi. Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik, deb topiladi (Jinoyat kodeksining 29-moddasi, 2-qismi). Ishtirokchilikning birinchi shaklida jinoyatning oldindan til biriktirmay sodir etilganligi uchun ishtirokchilikning boshqa shaxslarga nisbatan ijtimoiy xavfliligi kamroq. Chunki ular birgalikda harakat qilsa-da, uyushganlik belgisi yo‘q, ammo jinoyat birgalikda sodir qilinganligi uchun ishtirokchilikning eng sodda shakliga kiritilgan. Oddiy ishtirokchilikning ijtimoiy xavfliligi shundaki, bunda jinoiy harakat bir nechta shaxs tomonidan sodir etilganligi uchun undan yetadigan zarar, shubhasiz, bir kishi yetkazgan zararga nisbatan bo‘ladi. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi bir qancha moddalarida bir guruh shaxslar tomonidan jinoyat sodir qilishi o‘sha jinoyat uchun jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida nazarda tutilgan. Masalan, bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning 2-qismi, «p» bandi); bir guruh shaxslar tomonidan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (104-moddaning 2-qismi, «k» bandi); qasddan badanga o‘rtacha ogir shikast yetkazish (105-moddaning 2-qismi, «p» bandi); nomusga tegish (118-moddaning 2-qismi, «v» bandi); jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning 2-qismi, «v» bandi). Ishtirokchilikning oddiy shaklida ishtirokchilar orasida avvaldan kelishuv bo‘lmaydi va o‘z-o‘zidan bajaruvchi, tashkilotchi, dalolatchi va yordamchi bo‘lmaydi hamda ishtirokchilar jinoyatning obyektiv tomonini alohida-alohida bajaradilar. Aynan shu belgisi bilan oddiy ishtirokchilik ishtirokchilikning boshqa turlaridan farq qiladi. Ishtirokchilikning bu shakli uchun til biriktirganlikning minimal darajasi xosdir. Ishtirokchilikning bu shaklida ko‘proq bir kishi tomonidan boshlangan jinoyatga boshqa shaxslarning qo‘shilishi nazarda tutilgan. Oddiy ishtirokchilik ishtirokchilikning kam tarqalgan va ijtimoiy xavfi nisbatan katta bo‘lmagan shaklidir. Ishtirokchilikda oldindan til biriktirmagan holda jinoyat sodir etilishini belgilashda bir qancha bajaruvchi tomonidan jinoyat sodir etilganligi, shuningdek, ular orasida vazifalarning taqsimlanganligiga e’tibor berish lozim. Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok qilishi murakkab ishtirokchilik, deb topiladi (29-moddaning 3-qismi). Oldindan til biriktirish deganda, jinoyat sodir etish yoki jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun jinoyatning obyektiv tomoni amalga oshirilgunga qadar bo‘lgan kelishuv tushuniladi. Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib jinoyat sodir etish uchun Jinoyat kodeksida aniq bir jinoyatning zaruriy yoki kvalifikatsiya belgisi, shuningdek, og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlik nazarda tutilgan. Murakkab ishtirokchilikni xususiyatlovchi belgilardan biri jinoyat obyektiv tomonini belgilovchi belgilar barcha ishtirokchilar tomonidan emas, balki bir kishi yoki ularning ba’zi birlari tomonidan sodir etilishidir. Qolgan ishtirokchilar jinoyat obyektiv tomonini amalga oshirishda bevosita ishtirok etmaydilar. Murakkab ishtirokchilik oddiy ishtirokchilikdan vazifalarning ishtirokchiliar o‘rtasida taqsimlanganligi bilan farqlanadi: biri jinoyatni tashkil qiladi, biri obyektiv tomonini bajaradi yoki jinoyat sodir qilishga dalolat qiladi yoxud sodir etilishiga yordam beradi. Murakkab ishtirokchilikning asosiy belgilaridan yana biri – ishtirokchilarning oldindan til biriktirganligi hisoblanadi. Ishtirokchilikning ushbu shaklda oldindan til biriktirish uning obyektiv tomonini bajarishgacha bo‘lgan vaqt ichida yuz bergan bo‘lishi kerak. Ishtirokchilikning bu shaklida jinoyat ishtirokchilari jinoyatni amalga oshirish yuzasidan qilinadigan harakatlar va jinoyat natijasi to‘g‘risida o‘zaro kelishib oladilar. Ushbu shaklda jinoyatning obyektiv tomonini faqat bajaruvchi sodir qiladi, boshqalari esa unga yordam beradilar. Ishtirokchilikning bu shakli uchun asosiy element bo‘lib, ikki yoki undan ortiq shaxsning jinoyat sodir etish boshlangunga qadar, shuningdek, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida ko‘rsatilgan qilmishning hech bo‘lmaganda bir kishi tomonidan sodir etish boshlanguncha til biriktirilganligi hisoblanadi. Oldindan til biriktirib jinoyat sodir etish Jinoyat kodeksining 56-moddasi, «m» bandiga ko‘ra, jazoni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi. Oldindan til biriktirib jinoyat sodir qilish Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi ko‘pgina moddalarida kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida ko‘zda tutilgan. Masalan, 164-moddaning 2-qismi, «b» bandi, 165-moddaning 2-qismi, «v» bandi, 166-moddaning 2-qismi, «v» bandi, 167-moddaning 2-qismi, «b» bandi, 168-moddaning 2-qismi, «b» bandi. Agar ishtirokchilar oldindan til biriktirib va har biri jinoyatning obyektiv tomonini bajarsa, ularning harakati Jinoyat kodeksining 28-moddasi, 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. Agar oldindan kelishuv har bir ishtirokchi orasida vazifalar taqsimlanishi bilan amalga oshirilsa, lekin harakatni faqat bajaruvchi qilsa, ularning harakati ishtirokchilarning turlarini belgilaydigan Jinoyat kodeksining 28-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agar Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi normasida guruh tomonidan sodir etilgan jinoyat uchun oldindan til biriktirish og‘irlashtiruvchi holat sifatida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, sud jazoni Jinoyat kodeksining 56-moddasiga ko‘ra tayinlaydi. Amaldagi Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida ishtirokchilikning ayrim shakllari kvalifikatsiya qilinuvchi yoki zaruriy belgi sifatida ko‘rsatilgan. Kvalifikatsiya qilinuvchi holat sifatida bunday ishtirokchilik shakllarining bir qancha turlari berilgan: bir guruh shaxslar, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda, shuningdek, til biriktirmay jinoyat sodir etish. Agar «Maxsus» qism normasida «oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan» (Jinoyat kodeksining 244-moddasi, 3-qismi, «a» bandi) degan tartib belgilangan bo‘lsa, bunda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki til biriktirmagan holda jinoyat sodir etilishini tushunish lozim. Agar qonun «Maxsus» qism normasi «oldindan til biriktirib» degan ta’rif bilan cheklangan bo‘lsa, kvalifikatsiya qilinadigan holatlarni belgilashda, uni jinoiy guruh yoki jinoiy uyushma sifatida talqin qilinmaydi. Qonunda jinoyat tarkibida kvalifikatsiya qilinuvchi holat sifatida bir guruh shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa (Jinoyat kodeksining 97-moddaci, 2-qismi, «p» bandi; 104-moddaning 2-qismi, «k» bandi; 118-moddaning 2-qismi, «v» bandi) jinoiy javobgarlik uchun oldindan til biriktirganlik ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Bu holatda jinoyat sodir etgan shaxslarning harakti ushbu jinoyatni sodir etishga qaratilganligini aniqlash lozim. Agar bu jinoyat ularning umumiy qasdidan tashqarida sodir etilgan bo‘lsa, ushbu band bilan kvalifikatsiya qilinmasdan, moddaning boshqa tegishli qismlari bilan javobgarlikka tortiladi. Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh, deb topiladi. Uyushgan guruh ishtirokchilikning oddiy va murakkab ishtirokchilikka nisbatan xavfliroq bo‘lgan shaklidir. Uyushgan guruhni xususiyatlovchi belgilardan biri – bu uning barqaror ekanligi. Bunda tashkilotchi jinoiy rejani tuzadi, ishtirokchilar o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, ular faoliyatini yo‘naltiradi va guruhdagi tartibni mustahkamlaydi. Uyushgan guruhda ikki yoki undan ortiq shaxs odatda bir nechta jinoyat qilish uchun birlashadi. Uyushgan guruhning asosiy belgisi oldindan til biriktirish yoki oldindan jinoiy harakat bilan shug‘ullanish uchun uyushishi va guruh a’zolari orasida vazifalarning aniq taqsimlanishi, rejaning puxtaligi, texnik ta’minot va barqarorlikdan iboratdir. Aynan barqarorlik ushbu guruhni boshqa guruhlardan ajratib turadi. Ular orasidagi barqarorlik guruh rahbari guruh a’zolari bilan aloqa qilib, ularning harakatini nazorat qilib, boshqarib turishida namoyon bo‘ladi. Sud-tergov amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, uyushgan guruh a’zolari orasida vazifalar aniq tartibda taqsimlanadi. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi qator moddalarida uyushgan guruhning jinoiy harakati o‘sha jinoyatni og‘irlashtiruvchi holati sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa (masalan, 164-moddaning 4-qismi, «v», 166-moddaning 4-qismi, «v» bandi, 176-moddaning 3-qismi, «b» bandi, 177-moddaning 3-qismi, «b» bandi va boshqalar), Jinoyat kodeksining 56-moddasiga havola qilingan holda jazo tayinlanmaydi. Uyushgan guruh faqat jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tashkil etiladi. Jinoiy faoliyat deganda, jinoyat ishtirokchilarining bir nechta jinoyat sodir qilishi tushuniladi. Uyushgan guruhning doimiy a’zolari bajargan vazifasidan qat’iy nazar, uni tayyorlashda qatnashgan bo‘lishsa, barcha jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilishlari shart. Agar shaxs uyushgan guruh a’zosi bo‘lmasa, jinoyat sodir qilinayotganda o‘zi tushunmagan holda yordam bergan bo‘lsa, uning harakatlari uyushgan guruh tomonidan qilingan, deb kvalifikatsiya qilinmaydi. Jinoyat kodeksining 242-moddasi, 2-qismida uyushgan qurolli guruh tuzish, unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish uchun javobgarlik belgilangan. Jinoiy uyushmaning boshqa belgilar bilan birgalikda qurollanish belgisi ham, ya’ni guruhda yoki guruh a’zolaridan birida o‘qotar yoki sovuq qurol bo‘lishi kerak. Ikki yoki undan ortiq shaxslarning amalda uyushgan jinoiy guruh tuzishi yoki unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish bilanoq jinoyat tugallangan hisoblanadi. Uyushgan qurolli guruh tuzganlik 242-moddaning 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Jinoiy guruh ishtirokchilari harakatini kvalifikatsiya qilish oldindan til biriktirib jinoyat sodir etishdan farq qiladi. Agar jinoyat oldindan til biriktirgan holda bir necha bajaruvchilar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, u faqat «Maxsus» qismdagi tegishli moddaning o‘zi bilan 28-moddani qo‘llamagan holda kvalifikatsiya qilinadi. Uyushgan guruh tomonidan jinoyat sodir etilganda ishtirokchilarning jinoyat sodir etishdagi vazifasi qanday belgilanganligidan qat’iy nazar, (tashkilotchi, bajarvchi, dalolatchi, yordamchi, ishtirokchi) 28-moddani qo‘llagan holda javobgarlik belgilanadi. Agar uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan jinoyat «Maxsus» qismning tegishli moddasida kvalifikatsiya qilinadigan holat sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa (masalan, Jinoyat kodeksining 202-moddasi, 3-qismi, «d» bandi), qilmishni 28-moddaga murojaat qilmagan holda shu moddaning o‘zi bilan kvalifikatsiya qilish lozim bo‘ladi va barcha ishtirokchilar aniq bir jinoyat tarkibi uchun zaruriy hisoblangan belgi asosida javobgarlikka tortiladilar. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddalarida «uyushgan guruh yoki uning manfaatlarini ko‘zlab jinoyat sodir etish» degan tushuncha ishlatiladi, bunda umumiy qoida bo‘yicha jinoiy guruhning jinoiy faoliyatidan guvohlik beruvchi bir necha jinoiy tajovuzlarni amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Ammo amaliyotda guruh a’zolaridan biri bir jinoyatni sodir etishda ishtirok etib, keyin o‘zining jinoiy faoliyatini to‘xtatgan hollar ham uchrab turadi. Bunday hollarda ularning jinoiy qilmishlari sonidan qat’iy nazar, u uyushgan guruh tarkibida jinoyat sodir etganligi uchun (o‘zi buni anglagan hollarda) jinoiy javobgarlikka tortiladi. Yana bir farq shundaki, oldindan til biriktirib jinoyat sodir etishda guruh faqatgina bir marotaba jinoyat sodir etish uchun tuzildi, uyushgan guruhda esa, bir necha marotaba jinoyat sodir etish uchun tuziladi. Demak, uyushgan guruh oldindan til biriktirish, barqarorlik, vazifalarning taqsimlanganligi, bir qancha jinoyat sodir etish maqsadida tuzilganligi kabi qator o‘ziga xos belgilar bilan xususiyatlanadi. Uyushgan guruhning barqarorligi deganda, guruh ishtirokchilari o‘rtasidagi doimiy aloqadorlik va jinoyat sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish yoxud bir yoki bir necha marotaba jinoyat sodir etishning maxsus usullaridan foydalanish tushuniladi. Barqarorlik obyektiv tomondan quyidagilar bilan xususiyatlanadi: birinchidan, tashkilotchining jinoiy faoliyatni amalga oshirish maqsadi asosida tashkil etilgan guruh o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik, umuiy jinoiy maqsad va manfaat, jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida vazifalarning taqsimlanganligi; ikkinchidan, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida maxsus usullardan foydalanish, guruhdagi qat’iy tartib, doimiy nazorat va guruh a’zolari harakatini boshqarish, yuqori darajada kelishganlik va uyushganlik. Ishtirokchilikning eng xavfli shakli jinoiy uyushmadir. Ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun oldindan birlashishi jinoiy uyushma, deb topiladi (Jinoyat kodeksining 29-moddasi, 5-qismi). Jinoiy uyushma ishtirokchilikning boshqa shakllaridan yuqori darajada uyushganligi, barqarorligi, texnik vositalari bilan ta’minlanganlik darajasiga ko‘ra, a’zolarining birgalikdagi keskin harakati kabilar bilan farq qiladi. Jinoiy uyushmaning xavfliligi u tomonidan sodir etiladigan jinoyatning xususiyati va og‘irlik darajasi bilan belgilanadi. Jinoiy uyushma ancha murakkab tashkiliy tuzilmadir. Undagi har bir uyushgan guruh o‘ziga maxsus ajratilgan vazifalarnigina bajaradi. Shu belgi jinoiy uyushmani uyushgan guruhdan ajratib turadi. Jinoiy uyushmaning asosiy belgilaridan yana biri uning ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhdan tashkil topganligidadir. Mantiqiy jihatdan ham jinoiy uyushma yoki bir necha guruh birlashganida a’zolar ko‘pchilikni tashkil etganligi sababli u ikki kishidan tashkil topishi mumkin emas. Jinoiy uyushma a’zolari o‘rtasida jinoiy maqsadga erishish uchun vazifalar taqsimlanadi. Jinoiy uyushma o‘zida jinoiy guruhlarni o‘zining tarkibiy bo‘g‘ini sifatida birlashtiradi. Jinoiy uyushmaning tarkibiy bo‘g‘ini deganda, rahbarni hisoblaganda ikki yoki undan ortiq shaxsni jinoiy uyushma maqsadini amalga oshirish maqsadida muayyan yo‘nalishda faoliyat yurituvchi (masalan, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish) guruh tushuniladi. Bunda har bir guruh o‘z faoliyatini jinoiy uyushma maqsadini amalga oshirish uchun alohida-alohida amalga oshiradi. Buni aniqlash uchun har bir guruh faoliyati jinoiy uyushma maqsadlarini amalga oshirishga, uni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligi, barcha guruhlar faoliyati yagona tashkiliy boshqaruv asosida boshqarilganligiga e’tibor berish lozim. Yagona tashkiliy boshqaruv, bitta tashkilotchidan, shuningdek, bir guruh tashkilotchilardan iborat bo‘lishi mumkin. Jinoyat qonunida birinchi marta (Jinoyat kodeksining 242-moddasida) jinoiy uyushma tashkil etish, ya’ni jinoiy uyushma yoxud uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud bo‘lishi va ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat uchun javobgarlik belgilanadi va uyushma tuzilganidan boshlab jinoyat tugallangan, deb hisoblanadi. Agar Jinoyat kodeksining 212-moddasida javobgarlik belgilangan jinoyatning subyekti bo‘la olmaydigan shaxs jinoiy guruhga kirib qolgan bo‘lsa, guruh a’zolari qanday jinoyatni sodir qilish uchun uyushgan bo‘lsalar, o‘sha jinoyatni sodir etishga suiqasd qilish deb, agar bevosita qatnashgan bo‘lsa, o‘sha jinoyatda ayblanib javobgarlikka tortiladi.
Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling