Qarori axborot tarqatish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish to‘G‘risida


Download 23.67 Kb.
Sana24.03.2023
Hajmi23.67 Kb.
#1291944
Bog'liq
7-mavzu


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASINING
QARORI
AXBOROT TARQATISH SOHASIDAGI QONUNCHILIKNI YANADA TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, xalq ta’limi vaziri hamda madaniyat vaziri birinchi o‘rinbosarining axborot tarqatish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi axborotini eshitib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi shuni ta’kidlaydiki, mamlakatimizda aholining axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqini ta’minlash, jamiyatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatning axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirish va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va munosib javob qaytarishni tashkil etish belgilab qo‘yildi.
Sohani zamon talablariga muvofiq tarzda rivojlantirish maqsadida ko‘rilgan zarur choralarga qaramay so‘nggi vaqtlarda axborot makonidagi tashkiliy ishlarning, ayniqsa, tarqatilayotgan axborot mahsulotlari sifatining tobora pasayishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘onga asoslangan, shov-shuv ko‘taruvchi, o‘zgalar sha’ni va qadr-qimmatini toptaydigan, fuqarolarning shaxsiy hayotiga daxl qiladigan, ayrim hollarda ochiq bo‘htondan iborat axborotlar tarqatilishi odatiy holga aylanmoqda.
Ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p auditoriyaga ega telekanallar ko‘proq tijoriy manfaatlarini ta’minlash maqsadi bois sifati va saviyasi past, eng achinarlisi — milliy o‘zligimizga, mafkuramizga tamomila yot g‘oyalarni ilgari suruvchi teleseriallar, dasturlarni namoyish etishga ommaviy o‘tishi axborot makonining milliylik qiyofasini sezilarli darajada yomonlashtiryapti. Axborot materiallari va media mahsulotlarini yaratish hamda uni tarqatishni huquqiy tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishda bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Keyingi paytlarda fuqarolarning axborotga oid huquqlari va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzish, ularning shaxsiy hayotlariga aralashish, milliy madaniyat va qadriyatlarni mensimaslik, davlat hokimiyati institutlariga ochiqdan ochiq hurmatsizlik hamda axloq me’yorlariga zid materiallarni targ‘ib qilishga qaratilgan harakatlar ommaviy tus olmoqda.
Eng yomoni, balog‘at yoshiga yetmagan bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgani, axloq qoidalariga zid nolegal axborotlarning tarqatilishi tizimli tarzda kuchayib bormoqda. Yoshlar ulg‘ayishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ular internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan bunday salbiy axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqdalar.
Axborotlarni izlash, olish va tarqatish huquqiga oid munosabatlarni tartibga soluvchi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari mavjudligiga qaramay ularda belgilangan qoidalarga so‘zsiz amal qilishga erishish, yangi ommaviy kommunikatsiyalar paydo bo‘lganligi munosabati bilan yuqoridagi qonunlarni chetlab o‘tish uchun yaralgan bo‘shliqlarni bartaraf etishni nazarda tutuvchi normalarni ishlab chiqish zarurati paydo bo‘lmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, xalq ta’limi vaziri hamda madaniyat vaziri birinchi o‘rinbosarining tegishli axborotini eshitib, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini qo‘llash orqali axborot tarqatish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining internet jahon axborot tarmog‘ining salbiy ta’siri, yoshlar tarbiyasiga xavf solayotgan “ommaviy madaniyat”ning kirib kelishi holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlar, Xalq ta’limi vazirligining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini ta’minlash hamda Madaniyat vazirligining aholi keng qatlamlari qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkillashtirish borasida amalga oshirayotgan ishlari yetarli darajada emas, deb topilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
aholining, axborot sohasi subyektlarining huquqiy madaniyatini oshirishda quyidagilarni nazarda tutuvchi dastur (“yo‘l xaritasi”)ni ishlab chiqish va tasdiqlash:
virtual muhitda insonning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi amaldagi qonun hujjatlari va axborot sohasidagi xalqaro shartnomalarda belgilangan qoidalar haqida keng ko‘lamli tushuntirish ishlarini olib borish;
fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishda uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti holatini yaxshilash, shu jumladan internet tarmog‘ida maxsus maydonlar tashkil etish orqali axborot sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish orqali davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining axborot xizmati rahbarlari va xodimlarining bilimlarini oshirish. Bunda, ushbu soha xodimlarini jamoatchilik bilan bevosita uchrashish, muloqot olib borish ko‘nikmalariga o‘rgatib, bevosita muloqotlar tayyorlashda zamonaviy innovatsion modellar, muloqot madaniyati va odobi ko‘nikmalariga o‘qitish tavsiya etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda yuqorida tilga olib o‘tilgan salbiy holatlarga barham berish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida sohaga oid tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni belgilangan tartibda kiritish maqsadga muvofiq deb topilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari va qo‘mitalariga faoliyat yo‘nalishlarida tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda kun tartibidagi masala yuzasidan aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan, ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishga, qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish va samarali parlament nazoratini o‘rnatish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi:
navbatdagi “Hukumat soati”ga “Axborot sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi masalani kiritish choralarini ko‘rsin;
axborot sohasini tartibga solishni xalqaro qonunchilik tajribasi asosida o‘rganib, axborot kommunikatsiyalari sohasidagi milliy qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin:
axborot xavfsizligi, shaxs, davlat va jamiyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarardan kelib chiqib, oshkor etilishi qonun bilan ta’qiqlangan axborotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish;
axborot sohasi subyektlari faoliyatini yanada liberallashtirish va demokratlashtirish, jamoat fikrini shakllantirishda ishtirok etuvchi ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari A. Kadirov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Download 23.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling