O‘zbekiston tarixi


-mavzu. O‘zbek xalqining etnik shakllanishi.1


Download 1.88 Mb.
bet9/100
Sana23.11.2023
Hajmi1.88 Mb.
#1794963
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   100
Bog'liq
Murtazaeva R - O\'zbekiston tarixi. 2005

3-mavzu. O‘zbek xalqining etnik shakllanishi.1

Etnogenez va uni o‘rganish masalalari

Hozirgi kunga kelib Respublikamizda milliy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, milliy mafkura g‘oyalarini fuqorolarimiz ongiga yanada chuqurroq singdirish va yanada teran anglatish kuchayib, O‘zbekiston xalqlarining o‘z o‘tmish va kelib chiqishiga qiziqishi ortib bormoqda. Xususan o‘zbek xalqining etnik tarixi, uning xalq sifatida shakillanishi masalalari dolzarb ekanligi yurtboshimiz I.A.Karimovning “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q“ asarida (1998) har tomonlama asoslab berildi. Bu yo‘nalishda tarixchilarimiz oldiga yechimi hayotiy zarur bo‘lgan vazifalar qo‘yildi. Jumladan yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Movarounnahr sarhadlariga uzoq tariximiz davomida ne-ne bosqinchilar kirib kelmagan, ko‘p yillar, balki, asrlar davomida yutrimizda ne-ne o‘zga sulolalar hukmronlik qilmagan deysiz... Erondan Ahmoniylar, Yunonistondan Aleksandr keldi, Arabistondan Qutayba, Mug‘ulistondan Chingizxon keldi, rus istilochilari keldi. Lekin xalq qoldiku?..., ana shunday har tomonlama mudhish, chetdan qaraganda xalqimiz, uning madaniyati, milliy tafakkuri, urf-odatlari, turmush tarzi, hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, nasl-nasabi yo‘q bo‘lib ketishi kerak bo‘lgan sharoitda baribir, qator yo‘qotishlar bilan bo‘lsa ham, millatimiz o‘zligini saqlab qololdimi yo yo‘qmi? Olimlarimiz ana shu savolga javob bersinlar”.


Etnogenez yoki birorta xalqning kelib chiqish tarixi masalalari tarix fanining yutuqlari bilan chambarchas bog‘liqligi ko‘pchilik tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etilgani ma’lum. Ammo, tarix fanining boshqa yo‘nalishlariga (arxeologiya, etnografiya, antropoliya va bosh.) nisbatan o‘zbek xalqi etnogenezi hamon jiddiy tadqiqotlar talab etadi. Etnogenez va etnik tarix masalalari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu yo‘nalishdagi ayrim kuzatishlarni yunon, xitoy, rim, arab, eroniy va turkiy tillarda yozilgan qadimgi hamda o‘rta asr mualliflari va sayyohlari asarlarida uchratish mumkin. Ular o‘z asarlarida xalqlarning tashqi qiyofasidagi umumiylik, ba’zi urf-odatlarning yaqinligi va tillarning o‘xshashligini ta’kidlaganlar. Ammo, ular bu jarayonlarning asl sabablarini ochib bera olmaganlar. XIX-XX asr boshlarida olib borilgan tadqiqotlar nisbatan samarali bo‘lishiga qaramay bu tadqiqotlar ham xalqlarning etnik kelib chiqishi, madaniyati va tillaridagi o‘xshashlik sabablari va mohiyatini to‘la ochib bera olmadi.
So‘nggi 20-25 yil ichida Respublikamiz hududlarida olib borilgan arxeologik, antropologik va etnografik tadqiqotlar natijalarini umumlashtirgan antropolog olim T.Q. Xo‘jayov har bir xalqning etnogenezini o‘rganishda quyidagi tamoyillarga asosiy e’tibor berishni taklif etadi:
1) biror xalqning kelib chiqishi tarixi ko‘p qirralik jarayon bo‘lib, u o‘z ichiga shu xalqning madaniyati va ijtimoiy tuzilmasi, uning biologik xususiyatlari, o‘zining jamiyatda tutgan o‘rnini tushunish, tili va o‘zligini tanishni qamrab oladi;
2) etnogenez masalasiga bir tomonlama qarab, uni soddalashtirish bilan chegaralanib qolmasdan, shu xalqning kelib chiqish tarixida ma’lum ahamiyat kasb etgan barcha tarkibiy qismlar ham e’tiborga olinishi shart;
3) etnogenez murakkab va uzoq davom etgan jarayon. Binobarin, bu jarayonni bosqichma-bosqich tiklash maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, A.A. Asqarov o‘zbek xalqi etnogeneziga bag‘ishlangan so‘nggi yillardagi (2002 y.) ishlaridan birida har bir xalq etnogenezi va etnik tarixini o‘rganishda quyidagi nazariy va ilmiy metodologik tamoyillarga amal qilish talab etilishini ta’kidlaydi:

  • birinchidan, etnogenez va etnik tarixni o‘rganishda tadqiqotchi birinchi navbatda o‘rgananyotgan xalq etnogenezisi qachondan boshlanganligini aniqlab olmog‘i kerak. Chunki, etnos faqat kishilik jamiyati taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida paydo bo‘ladi. Yetnogenezning boshlang‘ich nuqtasi esa etnosning qadim zamonlarda yashagan «ajdodlariga» borib taqaladi. Bu jarayon mil.avv. II ming yillik oxirlarida yuz berdi.

  • Ikkinchidan, etnos bu biologik hosila emas, balki ijtimoiy hodisadir. U kishilik taraqqiyoti ma’lum bir bosqichining hosilasidir. Yetnos o‘zining shakllanish jarayonida bir xil sabablarga ko‘ra uning tarkibiga yangidan-yangi etnik qatlamlar qo‘shilib boradi. Yer yuzining barcha xalqlari kelib chiqishi jihatidan ko‘p etnik qatlamlidir. Darhaqiqat, o‘zbek xalqi etnogenezining ilk bosqichlaridan to xalq sifatida shakllanib bo‘lguniga qadar uning asosiy tarkibini tashkil etgan avtoxton (mahalliy) so‘g‘du-xorazmiy va qadimgi turkiyzabon qatlamlardan tashqari o‘ziga turli davrda har xil miqdorda mahalliy va tevarak atroflardan kelib qo‘shilgan etnik guruhlarni singdirib yubordi.

  • Uchinchidan, har bir xalqning etnik tarixini o‘rganish etnik birlikning shakllanish jarayonini ilk bosqichidan boshlashni taqozo etadi. Chunki etnik birlikning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va uning etnosga aylanishi juda qadim-qadimgi zamonlardan boshlanib hozirgi kungacha davom etayotgan butun bir tarixiy jarayondir.

  • To‘rtinchidan, har bir xalqning etnik tarixi bilan shug‘ullanganda nafaqat etnik birlikning boshlang‘ich jarayonini, balki uning keyingi davrlarini, unga xos muhim etnik belgi va alomatlarni aniqlab, o‘rganib borish talab etiladi.

  • Beshinchidan, etnogenetik jarayonni o‘rganishda masalaga har tomonlama yondoshish, ya’ni etnogenezga aloqador fan yutuqlaridan foydalanish muammo yechimiga obyektiv ilmiylik bag‘ishlaydi. Yetnogenez muammolarini hal etishda foydalanilayotgan birlamchi manbalarning nisbati va xususiyatini bilish muhimdir. Bu manbalar antropologiya, arxeologiya, etnografiya, yozma yodgorliklar, tilshunoslik, epigrafika va boshqalardir.

Yuqoridagi tamoyillarga to‘la rioya qilingan holdagina ayrim xalq etnogeneziga oid muammolarni ilmiy nuqtayi nazardan mukammal va har tomonlama ochib berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ammo, O‘rta Osiyoda, xususan O‘zbekiston hududlarida qadimgi davrlardan sodir bo‘lib kelayotgan etnik jarayonlarni har tomonlama yoritishdan avval ayrim fanlar sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni oxiriga yetkazish bilan undan boshqa soha mutaxassislari ham foydalanishi mumkin bo‘lgan darajasiga chiqarish maqsadga muvofiqdir. So‘nggi yillardagi arxeologik izlanishlar qadimgi aholining moddiy va ma’naviy madaniyati, uning turmush tarzi, uy-ro‘zg‘or ashyolari, an’anaviy xo‘jaligi va boshqalar haqida muhim ma’lumotlar olish imkonini berdi. Bu jarayon esa yangi antropologik ma’lumotlar to‘plash va ularni tahlil etishga asos bo‘ldi.
Etnogenez jarayoni turli xalqlarning ajdodlari tarixidan boshlanadi. O‘zbek xalqi ajdodlarining tarixi juda katta tarixiy davrni o‘z ichiga oladi. Uzoq tarixiy taraqqiyot yo‘lida ajdodlarimiz murakkab etnogenez jarayonlarini boshdan kechirganlar. Bu jarayonlar antropologik qiyofalar, qabilalar, xalqlar va elatlarning aralashib ketishi, madaniy an’analarning qo‘shilib yangi asosda rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan.
Tarixiy adabiyotlardan bizga ma’lumki, fanning ko‘pgina tarmoqlariga, jumladan, xalqlar haqidagi fanga bundan 2-2,5 ming yil ilgari qadimgi Yunonistonda asos solingan. Shuning uchun ham zamonaviy fanda yunon tilidan olingan so‘zlar ko‘p uchraydi. Bunday so‘zlarni xalqlar haqidagi fanlarda ham uchratish mumkin. Qadimgi yunonlarda “xalq“ tushunchasini ifodalovchi bir necha so‘zlar bo‘lgan. Shulardan biri “demos” bo‘lib, bu so‘z orqali aholining asosiy qismi tushunilgan (mas. “demokratiya”-”xalq hokimiyati”, “demografiya”- ”xalqlarni ta’riflash” va boshq.). Shunday so‘zlardan yana biri “etnos” bo‘lib aynan tarjimasi “xalq“ demakdir. Yetnografik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, har qanday etnos o‘z shakllanishining dastlabki pallasida bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq odamlar jamoasidan iborat bo‘ladi.
Ayrim etnoslarni bir-biridan farqlovchi muhim belgilaridan biri bu madaniy xususiyatlardir. Bu xususiyatlarni har bir xalq o‘z tarixiy-madaniy rivojlanish jarayonida o‘zlashtiradi va avloddan avlodga qoldiradi. Fanda bu jarayon “etnik an’analar” deyiladi. Bunday an’analar har bir xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy geografik shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan u yoki bu tarixiy davrlarda shakllanadi. Yetnosni qisqacha qilib uyushgan til-madaniy jamoasi deyish mumkin. Ilmiy adabiyotlarda “etnik jamoa” degan so‘z ham ko‘p ishlatiladi. Faqatgina alohida xalqlarni emas, balki ularning kelib chiqishida qarindoshchiligi bo‘lgan guruhlarni ham etnik jamoa deb atash mumkin.
Tadqiqotchilarning fikricha, qarindosh-urug‘chilik etnik jamoalari asta-sekinlik bilan urug‘ jamoalariga aylanib boradi. Urug‘-birga yashab, hamkorlikda mehnat qilgan qarindoshlar uyushmasi bo‘lib, ma’lum xalqlarning etnik shakllanishidagi dastlabki bosqichlardan biri sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.


Download 1.88 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   100




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling