O‘zbekiston Prezidenti “Power International Holding” bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-oktyabr kuni Doha shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni qabul qildi.
“Power International” – dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi. Yaqin Sharqdagi yetakchi ko‘p tarmoqli kompaniyalardan biridir.
Bugun ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.
Mamlakatimizda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etildi.
Qatar tomoni tez orada xolding O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston rahbari “Al Mirqab Capital” xoldingi rahbarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xonni qabul qildi.
1983-yilda asos solingan “Al Mirqab Capital” xoldingi AQSH, Yevropa va Yaqin Sharqda “For Seasons”, “The Ritz Carlton” va boshqa brendlardagi 20 ta yirik mehmonxona egasidir. Kompaniya aktivlari qiymati 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoro shahrida mehmonxona-kongress majmuasini qurish, mamlakatimizda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalari ko‘rib chiqildi.
Investitsiya loyihalari qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |