O‘zbekistonda bozor islohotlarini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari


Download 15.44 Kb.
Sana17.01.2023
Hajmi15.44 Kb.
#1096629
Bog'liq
10-mavzu


10-mavzu O‘zbekistonda bozor islohotlarini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari
Iqtisodiy munosabatlar va tashkiliy-boshqaruv tuzilmalarining bir turidan butunlay boshqa yangi turiga o‘tish, iqtisodiy islohotlar strategiyasini ishlab chiqish va uning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olishni taqozo qiladi. Iqtisodiy islohotlar - bu bozor munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Iqtisodiy islohotlardan ko‘zda tutilgan maqsad mamlakat aholisi uchun mehnat qilish va yashashning eng yaxshi sharoitlarini yaratish, kishilarning maʼnaviy-ahloqiy yetukligiga erishish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni taʼminlashdan iborat.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
– mulkchilik munosabatlarni isloh qilish;
– agrar sohadagi islohotlar;
moliya-kredit va narx islohoti;
– davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish va bozor infratuzilmasini yaratish;
– tashqi iqtisodiy aloqalarni isloh qilish;
– ijtimoiy sohada amalga oshirilgan islohotlar.
Iqtisodiy islohotlarning bosh masalasi avvalo ko‘p ukladlilik tamoyili asosida mulkchilik munosabatlarini tubdan o‘zgartirish hisoblanadi, chunki ko‘p ukladli iqtisodiyot va raqobat muhiti shakilanib bozor iqtisodiyotiga o‘tishning shart-sharoitlari vujudga keltiriladi. Shu sababli Respublikada mulchilik munosabatlarini isloh qilishdan ko‘zda tutilgan maqsad davlat mulki ulushini sezilarli darajada kamaytirish va uni xususiylashtirish hisobiga ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirishdan iborat.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichidayoq qishloq xo‘jaligini isloh qilishga ustunlik berildi. Bunga asosiy sabablar sifatida quyidagilarni kiritish mumkin:
– milliy iqtisodiyotimizda agrar sohaning ustunlikka ega ekanligi, aholining aksariyat qishloq xo‘jaligida bandligi, iqtisodiy o‘sishning ko‘p jihatdan shu tarmoq ahvoliga bog‘liqligi, shuningdek, to‘planib qolgan ijtimoiy mummolarning yanada chigallashib, chuqurlashib ketishi. Mustaqillikning dastlabki yillarida ayniqsa, aholining 60 foizdan ortig‘i istiqomat qilayotgan qishloqlarda sharoit juda og‘ir edi;
– respublika sanoat salohiyatining asosiy qismini tashkil qiladigan tarmoqlarni (paxta tozalash, to‘qimachilik, yengil, oziq-ovqat, kimyo sanoati, qishloq xo‘jalik mashinasozligi va boshqalar) rivojlantirish istiqbollari bevosita qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liqligi;
– qishloq xo‘jalik mahsulotlari, asosan paxta respublika uchun zarur valyuta resurslari, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, texnika va texnologiyaning asosiy manbai ekanligi;
– o‘tish davrida oziq-ovqat muammosini o‘z imkoniyatlarimiz hisobidan hal qilish, ayniqsa, g‘alla mustaqilligini taʼminlash qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat muammosini hal etishdagi rolining ortib borishi bilan bog‘liq ekanligi.
Bozor munosabatlariga izchillik bilan o‘sib o‘tishida moliya-kredit sohasini isloh qilish alohida o‘rin tutdi. Bunda davlat budjeti tanqisligini kamaytirib borish, budjet dotatsiyalari va subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish, budjet mablag‘larining eng zarur bo‘lgan umumdavlat ehtiyojlari uchungina ajratish orqali manzilligini oshirish, investitsiyaviy resurslar ko‘lamini oshirish islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraldi.
Narxlarni erkinlashtirishda dastlab davlat xarid narxlarining amal qilish doirasini qisqartirish va jahon bozoridagi narxlarga muvofiqlashtirib borish, shuningdek, xom-ashyo va mahsulotlar ayrim turlarining narx-navo bilan, aholi va korxonalar daromadlari o‘rtasidagi tenglikka erishishga harakat qilindi.
Ko‘plab markaziy iqtisodiy organlar va vazirliklar tugatildi yoki ularning faoliyati tubdan qayta qurildi. Faoliyati tugatilgan maʼmuriy apparatlar o‘rniga bozor iqtisodiyotiga xos yangi boshqarish bo‘g‘inlari tuzildi. Boshqarishning mahalliy darajasida (viloyat, tuman, shahar) ijroiya-boshqaruv vazifalarini bajarish uchun hokimlik joriy qilindi. Quyi bo‘g‘in boshqaruvida korxona va tashkilotlarga iqtisodiy erkinlik berilib, ular yangicha ish uslubiga o‘tdi.Islohotlar natijasida tarkib topgan boshqaruv tizimi bozor iqtisodiyoti munosabatlarining yanada takomillashib va rivojlanib borishini jadallashtirishga xizmat qildi.
Bozor islohotlari bozor infratuzilmasini yaratish chora-tadbirlarini ham qamrab oldi. Bunda moliya, bank-kredit tizimi muassasalari, sug‘urta, auditorlik, yuridik va konsalting firmalari hamda kompaniyalarini, birja tizimi yaratildi. Respublikada bozor infratuzilmasini yaratishda tovar-xom ashyo birjasi tizimiga urg‘u berilib, brokerlik va dilerlik idoralari, savdo uylari, vositachi firmalar paydo bo‘ldi. Kapital bozori, kredit resurslari bozori va valyuta bozori vujudga keldi, hamda davlatga qarashli bo‘lmagan sug‘urta kompaniyalari tuzildi. Yana bir muhim islohotlar yo‘nalishi mehnat bozorida ro‘y berib, bu aholi sonining o‘sib borish barobarida mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini berdi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida islohotlarni amalga oshirish borasida respublikaning tashqi iqtisodiy kompleksi mutlaqo yangidan shakllantirildi, tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqarishning zamonaviy mexanizmi vujudga keldi.
Respublika uchun ijtimoiy himoyalash tizimini tanlab olishda xalqning uzoq yillar davomida qaror topgan maʼnaviy axloqiy hadriyatlari, turmush tarzi va dunyoqarash xususiyatlari hisobga olindi. Bunda avvalo respublikaning ichki isteʼmol bozorini himoyalash hamda oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat mollari asosiy turlari isteʼmolini muayyan darajada saqlab turishga, aholining kam taʼminlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning barcha yo‘nalishlari mavjud iqtisodiy tizimning izchillik bilan bozor iqtisodiyotiga keng ko‘lamli o‘tishga qaratildi. Bu islohotlar milliy iqtisodiyotning har tomonlama mustaqilligini taʼminlash, uni iqtisodiy jihatdan rivojlangan va xalqaro miqyosda o‘z obro‘-eʼtiboriga ega suveren mamlakatga aylantirishga xizmat qildi.
Download 15.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling