O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari to‘g‘risida


Download 20.61 Kb.
Sana14.11.2020
Hajmi20.61 Kb.
#145962
Bog'liq
NIZOM


O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari to‘g‘risida

 NIZOM


 

I. Umumiy qoidalar

 1. Mazkur Nizom O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini tartibga soladi.

 2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti (keyingi o‘rinlarda boshlang‘ich tashkilot deb yuritiladi) Ittifoqning maqsad-vazifalarini oliy ta’lim muassasasi miqyosida amalga oshiradigan, ta’lim muassasalaridagi talabalar va yosh o‘qituvchilarni o‘z atrofida birlashtiradigan, ularning manfaatlari va huquqlarini himoya qiladigan eng quyi tuzilma hisoblanadi.

 3. Boshlang‘ich tashkilot oliy ta’lim muassasasining Yoshlar ittifoqi maqsad-vazifalariga xayrixoh bo‘lgan kamida besh nafar yoshlarining tashabbusi bilan tuziladi hamda Ittifoqning mahalliy kengashlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.

 4. Boshlang‘ich tashkilotlar oliy ta’lim muassasalarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faoliyatini amalga oshiradi.

 5. Oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar o‘zlari joylashgan hududdagi Ittifoqning mahalliy kengashlariga birlashadi.

 6. Boshlang‘ich tashkilotlar yoshlar etakchisi va etakchilar kengashi a’zolari faoliyat yo‘nalishi, qiziqishi hamda yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, Ittifoqning mahalliy va hududiy kengashlari qoshida o‘z tashkilotlari (uyushmalar, markazlar, klublar, to‘garaklar va boshqalar)ni tuzish tashabbusini bildirishi yoki mavjud tashkilotlarga ixtiyoriy qo‘shilishi mumkin.

 7. Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli mahalliy kengashlari hamda oliy ta’lim muassasasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

 8. Boshlang‘ich tashkilot o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonun hujjatlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Ustavi, oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.

 II. Boshlang‘ich tashkilotning maqsad va vazifalari

 9. Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi ta’lim muassasalarida yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoit yaratib berishga ko‘maklashish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda har tomonlama barkamol shaxslar bo‘lib etishiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.

 10. Boshlang‘ich tashkilot o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:

 - yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, milliy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va oilaviy qadriyatlarni chuqur singdirish;

 - yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan fuqarolik huquq va burchlarini anglatish, ularga mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarining muammolari, ta’lim sifati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, davomati, darsliklar va kutubxonadan foydalanish darajasini o‘rganib borish, yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etishda ko‘maklashish;

 - yoshlarning chuqur bilim olishi, chet tillarini o‘rganishi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashi hamda ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

 - iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan klub va to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;

 - imkoniyati cheklangan hamda maxsus ehtiyojli yoshlarning inklyuziv ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash;

 - notinch oila farzandlari, tarbiyasi og‘ir va nosog‘lom muhitga tushib qolgan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi hamda darslarni muntazam qoldirib kelayotgan talabalarni ta’lim jarayoniga qaytarish, qizlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish;

 - yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;

 - yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;

 - yoshlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli illatlar, axborot xurujlari, diniy aqidaparastlik, missionerlik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlari o‘rtasida yoshlar turizmini rivojlantirish, ularning o‘zlari yashayotgan hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, muzeylar, teatrlar, mustaqillik davrida barpo etilgan inshootlarga tashrifini uyushtirish;

 - yoshlar, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va turli sport musobaqalarida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish;

 - yoshlarga tibbiy madaniyat, xususan, kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini keng tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish;

 - yoshlar o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish orqali ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash.

 III. Boshlang‘ich tashkilotning huquq va majburiyatlari

 11. Boshlang‘ich tashkilotning huquqlari quyidagilardan iborat:

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘quv, tarbiya va boshqa jarayonlarda ishtirok etish, mas’ul xodimlar va o‘qituvchilardan zarur ma’lumotlarni olish hamda nazorat qilish;

 - oliy ta’lim muassasasidagi darslar sifati, o‘qituvchilar saviyasi va talabalar bilan munosabati, shuningdek, kutubxona, sport ob’ektlari faoliyatini o‘rganish, reydlar, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;

 - oliy ta’lim muassasasidagi sharoitlardan to‘la foydalanish, yoshlar ishtirokida to‘garaklar, klublar tashkil etish, ish rejadagi chora-tadbirlarning oliy ta’lim muassasasi tomonidan moliyalashtirilishini talab etish;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarining muammolari, taklif-tashabbuslari yuzasidan oliy ta’lim muassasasi rektori va yuqori tashkilotlarga takliflar kiritish;

 - nizomda belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasida qo‘shimcha tuzilmalarini tashkil etish;

 - faoliyatiga doir ma’lumotlarni tarqatish va targ‘ib etish.

 Boshlang‘ich tashkilot tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

 12. Boshlang‘ich tashkilotning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

 - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, Yoshlar ittifoqi hamda oliy ta’lim muassasasi tomonidan qabul qilingan normmativ-huquqiy hujjatlar doirasida faoliyat yuritish, ularda belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish;

 - yoshlar ittifoqining mahalliy, hududiy va respublika kengashlari, oliy ta’lim muassasasi kengashi hamda rahbariyatining tegishli topshiriqlari va ko‘rsatmalarini bajarish;

 - yoshlar ittifoqining mahalliy kengashi hamda oliy ta’lim muassasasi rahbariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etib borish;

 - boshlang‘ich tashkilot uchun ajratilgan xonalar, moddiy-texnik vositalar va mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanish;

 - oliy ta’lim muassasasining o‘quv, tarbiya va boshqa ishlariga ko‘maklashish.

 IV. Boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilishi

 13. Boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasiga quyidagilar kiradi:

 - yoshlar etakchisi saylovi;

 - umumiy yig‘ilish;

 - yoshlar kengashi (yoshlar etakchisi, yoshlar kengashi etakchilari);

 - fakulьtet yoshlar kengashi;

 - guruh etakchisi;

 - talabalar turar joyi, mehnat jamoasidagi etakchi;

 - boshlang‘ich tashkilot qoshidagi tuzilmalar (to‘garaklar, klublar va boshqalar).

 14. Yoshlar etakchisining saylovi har o‘quv yili boshi (sentyabrь oyi)da o‘tkaziladi.

 15. Umumiy yig‘ilish faoliyati tartibi:

 - ittifoq boshlang‘ich tashkilotlarning rahbar organi hisoblanadi;

 - umumiy yig‘ilish har chorakda bir marta o‘tkaziladi;

 - umumiy yig‘ilishda yoshlar kengashi, fakulьtet kengashi, guruh etakchilari va Ittifoq a’zolari ishtirok etadi.

 16. Yoshlar kengashining faoliyati tartibi:

 - yoshlar kengashi ijrochi organ bo‘lib, boshlang‘ich tashkilot maqsad-vazifalari va rejalarining to‘liq bajarilishini ta’minlaydi;

 - yoshlar kengashi tarkibi yoshlar etakchisi saylangandan keyin o‘tkaziladigan dastlabki umumiy yig‘ilishda yoshlar etakchisi tomonidan e’ln qilinadi;

 - yoshlar kengashi faoliyatiga yoshlar etakchisi rahbarlik qiladi.

 17. Yoshlar kengashini shakllantirish tartibi:

 - Yoshlar kengashi Yoshlar ittifoqining o‘zini o‘zi boshqaruvchi organi hisoblanadi;

 - yoshlar kengashi fakulьtet, oliy ta’lim muassasasi, hududiy va respublika miqyosida saylanadi hamda faoliyat olib boradi;

 - etakchi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi, hududiy hamda respublika yoshlar kengashiga faqat bir yo‘nalishda etakchilik qilish huquqiga ega bo‘ladi;

 - guruhlarda faqat 1 (bir) nafar yoshlar etakchisi faoliyat yuritadi.

 18. Yoshlar kengashi a’zolari muassisning Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.

 19. Yoshlar etakchisi lavozimiga ko‘rilayotgan nomzodlar:

 - 35 (o‘ttiz besh) yoshdan oshmagan, yoshlar bilan ishlash amaliyotiga ega;

 - etakchilik qobiliyati, notiqlik mahorati, tashabbuskorlik va fidoyilik xususiyatlariga;

 - boshqaruv qobiliyati, tashkilotchilik, jamoat bilan ishlash va ish yuritish bo‘yicha bilim-ko‘nikma hamda muayyan ish tajribasiga;

 - zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha malakaga;

 - yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi buzg‘unchi g‘oya va mafkuralar, ma’naviy tahdidlar, zararli illatlar haqida etarli tasavvurga;

 - mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati va ta’lim-tarbiya jarayoniga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda Yoshlar ittifoqi faoliyat tartibi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

 20. Yoshlar etakchisining faoliyati tartibi:

 - yoshlar etakchisi boshlang‘ich tashkilot faoliyatining samarali tashkil etilishini muvofiqlashtiradi, fakulьtet yoshlar kengashlari va guruh yoshlar etakchilari faoliyatiga rahbarlik qiladi, tizimdagi barcha etakchilar faoliyatiga uslubiy ko‘mak ko‘rsatadi, a’zolarning taklif-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi;

 - yoshlar etakchisi Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasasidagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qiladi;

 - oliy ta’lim muassasasi yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi;

 - yoshlar masalalariga oid davlat qarorlari va dasturlari ijrosini ta’minlaydi;

 - boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etadi va uning nomidan ish yuritadi;

 - boshlang‘ich tashkilot tarkibidagi to‘garaklar, klublar va boshqa tuzilmalar ishini boshqaradi;

 - yuqori tashkilotlar va oliy ta’lim muassasasi rahbariga boshlang‘ich tashkilot faoliyati yuzasidan so‘ralgan ma’lumot, axborot va hisobotlarni taqdim etib boradi;

 - boshlang‘ich tashkilot uchun belgilangan nomenklatura asosida ish yuritadi, yuqori tashkilotlar rahbarlari va oliy ta’lim muassasasi rektori topshiriqlarining bajarilishini ta’minlaydi;

 - boshlang‘ich tashkilot uchun ajratilgan xona, moddiy-texnik vositalar va mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta’minlaydi.

 21. Yoshlar etakchisi oliy ta’limi muassasasining barcha Kengashlari va yoshlar masalasiga oid boshqa komissiyalarga a’zo sifatida kiritiladi.

 22. Yoshlar etakchisi Ittifoqning mahalliy kengashi va oliy ta’lim muassasasi rektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadi.

 23. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini tashkil etish uchun guruhlar, talabalar turar joylari va mehnat jamoasida yoshlar etakchisi faoliyat yuritadi.

 24. Boshlang‘ich tashkilot tizimida yoshlarning qiziqishi va taklif-istaklaridan kelib chiqib, turli to‘garaklar va tuzilmalar tashkil etilishi mumkin.

 23. Boshlang‘ich tashkilot qoshidagi tuzilma (to‘garak, klub va boshqa)ga koordinatorlar saylanadi.

 24. Boshlang‘ich tashkilot qoshidagi tuzilmalar (to‘garak, klub va boshqa)ga oliy ta’lim muassasasining tegishli mutaxassislik bo‘yicha o‘qituvchi-pedagoglari jalb etiladi hamda ularning faoliyati yoshlar etakchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

 V. Yoshlar etakchisini saylash

 25. Yoshlar etakchisi saylovi oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh xodimlarining umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 26. Yoshlar etakchisi oliy ta’lim muassasasining talabalari va yosh professor-o‘qituvchilari orasidan saylanadi.

 27. Yoshlar etakchisi lavozimiga nomzod hujjatlarini har o‘quv yilining 10 sentyabrь kuniga qadar oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga taqdim etadi.

 28. Nomzodlarga saylovoldi tashviqotni olib borish uchun 10 kun (o‘n kun) muddat (11 sentyabrdan 20 sentyabrgacha) beriladi. Nomzodlar bu vaqt oralig‘ida saylovchilarni o‘z dasturlari bilan tanishtiradi.

 29. Yoshlar etakchisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora tarzda amalga oshiriladi.

 30. Saylovoldi tashviqoti saylov kunidan bir kun olidn to‘xtatiladi.

 31. Saylovlar 22 yoki 23 sentyabrь kuni soat 8:00 dan soat 18:00 gacha o‘tkaziladi.

 32. Saylovda saylovchilarning nisbatan ko‘p ovozini to‘plagan nomzod yoshlar etakchisi etib saylangan hisoblanadi.

 33. Saylovchilarning 33 (o‘ttiz uch) foizidan kami qatnashgan saylov o‘tmagan deb topiladi.

 34. Yoshlar etakchisi saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar yoshlar etakchisi saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmagan bo‘lsa, takroriy saylov o‘tkaziladi. Takroriy saylov ushbu Nizomda asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda hamda undagi shartlarga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

 Takroriy saylov asosiy saylov o‘tkazilganidan keyin 10 (o‘n kun) kun ichida o‘tkaziladi.

 35. Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganini yoritib borishi mumkin.

 36. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni hisoblash jarayonida matbuot, televidenie va radio vakillari qatnashish huquqiga ega.

 37. Yoshlar etakchisi saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylov kunidan kechiktirmay e’lon qilinadi.

 VI. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash

 38. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan boshlang‘ich tashkilot alohida xona, ish stoli va stullar, javonlar, kompьyuter jamlanmasi, printer, proektor, ekran, raqamli fotoapparat, flipchart hamda zaruriy devonxona mollari bilan ta’minlanadi.

 39. Boshlang‘ich tashkilotning ish rejasida belgilangan chora-tadbirlar oliy ta’lim muassasasining ish rejasiga kiritiladi.

 40. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo‘llanmalar va tarqatma materiallar bilan Yoshlar ittifoqi tomonidan ta’minlanadi.

 VII. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini to‘xtatish

 41. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatini to‘xtatishga asosli sabablar bo‘lsa uning faoliyati umumiy yig‘ilish qarori bilan o‘rnatilgan tartida tugatiladi.

  O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TAʹLIM VAZIRLIGI O‘ZBEKISTON YOSHLAR ITTIFOQI MARKAZIY KENGASHINING

QARORI


 O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-sonli farmoni va “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2017 yil 18 iyuldagi PQ-3138-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar manfaatlarining haqiqiy himoyachisi bo‘lishiga erishish, ta’lim sifatini oshirishga doir jarayonlarni o‘rganish hamda muassasada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qaror qiladi:

 1. Respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlarini tuzish bo‘yicha yoshlar tomonidan bildirilgan tashabbuslar Ittifoqning mahalliy kengashlari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangani inobatga olinsin.

 2. Quyidagilar:

 O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari to‘g‘risidagi nizomi 1-ilovaga muvofiq;

 O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 3. Yoshlar etakchisiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatiga rahbarlik qilish, tuzilma nomidan ish yuritish va majburiyatlari bo‘yicha javobgarlik yuklatilsin.

 4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga:



 O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari uchun oliy ta’lim muassasasi binosidan kamida 2 ta xona ajratish hamda zaruriy moddiy-texnik baza bilan ta’minlash (Yoshlar ittifoqining Kengash yig‘ilishlari va boshqa tadbirlari “Ma’naviyat xonasi”da o‘tkaziladi);

 O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti qoshidagi to‘garak va klublar faoliyat yuritishi uchun alohida xona ajratish va zarur sharoit yaratib berish;
Download 20.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling