O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Download 16.91 Kb.
Sana24.04.2020
Hajmi16.91 Kb.
#101104
Bog'liq
QAROR


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 12 fevral kuni “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Respublika to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida yuqori va barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish, modernizatsiya qilishning strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarini amalga oshirish hisobiga yuqori texnologiyali yangi ish o‘rinlarini yaratish, korxonalarni texnik va texnologik yangilash, ilg‘or “klaster modeli”ni joriy etishga qaratilgan tarkibiy qayta tashkil etishni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati rivojlanishining har tomonlama tahlili, raqobatning kuchayishi sharoitida jahon bozorining o‘zgaruvchan kon’yunkturasi sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yanada barqaror va jadal rivojlanishi mexanizmlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni taqozo etmoqda.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, to‘qimachilikda yarim tayyor mahsulotlarni chuqur qayta ishlashga investitsiyalar hajmini va tayyor mahsulotlar eksportini oshirish maqsadida:

1. 2019 yil 1 apreldan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2019-2021 yillarda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80 foizini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda qoplanadi:

aylanma mablag‘larni to‘ldirish (tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) maqsadida tijorat banklari tomonidan milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan holda;

ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (bino va asbob-uskunalarni sotib olish) maqsadida tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida;

b) nol stavkani qo‘llash natijasida vujudga kelgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish zarur bo‘lgan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan kundan e’tiboran 7 ish kuni davomida soliq to‘lovchiga tezkorlik bilan qaytariladi. Bunda davlat soliq organlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar, shu jumladan, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha taqqoslash dalolatnomasi hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisob-kitoblarini taqdim etish tartibi bekor qilinadi;

v) birja savdolari orqali paxta tolasini sotishda qat’iy talab qilinadigan bank kafolatlari bekor qilinadi. Bunda taraflar o‘rtasida majburiyatlar bajarilishini ta’minlash tartibi shartnoma asosida belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tijorat banklari tomonidan tikuv-trikotaj korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foizlarni qoplash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni 2019-2021 yillar davomida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga ajratsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2019 yil hosilidan boshlab respublika tashkilotlariga paxta tolasini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i jahon bozorlarida shakllangan narxlardan qat’iy nazar, paxta tolasining amaldagi sotish narxidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish hamda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarni bekor qilish bo‘yicha ishchi komissiya (B.M.Mavlonov) O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririga ushbu qarorning 1-bandida nazarda tutilgan qoidalar kiritilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik sub’ektlarining tovar aylanmasidan vujudga kelgan nol stavkadagi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish to‘g‘risida taqdim qilgan arizalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha avtomatlashtirilgan dasturni ishlab chiqsin va amaliyotga tatbiq etsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2025yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlasin:

kompleks yondashuv asosida xom ashyoni qayta ishlash, tayyor mahsulotni, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda qo‘llab-quvvatlash asosida ishlab chiqarish va eksport qilish, to‘qimachilik mahsulotlarini sotishning ichki va tashqi bozorlarini tadqiq qilish;

ichki va tashqi bozorlarda mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, qo‘shimcha qiymat yaratishning yagona zanjirini tuzish;

respublikada ishlab chiqariladigan paxta ip-kalavalarning butun hajmini qayta ishlash hisobiga 2025 yilga borib to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmini 7 milliard AQSH dollariga yetkazish.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etsin;

ikki oy muddatda 2019 yil oxiriga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy kompaniyalarning o‘quv-ishlab chiqarish klasteri ishtirokida ishlab chiqarish ob’ektlarida ta’lim jarayonini bevosita amalga oshirishni tashkil etish bo‘yicha taklif kiritsin;

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kadrlarining buyurtmachilari bitiruvchining bazaviy kontrakt to‘lovini ikkinchi bosqichda kamida 50 foiz, uchinchi bosqichda kamida 75 foiz, to‘rtinchi bosqichda 100 foiz miqdorida to‘lab bergan taqdirda, bitiruvchining buyurtmachi korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyati to‘g‘risida shartnoma tuzilishi tartibini belgilash choralarini ko‘rsin;

bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si loyihasini kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

O‘zbekistonda bir yilda kamida bir marotaba to‘qimachilik tadbirlarini jahon kalendariga kiritgan holda to‘qimachilik va moda industriyasi xalqaro ko‘rgazmalari o‘tkazilishi choralarini ko‘rsin;

Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan ko‘rib chiqilayotgan kelishuvlarga milliy to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan bojxona to‘lovlarini kamaytirish va tartibga solishning notarif choralarini soddalashtirish masalalarini kiritsin.

8. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining yagona axborot portalini (keyingi o‘rinlarda – portal) ishlab chiqsin va ishga tushirilishini ta’minlasin:

tarmoqning tender savdolari (tanlovlar), ko‘rgazma va yarmarkalar, shu jumladan, xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalar ro‘yxatini e’lon qilish;

kichik tadbirkorlik sub’ektlarini to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini eksport qilishning to‘liq jarayoniga masofaviy o‘qitish;

butun dunyo mamlakatlari bo‘yicha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini olib kirish va olib chiqish tahlili yuzasidan to‘liq hisobotlar bilan tanishish;

“To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash navigator choralari”ni joylashtirish;

to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati ishlab chiqaruvchilar va xizmatlar, materiallar va xom ashyo yetkazib beruvchilar joylashuvi ko‘rsatilgan O‘zbekistonning interaktiv xaritasini yaratish;

to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun O‘zbekistonning qiyosiy ustunliklarini e’lon qilish;

to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan onlayn-dasturiy mahsulotlarni xorijiy analoglar bilan integratsiya qilish;

moliya xizmatlarini, shu jumladan, lizing kontraktlari bo‘yicha qarz mablag‘larini, uskunalarni hamda sug‘urta xizmatlarini jalb qilish bo‘yicha yetkazib beruvchilarni aks ettirish;

milliy to‘qimachilik korxonalari uchun ishlab chiqariladigan va talab qilinadigan xizmatlar, materiallar va xom ashyolar nomenklaturasi va hajmini joylashtirish.

9. “O‘zstandart” agentligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

2019 yil 15 fevralga qadar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlariga ularni sinovdan o‘tkazish usullariga talablarni belgilovchi standartlar bo‘yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazsin va xalqaro me’yorlarni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan standartlarni belgilasin;

2019 yil 1 martga qadar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlariga va ularni sinovdan o‘tkazish usullariga xalqaro standartlar ro‘yxatini belgilasin va ularni bosqichma-bosqich qabul qilish jadvalini tasdiqlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor tashkilotlar va tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining amaldagi eksport shartnomalari garovi evaziga ularning mahsulotlarini eksportoldi moliyalashtirish mexanizmini tatbiq etsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda respublika hududiga tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga qarshi kurashishni kuchaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

12. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi F–5194-son farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a’zo to‘qimachilik ishlab chiqarish korxonalari tomonidan bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilgan holda import qilinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan sun’iy


va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar ro‘yxatida:

“TIF TN kodi” ustunining 128-pozitsiyasidagi “5509 31 000 0,5509 32 000 0, 5509 61 000 0” raqamlari chiqarib tashlansin;

129-pozitsiya chiqarib tashlansin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosarlari B.M.Mavlonov va G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                    

Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 12 fevral
Download 16.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling