O`zbekistonning Turkiy tilli davlatlar xamkorlik Kengashi doirasidagi faoliyati reja
Download 24.92 Kb.
|
13-mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3.Qo’qon shaxri Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a’zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo`yicha vazirlarining VI-yig`ilishi mezboni
O`zbekistonning Turkiy tilli davlatlar xamkorlik Kengashi doirasidagi faoliyati REJA: 1.Turkiy tilli davlatlar xamkorlik Kengashining tashkil topishi 2.O`zbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar xamkorlik Kengashi a’zosi 3.Qo’qon shaxri Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a’zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo`yicha vazirlarining VI-yig`ilishi mezboni Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston zamonaviy tashqi siyosatining yangi yondashuvlariga tayangan holda koʻp tomonlama hamkorlik formatlaridagi faoliyatini sezilarli ravishda jonlantirish yoʻlidan ketmoqda. Shunday tashkilotlardan biri sifatida hech ikkilanmasdan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini misol qilib koʻrsatsak boʻladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2009-yilning 3-oktabr kuni imzolangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida tasdiqlandi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. 2009-yilning 3-oktabrida Ozarboyjonning Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan iborat to‘rt davlat ishtirokida Turkiyzabon davlatlarning hamkorlik kengashi tuzilgani e’lon qilingan bo‘lib, uning faoliyati prinsiplari 2016-yil 16-sentabrdagi Istanbul deklaratsiyasida e’lon qilingan. Birinchi bosqichda Turk Kengashiga Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lib kirgan. Vengriya tashkilotda kuzatuvchi mamlakat sanaladi. Ushbu kelishuvdan keyin turkiy tilli davlatlar manfaatini birlashtiruvchi jiddiy tashkilot paydo bo‘ldi. Endi bu xalqaro tashkilotga aylandi. Dastlab 1992-yildan Turkiy tilli davlatlar sammiti o‘tkazila boshlangan edi. Kengashni tashkil etish tashabbuskori Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev hisoblanadi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammiti 2010- yildan boshlab 2015-yilgacha har yili o‘tkazib kelingan. 2015-yili sammitni o‘tkazish navbati Qirg‘izistonga kelgan edi. Biroq bu davrga kelib Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambayev Turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarni sovuqlashtirgani natijasida bu sammit o‘tkazilmay qolgan edi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2018-yilning 29-30-aprel — 1-may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lish va sentabr oyida Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tadigan navbatdagi sammitda ishtirok etishni taklif qilgan edi. 2018-yilning 3-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi marta O‘zbekiston nomidan faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Dunyodagi turkiy tilli 6 davlatdan biri bo‘lgan O‘zbekiston rahbariyati 2018-yilgacha Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlaridan birortasida ishtirok etgan emas. Mazkur tuzilmaga Oʻzbekiston 2019-yili oktyabr oyida Boku shahrida boʻlib oʻtgan sammit doirasida toʻlaqonli aʼzo sifatida kirdi. Shu tariqa rasmiy Toshkent uning tashqi siyosatidagi ustuvor maqsadlardan biri koʻp tomonlama formatlarda oʻzaro manfaatli sherikchilikni kuchaytirish ekanligini yana bir bor amalda isbotladi. Qolaversa, Turkiy Kengashdagi oʻz ishtiroki orqali mamlakatimiz turkiy dunyoda birdamlik ruhi va ishonch muhitini mustahkamlash siyosatiga sodiqligini va tashkilot doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini koʻrsatib qoʻydi. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, barcha ishtirokchi mamlakatlar Oʻzbekistonning Turkiy Kengashga aʼzo boʻlib qoʻshilish hodisasini yuqori baholashmoqda. Oʻz navbatida, turli mutasaddilar va xorijiy ekspertlar mamlakatimizning turkiy xalqlar taqdiridagi tutgan tarixiy rolini, Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrnini, yuqori iqtisodiy salohiyati va tashkilot uchun yuksak ahamiyatini yakdillik bilan eʼtirof etishmoqda. Shu oʻrinda yana bir omilni taʼkidlab oʻtish lozimki, Oʻzbekiston Turkiy kengashga aʼzolik maqomini qabul qilish istagini bildirganda, albatta, bunday hamkorlik formati doirasidagi sherikchilikka talab ortib borayotganligini, tashkilotdagi mavjud mexanizmlardan foydalanish mamlakat anʼanaviy sheriklari bilan hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishi va bu aloqalarning davomli rivoji turkiy tilli xalqlar umumiy manfaatlariga xizmat qilishi muqarrarligini inobatga olgan. Bunday holat, ayniqsa, pandemiya davrida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Dunyoda hukm surayotgan epidemiologik inqiroz yana bir bor xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va turkiy xalqlar jipsligini mustahkamlash zarur ekanligini roʻy-rost koʻrsatib qoʻydi. Turkiy Kengash pandemiyaga qarshi birgalikda kurash muhimligi haqidagi chaqiriqlarni inobatga olib, ushbu masalaga bagʻishlangan davlat rahbarlari favqulodda sammitini oʻtkazgan birinchi xalqaro tuzilmaga aylandi. Ushbu uchrashuvning sermazmun yakunlari turli tibbiy jihozlarni yetkazish yoʻli bilan oʻzaro yordam koʻrsatish boʻyicha turkiy tilli davlatlar muvofiqlashtirilgan harakatlarining qabul qilinishi uchun zamin hozirladi. Navbatdan tashqari sammit natijalari shu bilangina cheklanib qolmadi. Transport, iqtisod, savdo, chegara va migratsiya kabi bir qator sohalarda yangi maqsadlar belgilab olindi. Xalqaro mahsulotlar taʼminoti zanjirini toʻxtovsiz ishlab turishini taʼminlash maqsadida transport vazirlari zaruriy gumanitar yordam — oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlarini oʻz vaqtida yetkazish ishlarini muvofiqlashtirishni kelishib olishdi. Shular qatorida birinchi zaruriy mahsulotlarni tezkorlik bilan joʻnatishni koʻzda tutuvchi transport yoʻnalishlari — “yashil yoʻlaklarni” ishga tushirish masalalari ham koʻrildi. Ushbu koʻrilgan choralar majmui turkiy olamning umumbashariy inqirozlarni hamda xavfsizlik va inson salomatligiga tahdidlarni birgalikda yengish va bartaraf etish uchun yagona yondashuvlar tizimi asoslarini barpo etishga muvaffaq boʻlganligini koʻrsatdi. Mana shunday xavflarga qarshi chiqish uchun ham mintaqaviy birdamlikka boʻlgan ehtiyoj Turkiy kengashning tashqi maydondagi mavqeini va umumjoʻgʻrofiy tinchlik va barqarorlikni taʼminlovchi xalqaro tuzilmalardan biri sifatidagi rolini kuchaytirmoqda. Shularni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Turkiy kengashga rasmiy aʼzo boʻlgan davridan boshlab tashkilot faoliyatida faol ishtirok etmoqda va uning rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshmoqda. Tuzilma doirasida ilgari surilgan mamlakatimiz tashabbuslari oʻzaro manfaatlarni taʼminlashga qaratilgan boʻlib, jamoaviy intilishlarni roʻyobga chiqarishni va umumiy muammolarni birgalikda bartaraf etishni koʻzda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, mamlakatimiz takliflari zamirida oʻzaro ishonch tamoyillariga asoslangan bevosita hamkorlik aloqalarini siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda turkiy tilli xalqlar va davlatlar oʻrtasida rivojlantirish maqsadlari yotibdi. Jumladan, Turkiy kengash mamlakatlari aholisining 40 foizini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev iqtidorli yosh avlod vakillarini tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish takliflari bilan chiqqan. Shu maqsadlarda mamlakatimiz rahbari Turkiy kengash doirasida yosh tadbirkorlar forumini tashkil etishga chorlagan. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yana bir oʻta muhim tashabbus transport-logistika sohasida munosabatlarni rivojlantirishni koʻzda tutadi. Bunda oʻzbek tomonidan yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish takliflari bildirilgan. Pirovard maqsad — Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlarni yaratish hamda mavjud «Boku-Axalkalasi-Kars» temir yoʻl yoʻlagidan unumli foydalanish uchun barcha shart-sharoitlarni hozirlash. Shuningdek, ushbu sohada Oʻzbekiston tomonidan tashkilotga aʼzo davlatlar dengiz portlari va zamonaviy infrastrukturalarida transport va logistika markazlarini ishga tushirish hamda tashqi yuklarni tashish ishlarida oʻzaro muvofiqlashtirilgan imtiyozlarni keng qoʻllash kabi takliflar ham ilgari surilgan. Mamlakatimiz madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratadi. Mazkur yoʻnalish doirasida Kengashning har bir mamlakatida oʻz ona-tilida turkiy xalqlar adabiyotining nodir durdonalarini oʻzida jamlagan “Turkiy adabiyot xazinasi” deb nomlanuvchi kitoblar toʻplamini chop etish taklifi bildirilgan. Oʻzbekiston diqqat markazida turgan yana bir soha — tashkilotga aʼzo davlatlarda turizm sohasini rivojlantirishdir. Oʻzbekiston Turkiy Kengash doirasidagi “Zamonaviy buyuk ipak yoʻli” sayyohlik dasturida faol ishtirokini taʼminlash istagini bildirgan. Mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan Xiva shahriga turkiy dunyo madaniy markazi maqomini berish taklifi esa barcha davlatlar tomonidan iliq kutib olindi va bir ovozdan maʼqullandi. Bu barcha tashabbuslarning roʻyobga oshirilishi Oʻzbekiston turistik jozibadorligini yana-da oshishiga va turkiy davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarining mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz. Shular bilan bir qatorda, yaqin istiqbolda yana bir talay maqsad va vazifalarni amalga oshirish belgilab olingan. Bu maqsadlar ichida qardosh xalqlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash, hamkorlikni savdo, iqtisod, transport, energetika, turizm va maʼdaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni saqlash kabi vazifalar alohida oʻrin tutadi. Shu maʼnoda savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikni kuchaytirish ustuvor ahamiyatga ega ekanligini hech ikkilanmasdan taʼkidlab oʻtsak boʻladi. 2016-yildan beri Turkiy kengashga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi mahsulot aylanmasi 40 foizga oshdi. Oʻzaro savdoning umumiy hajmi esa 16 milliard AQSH dollariga yaqin. Mamlakatlar transport-kommunikatsiya sohasida ham hamkorlikni kuchaytirishmoqda. Bu yoʻnalishdagi umumiy tizimli intilishlarning sermahsul natijasi sifatida «Boku-Axalkalasi-Kars» temir yoʻl tarmogʻini keltirib oʻtsak boʻladi. Ushbu transport yoʻlagining tranzit salohiyatini oshirish maqsadida bugun tomonlar oʻrtasida bojxona-soliq siyosatini muvofiqlashtirish va bojxona jarayonini soddalashtirish masalalari ustida ish olib borilmoqda. Hamkorlik faol tarzda rivojlanayotgan yana bir yoʻnalish madaniy-gumanitar sohadir. Bu tarmoqdagi eʼtiborni tortuvchi muhim natijalardan biri turkiy universitetlar ittifoqini yaratilishi boʻldi. Bu ittifoq oʻzida 18 ta oliy taʼlim muassasasini jamladi. Bundan tashqari, kun tartibida yangiliklar agentliklari oʻrtasida aloqalarni kuchaytirish va xalqaro turkiy tilli yangiliklar kanalini tashkil etish masalalari turibdi. Davlatlararo munosabatlarda kuzatilayotgan bunday ijobiy tendensiyalar turkiy tilli davlatlarga hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Yuzaga kelayotgan imkoniyatlar evaziga yaratiluvchi ijobiy muhit Turkiy kengash doirasidagina cheklanib qolmay, mazkur davlatlarning bir qator BMT, YEXHT va IHT kabi xalqaro institutlar bilan aloqalarini rivojlantirishga ham yordam beradi. Shuning uchun Oʻzbekistonda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida aloqalarni rivojlantirish uchun asosiy ustuvor maqsadlar va umumiy manfaatlarga javob beruvchi yoʻnalishlar belgilab olingan. Ular doirasidagi davomli birgalikdagi faoliyatni taʼminlash uchun barcha imkoniyatlarning safarbar etilishi hamkorlikni bir sifat bosqichidan ikkinchi sifat bosqichiga olib chiqishi shubhasiz. Birinchidan, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni rivojlantirish muhim. Bugungi kunda ushbu yoʻnalish nafaqat hamkorlikni balki barqaror taraqqiyot surʼatlarini harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin. Chunki aynan ushbu sohalardagi sherikchilik toʻgʻridan-toʻgʻri xalq ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirishga xizmat qiladi. 2019-yili Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan turkiy davlatlar Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi va investitsion forum aynan shu maqsadlarni amalga oshirish uchun yoʻnaltirilgandi. Ikkinchidan, transport va tranzit sohasida yaqin aloqalarni rivojlantirishdan barcha davlatlar manfaatdordirlar. Oʻzaro integratsiyalashgan transport tarmogʻini yaratish mintaqaviy va jahon bozorlariga chiqish uchun imkon beradi. Bunda birinchi navbatda gap Markaziy Osiyoni Xitoy, Yevropa va Janubiy Osiyo davlatlari bilan bogʻlashga qodir boʻlgan “Shimol-Janub” va “Sharq-Gʻarb” yirik transport yoʻlaklari haqida ketmoqda. Mintaqada shu maqsadlarni oʻzida ifodalovchi bir necha loyihalar amalga oshirilmoqda. Katta imkoniyatlar ayniqsa «Andijon — Oʻsh — Irkishtom — Qoshgʻar» avtomobil yoʻlagini rivojlantirish va «Xitoy — Qirgʻiziston —Oʻzbekiston» temir yoʻl tarmogʻi qurilishini boshlash rejalari kun tartibida turganligi bilan uzviy bogʻliq ravishda ochilmoqda. Uchinchidan, ilgʻor informatsion va kommunikatsion yangiliklarni barcha sohalarda qoʻllash har bir davlat uchun rivojlanganlik va raqobatbardoshlik darajasini aniqlab beruvchi omilga aylandi. Shuning uchun Turkiy kengashning innovatsion taraqqiyoti masalalari ustuvor ahamiyatga ega. Mazkur yoʻnalishda Oʻzbekiston Turkiy kengashga aʼzo davlatlar innovatsion taraqqiyot masalalariga javob beruvchi muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchurlik kompaniyalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatilishidan manfaatdor. Bunday hamkorlikning sermazmun mahsuli kelajak texnologiyalarini rivojlantirish dastur va loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali turkiy davlatlar taraqqiyotida texnologik siljishni taʼminlash boʻlishi muqarrar. Toʻrtinchidan, dunyoda yuz berayotgan globallashuv, doimiy beqarorlik oʻchoqlarining yuzaga kelishi va keskinlikning oshishi sharoitlarida yaqin va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash barqaror rivojlanish va taraqqiyot hamda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Shularni inobatga olgan holda taʼkidlash mumkinki, Turkiy tilli davlatlar hamkorligining muhim yoʻnalishlaridan biri huquq-tartibot idoralari oʻrtasida terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotiklarning transchegaraviy noqonuniy harakatiga nisbatan harakatlarni muvofiqlashtirish boʻlishi lozim. Muxtasar qilib aytganda, bugungi kunga kelib Turkiy kengashga aʼzo davlatlar qardoshlik va birodarlik ruhidagi hamda iqtisodiy manfaatlar ustuvorligi asosida shakllantirilgan hamkorlikning yangi bosqichi sari dadil qadamlar bilan odimlashmoqda. Mamlakatlar yetakchilarining siyosiy irodasi, ochiq, konstruktiv siyosatlari va muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar tufayli qardosh xalqlarning koʻp asrlik doʻstlik rishtalari qayta tiklanmoqda. O‘zbekiston rahbari sammitda so‘zlagan nutqida xalqlarimizni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi. “Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev. Darhaqiqat, mamlakatimiz Prezidentining siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat o‘zgardi, mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlandi. O‘zbekiston rahbarining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarboyjon prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlandi. O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshdi. O‘zbekiston Prezidenti bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta’kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Bular, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirishdan iborat. Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasi ham manfaatlarimizga mos keladi. Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish ham eng zarur yo‘nalishlardan. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamligi ham xalqlarni yanada yaqinlashtirishini ta’kidlash o‘rinli. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Prezidentining Cho‘lponotadagi uchrashuvda qadimiy Xivani tashkilot poytaxtiga aylantirish taklifi e’tiborga molik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani, ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarayotganidan dalolat beradi. “Turkiy kengash doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyormiz”, degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. Qirg‘izistonning 2017-yil kuzida saylangan Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov Turkiy tilli davlatlar sammitini 2018-yilning 3-sentabrida o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni 21-iyun kuni imzolagan. Mazkur sammitning o‘tkazilishi o‘shanda Qirg‘iziston uchun Turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarning yaxshilanayotganini anglatgan edi. Qolaversa, o‘shanda Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtirok etish niyatini yuqori baholagan edi. Qirg‘iziston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Turkiy kengashning kengayishi va uning xalqaro maydondagi nufuzi oshishi uchun yaxshi sharoit yaratadi, tashkilotga yangi nafas beradi hamda ko‘plab yangilanishlar manbayiga aylanadi. U mazkur sammit turkiy tilli davlatlarning ko‘p asrlik do‘stligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishiga va uning tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilishi Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining tezroq boshlanishiga turtki bo‘ladi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishida yettita taklifni, jumladan, davlatlar o‘rtasida transport logistikani rivojlantirish, Madaniy meros obyektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etishni taklif qildi. Qolaversa, u Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning «Turizm poytaxti» sifatida e’lon qilish taklifini bildirdi. Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon hamda Vengriyaning turizm masalalari bo‘yicha vazirlari ishtirok etdi. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yig‘ilishi uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emasligini ta’kidladi. «Tilimiz, dinimiz bir, tarix va madaniyatlarimiz mushtarakligi Turkiy Kengash tashkiloti faoliyatining barhayotligi kafolatidir. Shu sababdan mehmondo‘stlik sanoati — turizm aloqalarini mustahkamlash bugungi Kengash ishtirokchilarining asosiy maqsadidir», — dedi vazir. Uning aytishicha, Jahon turizm tashkilotining (UNWTO) 2021 yil mayidagi hisobotiga ko‘ra, xalqaro turizmning tiklanishi va pandemiyaning sohaga ta’sirini kamaytirishda eng samarali usul — mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ekanligi aytib o‘tilgan. «Turkiy xalqlar odatiga ko‘ra — qarindoshlik aloqalarini ushlab turish uchun tez-tez mehmon — qo‘noq bo‘lish, o‘zaro yo‘qlab borish, an’anasi ota-bobolarimizdan qolgan. Biz, bugun qardoshlik aloqalarni mustahkamlash va bir-birmizning uyimizda mehmon bo‘lish uchun mavjud savollarga javob topishimiz lozim», — dedi O‘zbekiston vakili. Shundan kelib chiqib, Aziz Abduhakimov kengash a’zolariga yettita taklifni bildirdi: Birinchidan. Kengashga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida transport logistika tizimini rivojlantirish dolzarb masala. Bu umumiy manfaatlarga to‘liq mos keladi. «Buning uchun, shaharlar o‘rtasida muntazam va charter parvozlar tashkil qilish, turistik poyezd, avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish va sayyohlarning o‘z avtomobilida harakatlanishiga imkoniyat yaratishimiz lozim», — dedi u. Ikkinchidan. Davlatlar turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yangicha yondoshuv zarur. «Poytaxt va turizm shaharlardagi aeroport va vokzallarda turizm ma’lumot markazlarini tashkil qilgan holda targ‘ibot materiallarini 24/7 rejimida жойлаштиришни taklif qilaman», — dedi vazir. U shuningdek, mahalliy telekanallarda qardosh xalqlar va mehmondo‘stlik to‘g‘risidagi ko‘rsatuvlarni doimiy ravishda efirga berib borish kerakligiga e’tibor qaratdi. «Biz „Turizm 365″, „UzReport“ va „Tarix“, Al-Buxoriy“ xalqaro yo‘ldosh telekanalida siz tomoningizdan taqdim etiladigan dasturlarni joylashtirishga tayyorligimizni ma’lum qilamiz», — deya ta’kidladi Abduhakimov. Uchinchidan. «Madaniy meros obyektlarimizni tiklash, restavratsiya qilish, qadimiy axritekturasini yo‘qotmagan holda saqlab qolish, raqamlashtirish, samarali menejment joriy qilish va kelajak avlodga yetkazishga ehtiyoj mavjud». O‘zbekiston turizm va sport vaziri Turkiy Kengash huzurida a’zo davlatlarning mablag‘i asosida Madaniy meros obyektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etish taklifini bildirdi. «Jamg‘arma mablag‘lari birinchi navbatda Kengash a’zolari bo‘yicha to‘liq madaniy meros obyektlari onlayn xaritasi — platformasini yaratishga jalb etiladi».Ma’lumot o‘rnida, 2018 yilda Yevropa Ittifoqining grant mablag‘lari asosida YUNESKO «visitworldheritage.com» platformasini yaratgan edi. Unga YeI hududidagi madaniy meros obyektlari kiritilgan. To‘rtinchidan. Turkiy davlatlarning yagona madaniy va turizm tadbirlari тақвимини yaratish taklifi ilgari surildi. Unga ko‘ra, xalq o‘yinlari — etno sport (uloq-ko‘pkari, dorbozlik, kurash, kamondan o‘q uzish, tosh ko‘tarish) va baxshilar мuсобақасини o‘tkazib borish tarixiy an’analarning yo‘qolib ketishining oldini oladi. «Boburiylar sulolasi boshlangan qadimgi Axsikent qal’asi hududida „Turkiy ovoz“ qo‘shiq va kuy фестиvaлини tashkil etishni taklif etaman», — dedi bosh vazir o‘rinbosari. Beshinchidan. «Turoperatorlarni turizm bozorlariga kirib borishini qo‘llab-quvvatlash va ular yordamida qo‘shma turlar tashkil qilish barcha uchun manfaatli». Oltinchidan. Turizm ta’limi sohasida tajriba almashish va sohadagi mutaxassislarning doimiy malakasini oshirish, akademik turizmni yo‘lga qo‘yish zarur. «Bunda, ikki tomonlama grant mablag‘lari ajratish masalalarini ko‘rib chiqish lozim». Yettinchidan. «Turkiy Kengash tomonidan taklif qilingan „Turizm poytaxti“ tashabbusini qo‘llab quvvatlashimizni ma’lum qilgan holda, uning vositasida hozirda mashhur turizm maskanlarni emas, balki sayyohlik potensiali yuqori bo‘lgan shaharlarni rivojlantirishimiz lozim. O‘zbekiston tomoni Turkiy dunyo va xalqlarining rivojlanishida o‘zining alohida o‘rniga ega, Ipak yo‘li ravnaqiga muhim hissa qo‘shgan Qo‘qon shahri nomzodini ilgari suradi va sizdan mazkur shaharni Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti sifatida qo‘llab quvvatlashingizni so‘rab qolamiz», — dedi Abduhakimov. Download 24.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling