O’zbekiston respulikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi farg’ona davlat universiteti tarix fakulteti
Buxoro xonligining tashkil topishi
Download 3.87 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi o\'quv uslubiy majmuasi
Buxoro xonligining tashkil topishi. Shayboniylar urf-odatiga ko‘ra, vafot etgan xon o‘rniga taxtga yoshi katta shayboniy o‘tqazilgan. Shuning uchun ham Muhammad Shayboniyxonning o‘limidan so‘ng taxtga bevosita uning avlodlari emas, amakisi Ko‘chkunchi Sulton (1510-1530, (Mirzo Ulug’bekning qizi Robiya Sultonbegim bilan Abulxayirxonlarning farzandi) o‘tqazilgan. XVI asrning 40-yillaridan so‘ng bu urf-odatga rioya etilmay qo‘yilgan. Ko‘chkunchixondan so‘ng esa taxtga uning o‘g‘li Abu Said (1530-1533) o‘tirdi. Undan keyin esa hukmdorlik Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydullaxon (1533-1540) qo‘liga o‘tdi. Ubaydullaxon poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chirtirdi. Ubaydullaxon Buxoroga ota meros mulk deb qarar edi, chunki Shayboniyxon hayotligidayoq Buxoro hokimligini ukasi Mahmud Sulton (Ubaydullaxonning otasi)ga bergan edi. Shu tariqa, shayboniylarning Movarounnahrda tashkil etgan davlati endilikda rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb ataladigan bo‘ldi.
Ubaydullaxon o‘z davlatining chegarasini Shayboniyxon davridagi sarhadlarda qayta tiklashga harakat qildi. U Hirotni ishg‘ol etgan Eron qo‘shinini bir necha marta mag‘lubiyatga uchratgan edi. Ayni paytda, u mamlakat ichkarisidagi o‘zaro kurash va tarqoqlikka barham berdi. Ubaydullaxon vafot etgach esa ichki ziddiyatlar yana kuchaydi. Hokimiyat uchun qattiq kurashlar boshlandi. Shayboniyxon avlodlarining har biri toj-taxtga da’vogar edilar. Ularning har biri o‘z ota merosi bo‘lgan hududlarda mustaqillikka intilar, imkoni bo‘lsa, xonlik taxtini egallash ishtiyoqida edilar. Buning natijasida, Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullaxon I ning qisqa vaqt hukmdorligidan so‘ng mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik vujudga keldi. Ya’ni bir davlatda ikki hukmdor paydo bo‘ldi.Biri – Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon Buxoroda, ikkinchisi –Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdulatifxon Samarqandda hukmdorlik qila boshladilar. Mamlakat bir necha mustaqil hokimliklarga bo‘linib ketdi. Mamlakatdagi parokandalikka chek qo‘yish uchun markaziy hokimiyatni yana tiklash va kuchaytirish zarur edi. Bu zaruriyatni urushlarsiz amalga oshirib bo‘lmas edi. Ana shunday sharoitda kurash maydoniga Miyonqol hokimi Iskandar Sultonning o‘g‘li Abdullaxon II (1534-1598) chiqdi. 1556-yili Muhammad Islomning ko‘magida Abdullaxon II Buxoro taxtini egallaydi. To‘g’ri, 1557-1561-yillarda amakisi Pirmuhammadxon, 1561-1583-yillarda otasi Iskandarxon oliy xukmdor deb e’lon qilingan bo‘lsada, amalda xukmdor Abdullaxon II edi. Abdullaxon II siyosiy tarqoqlikka qarshi uzoq yillar urush olib borib, 1573-yilda Farg’onani, 1574-yilda Shahrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlarini, 1578-yilda Samarqandni, 1582-yilda Toshkent, Shohruhiya, Ohangaron va Sayramni, 1583-yilda Balxni, 1584-yilda Badaxshonni, 1588-yilda Hirotni, 1595-yilda Xorazmni zabt etib, mamlakatni birlashtirish ishini uddaladi. Uning davlati sarhadlari janubda Hirotdan Mashhadgacha, shimolda Orol dengizigacha, Kaspiy dengizidan Issiqko‘lgacha yetdi. Butun Movarounnahr, Xorazm va Xuroson yana yagona hukmdor qo‘li ostida birlashtirildi. XVI asr oxirlariga kelib Buxoro xonligi nisbatan markazlashgan ulkan davlatga aylandi. Rossiyada bu davlatga nisbatan „Velikaya Buxariya “ (Buyuk Buxoro) iborasi qo‘llangan edi. Shunday qilib, XVI asrdagi davlatchiligimiz tarixida yetakchi sulola – shayboniylar sulolasi bo‘ldi. Sulolaning eng qudratli vakili Abdullaxon II davrida esa o’zbek davlatchiligi o‘z tarixida yana bir bor yuksak darajaga ko‘tarila oldi. Abdullaxon II 1598-yilda vafot etgach, taxtni uning o‘g‘li Abdulmo‘min (1598-1599) egalladi. Biroq ko‘p o‘tmay Abdulmo‘min fitnachilar tomonidan o‘ldirildi. Taxt uchun kurash yakunida Abdullaxon II ning amakivachchasi Pirmuhammad (1599-1601) taxtga o‘tqazildi. Ichki nizolar tufayli Buxoro xonligida sodir bo‘lgan og‘ir vaziyatdan foydalangan Eron hukmdori shoh Abbos bostirib kirib, Nishopur, Sabzavor, Mashhad, Hirotni egallaydi. Xorazm esa xonlik tasarrufidan chiqib, davlat mustaqilligini tiklab oldi. Ayni paytda, qozoq xoni Tavakkal Movarounnahrga qo‘shin tortib, Axsi, Andijon, Toshkent, Samarqandni egallab, Buxoroga yurish qildi. Pirmuhammadxon qo‘shini 1599-yilda Tavakkal qo‘shinini tor-mor keltirdi va Movarounnahr hududini ozod etdi. Qozoqlar qo‘shini Dashti Qipchoqqa chekindi. Pirmuhammad Buxoro xonligini yana ikki yilcha idora qildi. 1601-yilda Pirmuhammad va kelib chiqishi ashtarxoniylardan bo‘lgan Boqi Muhammad o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz beradi. Mag‘lub bo‘lgan Pirmuhammad o‘ldirildi. Shunday qilib Abdullaxon II vafotidan atigi 3 yil o‘tgach bir asr davom etgan shayboniylar sulolasi hukmronligi barham topdi. Download 3.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling