O’zbekiston respublikasida inson va fuqarolar konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlari tizimi
Download 32.29 Kb.
|
1404142216 51586
Reja :
1. O’zbekiston Respublikasida inson va fuqarolar Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlarining yuridik xususiyatlari, kafolatlari va tizimi. 2. Inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari. 3. Fuqarolarning siyosiy huquqlari. 4. Fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi asosiy huquqlari. 5. O’zbekiston Respublikasida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari. Huquq va burchlar insonlarning xulq-atvorini tartibga solish vositasi bo’lib, jamiyat, davlat yoki muayyan ijtimoiy guruhlar tomonidan o’rnatiladi. Ma`lumki, huquqiy normalar kishilarning yurish-turishlarini tartibga soladi, ularga muayyan huquqlar, erkinliklar beradi yoki ma`lum burchlarni yuklaydi. Huquq – shaxsga tabiat, jamiyat , davlat tomonidan beriladigan o’z harakatining turi va me`yorini tanlab olish imkoniyati va burch esa jamiyat va davlat tomonidan belgilangan va huquqiy normalarda o’z aksini topgan talablarni bajarish zaruratidir. Yuridik huquq va burchlar jamiyatda amal qiluvchi ijtimoiy normalarning bir qisminigina tashkil etadi. Ular davlat tomonidan o’rnatiladi. Huquq normalarida o’z aksini topadi va davlat hokimiyati tomonidan ta`minlanadi, qo’riqlanadi. Davlat tomonidan o’rnatilgan huquqiy normalar insonlarning hatti-harakatlarini belgilab, ularga huquq va erkinliklar beradi va burchlar yuklaydi. Huquqiy davlatning belgisi bo’lmish Konstitutsiya va qonunning ustunligi prinsipi fuqaro huquqlari, erkinliklari va burchlarining asosiy qonunda aks etishini taqozo etadi. Huquq shaxsga tabiat va davlat tomonidan berilgan o’z ehtiyojini qondirish imkoniyati hamda uning turmush jarayonida o’ziga berilgan huquqlardan foydalanish imkoniyatlarini belgilovchi huquqiy normalardir. Burchlar esa shu jamiyatdagi shaxslar uchun bajarilishi majburiy bo’lgan yoki biror-bir harakat qilishdan voz kechishni belgilaydigan huquqiy normalardir. O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining asosiy huquqlari, erkinliklari deganda, O’zbekiston davlati tomonidan o’rnatilib, uning Konstitutsiyasida qayd qilingan,har bir fuqaroga o’zining hatti-harakatini tanlash, unga berilgan imtiyozlardan shaxsiy hayotida va jamoat ishlarida qatnashish uchun foydalanish imkoniyati tushuniladi. Asosiy qonunda ko’rsatilgan imkoniyatlar bir vaqtda huquq, ba`zi birida erkinlik deb atalishi mumkin. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxsga mehnat qilish , erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko’rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqi qayd qilingan. Bu esa bir tarafdan huquq bo’lsa, ikkinchi tarafdan erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash erkinligi deb talqin etilishi mumkin. Fuqarolarning burchi – bu jamiyatning , davlatning fuqaro oldiga qo’ygan talablaridir. Bu talablar asosan shu jamiyatning, davlatning oldida turgan vazifalari bilan bog’liq bo’ladi. Ijtimoiy zaruratni aks ettiradi (masalan, Vatanni himoya qilish, Konstitutsiya va qonunarga rioya etish, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish va hokazo). Demak, asosiy burch ( majburiyat deganda, O’zbekiston davlati tomonidan belgilanib, Konstitutsiyada mustahkamlangan, har bir fuqaro bajarishi zarur bo’lgan, bajarmaslik esa javobgarlikka olib keladigan hatti-harakatlar va yashash tarzi qoidalari tushuniladi. Konstitutsiyaviy burchlarga butun O’zbekiston Respublikasi uchun zarur bo’lgan eng umumiy talablar kiradi va ularning bajarilishi butun jamiyat manfaatlari uchun mutlaqo zarurdir. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan bo’lib, ular joriy qonunchilik normalarida, ya`ni Konstitutsiyaviy, ma`muriy, fuqarolik, mehnat va boshqa huquqiy normalarda rivojlantirilgan, to’ldirilgan. Konstitutsiyaviy huquq fanida fuqarolarning Konstitutsiyada o’z aksini topgan huquqlari, erkinliklari va burchlari asosiy huquqlar, erkinliklar va burchlar deb nomlanadi, boshqa qonunarda, farmonlarda, kodekslarda ko’rsatilgan huquqlar, erkinliklar va burchlar esa asosiy emas deb ko’rsatiladi. Fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlari asosiy deb atalishining ikki sababi bor: birinchidan, ular fuqarolarning muhim manfaatlarini ifoda etadi va ayni paytda davlatning oliy manfaatlarini ham ko’zda tutadi, ikkinchidan, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari oddiy, joriy qonunarda emas, balki Konstitutsiya normalarida mustahkamlab qo’yilgan bo’ladi va fuqarolarning boshqa huquqlari shu asosiy huquqlar asosida yaratiladi va ularga mos bo’lishi kerak. Konstitutsiyaviy huquq fani fuqarolarning barcha huquqlari, erkinliklari va burchlarini emas, balki faqat Konstitutsiyada ko’rsatilgan asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini o’rganadi. Biror-bir huquq tarmog’i normalari fuqarolarning asosiy qonunda ko’rsatilgan huquqlari, erkinliklari va burchlariga qarshi yoki ularni o’zgartirishga qaratilgan bo’lishi mumkin emas. Fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari ma`lum xususiyatlarga ega. Ular quyidagilardan iborat: 1. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari O’zbekiston Respublikasining joriy qonunari yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida yoki ulardan kelib chiqadigan huquqiy munosabatlarda emas, balki bevosita O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan. Shuning uchun ham bu huquqlar, erkinliklar va burchlar asosiy yoki Konstitutsiyaviy huquqlar va tadbirlar deyiladi. 2. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari birinchi navbatda, bevosita shaxs va fuqaro bilan davlat o’rtasidagi muhim aloqalarni ifodalaydi. Bunda davlat bir vaqtning o’zida ham fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini ta`sis etuvchi, ham bu huquqlar, erkinliklar va burchlarning ta`minlanishini kafolatlovchi, ularning bajarilishini nazorat qiluvchi organ bo’lib maydonga chiqadi. 3. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari qanday amalga oshirilishidan qat`i nazar, doimo mavdjud bo’lib, amaldagi huquqiy normalarda o’z ifodasini topadi. Ular tugatilmaydi yoki yangidan paydo bo’lmaydi. Fuqaro O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqmaguncha bu huquq va burchlardan voz kecholmaydi, undan foydalanaveradi. Bu huquq va kuchlar faqat davlat tomonidan Konstitutsiyaning o’zgartirilishi natijasida yangi huquqiy aktlar yordamida yangilanishi mumkin. 4. Konstitutsiyada ko’rsatilgan asosiy huquqlar, erkinliklar va burchlar barcha fuqarolarga bir xilda taalluqlidir, ular tenglik asosida beriladi, ularning mazmuni ham, hajmi ham bir xilda tushuniladi. Fuqarolarning O’zbekistonda bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lish qoidasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi moddalariga to’la mos keladi.O’z navbatida, fuqarolarning davlat bilan huquqiy aloqalari mazmuni va hajmi xilma-xil shakllarda ham bo’ladi. Bir fuqaro o’ziga berilgan huquqlardan qisman foydalansa, ikkinchi fuqaro o’z huquqlaridan to’laligicha foydalanishi mumkin, bu fuqarolarning ixtiyoridir. 5.Fuqarolarning huquqlari , erkinliklari va burchlari realdir. Ularning amalga oshirilishi faqatgina fuqarolarning shaxsiy harakatlaridan emas, balki O’zbekiston davlati va jamiyati tomonidan ta`minlanadi. Bu huquq va erkinliklarni ta`minlashda faqat Konstitutsiyaviy huquq normalarigina emas, balki boshqa huquq tarmoqlarining normalaridan ham foydalaniladi. Fuqarolar huquqlari, erkinliklari va burchlarining real amalga oshirilishining turli yo’llari mavjud: birinchidan, davlat o’z Konstitutsiyasida o’zining butun organlari, mansabdor shaxslariga fuqarolarning Konstitutsiya va qonunarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta`minlashni buyuradi; ikkinchidan, davlat ushbu huquq, erkinliklar va burchlarni ta`minlashni muhofaza qilish uchun maxsus organlar to’zadi (ichki ishlar organlari, prokuratura va sud organlari); uchinchidan , fuqarolarning huquqlari, erkinliklarini muhofaza qilishda jamoat uyushmalari ( kasaba uyushmalari, yoshlar uyushmalari, xotin-qizlar birlashmalari va boshqalar) ham ishtirok etadilar. To’rtinchidan , Konstitutsiyaning X bobida ( «inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari ») moddama-modda kafolatlarning turlari ko’rsatilgan. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari daxlsizdir, sud qarorisiz fuqarolarni ulardan mahrum etishga yoki cheklab qo’yishga hech kim haqli emas. 6.Fuqarolarning huquqlari,erkinliklari va burchlari o’zaro bog’liqdir. Konstitutsiyaning 19-moddasida : «O’zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdirlar», 47- moddasida esa «Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan burchlarini bajaradilar» deyilgan. Bu Konstitutsiyaviy qoidalar shuni bildiradiki, jamiyat va davlat oldida hech qanday burchlarni ado etmasdan, faqat huquq va erkinliklardan foydalanib hayot kechirishi mumkin emas. Har bir fuqaro huquq va erkinliklardan foydalanar ekan, boshqa fuqarolarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari, erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.(20-modda). Davlat ham, o’z navbatida, qonunar asosida fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ularni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi lozim. Fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari o’zining mazmuni va xarakteriga qarab har xil bo’ladi. Ular davlat bilan fuqarolarning asosiy munosabatlari va aloqalari negizini bildiradi va shu ma`noda ular bir butunlikni, ya`ni ajralmas birlikni tashkil qiladi. Shuning uchun ham har bir huquq, erkinlik va burchni faqat alohida-alohida emas, balki ma`lum tizimga solib bir-biri bilan ichki bog’liqlikda ko’rib chiqish kerak. Fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari tizimi tarkibiy qismlarining aloqalari ma`lum yo’nalishlarda bo’ladi. Ulardan asosiylari quyidagilar: 1.Ba`zi bir Konstitutsiyaviy huquqlar, erkinliklar va burchlarning amalga oshirilishi boshqa huquqlar va erkinliklarning amal qilishi uchun asos bo’ladi. Masalan, O’zbekiston fuqarosining mehnat qilish huquqining amalga oshirilishi, uning dam olish huquqini , ijtimoiy ta`minot huquqini amalga oshirishga bog’liq bo’ladi. 2. Ba`zi huquq va burchlarning amalga oshishi, boshqa bir burchlar va huquqlarning to’xtatilishiga olib keladi. Masalan, fuqarolarning vaqtinchalik va doimiy mehnat qobiliyatini yo’qotish, ijtimoiy ta`minot huquqidan foydalanish imkoniyatini keltirib chiqaradi. 3. Fuqarolarning ba`zi bir huquqdan to’g’ri foydalanmasligi yoki Konstitutsiyaviy burchini bajarmasligi ularning boshqa Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga ta`sir qilishi mumkin. Masalan, mehnat qilish huquqining bo’zilishi, ishdan qonunsiz bo’shatilishi, fuqarolarning dam olish va moddiy ta`minot huquqining bo’zilishiga olib kelishi mumkin. Yuridik fanda fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini uch guruhga bo’lish qabul qilingan : Ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar: Siyosiy huquqlar: Shaxsiy huquqlar. Fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini guruxlarga ajratishda asosan, ikki talab hisobga olinishi kerak. Birinchidan, unda insonning hayoti va faoliyati sohasidagi muxhm tomonlari, ikkinchidan, guruhlarga bo’lishda faqat huquq va erkinliklarni hisobga olish bilan cheklanmasdan albatta Konstitutsiyaviy burchlarni ham qo’yish kerak. Chunki Konstitutsiyaviy huquqlar, erkinliklar va burchlarning birligi shaxsning huquqiy holati prinsipi hisoblanadi. O’zbekiston fuqarolarining asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini ilmiy asoslangan tartibda tasniflash O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o’z aksini topgan. Unga asosan, O’zbekistonda inson va fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlarini quyidagicha tasniflash mumkin: shaxsiy huquq va erkinliklar (VII bob); Fuqarolarning siyosiy sohadagi huquqlari (IX bob); Fuqarolarning burchlari (XI bob). O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va burchlari tizimining asosini tashkil qiluvchi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari Konstitutsiyaning VII bobida qonunan mustahkamlangan bo’lib, Respublikadagi butun huquq tarmoqlari uchun asosiy manba hisoblanadi. Fuqarolarning mazkur huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqiy hujjatlarga, chunonchi inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to’g’risidagi paktga hamda fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro paktga to’la mos keladi va ana shu hujjatlardan kelib chiqadi. Shaxsni, uning hayotini ijtimoiy xavfli tajovo’zlardan muhofaza qilish davlatning vazifalaridan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-monddasida «Yashash huquqi har bir insonning o’zviy huquqidir. Inson hayotiga suyiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir»,- deb yozib qo’yilgan. Haqiqatan ham, yashash huquqi insonning tabiiy huquqidir, har bir inson jinsi, irqi, millati , tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, fikrlash, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan, yoshi, jismoniy kuchi sog’ligidan qat`i nazar yashash huquqiga ega. Insonning yashashdan maqsadi yagona bo’lib, tinchlik va osoyishtalikda, farofon hayot kechirishdir. O’z navbatida, inson bu maqsadga erishish uchun o’z oldiga qo’yilgan talablarni ham sidqidildan bajarishi lozim. Insonning yashash huquqi Konstitutsiya va boshqa turli qonunar bilan muhofaza qilinadi. Bu sohada jinoyat kodeksi muhim o’rin egallab, u maxsus vositalar orqali inson hayotini jinoiy tajovo’zlardan himoya qiladi. Shaxs yashash huquqining muhim kafolatlaridan biri, respublika qonunchiligida afv etish institutining tashkil etilganligidir. O’lim jazosiga hukm qilingan har bir kimsa, kim bo’lishidan qat`i nazar, respublika prezidentiga o’zining afv etilishini so’rab murojaat etish huquqiga ega.O’lim jazosiga hukm qilinganlar afv etilgudek bo’lsa, o’lim jazosi 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtiriladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har bir insonga erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi berilgan. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Har bir shaxs tug’ilishi bilan shaxsiy daxlsizlikka ega bo’lib, erkin hayot kechiradi, ya`ni bu har bir kishi erkin ravishda , o’z ixtiyori bo’yicha harakat qilishi mumkin, faqat shaxsning harakatlari qonunga zid bo’lmasligi kerak. Hech kim insonga qonunsiz ta`sir o’tkazish, uni ba`zi xarakatlarni qilishga majburlash yoki uning huquqlarini cheklashi mumkin emas. Shaxsiy daxlsizlik va erkinlik huquqi O’zbekiston huquq tizimining turli sohalari bilan, shu jumladan jinoyat huquqi bilan muhofaza qilinadi, unda bu huquqlarga tajovo’z qilganlik uchun javobgarlik o’rnatilib turli jazo choralari belgilangan. Fuqarolarning huquqlarini muhofaza etishda prokuratura, sud va ichki ishlar organlarining o’rni beqiyosdir. Masalan, amaldagi qonunarga binoan shaxsni hibsga olish va uni ushlab turish haqidagi masalani prokuror hal qiladi. O’zbekiston Konstitutsiyasining 26-moddasida: «Jinoyat sodir etilganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi» –deb ko’rstilgan. Aybsizlik prezumpsiyasi deganda-yuridik fanda aybi qonunda belgilangan tartibda va tegishli organlar tomonidan tasdiqlanmaguncha shaxsning aybsiz hisoblanishi tushuniladi. O’zbekiston mustaqil bo’lib, o’z Konstitutsiyasini qabul qilgach, aybsizlik prezumpsiyasi odil sudlovning asosiy prinsipi bo’lib qoldi. Bu prinsipga amal qilinganda , jazo tayinlashdan avval jinoyatni aynan shu shaxs sodir etganligini aniqlashga majbur. Jinoyat sodir qilgan shaxsning aybdorligini isbotlash majburiyati tergovchi, surishtiruvchi, prokuror va sudga yuklatilgan Konstitutsiyada ayblanuvchiga o’zini himoya qilish huquqi ham ko’rsatilgan. Qoidaga ko’ra shaxsning bu huquqi advokatlar orqali amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qiynoq, zo’rlik va boshqacha inson qadr –qiymatini kamsituvchi harakatlarni taqiqlaydi. O’zbekiston Konstitutsiyasining 27-moddasida har bir insonga o’z sha`ni va obro’siga qilingan tajovo’zlardan, shaxsiy hayotga aralishdan himoyalanishi va turar joy daxlsizligi huquqiga egaligi mustahkamlangan. Shaxsning sha`ni va qadr-qimmati bu insonga tegishli xususiyatdir, bu xususiyat katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lib, uning bo’zilmasligi qonun bilan qo’riqlanadi. Insonning turar joy daxlsizligi huquqi, mulk shaklidan qat`i nazar hamma joylarga, hamma binolarga tegishlidir. Uy-joyga ruxsatsiz kirishga faqat qonun bilan ko’rsatilgan hollarda va belgilangan tartibda yo’l qo’yiladi. Jinoyat prosessual qonuni esa uyni ko’zdan kechirish va tintuv o’tkazish shartlari va asoslarini belgilab beradi. Turar joyga u yerda yashovchilarning erkiga qarshi, zo’rlik ishlatib, noqonuniy kirish hollarida jinoiy javobgarlik kelib chiqadi va jazo qo’llanishi mumkin. O’zbeksiton Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasi Respublika hududida fuqarorlarninng bir joydan ikinchi joyga ko’chish, kelish va undan chiqish huquqini mustahkamlaydi. Bu huquqqa muvofiq, shaxs o’z xohishi bilan O’zbekiston Respublikasi hududida bir joydan ikkinchi joyga ko’chish, undan chiqib ketishi va qayta kelishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga ketish qoidalari maxsus huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Konstitutsiyaning 29-moddasi har bir shaxsga fikrlash, so’z va e`tiqod erkinligi, istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqini beradi, lekin bunday erkinlik amaldagi Konstitutsiyaviy to’zumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlarga qat`iy rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak. Chunki Respublika Konstitutsiyaviy to’zumiga qarshi qaratilgan axborot va boshqa ma`lumotlar davlat, jamiyat va fuqarolar uchun jiddiy xavf tug’dirib, jamiyatning osoiyishta va tinch rivojlanishiga salbiy ta`sir ko’rsatadi. Fuqarolarga fikrlash, so’z va e`tiqod erkinligi, barcha ma`lumotlarni qidirish, olish, tarqatish huquqi ularga davlat idoralariga, jamoat birlashmalariga, korxona, tashkilot, muassasalarga taklif, ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilish yo’li bilan jamoat va davlat ishlarini boshqarishda faol qatnashish imkonini beradi. Davlat manfaatiga daxldor yoki boshqa sirlarni saqlash niyatida so’z erkinligi va ularni bayon qilish huquqi cheklangan. Bunday cheklanishning shart ekanligi davlat sirlarini oshkor qilishning, siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka, davlatning mudofaa qudratiga, davlat va jamiyatning o’ta muhim manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligi bilan asoslanadi. Davlat sirlarini saqlash bunday sirlarga ega bo’lgan barcha davlat idorlari, korxonalari, birlashmalar hamda mansabdor shaxslar va O’zbekiston Respublikasi fuqarolarning majburiyatidir. Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari ma`lumotlarni qidirish, olish va tarqatish kabi o’z huquqidan foydalanyotgan paytda jamiyatga va boshqa shaxslarning manfaatlariga zarar yetkazmasliklari kerak. Respublika Konstitutsiyasining 32-moddasi Respublika xalqining hammasi uchun vijdon erkinligini kafolatlaydi. Buning ma`nosi shuki, O’zbeksitonda yashaydigan har bir inson xohlagan dinga e`tiqod qilish yoki qaysi dinga e`tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi. Dinlar va diniy tashkilotlar davlatdan ajralgandir. Bir din yoki diniy e`tiqod uchun ikkiinchi bir din yoki e`tiqodga nisbatan biror-bir darajada imtiyoz yoki cheklash belgilashga yo’l qo’yilmaydi. Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning qandaydir vazifalarni bajarishni yuklamaydi, diniy tashkilotlarning qonunarga zid bo’lmagan faoliyatiga aralashmaydi. O’zbekistonda xalq hokimiyatinig amalga oshrilishi har bir O’zbekiston fuqarosiga mamlakatning ijtimoiy, siyosiy hayotida amaliy va huquqiy ishtirok etish imkonini beradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VIII bobida siyosiy huquqlar to’g’risida gap ketganda, bu huquqlar asosan O’zbekiston fuqarolariga tegishli ekanligini alohida uqtirish lozim. Chunki faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolarigina Konstitutsiyada ko’rsatilganidek, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish (32-modda), o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish (33-modda),kasaba uyushmalariga siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish (34-modda) huquqlaridan foydalanishlari mumkin. Konstitutsiyaning «Shaxsiy huquqlar va erkinliklar» deb nomlangan VII bobida ko’rsatilgan huquqlar va erkinliklar esa nafaqat O’zbeksiton fuqarolariga, balki O’zbeksitonda yashovchi barcha insonlarga tegishlidir. O’zbeksiton Konstitutsiyasining fuqarolarga beradigan siyosiy sohadagi huquqlardan biri "J«miyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish»dir (32 modda) bunday ishtirok etish ikki yo’l bilan amalga oshiriladi: Bevosita ishtirok etish. Bu referendum o’tkazishda, davlat organlarini saylovlar yo’li bilan tashkil etishda, fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari faoliyatida ishtirok etish bilan amalga oshiriladi. 2).Fuqarolar o’zlari saylab qo’ygan vakillari, davlat organlari, Respublika Prezidenti orqali jamiyat va davlat ishlarini amalga oshirishda qatnashadilar. Yuridik adabiyotlarda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishni, usullariga qarab vakillik demokratiyasi va bevosita demokratiya deb atashadi. O’zbeksiton fuqarolari davlat hokimyatini o’zlari saylab qo’ygan vakillari orqali, vakillik organlari bo’lgan xalq deputatlari Kengashlari hamda fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari orqali amalga oshiradilar. Konstitutsiyaga ko’ra, O’zbeksiton xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Respublika Prezidenti ish olib borishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarga o’z xohish- irodasini bildirish, tenglik va erkinlik asosida, vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Prezidenti saylovi, hokimiyatning vakillik organlariga saylovlar, ko’ppartiyaviylik, umumiy, teng, to’gridan-to’gri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Bundan tashqari, fuqarolar saylov jarayonida saylov o’tkazuvchi organlarni shakllantirishda ishtirok etish, nomzodlar ko’rstaish, nomzodlarning ishonchli vakili, tashviqotchisi bo’lish, saylovlarning qonunarga asosan o’tishini nazorat qilish maqsadida komissiyalarda ishtirok etish singari huquqlarga ham egadir. Ular mahalliy o’zini–o’zi boshqarish organlari faoliyatida qatnashish hamda referendumlarda davlat va jamiyatning muhim masalalarini muhokama qilish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etadilar. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O’zbeksiton Respublikasining referendumi to’grisida»gi qonuniga asosan, referendum davlat hayoti va ijtimoiy hayotning eng muhim masalalari, Respublika qonunari va o’zga qarorlarini qabul qilish, ularni o’zgartirish, jamoatchilik fikrini aniqlash maqsadida umumxalq ovoz berishi bo’lib, xalq hokimyatini bevosita amalga oshirish vositasidir. Referendum orqali fuqarolar o’zlarining xohish irodalarini bevosita bildirib, unga majburiy tus beradilar. Xalq muhokamasiga qo’yilgan masala yo’zasidan xalqning ovozi hal qiluvchi ovoz bo’lib hisoblanadi va biron-bir organ tomonidan tasdiqlanishiga yo’l qo’yilmaydi. Uni o’zgartirish yoki bekor qilish faqat referendum orqali hal qilinadi. Konstitutsiyasining 33- moddasi fuqarolarga o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbeksiton Respublikasi qonunariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqini beradi. Fuqarolar mitinglar, yig’ilishlar, namoyishlarda o’z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqiga, so’zga chiqish erkinligiga egadirlar. Hokimiyat organlari fuqarolarning bunday tadbirlar o’tkazish haqidagi arizalarni ko’rib chiqib, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi. Ularga binolarni, maydonlarni, ko’chalarni berish, axborotlarni keng tarqatish, televideniye va radiodan foydalanish imkoniyati ta`minlangan. Hokimiyat organlari mitinglar, yigilishlar va namoyishlarning yo’nalishlarini belgilaydilar hamda ularning boshlanish va tugash vaqtini nazorat qiladilar. Chunki bu tadbirlar jamoat tartibini bo’zmasligi, to’s-to’polon keltirib chiqarmasligi, fuqarolar xavfsizligiga tahdid solmasligi, shaxslarning huquq va erkinliklarini poymol etmasligi kerak. Hokimiyat organlari ayrim hollarda, faqat xavfsizlik nuqtai–nazaridangina fuqarolarning bunday mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar o’tkazishini to’xtatishi yoki ta`qiqlab qo’yishi mumkin. Fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimiga kiradigan huquqlardan yana biri fuqarolarning kasaba uyushmalarga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqidir. Bu huquq Konstitutsiyaning 34-moddasida o’z aksini topgan. Jamoat birlashmalari-bu umumiy manfaatdorlik negizida birlashgan, fuqarolarning erkin xohish bildirilishi natijasida vujudga kelgan ko’ngilli to’zilmalardir. Jamoat birlashmalari kamida o’n nafar fuqaroning tashabbusi bilan to’ziladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga asosan, Konstitutsiyaviy to’zumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy , irqiy, diniy adovatni targ’ib qiluvchi va faoliyati boshqacha tarzda qonunning bo’zilishiga olib keluvchi jamoat birlashmalarini to’zish taqiqlanadi. O’zbekiston Konstitutsiyasining 35-moddasi har bir shaxsga bevosita o’zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqini beradi. Takliflar –fuqarolarning davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning faoliyatini yaxshilashga qaratilgan murojaatlaridir. Bu organlar, birlashmalar va tashkilotlar fuqarolarning taklifini har tomonlama ko’rib chiqish natijalari to’g’risida unga ma`lumot berishi shart. Arizalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro’yobga chiqarish to’g’risida iltimos bayon etilgan murojaatlaridir. Ular tegishli organlar va tashkilotlar tomonidan har tomonlama, xolisona va o’z vaqtida ko’rib chiqilishi, ularning ijrosi ta`minlanishi va ijro natijasi ariza beruvchi fuqarolarga xabar qilinishi shart. Shikoyatlar-davlat organlaring, jamoat birlashmalarining, mulkchilik shaklidan qat`i nazar, barcha korxonalar, muassasalar, mansabdor shaxslarning hatti-harakatlari yoxud qarorlari tufayli fuqarolarning bo’zilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarni tiklash talab qilingan murojaatlaridir. Mansabdor shaxsning hatti-harakati yoki qarori ustidan shikoyat, bo’ysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga beriladi. Fuqarolarning shikoyatlarini hatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan organlar yoki mansabdor shaxslarnig o’zlariga jo’natish ta`qiqlanadi. Fuqarolarning murojaatlari yakka tartibda yoki jamoa bo’lib ifodalangan bo’lishi hamda og’zaki yoki yozma shakldagi taklif , ariza yoxud shikoyat ko’rinishida bo’lishi mumkin. Fuqarolar murojaatlarni ularda qo’yilgan masalalarni hal etish vakolatiga ega bo’lgan davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa, tashkilot yoki mansabdor shaxsga, barcha darajadagi deputatlarga yuborishi mumkin. Murojaatlar ularda qo’yilgan masalalarni hal etish vakolatiga ega bo’lmagan davlat organiga, jamoat birlashmasiga, muassasa yoki tashkilotga yuborilgan bo’lsa, besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlar yoki mansabdor shaxslarga jo’natiladi va bu haqda fuqaroga ma`lum qilinadi. Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishni rad etish taqiqlanadi. Fuqarolarni murojaat qilganligi uchun ta`qib ostiga olish va murojaatni qo’llab-quvvatlashga majbur etish qonun bilan taqiqlanadi. Fuqarolarning takliflari taklif tushgan kundan e`tiboran bir oy muddat ichida ko’rib chiqiladi. Qonunda ko’rsatilishicha, barcha darajadagi deputatlar, davlat organlarining, jamoat birlashmalarining va korxonalarining rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslar fuqarolarni shaxsan qabul qilishlari shart, qabul muntazam, belgilangan kun va soatlarda, fuqarolar uchun qulay vaqtda o’tkaziladi. Shu bilan bir vaqtda, fuqarolar ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilganlarida dalillarni bo’zib ko’rsatishga qasddan yo’l qo’uyishlari haqiqatga muvofiq kelmaydigan yolg’on ma`lumotlarni tarqatishlari, tanqid qabilida tuhmat qilishlari mumkin emas. Fuqarolarning murojaatlari to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni respublika prokuratura organlari amalga oshiradilar. Ular fuqarolarning bo’zilgan huquqlarini tiklashga, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, huquqbo’zarlarni javobgarlikka tortishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko’radilar. Fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi huquqlari O’zbekiston Konstitutsiyasining IX bobida ko’rstailgan bo’lib, ular shaxsning mulkdor bo’lish huquqi; mehnat qilish, erkin kasb tanlash huquqi; adolatli mehnat sharoitlarida ishlash; ishsizlikdan himoyalanish huquqi; dam olish huquqi; qariganda, mehnat layoqatini yo’qotganda ijtimoiy ta`minot olish huquqi; malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, bilim olish huquqi; ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqlaridir. Shaxslarning Konstitutsiyada mustahkamlangan mulkdor bo’lish huquqi O’zbeksiton Respublikasining «Mulkchilik to’g’risida»gi, «Korxonalar to’g’risida»gi, «Ishbilarmonlik to’g’risida»gi va boshqa qonunarida o’z aksini topgan. Sobik Ittifoqdagi qonunarda fuqarolar mulkining ob`yekti faqatgina shaxsiy mulk bo’lishi mumkin edi. Ishbilarmonlik bilan shug’ullanish va xususiy mulk egasi bo’lishga yo’l qo’yilmas edi. O’zbekiston Respublikasining «Mulkchilik to’g’risida»gi qonuni fuqarolarning xususiy mulkka ega bo’lish huquqini mustahkamladi. Fuqarolarning mulki ijtimoiy ishlab chiqarishda qatnashishdan, o’z xo’jalagini yuritishdan olingan daromadlar, kredit tashkilotlari, aksiyalar va boshqa qimmatbaxo qogozlarga sarflangan mablag’lardan keladigan daromadlar, merosxo’rlik yo’li bilan va qonunda yo’l qo’yiladigan boshqa asoslarda mulkka egalik qilishdan olinadigan daromadlardan vujudga keladi. Mulk egasi o’ziga tegishli mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini o’z xohishi bilan amalga oshiradi, mulkdan xohlagan xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda foydalanish mumkin. Davlat esa, o’z navbatida, bu huquqni qonun bilan tartibga solib, o’z idoralari orqali nazorat qilib turadi, ularning shakllaridan qat`i nazar, teng huquqliligini ta`minlab beradi. Fuqarolar mulki vasiyat bo’yicha ham, qonun bo’yicha ham merosxo’rga qoldrilishi, berilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko’ra, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko’rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Har bir shaxs o’z manfaatlari va ehtiyojlariga ko’ra qanday faoliyat bilan shug’ullanishi, qanday kasb va mutaxassislikni tanlashni o’zi hal etadi. Mehnat kodeksiga binoan, ishga qabul qilishni asossiz rad etish taqiqlangan. Konstitutsiyada ko’rsatilgan adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqi fuqarolar mehnat qilishi huquqining tarkibiy qismidir. Mehnat sharoitlari bevosita korxonaning o’zida va ma`muriyat bilan o’rtasidagi kelishuvga ko’ra qonun asosida belgilanishi mumkin. O’zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va kafolatlari to’g’risida»gi qonunga muvofiq, ma`muriyat tashabbusi bo’yicha xodimni ishdan bo’shatishga faqat kasaba uyushma qo’mitasi roziligi bilan yo’l qo’uyiladi. Mehnat to’g’risidagi qonun bo’yicha har bir fuqaroga mehnat qilish huquqini himoya qilish, jumladan, sud orqali himoya qilish imkonini beriladi. Xodimni ishga tiklash to’g’risida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori ma`lumot uchun majburiy bo’lib, u darhol ijro etilishi shart. Bunda xodimning bo’zilgan huquqi tiklanibgina qolmay, majburan ishga chiqmagan kunlari uchun haq ham to’lanadi. Fuqarolarning mehnat qilish huquqini buzganlikda aybdor bo’lgan mansabdor shaxslar qonun bo’yicha intizomiy, moddiy, ma`muriy javobgarlikka, muayyan hollarda esa, jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin. «Aholini ish bilan ta`minlash to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunida (1992 yil 13 yanvar) fuqarolarni ishsizlikdan himoyalashning Konstitutsiyaviy huquqi beliglab berilgan. Ushbu qonun bozor iqtisodiyoti va mulkchilikning turli shakllariga o’tish sharoitida insonnning ish bilan ta`minlanishiga oid huquqlarini ro’yobga chiqarishning tashkiliy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlarni belgilab beradi. O’zbeksiton Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasi yollanib ishalyotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga ega ekanligini mustahkamlaydi. Bu huquqdan mehnat shartnomasi asosida, mulkchilik va xo’jalik yuritish shaklidan qat`i nazar, biron-bir korxonada ishlayotgan xodim, shuningdek, ayrim kishiga yollanib ishlayotgan shaxslar ham foydalanadilar. Xalqaro mehnat tashkilotining 1935 yil 22 iyundagi konvensiyasiga muvofiq ish haftasi 40 soat qilib beliglangan. Shu tashkilotning «Haq to’lanadigan ta`tillar to’g’risida»gi 132-sonli konvensiyasiga muvofiq bir yil ishlagandan keyin belgilangan ta`til hech bir joyda uch ish haftasidan kam bo’lmasligi kerak. O’zbeksiton Respublikasi 1992 yilda Xalqaro Mehnat tashkilotiga to’la huquqli a`zo bo’lib kirdi. O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida haftalik ish vaqtining muddati 40 soatdan oshmasligi, ta`tilnig eng kam muddati 15 ish kunidan kam bo’lmaligi ko’zda tutilgan. Mehnat kodeksiga muvofiq, xodimlarning ayrim toifalariga qisqartirilgan ish kuni, ba`zilariga o’zaytirilgan ta`tildan foydalanish huquqi berilgan. O’zbeksiton Konstitutsiyasining 39-moddasi har bir insonga qariganda, mehnat layoqatini yo’qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo’lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta`minot olish huquqini beradi. Konstitutsiyada ilk bor pensiyalar, nafaqalar, boshqa ijtimoiy yordam turlarining miqdori rasman belgilanib, tirikchilik uchun zarur bo’lgan eng kam miqdordan oz bo’lishi mumkin emasligi ko’rsatilgan. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kursatilgan ijtimoiy huquqlarda yana biri har bir inson uchun malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqidir. Respublikada sog’lom avlodning tug’ilishi va tarbiyasiga jiddiy e`tibor bermoqda. O’zbekistonda birinchi bo’lib, «Sog’lom avlod uchun» ordeni ta`sis etildi, shu nomda Xalqaro jamg’arma tashkil etildi. O’zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofazalash to’g’risida»gi qonun fuqarolarni ularning sog’ligiga to’g’ri kelmaydigan ishga qabul qilishni taqiqlashni ko’zda tutadi. Respublika Konstitutsiyasi har bir shaxsga bilim olish huquqini beradi. Konstitutsiyaning 41-moddasida ko’rsatilgan bu huquq, davlat tomonidan bepul umumiy ta`lim olish tizimida mulkchilikning barcha shakllaridagi o’quv yurtlari uchun majburiy bo’lgan ta`lim darajasiga va fanlar bo’yicha o’tiladigan darslar hajmiga nisbatan, asosiy talablarni belgilab beradigan, jahon amaliyoti mezonlariga muvofiq keladigan davlat andozalari joriy etildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 29 avgustdagi to’qqizinchi sessiyasida O’zbekistonda ta`lim tizimini isloh qilish masalasi ko’rildi va ta`lim to’g’risidagi yangi qonun qabul qilindi. O’zbeksiton Respublikasida bilim olish tizimi oila va maktabgacha tarbiya muassasalarida; fuqarolarning boshlang’ich, tayanch, o’rta makatblarda, boshqa ta`lim yurtlari (gimnaziya, litsey va boshqalar)da umumiy ta`lim olish bilan; oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash tizimi bo’yicha shakllangan. O’zbeksiton Konstitutsiyasining 42-moddasi shaxslarning ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqini birinchi marta Konstitutsiyaviy maqom darajasiga ko’tardi. Shaxslarning ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi ilmiy tadqiqotlar o’tkazish, ilmiy tashkviqotlar yuritish va ixtirolar qilish, adabiyot va san`atning yangi asarlarini yaratish yo’li bilan amalga oshiriladi. Davlat esa buning uchun tegishli moddiy sharoitlar yaratib, fuqarolarning ilmiy-texnika va boshqa birlashmalarini qo’llab-quvvatlash yo’li bilan ilmiy, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatiga ko’maklashadi, ularning taklif va tavsiyalarini joriy etishga imkon beradi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 28 avgustda chiqargan «Ijodkor yoshlarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash tadbirlari to’g’risida»gi farmonida ijodkor yoshlarning ma`naviy o’sishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, ularning faoliyatini rivojlantirish respublika madaniyati va ilmiy-texnika qudratini ko’tarishga qo’shadigan hissalarini oshirishga qaratilgan tadbirlar ko’rsatilgan. Turar-joyga muhtoj ijodkor yoshlarga uy-joy berish, mualliflarning eng yaxshi asarlar va ilmiy ishlari uchun Davlat mukofotini ta`sis etish; Respublika maktab olimpiadalari, ijodkor yoshlarning xalqaro va respublika tanlovlari g’oliblarini moddiy rag’batlantirish ixtisosli Oliy o’quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va boshqalar shular jumlasidandir. Inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash deganda, shaxslarning Konstitutsiyada ko’rsatilgan huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish hamda har bir insonning bu huquqlarini haqiqiy amalga oshirish tushuniladi. Kafolatlash qonunda ko’rsatilgan, mumkin bo’lgan imkoniyatlarni hayotda amalga oshirishdir. Fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarga faqat egalik qilish bilan cheklanib qolmasdan, ulardan foydalanish va ularni bo’zilishdan muhofaza qilish hamdir. Kafolatlashning mohiyati –davlat va uning organlarining fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish, ularni amalga oshirishi uchun doimiy ravishda zarur vositalar bilan ta`minlashda ifodalangan burchida namoyon bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi insonlarga ma`lum huquqlar va erkinliklar berish bilan birga ularni amalga oshirish uchun kerakli iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy va huquqiy kafolatlar bilan ta`minlaydi. O’zbeksiton Konstitutsiyasida (2-modda) davlat organlarining fuqarolar oldidagi mas’uliyatining belgilab berilishi, huquq va erkinliklarni ta`minlashga qaratilgan muhim vositadir. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning fuqarolar oldidagi mas’uliyatini fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini amalga oshirish jarayonida vujudga keladi. Davlat fuqarolarining huquq va erkinliklarini ta`minlash vazifasini o’zining turli organlariga yuklaydi. Masalan, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, hokimlariga fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlash, muhofaza qilish vazifasi yuklangan. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlarining (sud,prokuratura, ichki ishlar organlari) asosiy vazifasi ham fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishdir. Fuqarolarning Konstitutsiyada ko’rstatilgan huquq va erkinliklarini amalga oshirishni osonlashtirish uchun, davlat qo’shimcha huquqiy hujjatlar qabul qiladi, natijada tegishli huquq va erkinliklardan foydalanish imkoniyati kengayadi va ularning kafolatlari kuchayadi. Masalan, Konstitutsiyaning 34-moddasida fuqarolarning kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish kabi siyosiy huquqi mustahkamlangan. Bu huquqni ta`minlash choralari, amalga oshirish yo’llari «O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to’g’risida»gi qonunda, «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to’g’risida»gi qonunda belgilab qo’yilgan. Konstitutsiyaning 35- moddasida har bir shaxsga bevosita o’zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi berilgan. «Fuqarolarning murojaati to’g’rsida»gi qonunda bu huquqlarni amalga oshirish qoidalari, murojaatlari belgilangan. O’zbeksiton Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasi har bir shaxsga o’z huquq va erkinlaiklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy hatti-harakatlari xususida sudga shikoyat qilish huquqini kafolatlaydi. Fuqarolarning davlat organi, jamoat birlashmasi, korxona, muassasa, tashkilot yoki mansabdor shaxsning hatti-harakati yoki qarori ustidan sudga shikoyat qilish huquqi bir necha joriy qonunarda mustahkamlangan. Masalan, «Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunining 8-moddasida fuqarolarning davlat organi, jamoat birlashmasi va mansabdor shaxsning noto’g’ri hatti-harakati yoki qarori ustidan sudga shikoyat qilish huquqi ko’rsatilgan. «Yer to’g’risida»gi qonunning 14-moddasida mahalliy hokimiyat idorlarining fuqarolarga tegishli yerni berish haqidagi qarori ustidan ularning sudga shikoyat qilish huquqi belgilangan bo’lsa, «Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida»gi O’zbeksiton Respublikasi qonunining 28-moddasida fuqarolarning hokimlar qabul qilgan qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqi ko’rstailgan. Demak, fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining va o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish imkoniyatinig mavjduligi, ular huquq va erkinliklarining muhim kafolatidir. Konstitutsiyaning 45-moddasiga asosan, mehnatga layoqatsizlar, nogironlar va yolg’iz keksalarning huquqlari ham davlat tomonidan alohida himoya qilinadi. Bunday shaxslarning davolanishi, dam olish, bilim olish uchun davlat tomonidan alohida imtiyozlar belgilanadi. Konstitutsiyaning 46-moddasi xotin-qizlar bilan erkaklarning teng huquqligini mustahkamlaydi. O’zbekiston Respublikasida shaxslarga nisbatan hurmat, ishonch bo’lishi, ularning tashabbusini, ijodkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash bilan bir vaqtda, ulardan jamiyat va davlat oldidagi ma`lum bir burchlarni bajarish ham talab qilinadi. O’zbekiston Respublikasida o’rnatilgan Konstitutsiyaviy to’zum fuqarolarga teng huquq va erkinliklar berish, ularni amalga oshirishni kafolatlash bilan birga fuqarolar zimmasiga ma`lum burchlarni bajarishni yuklaydi. Konstitutsiyaning 19-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasining fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquq hamda burchlar bilan o’zaro bog’liqdirlar. Shuning davomi sifatida, Konstitutsiyaning 20-moddasida; «Fuqarolarning o’z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart»-deyilgan. Huquq bor joyda burch ham bo’lishi zarur. Jamiyatda shaxsning tutgan o’rni, mavqei faqat huquq bilangina emas, balki shu bilan birga burch bilan ham belgilanadi. Fuqarolarning Konstitutsiyaviy burchlari jamiyat va davlatning ma`lum shaxsning oldiga qo’yadigan juda zarur talabidir. Bu talab Konstitutsiya moddalarida o’z aksini topgan hamda amaldagi qonunarda aniq belgilangan. O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining burchlari Konstitutsiya normalarida o’z aksini topib, ma`lum tizimni tashkil qiladi. Ularga: Konstitutsiya va qonunarga rioya etish, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha`ni va qadr-qiymatini hurmat qilish (48-modda), O’zbekiston xalqining tarixiy, ma`naviy va madaniy merosini avaylab asrash (49-modda): atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish (50-modda); qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig’imlarni to’lash (51-modda); O’zbekiston Respublikasini himoya qilish, qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tash (52-modda ); ota-onalarning o’z farzandlarini tarbiyalash (64-modda) voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlarning o’z ota- onalari haqida g’amxo’rlik qilish (66-modda) kiradi. Konstitutsiya va qonunarga rioya qilmaslik, davlat tomonidan belgilangan qoidalarning bo’zilishiga, yuridik javobgarlikka olib keladi. Qonunda O’zbekiston fuqarolarining sha`ni va qadr-qimmatini pastga uradigan, uning obro’siga putur yetkazadigan har qanday g’ayriqonuniy harakatlar uchun javobgarlik belgilangan. O’zbekiston fuqarolarining sha`ni va qadr-qimmati jinoyat qonunari bilan ham himoya qilinadi. Konstitutsiyaning 49-moddasi fuqarolar O’zbekiston xalqining tarixiy, ma`naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburligini va madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasida ekanligini ta`kidlaydi. Ma`lumki, tabiiy muhitning holati, tabiiy boyliklardan foydalanish darajasi iqtisodning rivojlanishi, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga bog’liq. Shuning uchun atrof-muhitni muhofaza qilishga O’zbekiston Respublikasi katta ahamiyat bermoqda. Ushbu sohada bir necha qonunar qabul qilindi. Ekologik islohotlar jarayonida «Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida»gi (1992 y, 9 dekabr), « Yer to’g’risida»gi (1998y. 30 aprel), « Suv va suvdan foydalanish to’g’risida»gi (1993y. 7 may) va boshqa qonunar qabul qilinib, ularda fuqarolarning bu boradagi huquq va majburiyatlari atroflicha yoritilgan. Qonunarda tabiatni muhofaza qilish bilan bog’liq bo’lgan Konstitutsiyaviy majburiyatni bajarmagan shaxslarni mulkiy, ma`muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortish ham belgilangan. Fuqarolarning Konstitutsiyaviy burchlaridan yana biri ularning qonun yo’li bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig’imlarni to’lashga majburligidir.(51-modda). Soliqlar yuridik shaxslar va fuqarolar davlatga to’laydigan majburiy to’lovlari bo’lib, uning ijtimoiy – iqtisodiy mohiyati va ahamiyati shu jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tizimi, davlatning tabiati va vazifalariga ko’ra belgilanadi. Soliq tulash manbai shaxslarning pul yoki natural tarzida olgan daromadlari hisoblanadi. Bu soliqlar ish xaqi to’lovlari, mukofotlar va boshqa daromadlardan; fuqarolarning dehqon xo’jaligini yuritishdan olgan daromadlaridan; O’zbekiston Respublikasida doimiy istiqomat joyiga ega bo’lmagan shaxslarning O’zbekistondagi manbalardan oladigan daromadlaridan tashkil topadi. Soliqlarni o’z vaqtida to’lamagan, to’lashdan bo’yin tovlagan, daromadini yashirgan va soliq to’g’risidagi qonunarni buzgan shaxslar uchun moliyaviy (jarima to’lash, yashirgan yoki kamaytirib ko’rsatgan daromadni undirish), ma`muriy (jarima to’lash) va qonunda ko’rsatilgan hollarda jinoiy javobgarlik belgilangan. O’zbekiston Konistitutsiyasining 52-moddasida O’zbekiston Respublikasini himoya qilish uning har bir fuqarosining burchi ekanligi mustahkamlangan. Har bir fuqaro O’zbekiston Respublikasi manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, uning qudratini va obro’-e`tiborini mustahkalash uchun barcha choralarni ko’rish lozim. Respublikaning mudofaa qudrati qurolli tajovo’zlardan himoyalash maqsadida saqlab turiladi. O’zbekiston Respublikasining «Mudofaa to’g’risida» gi 1992 yil 3 iyul qonunida respublikaning hududiy yaxlitligini, mustaqilligini himoya qilish respublika fuqarolarining Konstitutsiyaviy burchi ekanligi ifodalangan. O’zbekiston Qurolli Kuchlari va boshqa qo’shinlari fuqarolarni umumiy harbiy majburiyat asosida harbiy xizmatga chaqirish hamda fuqarolarning bitimga asosan harbiy xizmatga kirishi orqali to’ldiriladi. Qonunga ko’ra, tinchlik vaqtida salomatligi harbiy xizmatga yaroqli bo’lgan va chaqiruv kunida 18 yoshga to’lgan O’zbekiston fuqarosi bo’lmish yigitlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladilar. O’zbekiston Respublikasining «Muqobil xizmat to’g’risida»gi 1992 yil 3 iyul qonunida ko’rsatilganidek, muqobil xizmat fuqarolar o’taydigan davlat xizmatining aloxida turi bo’lib, bu xizmat fuqaroning korxonalar, muassasalar, xalq xo’jaligi tashkilotlari, yuqori malaka talab etmaydigan (yordamchi ishlarni yoki o’z malakasiga mos ishlarni, shu jumladan, falokat, fojia, tabiiy ofat va boshqa favqulodda holatlarning oqibatlarini bartaraf etishga oid ) ishlarni bajarishi bilan bog’liqdir. Muqobil xizmatni 18 yoshdan 28 yoshgacha bo’lgan harbiy hisobda turadigan, muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo’lgan fuqarolar o’taydilar. Shunday qilib, O’zbekistonning har bir fuqarosi Qurolli kuchlar saflarida harbiy xizmat qilishi o’zining faxriy va muqaddas burchi ekanligini, unga xiyonat qilish esa eng og’ir jinoyat sanalishni hamisha e`tiborda tutadilar. Adabiyotlar: 1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi T.2003. 2. I.A.Karimov «O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura». T .96. 3. I.A.Karimov «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir». T .96. 4. R.Qayumov « O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi» T. «Adolat» 1996. 5. Sh.Urazayev «Mustaqil O’zbekiston Konstitutsiyasi» T.95. 6 .X.Odilqoriev,A.Saidov,U.Tadjixanov, «O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi «. T.2001. 7. www.ziyonet.uz Download 32.29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling