Sifat analizi usullari.
Tekshirilayotgan modda miqdoriga, analizda ishlatilayotgan eritmaning hajmiga ko’ra analiz usullari makro, yarim mikro, mikro va ultramikro usullarga bo’linadi.
Makro usulda reaktsiya o’tkazish uchun 0,1 g va undan ko’p modda yoki 1,0- 10,0 ml va undan kam miqdorda eritma olinadi. Hosil bo’lgan cho’kmalarni ajratish va tozalashda anorganik kimyo usullaridan foydalaniladi.
Analizlar mikro usullar bilan bajarilishda moddadan makroanalizga nisbatan
100 marta, ultramikro usulda esa 1000 marta kam olinadi. Reaktsiyalar maxsus probirkachalarda o’tkaziladi. Ba‘zan analiz natijalarini kuzatish maqsadida mikroskopdan ham foydalaniladi.
Makro hamda mikro usullardan tashqari yarim mikro usul ham qo’llaniladi. Bu usul bilan analiz qilish uchun qattiq moddadan 10-50 mg, eritmadan esa 0,1-5 ml olinadi. Reaktsiyalar tubi kichraytirilgan analitik probirkalarda o’tkaziladi.
CHo’kmalarni eritmalardan ajratish uchun aksariyat hollarda tsentrifugalardan foydalaniladi. Qizdirish maxsus hammomda, bug’latish esa chinni kosachalarda suv hammomi yoki mikrogorelka bilan isitish orqali asbestlangan tur ustida o’tkaziladi. Kimyoviy analiz yarim mikro usulda bajarilganida reaktivlar kam sarflanadi.
Kichik hajmli idishlardan foydalanish ham mumkin bo’ladi. Bunda reaktivlar tejaladi va umuman analiz o’tkazish qulay bo’lib qoladi. Agar analiz to’g’ri bajarilsa yarim mikro usul juda aniq natijalar beradi. Shuning uchun moddalarni sifat jihatdan kimyoviy analiz qilishda asosan yarim mikro usuldan keng foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |