3§. Tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi subyektlarga ajratilgan yerlarning tanazzulga uchrashining oldini olish, tabiiy yaylovlarning hosildorligini oshirish orqali cho‘llanish jarayonini sekinlashtirish masalalari hal etiladi.
Yaylov yerlaridan maqsadli foydalanish orqali arzon ozuqa mahsulotlari yetishtiriladi hamda chorvachilik sohasida suv resurslari va energiya iste’moli tejamkorligiga erishiladi.
Iqlim o‘zgarishi, tabiatning biologik xilma-xilligini saqlash va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro jarayonlarni e’tiborga olgan holda chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tabiiy resurslar barqarorligini va atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratish muhim hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
pichanzorlar va yaylovlarni xatlovdan o‘tkazish hamda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazishning Milliy dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yaylovlardan foydalanganlik uchun to‘lov tizimini takomillashtirish, yaylovlardan foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, yaylovlarning davlat nazoratini kuchaytirish va “Yaylov fondi”ni tashkil etish;
tabiiy pichanzorlar, yaylovlar va sug‘oriladigan ekin yerlarini monitoring qilishning yagona elektron tizimini ishlab chiqish va axborotlar almashinuvini kengaytirish, o‘simliklarni parvarish qilish jarayonini kuzatish va baholash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish;
chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va organik chiqindilarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga doir “Bioenergiya va yoqilg‘i” dasturini ishlab chiqish;
er va suv resurslaridan oqilona foydalangan holda, mahsuldorlikni oshirib borish hisobiga chorva mollari bosh sonining o‘sish sur’atlarini maqbullashtirish va bu orqali atmosferaga ajraladigan issiqxona gazlarining chiqishini kamaytirish choralarini ko‘rish;
tomorqa xo‘jaliklarini qulay sharoitlarda iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, biogumus, bioenergiya va bioisitish mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |