Paranji sirlari yoxud xolisxon (TO‘laxon)


Download 31.25 Kb.
bet1/2
Sana09.05.2023
Hajmi31.25 Kb.
#1447945
  1   2
Bog'liq
word


"Oriental Art and Culture" Scientific-Methodical Journal Volume 3 Issue 2 / June 2022 ISSN 2181-063X

PARANJI SIRLARI YOXUD XOLISXON (TO‘LAXON)


Karim Yuldashev
Mamlakatxon Jo‘rayeva
O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg’ona mintaqaviy filiali
Annotasiya: Ushbu maqolada Hamzaning so‘nggi yirik laridan biri “Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” asari haqida so’z boradi. Asarning yozilishi undagi ijtimoiy holat va personajlarning xatti-harakati bayon etilgan. Yallachi Masturaning qabig’ ishlari qiz-juvonlarni yo’ldan urishi, o’z manfaati yo’lida har qanday pastkashlikka tayyor ekanligini yoritib beradi. Hayotda pul, boylik orttirishga intilish insonlarni o‘z qa’riga tortib, ularni jinoyat, ahloqsizlik va tubanlik sari sudradi. Imkoni borlar hokim, chorasizlar ularga yem. Hayotning oddiy haqiqati shu edi. Maqolada dramaning tahlilini berishga harakat qilingan.
Kalit so’zlar: drama, obraz, asar, lavha, qahramon
THE SECRETS OF THE PARANJI OR KHOLISKHON (TOLAXON)
Karim Yuldashev
Mamlakatkhon Jorayeva
Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: This article deals with one of Hamza’s last major works, A Piece of the Secrets of the Paranji or The Case of the Hirelings. The writing of the work describes the social situation and the behavior of the characters. The fact that Yallachi Mastura's shell works mislead the girls shows that she is ready for any humiliation in her own interests. The pursuit of money and riches in life has dragged people into crime, immorality, and depravity. Those who can afford it, the helpless feed them. That was the simple truth of life. The article tries to give an analysis of the drama.
Keywords: drama, image, play, sheet, hero
Hamzaning so‘nggi yirik pyesalaridan biri “Paranji sirlaridan bir lavha, yoki yallachilar ishi” (1926) dramaturgning har jihatdan to‘lishgan mahoratidan guvohlik beruvchi tarixiy ahamiyatga ega ijtimoiy dramadir.
Muallifni ko‘rsatishicha asar voqeasi 1882 yilda boshlanib, 1919 yili yakun topadi. Biroq amalda yuz beradigan voqea uzog‘i bilan uch-besh yil ichida yakun topishining guvohi bo‘lamiz. Bu pyesa bir necha bo‘limdan iborat.
Demak, 1882 va 1919 yillar orasidagi davrni asarning barcha qismiga taalluqli deb faraz qilish mumkin. Zotan shunday farazni pyesadagi asar voqeasi tugamay qolganligi ham tasdiqlaydi.
Yurtda insonlarning oson bo‘lmagan turmush sharoiti, yashash odatlari og‘irlashdi. Eski feodal tartiblari yoniga yangi burjuacha yashash qoidalari qo‘shildi. Hayotda pul, boylik orttirishga intilish insonlarni o‘z qa’riga tortib, ularni jinoyat, axloqsizlik va tubanlik sari sudradi. Imkoni borlar hokim, chorasizlar ularga yem. Hayotning oddiy haqiqati shu edi.
“Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” ning boshlanishidanoq asar qahramoni Masturaning xulosasi quyidagicha: “O‘limdan boshqasini pul (ko‘rsatib), mana shu pul bitiradi”.
Bu xulosaga Mastura birdan kelgan emas. Bungacha uning asardan o‘rin olmagan avvalgi hayoti mavjud. O‘sha hayoti, avvalgisi o‘ziga tinch eri bilan totuv edi. Biroq bundanda shirinroq turmush va ishratning hayoli bilan band Mastura Mirzaraim qorani ko‘radi-yu, qarori o‘zgaradi. U Guljonga: “Ba’zi yigitni shunaqa mehrigiyolik yaratar ekan. Axir pochchangiz shunaqa edi. O‘zi hunuk bo‘lsa ham bir marta gaplashgandan keyin o‘ldim qoldim. Noiloj tegdim. Bo‘lmasa avvalgi erim kesgan guldek, gaplari bulbuldek edi-yu, ko‘zimga pashshacha ko‘rinmadi, qoldi... Oxiri uni buni bahona qilib, chiqdim-u, bunga tegdim. Shu ko‘ylarga tushdim,”- deydi.
Oqibatda Masturaning qaysi ko‘ylarga tushgani quyidagi so‘zlarida ravshanroq ochiladi: “Bir boshimga shu yer yutkurni deb behisob kelinchaklarni yo‘ldan chiqarmadim. O‘nga yetib beva-bechoraning qizini xarob qildim va pulini shu palakatning beliga tugdim. Bir vaqtlar shunday bo‘ldiki, yonimda shuncha satanglar turib, kun bo‘yi paranji yopinib, ko‘chama-ko‘cha xotin-qiz tanlaydi, oylab-yillab mening ishim, ularni yo‘ldan urib, qo‘yniga solish ...”
Bulardan ko‘rinadiki, aslida pok vijdon va ahloqdan yiroq Mastura Mirzaraim qora tuzog‘iga ilingach, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tubanlik sari yuzlanadi. Uning ko‘ngil ko‘chasining hayoli sarob bo‘lib chiqadi-yu, amalda “mexrigiyoli” kimsaning xotini emas, qo‘shmachisi, ayni vaqtda jinoyat yo‘li bilan boylik orttirishdagi gumashtasiga aylanadi.
Endi Mastura Mirzaraim qorani uchratmasidan avval va hozir xotin-qizlarni yo‘ldan urishiga kelsak, unda bir tomondan ko‘ngliga taskin beruvchi sabab, ikkinchi tomondan gunohlarini oqlashga bahona va niqob mavjud. Bular xotin - qizlarning jamiyat va oilalardagi ahvoli, ularning istak va xaq-huquqlarini hamma - shariatning riyokor peshvolaridan tortib, xalq rasm-rusimi, xatto ota-onalar tomonidan poymol etilishining oqibatidir.
Ana shu sharoitda Mastura o‘z qilmushlarini oqlab shunday deydi : “Mening qo‘limdan besh yuzga yetib hufiyasi, satangi, akkabachchalari chiqdi. Yigirmaga yetib har yurtdan qiz qochirdim. Hammasi zo‘rlik bilan erga tegib, ko‘ngilsiz bo‘lganlar, yaxshi ko‘rgani bilan o‘ynaganlar ... Hozirda yurtimizning yarmidan ko‘pi akabachchalik bo‘lsa, qolgani o‘ynashlik. Nima qilsin, yaxshi ko‘rganiga tegmagandan keyin noiloj xilvat topib o‘ynaydi, yoki satanglik, akabachchalik bilan o‘zini yupatadi. ... Shunday bo‘lgandan keyin, xotin-qizda hech gunoh yo‘q. Xo‘p qiladi, ajab qiladi. Tuslik eshonni qarang, saksonga kiribdilar, oyoqlarini osmonga qilib qo‘ysang, arang osmonni ko‘radilar. Shu xollariga besh xotin; oldi o‘n to‘rt yashar ...”
Eriga ko‘ngilsiz bo‘lib xilvat topib sevganlari bilan o‘ynaganlarni zino ekani, begunohlarni o‘zining nayrang tuzog‘iga ilintirish ham jinoyat ekanini yaxshi bilgan Mastura oxirat g‘amini ham yeb qo‘ygan. Bu haqda erining kinoyali qochirimiga Masturani javobini eslash o‘rinli:
Mirzaraim qora - Gap bundaki, harom-harichdan peshona teri qilib, besh o‘n so‘m to‘plaganki, oxir chog‘imda xajga boraman deb ...
Mastura - Nega harom-harich bo‘lar ekan? Sargardonning puli emas bu, aylanay! Do‘ppi tikib to‘plaganman, yaxshi yigit. Sizni deb qora bo‘lgan bu yuzlarimni baytulloga surkamay o‘lsam, ro‘zi qiyomatda qanday bosh ko‘taraman.
Bundan chiqadiki, Mastura xatto to‘y-tamoshalarda yig‘ilgan sargardonsadaqalarni peshona terining mahsuli emasligini yaxshi biladi. Do‘ppi tikib topgan pullarini xaj qilishga atab bankka qo‘ygan.
Shunday qilib u jinoyat yo‘liga birdan emas, asta-sekin, bosqichma-bosqich kirgan. Boshlab eriga ko‘ngilsiz bo‘lganlarni nikohlaridan oldingi suyganlari bilan uchrashtirib, keyin qizlarni jazmanlari bilan qochirib, nihoyat qolganlarini aldab, o‘g‘irlab, sotgan. Oqibatda ayollar qismati, oriyati va faxshbozorining Mirzakarim qora bilan birga jallobiga aylangan.
Bu bozorda nafaqat Mastura va Mirzaraim qora, balki turfa niyat-rejalar bilan ixtiyojini qondiruvchilar ish yuritadi. Ularning qilmish, xatti-harakatlarida paranji sirli o‘rin tutadi.
Ayol qadri, iffati va daxlsizligini himoyachisi sifatida hayotga kiritilgan paranjini pyesada aldov, jinoyat, qing‘ir ishlarning niqobiga aylantirilgani va bu niqobdan yallachilar ham turli nayrang yo‘llari bilan foydalanganliklari ochiladi. Shuning uchun ham asarning nomi “Paranji sirlaridan bir lavha va yallachilar ishi”.
Paranjining sirlariga Mastura satangdan tashqari Abdirayim qora, Norboyvachcha, O‘lmasjon, Tojiboy-u To‘laxondan tortib pyesaning qolgan hamma katta-yu kichik personajlari daxldor. Bu sirlardan har kim o‘z maqsadi yo‘lida turlicha foydalanadi, yoki qo‘lga tushib, or-nomus va baxtidan ayriladi.
Erk va muhabbat deb To‘laxon paranji sirlarining tuzog‘iga ilinsa, badbaxt bo‘lsa, Mastura bilan Mirzarayim qora boylik ortdiradi, ko‘ngli istagan buzuqliklarning ko‘chasiga kiradi. Norboyvachcha mol dunyosining kuchi bilan aysh-ishrat qilib, o‘zini hokimi davron biladi.
Mol-dunyo ortdirib, huzur qiluvchilar zamon ularniki, puli borniki ekanini yaxshi biladilar. Hukumat ham, mavjud qonunlar ham, adolat istovchilar ham pul qarshisida hech narsa emasligini pisanda qiladilar.
Pulning kuchini yaxshi o‘zlashtirib olgan, lekin hukumat va uning qonunlari oldida biroz andishaga borib turgan Masturaga eri Mirzakarim qora shunday deydi: “Voy jinni ey, hali ham esing kirmaydi. Ishning o‘zi laqqa baliq bo‘lib yotipti-yu, bu o‘rtada hukumatga balo bormi? Yo yurtda hukumat bormi? (Pulni shipga otib.) Mana hukumat. Mana gubernatori-yu, hokim, qo‘rboshisidan tortib qozi-mozisi! Bir kambag‘alning uyiga kuppa-kunduzi paranji yopinib, kirib o‘n uch yoshlik qizini bulg‘ab, o‘ldirib, ko‘mib turganining ustiga kirib tutdilar. Nima qildilar? Uch oygina qamab, ikki yuz so‘mini shiqillatdilar-u, “o‘zing qo‘shib da’vo qilgansan! mastlik bilan o‘ldiripti”, tag‘in allanima balolarni topib, bunga oq fotihani berib, u sho‘ring qurg‘urni uch yilga kesdilar”.
Pulning kuchini bilgan, mol-dunyo qarshisida hech narsadan qaytmaydigan Mastura bilan Norboyvachcha ochiqchasiga savdolashadi:
Norboyvachcha - Uch yuzta so‘mni oltita yalangoyoqqa berib, Sultonamindek odam jallodining qiziniyam bajardim-da. Qanday ajdaholarning ko‘ksidagi qizjuvonlarni ilma qilgan Mastura xola bugun anchayin bir qizga, bezgakman, deb o‘tirguncha belbog‘ini yechib qo‘ysin !..
Mastura - (qizib, ko‘rsatib). Olifta yigit, quruq qochirimga bu belbog‘lar yechilmaydi. Ikki dunyoni sotib bu belbog‘ni olganmiz. Biz maydonda qolurmiz, siz chakalakka urarsiz.
Norboyvachcha - Sizning belingizga qirq kunlik sholipoyamni kuchi yetmasmikin?! Yetmagan joyiga jon ularmiz.
Mastura - Vasiqalik movazaga shaftoliqoqi olib yeysizda, bo‘yidan.
Norboyvachcha - Xola, meni ko‘p charxlamang-u, uvrangizni kesavering. Og‘zingizga siqqanini uch kunda laqqa jigardek qanorangizga ilib qo‘yaman.
Mastura - Xo‘p, bo‘yidan gavhar, men kechqurun pochchangiz bilan shu to‘g‘rida maslahatlashib, ertaga javobini olib qo‘yaman.
Oqibatda kechqurun “pochchasi bilan maslahat”ni bir joyga qo‘ygan Mastura qanarasi laqqa jigarli bo‘lgach, To‘laxonni o‘g‘irlab Norboyvachchaga topshirsa, Mirzaraim qora uni foxishafurush Yodgorga sotadi. Yodgor Samarqanddagi islovatxonasiga olib borib, mijozlarga pullaydi. Ayni vaqtda o‘zi ham To‘laxonning xajrida uning vasliga yetolmay Mamatning qo‘lida halok bo‘ladi.
Paranji sirlarining jabrdiydasi To‘laxon pyesaning yetakchi ijobiy qahramonidir. Uning jabru-sitam, aldovlar bilan to‘lib toshgan hayot yo‘li pyesa oxirida ham nihoyasiga yetmay qoladi. U endi ellik uch yoshlik “oq soqolli” zo‘ravon qotil Mamatning o‘ljasiga aylanadi. Bir bolalik bo‘lgandan keyin ona yurtiga olib borishga va’da bergan Mamat uni jabran boshqa shaharga olib ketadi.
To‘laxonning erk va muhabbat yo‘lidagi istak-orzulari Hamzaning Maryamxon, Jamila va qator boshqa qahramonlariga bir jihatdan o‘xshashligi bo‘lsada ulardan tubdan farq qiladi. Uning hayotida ko‘rguliklarning cheki yo‘q. Sevgilisiga yetolmay nomusi barbod etilgan To‘laxan joniga qasd qilmaydi. Qayta-qayta aldov va firiblar osha bo‘lsa ham ro‘shnolikka erishishdan umidini uzmaydi. Ma’naviy pokligiga ishonchi komil To‘laxonning dilining tubida sevgilisi Rustam-u, tug‘ilib o‘sgan uyi, ota-onasi, ona shahri. Negaki, shu ko‘ylarga tushishida o‘zini ham aybli sanaydi. Nihoyat to‘rtinchi Samarqand - islovatxona hujrasida o‘z-o‘ziga shunday deydi: “Bu iflos g‘urbatxonaga rozi bo‘lmay, nima qilayki, xudoyimning rahmati ota, ona, qavmqarindosh, el-u yurt, sevgim tushgan, bo‘yim tushmagan Rustambegimdan, hammaning dargohidan randa bo‘ldim. Balki o‘la-o‘lgunchalikka ham, sizlar tugul, yurtimning qora bir siqim tuprog‘ini ham nasib qilmas. Qildim, qildim, hammasini nodonligimdan o‘zim qildim. Lekin sizlar ham sabab bo‘lmay qolmadingiz ... (yig‘lar.) Oh, darvozam ostonasini bir ko‘rsam, armonim yo‘q edi. (Bir oz yig‘idan keyin o‘zini yupatib.) Xayr, nima bo‘ldim ko‘rdim... Rustambekdan bir xabar kelsinchi, unga qarab bir chora ko‘rarman, axir.”
Ko‘rinadiki, To‘laxon o‘zi singari Hamzaning avvalgi qahramonlaridan farqli o‘laroq erk va muhabbatga erishishning to‘g‘ri yo‘lini topa bilmaganlikda avvalo o‘zini aybdor sanaydi. Ya’ni “qildim qildim, hammasini nodonlikdan o‘zim qildim,”- deydi. “Lekin sizlar ham sabab bo‘lmay qolmadingiz,”- deb, eski rasm-odatlarga mukkasidan ketib, farzandi baxti bilan yetarli hisoblashmagan ota-onasini e’tiborda tutadi.
Ana shu holat To‘laxonning onasi Hojarning o‘tmushdagi ko‘rguliklari va hozirgi hayotini tasvirlashda Hamza hayolini ham alohida band etadi. Noiloj, lekin eski odatlarga ko‘nikkan Xojar o‘ziga shunday deydi : “Nima qilay, azro‘yi azal irodasi shu ekan. Bo‘lmasa ko‘ra-bilib guldek qizimni kulga tashlayinmi! Or-nomus o‘limdan qattiq. Bitta o‘ldim - kuydim degan mening o‘zim edi. Besh yil, o‘n yil yig‘ladim, oxiri ko‘rmagandek bo‘lib ketdim. Buyam bir kunini ko‘rar. ... Voy qizginamning umri g‘am bilan xazon bo‘ladi-da”.
Shu singari tushuncha uning eri, qishloqda o‘rta dehqonlardan chiqib, boy bo‘lib shaharlashgan Umrzoqboy qarashlaridan ham mustahkam o‘rin olgan. Er -xotin asosan eski rasmu-odatlarga rioya qilgan holda boylik va obro‘ ortdirish hayoli bilan ish tutadilar.
Umrzoqboy tutqaloq kasaliga mubtalo o‘g‘illik boyga noiloj qizini berayotganini xotiniga pisanda qilar ekan, “Xususan ikki marta veksilim protes bo‘ldi. Hammadan pok ayriluvdik, shu sabab bo‘lib xalos topdim, - Xo‘p deb qo‘yganman. Nomus kuch. Bir tomondan yolg‘iz o‘g‘il, hamma davlat shunga qoladi.
Nima ajali yetib o‘lsa, bo‘lganimiz bo‘ldik. Qizing besh-olti kun yig‘lab - sixtab ko‘nikib ham qolar. O‘tda, suvdami besh-olti kunda po‘k etib unisi ham o‘lsa, yana undan keyin o‘zining xohlaganiga berarmiz, esidan ham chiqib ketar”.
Demak, er - xotinning nazarida farzandlarning o‘z xoxishi, muhabbat, vafo tushunchalari e’tiborsiz, o‘tkinchi, hayoldagi orzular bo‘lib, maqsad boylik va obro‘ga erishishdadir. Farzand taqdiri savdoga qo‘yilgan buyumdek gap.
Xojar - Qiz deganning hammasiyam shunaqa, yig‘lab bir kun ko‘nikib ketaveradi. Ish qilingki, men ham, siz ham yurtning osh-nonini yeb, siz to‘nini kiygansiz. Men chit-u ro‘molini olganman. Kiroyi to‘y-fotihani loaqal oltidan olishga rozi bo‘ling. Bo‘lmasa, devonaga tashlab qo‘ygan qizim yo‘q.
Umrzoq - Sen nima deb o‘tiribsan, men dunyo oxiratimni shu qizingning ustiga qo‘yib o‘tiriban-ku, o‘ntadan bermasinchi, g‘unajinimning qulog‘ini ko‘rarmikin.
Endi To‘laxonning avvalgi “ja bo‘lmaydigan bo‘lsa Rustambek bilan Kumushxondek qochaman, ketaman”, yoki “Bir gap borki, tilagim ikki bilagimda. Jon jonivorlar hammasi o‘z boshiga kun ko‘radi-yu, men ota-onamning boshiga kun ko‘ramanmi? Ota-onaning ixtiyorida bo‘lsa taqdirmi shu ham!” singari ahdi u yoqda tursin ota-onasining asrlar osha sinovdan o‘tgan hisob-kitoblaridan zamon olg‘irlarining qilmishlari ustun chiqadi. Shuning uchun ham to‘rtinchi pardadan e’tiboran To‘laxondan Xolisga aylangan pyesa qahramonining hayotga qarashlarida jiddiy - xolis o‘zgarishlar yuz beradi. Sarobga aylangan orzularini ortda qoldirib, hayotning beshafqat shartlariga ro‘para bo‘ladi. Ularni qabul etishdan o‘zga chorasi qolmagan To‘laxon taqdirga tan berib, umid va istaklaridan yiroq umr yo‘liga kiradi. Uni istiqbolda yana nimalar kutadi, muammoligicha qolaveradi.
Asarda To‘laxondan tashqari paranji sirlariga oshno Masturaning Zebixon, Zubayda, Oynisa, Zuhra, Obidaxon, Oyposhsha, Maxmuda, Tillaxon singari chiroyi boshga balo bo‘lgan o‘ljalari ham bor. Mastura ularni ham pullaydi, ham siniq ko‘ngillarini aysh-ishratning xilvat burchaklarida yupatadi. Bir so‘z bilan aytganda ular o‘sha zamonda husndor ayol qismati va Masturaning qurbonlaridir.
Pyesada Hamzaning badiiy mahoratidan guvohlik beruvchi yana bir obraz bor. Bu To‘laxonning sevgilisi Rustambekdir. Gap shundaki, Rustambek asarning biron sahnasida hech kim bilan, shu jumladan To‘laxon bilan ham uchrashmaydi, tamoshabinga umuman ko‘rinmaydi. Biroq uning g‘oyibona xatti-harakati pyesaning boshidan-oxirigacha ishtirok etadi. Kim ekanligiyu, yangi toifadagi odamligi, chin insonligi to‘laligicha ochiladi. Sha’ni qoralanib o‘g‘irlangan, zo‘rlanib nomusi toptalgan, keyin foxishaxonaga sotib yuborilgan To‘laxon Rustambek uchun sadoqatli sevgili bo‘lib qolaveradi.
To‘laxonni ozod etish va vasliga yetish yo‘lida Rustambek qo‘lidan kelgan hamma chorani ko‘radi. Biroq uning chorasi ham, To‘laxonning istak va xatti- harakatlari ham samarasiz tugaydi. Masalani ana shunday qo‘yilishining o‘zi Hamza badiiy tafakkurining naqadar teranligidan guvohlik beradi.

Download 31.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling