47-modda. Hisobvaraq-faktura
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, agar mazkur moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchilarga hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.
Hisobvaraq-faktura, qoida tariqasida, elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chog‘ida, agar sotuvchi xaridorga kassa cheki yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjatni bersa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanilmaydi.
Realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) qiymati o‘zgarganda, shu jumladan yetkazib berilgan tovarlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar narxi o‘zgargan yoxud miqdori (hajmi) aniqlashtirilgan hollarda, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda qo‘shimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.
Ushbu Kodeksning 279-moddasiga muvofiq hisobga turishi lozim bo‘lgan chet el yuridik shaxslari hisobvaraq-fakturalarni taqdim etmaydi, sotib olish reyestrlarini, sotish reyestrlarini, hisobga olish jurnallarini hamda ushbu Kodeks 282-moddasida ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish qismi bo‘yicha qabul qilingan va berilgan hisobvaraq-fakturalarni yuritmaydi.
Hisobvaraq-fakturaning shakli va uni to‘ldirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |