O‘zbekiston respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘G‘risida


§. Chorvachilik va uning tarmoqlarida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish


Download 54.54 Kb.
bet4/21
Sana11.02.2023
Hajmi54.54 Kb.
#1188541
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
prezdent farrmonlari

2§. Chorvachilik va uning tarmoqlarida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish
1. Chorvachilik va uning tarmoqlarida ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish chorvachilik sohasida ozuqabop ekinlar uchun ajratilgan yerlar va mavjud yaylovlardan samarali foydalanish hamda ozuqabop ekinlar urug‘chiligini tizimli yo‘lga qo‘yish mexanizmlarini belgilab beradi.
Respublikadagi mavjud yaylovlarda cho‘llanish jarayonlarining oldini olish va ularning hosildorligini oshirish orqali chorva mollari uchun tabiiy hamda arzon ozuqa ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalaniladi.
Chorvachilik va uning tarmoqlarida ozuqa bazasini mustahkamlash hamda ozuqa ishlab chiqarish salohiyatini oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish, ozuqabop ekinlar va yaylov o‘simliklari urug‘larini yetishtirishga ixtisoslashgan urug‘chilik xo‘jaliklarini ko‘paytirish hamda hosildorligi yuqori bo‘lgan navlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
chorvachilik xo‘jaliklarida ozuqabop ekinlarni agrotexnik qoidalar asosida ekish, parvarishlash va o‘rib-yig‘ib olishni ilmiy asoslangan holda tashkil etish orqali chorvachilik ozuqa bazasini yanada mustahkamlash choralarini ko‘rish;
ozuqabop ekinlarni joylashtirish tartibini qayta ko‘rib chiqish va ozuqabop ekin yerlarini ishlab chiqariladigan mahsulot bilan uzviy bog‘lash mexanizmlarini ishlab chiqish;
ozuqabop ekin navlarini yaratgan mualliflarni rag‘batlantirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish;
paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxtachilik-g‘allachilik fermer xo‘jaliklaridagi ekin yerlarida ilmiy asoslangan holda ozuqabop ekinlarni almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish;
kuchli ozuqalar tarkibini tahlil qilish uchun ixcham laboratoriyalar tashkil etish va mahsulot sifatini tahlil qilishni tizimli tartibga solish;
dukkakli o‘simliklar uchun yer maydonlari ajratish orqali xo‘jaliklarda almashlab ekish amaliyotini takomillashtirish hisobiga tarkibi oqsilga boy bo‘lgan ozuqa jamg‘arish miqdorini oshirish hamda yer va tuproq unumdorligini yaxshilash;
ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan hosildor yashil ozuqalar, jumladan, makkajo‘xori ekiladigan maydonlarni kengaytirish va ularning hajmini oshirish hisobiga chorva mollarini oziqlantirish samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
chet davlatlardan keltirilgan mahsuldorligi yuqori va naslli qoramollarning bosh soniga nisbatan me’yor darajasida va mutanosib ravishda ozuqabop ekinlar uchun sug‘oriladigan yer maydonlarini kengaytirishni tashkil etish.
2. Chorvachilik sohasida naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, sun’iy urug‘lantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash.
Mazkur yo‘nalish barcha toifadagi xo‘jaliklarda chorva mollarining naslini yaxshilash, chorvachilik fermer xo‘jaliklarining naslchilikka ixtisoslashuvini kengaytirish, sun’iy urug‘lantirish ko‘lamini oshirish orqali mahalliy mahsuldorligi past bo‘lgan sigirlardan zoti yaxshilangan nasl olishni ko‘paytirishga qaratilgan.
Chorvachilik fermer xo‘jaliklari va dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish orqali aholi xonadonlaridagi chorva mollarining zotini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
naslli mol tayyorlab, yetkazib berishni ko‘paytirish hamda sigirlarni sun’iy urug‘lantirish ishlarini yanada samarali tashkil etish hisobiga aholi xonadonlaridagi chorva mollari zotini yaxshilash va ularning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbir ishlab chiqish;
aholi xonadonlarida go‘sht va sut uchun boqiladigan qoramol zotlarini ko‘paytirish va sun’iy urug‘lantirishni yanada keng ko‘lamda tashkil etish orqali mahalliy mahsuldorligi past bo‘lgan mollarning bosh sonini bosqichma-bosqich kamaytirishning afzalliklari va iqtisodiy samarasi to‘g‘risida aholining amaliy ko‘nikmalarini oshirish choralarini ko‘rish;
chorvachilik fermer xo‘jaliklari, naslchilik xo‘jaliklari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida ishlab chiqarishni ilm-fan bilan integratsiyalashtirish hamda hamkorlik ishlarini talab darajasida tashkil etish;
chorva mollarining respublika iqlim sharoitiga moslashgan zotlarini chet davlatlardan keltirish, rayonlashtirish va ulardan yuqori mahsuldor nasl olishni ko‘paytirish, sun’iy urug‘lantirish hamda embrion ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha kelgusi 5 yillikka mo‘ljallangan naslchilik rejasini ishlab chiqish va uning amalga oshirilishini ta’minlash.
3. Chorva mollarini saqlash va parvarishlashning sifatini oshirish hisobiga mahsuldorlikni ko‘paytirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalishda chorva mollarini uy sharoitida va fermer xo‘jaliklarida boqish va parvarish qilishning zamonaviy usullaridan keng foydalanish choralari belgilanadi.
Sut va go‘sht mahsulotlarini saqlash, ozuqa tayyorlash, mikroiqlim sharoitlarini yaratish, sut sifatini joyida tekshirish, organik chiqindilardan tozalash va ushbu jarayonlarni keng yo‘lga qo‘yish orqali chorvachilik xo‘jaliklarida ishlab chiqarishning iqtisodiy samarasini jadallashtirish choralari ko‘riladi.
Chorva hayvonlari va parrandalarni parvarishlash samaradorligini oshirish orqali sohada mehnat sarfi kamaytiriladi hamda ishlab chiqarish xarajatlari qisqartiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
avtomatlashtirilgan va kompyuterlashtirilgan texnologik uskunalar va jihozlar bilan chorvachilik fermer xo‘jaliklarini ta’minlash va ularga qulay bozor sharoitlarini yaratib berish;
ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida chorvachilik xo‘jaliklari bilan chorvachilik sohasiga aloqador ilmiy-tadqiqot muassasalari, o‘quv maskanlari va laboratoriyalar o‘rtasidagi integratsiyani yo‘lga qo‘yish;
chorvachilik sohasiga oid texnologik, marketing, iqtisodiy, ilmiy va amaliy foydali ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi “Chorva” mobil ilovasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
xalqaro talablardan kelib chiqib, chorvachilik xo‘jaliklarida Global GAP, NACCP va boshqa xalqaro hamda milliy miqyosdagi standartlarni joriy etish;
chorva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish va sifat xavfsizligi barqarorligini ta’minlash.
4. Parrandachilik sohasini rivojlantirish.
Ushbu yo‘nalishda mamlakat aholisini yuqori sifatli parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarga mahalliy parrandachilik mahsulotlarini sotishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanadi.
Parrandalarni ratsional oziqlantirish ishlari ilmiy asosda yo‘lga qo‘yiladi. Donli ozuqalarni yetishtirish va sotib olish bo‘yicha klaster tizimini joriy etish orqali korxonalar ehtiyojini ozuqalar bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Aholi xonadonlarida parranda boqish ishlari parrandachilik korxonalari bilan kooperatsiya tizimi asosida tashkil etiladi hamda aholining bandligi ta’minlanib, daromadlari oshiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini oshirish, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan parrandachilik klasterlarini tashkil qilish va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish;
parrandachilik sohasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish orqali parrandachilik mahsulotlarini, shu jumladan, ozuqa ishlab chiqarish, parranda chiqindilarini qayta ishlash, iste’molga tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport geografiyasini kengaytirish;
parrandachilik mahsulotlari turlarini ko‘paytirish va bozor munosabatlarini yanada kuchaytirish maqsadida parrandachilikning kurkachilik, bedanachilik, g‘oz va o‘rdakchilik hamda tuyaqushchilik kabi yo‘nalishlarining ommaviyligini oshirish choralarini ko‘rish;
parranda uchun ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, veterinariya dori-darmonlari va dezinfeksiyalash vositalari, parrandachilik sohasida qo‘llaniladigan asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;
aholi xonadonlarida parranda go‘shti va tuxumga bo‘lgan ehtiyojlarni yanada barqaror ta’minlash maqsadida xonaki parranda turlarini qishloq joylarida ko‘paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
5. Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida intensiv texnologiyalarni qo‘llash orqali baliq yetishtirish hajmini izchil ko‘paytirish, mamlakatimizning ichki bozorini mahalliy mahsulot bilan to‘ldirish, tarmoq uchun kerakli barcha jihozlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, respublikaning ichki bozorida mavjud bo‘lgan xomashyolar asosida yetarlicha ozuqa ishlab chiqarishga erishish va baliq mahsulotlari eksportini kengaytirish vazifalari belgilanadi.
Baliqchilik xo‘jaliklari uchun ozuqa tayyorlash, qayta ishlash zavodlarini tashkil etish va intensiv texnologiyalarni joriy etish masalalarida malakali mutaxassislar va muhandislar yetishmasligi muammosini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalari va intensiv usullarini keng joriy etish, shuningdek, tabiiy va sun’iy suv havzalari hosildorligini ko‘paytirish hisobiga baliq yetishtirish hajmini oshirish;
baliqlarning tropik turlarini chet davlatlardan keltirish va iqlim sharoitiga moslashtirish, chavoq ishlab chiqarish va sun’iy urchitish texnologiyasini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xalqaro talablarga muvofiq sifat menejmenti tizimining zamonaviy usullarini joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini baholash, sertifikatlash va standartlashtirishni tizimli tashkil etish;
mahalliy sharoitda oqsilga boy balanslashtirilgan ozuqa ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish, intensiv akvakultura uchun zarur ozuqalar ishlab chiqaruvchi quvvatlarni kengaytirish va baliqlarni ilmiy asosda oziqlantirish choralarini ko‘rish;
intensiv va dekorativ akvakultura, tabiiy suv havzalariga sayohat, rekreatsion baliq ovlash tizimi bo‘yicha “Fish-food-trip” ekoturizm tijorat dasturini ishlab chiqish.
6. Asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida asalarichilik tarmog‘ining boshqaruv tizimi, monitoring va statistik baza takomillashtiriladi hamda qishloq xo‘jaligi sohasining boshqa tarmoqlari bilan asalarichilik sohasini uzviy bog‘lagan holda samarali ish tashkil etish mexanizmlarini joriy etish belgilanadi.
Mamlakatda ishlab chiqarilgan asal sifatini xalqaro standart talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tarmoqda asalarilar naslini va mahsulot sifatini yaxshilash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari joriy etiladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
asalarichilikda intensiv texnologiyalarni qo‘llash orqali asalarichilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish;
asalarichilik tarmog‘ida naslchilik ishini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan choralarni qo‘llash, O‘zbekiston sharoitiga moslashgan “Karpat” va “Karnika” asalari zotlarini xorijdan olib kirish va ularni ko‘paytirish bo‘yicha “Nasldor ona asalarilarning himoyalangan hududlari” chora-tadbirlarini amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalarilar bilan changlatish agrotexnologiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish hisobiga sohani tijoratlashtirish;
asal sifatini xalqaro talablarga moslashtirish, dehqonchilik sohasida qo‘llaniladigan kimyoviy vositalarning asalarichilik sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
o‘rmon xo‘jaligi yerlari va qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida asalarilarni mavsumiy joylashtirish bo‘yicha “Asalari xaritasi” chora-tadbirlarini ishlab chiqish va shu asosda asalarichilik xo‘jaliklarining harakatlanishini tartibga solish mexanizmlarini amaliyotda qo‘llash;
sun’iy asal mahsulotlariga qo‘yilayotgan amaldagi standartlarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish hamda inson salomatligida tabiiy asalning ahamiyatini yanada oshirish uchun iste’mol madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan normativlarni ishlab chiqish.
7. Quyonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish hamda kooperatsiya tizimi asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish.
Ushbu ustuvor yo‘nalish doirasida sifatli quyon go‘shtini mamlakatda iste’mol qilish darajasini ko‘tarish hamda respublikada umumiy go‘sht mahsulotlari hajmida uning ulushini oshirish nazarda tutilmoqda.
Quyon go‘shtini sanoat usulida ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish hisobiga quyon go‘shti iste’moli oshirib boriladi.
Quyonchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun ishlab chiqaruvchilardan go‘sht mahsuloti va quyon terisini sotib oluvchi hamda qayta ishlovchi tashkilotlar tarmog‘i yanada kengaytiriladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
quyon boqishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish orqali respublika hududlarida quyonchilik naslchilik xo‘jaliklarini tashkil etish va naslli quyonlar bosh sonini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
go‘sht yo‘nalishidagi quyon zotlarini mahalliy sharoitga moslashtirish va ixtisoslashgan quyonchilik bo‘rdoqichilik xo‘jaliklarini tashkil etish hisobiga kooperatsiya tizimini joriy etish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish choralarini ko‘rish;
quyon go‘shtining iste’mol madaniyatini oshirish va aholining ovqatlanish ratsionida quyon go‘shti ulushini ko‘paytirish;
ilm-fan va ishlab chiqarishni tizimli asosda uzviy integratsiyalash, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, quyonchilik tarmog‘ida yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
quyonchilik bilan shug‘ullanuvchi oilaviy xo‘jaliklar faoliyatini takomillashtirish, ularni rag‘batlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish.

Download 54.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling