O‘zmu xabarlari Вестник нууз acta nuuz filologiya 1/4/1 2023 245
O‘zMU xabarlari Вестник НУУз ACTA NUUz
Download 1.27 Mb. Pdf ko'rish
|
12-88-PB
O‘zMU xabarlari Вестник НУУз ACTA NUUz
FILOLOGIYA 1/4/1 2023 - 311 - bogʻliq emasligi yana bir bor oydinlashadi, chunki paygʻambar Muhammad (s.a.v) ning qahramonga pirlar madakor boʻlishini ayon etishlarining oʻzi hech qanday eʼtiroz va qarshiliklarga oʻrin qoldirmaydi. Folklorshunos olim Toʻra Mirzayev oʻz ishida "Goʻroʻgʻli" turkum dostonlarining yaratilish davri bilan bogʻliq fikr-qarashlar, bahs-munozaralarni tahlil doirasiga tortib, "Goʻroʻgʻli" turkum dostonlari 11-12-asrlarda Oʻrta Osiyoda yartilganligi haqidagi qarashni ilgari suradi. Chunonchi, Tasavvuf 8-asrning oʻrtalarida Islom olamida paydo boʻlgan. Demak, "Goʻroʻgʻli" turkum dostonlarining deyarli barchasida tasavvuf taʼlimotiga oid qarashlar mavjud boʻlishi mumkin. Jumladan, "Goʻroʻgʻlining tugʻilishi" dostonidagi ayrim motivlar tahlilga tortilar ekan, hatto uning tugʻilishi bilan bogʻliq jarayon ham maʼlum bir darajada ilohiyotga daxldor. Eshqobil Shukur taʼbiri bilan aytganda, "Zulmat yoʻrgaklagan Nuroʻgʻli" ekanligining oʻzi chuqur bir maʼno kasb etadi. Quyidagi parcha xalq dostonlarida tasavvuf chizgilari mavjud ekanligini har jihatdan isbot etadi:"Goʻroʻgʻli oʻz yurtiga qaytib borgan paytda Urayxon podsho ziyofat oʻtkazdi. Shunda Urayxon podsho: - Sarpo olib kelinglar,-deb tegishli bakovul, vazirlariga amr qildi. Shunda mahram, vazirlar shohona saroylardan quchoq-quchoq qilib oʻrtaga qoʻydilar. Goʻroʻgʻli yuz-xotiridan hamma kelgan beklarga Ravshanbek, Gajdumbek boshliq sarpo yopdilar. Ana shunda Goʻroʻgʻlibekka ham necha odoblar bilan shohona toʻn, sarpo yopmoqchi boʻldilar. Shunda Goʻroʻgʻlining toʻnni olmaganini koʻrgan odamlar: - Nimaga tilla toʻnni kiymaysiz?-dedi. Shunda Goʻroʻgʻli: - Iloji boʻlsa, menga bir jun sholdan boʻlgan kiyim beringizlar, kiyayin[2],-dedi. Asosan, tasavvuf ahli dunyoviy ishlar, dunyo mollari, qimmatbaho buyumlardan oʻzlarini yiroq tutib, arzon mato parchalaridan yamoqli kiyimlar kiyib yurishgan. Ayni shu yoʻl bilan oʻz shahvatlarini oʻldirishgan. Shayx Najmiddin Kubroning "Usuli ashara" kitobida oʻlimning bir necha xillari borligi haqida keltirib oʻtilgan. Zero, bu oʻlim turlari tasavvuf ahliga tanish. Mavti ahmar (qirmizi qizil oʻlim), bu nafsning xohish-istaklariga qarshi turish erur. Mavti abyaz (oq oʻlim), bu ochlik bilan qorin talablarini oʻldirish. Mavti ahdar (yashil oʻlim), bu arzon mato parchalaridan yamoqli kiyim kiyishdir. Mavti asvad (qora oʻlim), bu xalqning jabr-u jafosiga tahammul etmoq erur. Bunga "fano-billoh" ham deyiladi[6]. Mazkur aqida paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning "Oʻlmasdan avval oʻlingiz" qavllari mazmunidan kelib chiqqan boʻlishi ham mumkin. Goʻroʻgʻlining jun sholdan boʻlgan kiyim soʻrashining tag zamirida ham tasavvuf turibdi hamda u mavti ahdar ( yashil oʻlim) ni boshidan oʻtkazdi. Goʻroʻgʻliga Soqibulbul qoʻlidan may tutilgandan soʻng U "Haqiqiy Sohibqiron" boʻldi. Hatto uning otiga ham may ichirildi. Zero, qanday qilib sharob ichgan odam Sohibqiron boʻlishi mumkin (agar mayni oddiy bir ichimlik tarzida tushunsak)? Masalaga boshqa tomondan yondashish lozim. Quyidagi holat tasavvuf taʼlimotiga koʻra tahlilga tortilsa, dostonda Soqibulbul soqiy sifatida tilga olinadi hamda uning voqealar rivojida oʻziga xos missiyaga ega ekanligi anglashiladi. U mayni jomga quyib, ishq ahliga tarqatuvchi. Bu yerda may - ishq (ilohiy) ning, jom - koʻngilning (oshiq koʻnglining) ramzi, soqiy esa ilohiy ishqni koʻngilga quyuvchidir. Demak, Goʻroʻgʻli ilohiy ishq tufayli tom maʼnoda Sohibqiron boʻldi (ushbu holat tasavvufda "sukra" deb ataladi). Zero, Najmiddin Komilov:" Uning uqtirishicha, vahdat va fano shunday bir ruhiy holatda yuz beradiki, solik xuddi sharob ichgan odamday mast boʻlib, oʻzini unutadi. Bu holatni u "sukra" - "mastlik" (devonalik) deb atadi. Uningcha, mast boʻlmagan odam oshiq emas, oshiq ilohiy sharob - "sharoban tahuro" dan mastu mustagʻraq kishidir, u oʻz vujudi - oʻzini butkul unutadi va shunda allaqanday tushuntirib boʻlmas bir qobiliyat paydo boʻlib, solik Iloh maʼrifatini his qila boshlaydi"[6], - deb yozadi. Uning qalbiga payvasta etilgan bu ishq esa komillik matlabini egallashi uchun dastlabki qadamlardan biri edi. Filologiya fanlari boʻyicha dotsent Ilhom Sayitqulovning "Malikayi ayyor" dostonidan olgan xulosalariga tayanadigan boʻlsak, dostonning epik syujeti nafs konseptsiyasi asosiga qurilgan. Dostonda nafs timsoli sifatida Malikayi ayyor talqin etiladi. Ushbu obrazni toʻgʻridan toʻgʻri shaxs sifatida tahlil etish mutlaqo notoʻgʻri. Nafs tushunchasiga toʻxtalishdan oldin Goʻroʻgʻli va Avaz obrazlariga diqqat qaratish lozim. Goʻroʻgʻli maʼlum bir darajada komillikka erishgan, oʻz nafsining ustidan gʻolib boʻlgan va oʻz darajasiga yetishishi uchun voqealar rivojida Avazga har tomonlama koʻmak beradigan yondash obraz sifatida gavdalanadi. Zero, eng xavfli dushman boʻlmish nafsga qarshi jihod uchun yoʻlga tushgan solik kimsa tariqat odoblaridan saboq beruvchi murshid, toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchiga doimo muhtoj ekanligi tasavvuf taʼlimotidan maʼlum. Demak, nafsini boʻysundirish uchun mashaqqatli safarga otlangan qahramon - Avaz. Chunonchi, tasavvufning asl mohiyati ham nafsni yengishdir. "Qutadgʻu bilig"da nafsning yomonligi haqida quyidagilar keltirib oʻtiladi: "Nafsi buzuqning daʼvosini oʻlimdan boshqa hech narsa topa olmaydi. Nafs yosh bolaga oʻxshaydi. Qorni toʻysa, bas, chopib ketaveradi. Sen esa uning orqasidan izlab yurasan"[9]. Ayni ushbu holat dostonda ham mavjud:"Shoqalandar bir katta - misli shahri azimday yerga bordi. Jonzot yoʻq, odamzodning suyagi togʻ-togʻ, tom-tom boʻlib uyulib yotibdi"[3]. Avazdan boshqa kimsalar ham malikaga ega chiqmoqchi boʻldilar, biroq ularning shahvati ustun kelib, nafsni jilovlay olishmadi, aksincha, nafs ularni jilovladi va bir uyum suyakka aylantirdi. Doston soʻngida Avaz nafs (Malikayi ayyor) ni oʻziga boʻysundirdi, albatta, Goʻroʻgʻlining koʻmagi orqali. Endi u nafsning asiri emas, balki nafs uning asiriga aylandi. Dostonda Avaz nafsga qarshi turib, uni oʻziga boʻysundirganligini inobatga olgan holda, u "Mavti ahmar", yaʼni qirmizi- qizil oʻlimni boshidan oʻtkazganligini koʻrishimiz mumkin. Download 1.27 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling