Soliq va majburiyatlar. Barcha davlatlarda bo‘lganidek, Xiva xonligida ham aholi to‘laydigan soliqlar va ular o‘taydigan majburiyatlar belgilab qo‘yilgan edi. Xonlikda asosiy soliq salg‘ut, ya’ni yer soligi hisoblangan. Hunarmandlar, tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi savdogarlar, chorvadorlar zakot to‘lashgan.
Bundan tashqari, mehnatkash xalq quyidagi bir qancha majburiyatlarni ham o‘taganlar:
1. Begar rasman 12 kunlik davlat majburiyati; unga ko‘ra, qishloqning har bir xonadonidan bir kishidan odamlarni to‘plashardi. Ular har yili turli qurilish ishlarida, kanal qazishda, yo‘llarni tuzatishda, turli binolar qurilishida ishlar edilar.
2.Qazu-butun qishloq aholisini katta va kichik kanallarni tozalashga safarbar etish majburiyati.
3. Ichki va obxo‘ra qazu – har yili kanallarning suv taqsimlagichini tozalash majburiyati.
4.Hachi – himoya dambalari qurish va ularni mustahkamlashda qatnashish majburiyati.
Hunarmandchilik. XVIII asr ikkinchi yarmi va XIX asr birinchi yarmida ham avvalgi asrlarda mavjud bo‘lgan hunarmandchilikning har xil turlari yanada rivojlandi. Me’morchilikning yuksalishi kulolchilikda ham o‘z ifodasini topdi. Kulollar faqat alohida-alohida buyumlar tayyorlabgina qolmasdan, bir necha yuzlab lagan, tovoq va kosalardan iborat butun bir to‘y marosimini o‘tkazishga yetadigan to‘y majmualarini ham tayyorlaganlar. Alohida tantanalar uchun maxsus to‘y va podshoyi tovoqlar ham tayyorlangan. XIX asrning 30-40-yillariga oid manbalarda Xivada zargarlik yetakchi hunarlar qatorida tilga olingan. Xivaning bosh taqinchogi – jig‘a Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga ham keng tarqalgan. Isirg‘alar feruza va marjonlar, bilaguzuklar esa toshlar bilan bezatilgan. XIX asrda Xiva yog‘och o‘ymakorligi maktabi xonlikda oldingi o‘rinda turardi. U o‘z badiiy yuksakligi bilan ajralib turardi. Bu o‘rinda Olloqulixon saroyidagi Toshhovli ayvon ustunlari majmuyi o‘zining ko‘rkamligi bilan ajralib turadi. XIX asr o‘rtalarida o‘ymakori eshik va ustunlar ustasi Polvon Abdusattor o‘glining nomi ayniqsa shuhrat qozondi. Xiva shahri, ayni paytda, XX asr boshlarigacha xonlikda yagona shoyi to‘qish markazi bo‘lib qoldi.
XIX asrda Xivada matoga gul bosish san’ati o‘zining kulrang uyg‘unligi va mayda gullari bilan Markaziy Osiyoning boshqa gul bosish markazlaridan farq qilib turgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |