108-modda. Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetalarini tuzish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish
Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasi davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larini oluvchilar tomonidan ularning bir yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida oyma-oy bo‘lingan holda tuziladi va tasdiqlanadi.
Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasining va unga doir ilovalarning shakllari, shuningdek smetani tuzish tartibi davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetalarini tasdiqlash joriy yilning 10-martidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar smetalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan joriy yilning 1-aprelidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
VII bo‘lim.
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi
19-bob. Budjet tizimi budjetlarini ijro etish tartibi
109-modda. Umumiy qoidalar
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan budjet tizimi budjetlari daromadlarining tushishini ta’minlash va xarajatlarini amalga oshirishni, shuningdek ularning ijrosi bilan bog‘liq operatsiyalarni hisobga olishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ta’minlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan ta’minlanadi.
Budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining ijrosi budjet tashkilotlari tomonidan ta’minlanadi.
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan g‘azna ijrosi yo‘li bilan amalga oshiriladi. G‘azna ijrosi faoliyatni chet elda amalga oshirayotgan budjet tashkilotlariga va budjet mablag‘lari oluvchilarga tatbiq etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida budjet tizimi budjetlari, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar uchun shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochiladi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar o‘z xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘larni moliya yili tugaguniga qadar sarflashga haqli.
Mamlakatda mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta’minlash, ichki tartibni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |