O’zbekiston respulikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi farg’ona davlat universiteti tarix fakulteti
Shayboniylar davrida davlat boshqaruvi
Download 3.87 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi o\'quv uslubiy majmuasi
Shayboniylar davrida davlat boshqaruvi. Buxoro xonligi ma’muriy jihatdan viloyatlar va tumanlarga bo‘lingan. Xonlikda oliy davlat idorasi dargoh deb atalgan. Uning tepasida xon turgan. Ijro etuvchi hokimiyat devon (vazirlik) deb atalgan. Unga devonbegi (bosh vazir) rahbarlik qilgan. Katta nufuzga ega bo‘lgan devonbegi ayni paytda davlatning moliya va xo‘jalik ishlarini ham boshqargan.
Yana bir katta davlat mansabi – otaliq edi. Xon siyosatining viloyatlardagi ta’siri otaliq mansabiga tayinlanganlarning nufuzi bilan belgilangan. Xon viloyatlarni shahzodalarga taqsimlab berar ekan, ularga rahnamo etib o‘z nazoratchisini, ishongan kishisini tayinlagan. Bunday nazoratchi, ishonchli shaxs otaliq deb atalgan. Balog‘atga yetmagan shahzodalar ulg‘ayib, mustaqil faoliyat yuritgunlariga qadar viloyatlardagi davlat ishlarini uning nomidan otaliqlar boshqargan. Yana bir davlat mansabi – parvonachi deb atalgan. Uning vazifasi xon farmonlarini, rasmiy hujjatlarni mas’ul shaxslarga, ijrochilarga yetkazishdan iborat bo‘lgan. Dodxoh mansabida ishlagan amaldor dargohga tushgan arizalarni qabul qilgan va ularga javob qaytargan. Shuningdek, dodhoh mamlakatda adolat mezonlariga amal qilinishini ham nazorat qilgan. Muhim davlat mansablaridan yana biri – ko‘kaldosh mansabi edi. Bu mansabga xon sulolasiga eng yaqin shaxslardangina tayinlangan. Ko‘kaldosh xon siyosatiga fuqarolarning munosabatini o‘rgangan va bu siyosatning daxlsizligini ta’minlagan. Xon va shahzodalar o‘rtasidagi ichki munosabatlar masalasi bilan xon yasovuli mansabida ishlagan amaldor shug‘ullangan. Shayboniylar davlatida eshikog‘aboshi lavozimi ham muhim sanalgan. U dargoh xavfsizligi, undagi tartib hamda kelgan-ketganlardan xabardor bo‘lib turish masalalari bilan shug‘ullangan. Yuqori davlat lavozimlari ichida katta mavqega ega bo‘lgan lavozimlardan yana biri shayxulislom hisoblangan. Shayxulislom shariat qonunlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirgan. Qozikalon bo‘lgan amaldor esa sud ishlariga yetakchilik qilgan. Yana bir muhim davlat lavozimi muhtasib (rais) deb atalgan. Bu lavozimni egallagan amaldor mamlakatda jamoat tartibining saqlanishini, diniy marosim va amallarga rioya qilinishini kuzatgan, bozorlarda narx-navo va tarozilarning to‘g‘riligini nazorat qilish bilan shug‘ullangan. Mehtar lavozimiga tayinlangan mansabdor esa zakot va boshqa tushumlardan tushgan mablag‘larni zarur o‘rinlarda ishlatishni nazorat qiluvchi amaldor hisoblangan. Xonlikda davlat lavozimi mansabdori hisoblanmasa-da, naqib unvoniga sazovor bo‘lgan shaxsning xon saroyida nufuzi baland bo‘lgan. Chunonchi, u xonning yaqin va ishonchli kishisi sanalgan. Ayni paytda, u davlat ichki va tashqi siyosati masalalarida xonning maslahatchisi ham hisoblangan. Zarur bo‘lganda elchilik vazifasini ham bajargan. Download 3.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling