O’zbekiston respulikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi farg’ona davlat universiteti tarix fakulteti
Mustamlakachilik idora usulining joriy etilishi
Download 3.87 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi o\'quv uslubiy majmuasi
Mustamlakachilik idora usulining joriy etilishi.
Rossiya harbiy vaziri, graf D.Milyutin, podshoh maslahatchisi V.Girs 1867-yilda «Turkiston o’lkasini boshqarish tartibi» haqida qonun loyihasini tuzdilar, u Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlandi va amalda kuchga kirdi. O’lkada mutlaq hokimiyat general-gubernator qo’lida to’plandi. General-gubernatorlik Kengashi va to’rt bo’limdan iborat mahkama tuzildi. Birinchi bo’lim ma’muriy va nazorat, ikkinchisi moliyaviy-xo’jalik, uchinchisi soliq va shaharlar mablag’lari ishlarini boshqargan. To’rtinchisi maxsus bo’lim deb atalgan. General-gubernator bir vaqtda podshoh noibi, harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni, bosh mirshab, bosh prokuror bo’lgan. U Buxoro amiri faoliyatini Rossiya imperatori agentligi orqali (1886-1917), Xiva xonini esa Amudaryo bo’limi (1873-1917) boshlig’i orqali nazorat qilib turgan. Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarga, viloyatlar uyezdlarga, uyezdlar uchastkalarga bo’lingan. Viloyat harbiy-gubertanorligiga general darajasidagi, uyezd boshlig’iga polkovnik darajasidagi, uchastka boshlig’iga kapitan darajasidagi zobitlar tayinlangan. Mazkur ma’muriy tuzulmaning o’zagi uyezd bo’lib, uning boshlig’i general-gubernator tomonidan tasdiqlangan va katta vakolatga ega bo’lgan. Uyezd boshlig’i ma’muriy, politsiya, harbiy hokimiyatlarni o’zida birlashtirgan, odamlarga jarima solish, 7 kungacha hibsda saqlashi mumkin bo’lgan, shu boisdan uni «hokim to’ra» deb ham atashgan. Uchastka boshliqlari ham odamlarga jarima solish, 3 kungacha hibsda saqlab turishi mumkin bo’lgan. Qishloqlarni boshqarish uchun uchastka boshlig’iga bo’ysunuvchi bo’lis (volost) va ovul ma’muriy boshqaruvi joriy etildi. 1-2 ming xonadon yashovchi hudud bo’lis, 1-2 yuz o’tovli hudud ovul deb ataldi. Mahalliy aholi orasidan bo’lis boshqaruvchisi (oqsoqol yoki mingboshi), qishloq oqsoqollari (yuz boshi, ellik boshi, o’n boshi) hamda ovul oqsoqollari, ularning o’rinbosarlari saylanadigan bo’ldi. Ammo bu mahalliy boshqaruv tizimi Rossiya ma’muriyati qo’lida bo’lgan, nomigagina saylangan mahalliy aholi vakillari ularning qo’lida qo’g’irchoq bo’lganlar. Mustamlakachilar Toshkent shahrini Turkiston general-gubernatorligining ma’muriy markazi etib tanlashdi. Shaharda 80 mingcha aholi yashardi, uning hududida 270 ta mahalla, 310 ta masjid, 17 ta madrasa, 11 ta hammom, 15 ta do’konli saroy va boshqa inshootlar bo’lgan. Bosqinchilar Toshkentning sharqiy qismidan joy tanlab, tanlangan joydagi mahalliy aholini ko’chirib, Rossiyadan kelganlar yashaydigan uylar, ko’chalar, oromgohlar qurdilar. Shaharning bu qismi Yangi shahar deb ataldi. Shaharni hokim boshqargan. Toshkent shahar Dumasi. Toshkent shahrini boshqarish Nizomi ishlab chiqildi va u 1877-yilda Sankt-Peterburgda tasdiqlangach kuchga kirdi. Nizomga ko’ra Toshkent shahar Dumasi va boshqarma saylash nazarda tutilgan. Toshkent shahar Dumasi noiblarining uchdan ikki qismi yangi shahardan, uchdan bir qismi eski shahar aholisidan saylanadi, deb belgilangan edi. Ko’chmas mulki miqdoriga qarab, saylovchilar uch toifaga ajratiladi. Mulk senzi nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, ko’chmas mulk qiymatining bir foizi hisobidan 3000, 1000, 500 so’mdan ziyod ko’chmas mulk egalaridan uch toifali saylovchilar ro’yxati tuziladi. Yetarli mulkka ega bo’lmagan ziyolilar, ishchilar, dehqonlar, hunarmandlar saylov huquqidan mahrum bo’lib qoldilar. 1877-yilda Toshkent shahar hokimi raisligida har bir toifa bo’yicha saylovchilar yig’ini bo’lib o’tdi va Dumaga 71 noib (glasniy) saylandi. Dumaga Toshkentning 80 mingdan ortiq aholi yashaydigan eski shahar qismidan, ya’ni tub yerli aholidan atigi 21 nafar noib saylandi, aksariyat ko’pchilik noiblar esa 4000 mingga yaqin kishi yashaydigan yangi shahar qismidan saylandi. Bu holat boshqaruvning mustamlakachilik mohiyatini yaqqol ochib beruvchi dalildir. Toshkent shahar Dumasi farmoyish beruvchi organ bo’lib, uni shahar hokimi - oqsoqol boshqarardi. Turkiston general-gubernatori tomonidan Duma oqsoqoli (glava) etib shahar hokimi polkovnik E.P.Pukalov tayinlanadi. Noiblar orasidan ijro etuvchi hokimiyat - shahar boshqarmasi (mahkamasi) tuziladi. Toshkent shahar Dumasi ma’muriy va o’quv binolari, yo’l qurilishi, obodonlashtirish, suv ta’minoti va boshqa shahar xo’jaligi bilan bog’liq ishlar bilan shug’ullanardi. Jumladan, 1892-yilda shaharda telefon aloqasining yo’lga qo’yilishi, 1901-yilda ot tortuvchi tramvay yo’li (konka)ning, 1912-yilda elektr toki bilan yuruvchi tramvay yo’lining barpo etilishi, ko’chalarni yorituvchi elektr lampochkalarining o’rnatilishi kabilarni Toshkent shahar Dumasining ijobiy ishlari qatoriga kiritish mumkin. O’lkada tashkil etilgan politsiya va sud idoralari ham mustamlakachilik tartibini mustahkamlashga, mahalliy aholining har qanday norozilik harakatini bo’g’ish va bostirishga qaratilgan edi. Podshoizmning ma’muriy idora usuli o’lkani iqtisodiy o’zlashtirish, aholini ma’naviy jihatdan tobelikda saqlash, ruslashtirish siyosati bilan uyg’unlashtirilgan edi. Download 3.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling