Paxtachilik
Download 25.33 Kb.
|
Dehqonchilikning eng muhim tarmog
Dehqonchilikning eng muhim tarmog‘i dalachilik bo‘lib, u madaniy ekinlarni yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Umumjahon qishloq xo‘jaligida 1500ga yaqin madaniy o‘simliklar ekiladi. Ular o‘zining morfologik belgilari va biologik hamda texnologik xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Ulardan faqatgina 90ga yaqini dala o‘simliklari bo‘lib, o‘sishi va rivojlanishi, tabiiy-iqlimiy sharoitga moslashuvi va boshqa xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Madaniy o‘simliklar qaysi sohada foydalanishiga ko‘ra va boshqa tipik xususiyatlariga ko‘ra muayyan guruhlarga bo‘lib o‘rganiladi. Madaniy o‘simliklarning xo‘jalikda ishlatilishi va ulardan olinadigan mahsulotlarga qarab shartli ravishda guruhlarga ajratish mumkin. Masalan, kartoshka va makkajo‘xori ayni paytda oziq-ovqat va em-xashak, g‘o‘za va zig‘ir texnik va moyli ekin hisoblanadi. Dalachilik qishloq xo‘jaligi ekinlari turlari(guruhlari)ga ko‘ra quyidagi xo‘jaliklarga bo‘linadi: donli ekinlar, texnika ekinlari, sabzavot, poliz, kartoshka, em-hashak ekinlari. Bu va boshqa yanada tabaqalashgan dehqonchilik tarmoqlarining bo‘linishi shartlidir. Respublika xo‘jaliklarida ishlab chiqarishning quyidagi tiplari ko‘p tarqalgan: Paxtachilik; G‘allachilik-chorvachilik; Bog‘dorchilik (qorako‘lchilik); Bog‘dorchilik-sabzavotchilik; Sholichilik; Bog‘dorchilik-uzumchilik; Sabzavotchilik; Parrandachilik; Shahar atrofi xo‘jaligi (sabzavot-sut yetishtirish). Paxtachilik O‘zbekiston iqtisodiyotining tizim tashkil etuvchi tarmoqlaridan biridir. Mamlakatimizda paxta tozalash korxonalarini modyernizasiyalash va texnik qayta jihozlash, ishlab chiqarish va paxta xom ashyosini qayta ishlash rentabelligini, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro viloyatida klaster usulida ishlab chiqarish majmuasining barpo etilayotgani fikrimizga bir misoldir. Yurtboshimizning “Buxoro viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori shu yo‘nalishdagi keng qamrovli ishlarga mustahkam poydevor yaratdi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida " BST Cluster " korxonasi tarkibida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Buhara cotton textile" qo‘shma korxonasi hamda "BST Cluster Agrokompleks" mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etildi.Mazkur klaster korxonasi tumanning Nurafshon, Bog‘iturkon, Qoqishtuvon, Mirishkor va SHo‘rcha hududlaridagi 8 ming ga ekin maydonlarini egallaydi. Klaster korxonasi tomonidan dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy kalava, uni bo‘yash va to‘quv-trikotaj fabrikalari tashkil etilishi nazarda tutilgan.Mazkur loyihaga ko‘ra kelgusida klastyerda jami 8ta kompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Paxta ekish agrokompleksi, paxtani qayta ishlash va tozalash zavodi, 5ta fabrikani o‘z ichiga olgan to‘qimachilik majmuasi, yog‘-moy zavodi, 12 ming bosh qoramol parvarishlashga mo‘ljallangan chorvachilik fermasi, biogaz ishlab chiqarish zavodi, tejamkor texnologiyalarga asoslangan 20 gekralik issiqxona, 25 turdan ortiq sut va go‘sht mahsulotlari tayyorlanadigan korxona shular jumlasidandir. matoni bo‘yashda ishlatiladigan qimmatbaho tabiiy bo‘yoq olinadigan indigo-ferum o‘simligi ham aynan klaster hududida ekilmoqda. Joriy yildan boshlab, O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning samarali shakllaridan biri-klastyerlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina Toshkent viloyatining Piskent, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida paxtachilik-to‘qimachilik klaster loyihalari amalga oshiriladi. Xususan, Quyi Chirchiq tumanida 2018-2020 yillarda paxta yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni o‘zida to‘la jamlagan klaster loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. bu maqsadlar uchun 59 million dollardan ziyod investisiya jalb etiladi. 600dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Joriy yilda mamlakatimizda 60 dan ziyod ana shunday loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur model paxta xom ashyosini yetishtirish, mahsulotni paxta tozalash korxonalarida keyingi qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yagona ishlab chiqarish siklini tashkil etishni ko‘zda tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi PF-5285 sonli "To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan paxta-to‘qimachilik klastyerlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi komissiya tarkibi tasdiqlangan. Farmon ijrosini ta’minlash va aholining to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Mirishkor va G‘uzor tumanlarida "O‘zsanoatqurilishbank"ning kredit mablag‘lari ko‘magida G‘uzor Tekstil Impeks MCHJ tomonidan innovasion paxta-to‘qimachilik klasteri ishga tushiriladi. To‘rt bosqichli loyihalar asosida amalga oshadigan mazkur loyiha ishga tushishi natijasida korxona tomonidan yiliga 35 ming tonna chigitli paxta, 20 ming tonna kalava ip, 23,6 mln dona tayyor mahsulot, 2,9 ming tonna paxta yog‘i va 7,9 ming tonna shrot ishlab chiqarish hamda 38,0 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarning xorijga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Trutzshler” (Germaniya), “Rieter” (Shveysariya), “Elektro-jet Textile Machinery” (Hindiston), “Murata manufasturing Co.Ltd.”, “JUKI” (Yaponiya) kabi xalqaro miqyosdagi kompaniyalardan eng zamonaviy asbob - uskunalar olib kelinadi. ishlab chiqarish uchun mahalliy xom ashyo yetishtirish uchun Mirishkor tumanida 10 ming ga maydonda paxta yetishtirilib, G‘uzor tumanida qayta ishlanib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish tashkil etiladi. Chorvachilik qishloq xo‘jaligida muhim o‘rin tutadi. U o‘z ahamiyati jihatdan qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishida dehqonchilikdan keyingi o‘rinda tursada, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Chorvachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari - go‘sht, sut, yog‘, tuxum va boshqalar bilan ta’minlaydi, yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlariga esa xom ashyo (yung, go‘sht, teri, sut va boshqalar) etkazib beradi. Shuningdek, chorvachilik xo‘jalik uchun ishchi kuchi (jonli transort) - ot, tuya, eshak, bug‘u va mahalliy o‘g‘it beradi. Chorvachilik mahsulotlaridan turli xil qilmmatli dori-darmonlar (shifobaxsh zardob, garmonal preparatlar va b.) olinadi. Dehqonchilikda ayrim ekinlar yetishtirishda asosiy mahsulot bilan birga chorvachilikda foydalaniladigan qo‘shimcha mahsulotlar (somon, poxol, kepak, sabzovotchilik va kartoshkachilik, bog‘dorchiilk chiqindilari…) ham olinadi. Em-xashak yetishtirishni ko‘paytirish, uning sifatini yaxshilash chorva mahsuldorligini oshirishning zaruriy shartidir. Chorvachilikning rivojlanishi esa dehqonchilik tarmoqlarini yanada yuksaltirish, umuman qishloq xo‘jaligining moddiy va mehnat resurslaridan yaxshiroq foydalanish, ekin hosildorligini oshirish imkonini beradi. O‘zbekistonning tabiiy sharoiti dehqonchilikni rivojlantirishga qancha qulaylik yaratgan bo‘lsa, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish uchun ham shunchalik qulaydir. Obikor dehqonchilik hududlarida qoramolchilik, asalarichilik, qo‘ychilik, cho‘l va tog‘ oldi zonalarida qorako‘lchilik, tuyachilik, yilqichilik, echkichilik, daryo va ko‘l havzalarida baliqchilik, darrandachilik rivojlangan. Mamlakatimiz hududidagi cho‘llardan yil davomida yaylov sifatida foydalanish mumkin. Qishloq xo‘jaligi yerlarining 7,7% chorva mollari ozuqa bazasini yaratish uchun ajratilgan. Bularda yiliga 10 mln tonnadan ortiq pichan va silos yig‘ishtirib olinadi. Respublikamiz aholisining moddiy farovonligini oshirishda qishloq xo‘jaligining o‘rni beqiyos bo‘lib, aholi ehtiyoji uchun zarur tovarlarning 85%i mazkur tarmoq zimmasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston chorvachilikning qadimiy markazlaridan biri. Bundan 4-5 ming yil muqaddam chorvachilikning qoramolchilik, qo‘ychilik va echkichilik hamda yilqichilik va tuyachilik tarmoqlari shakllangan. Respublikaning tuproq va tabiiy-iqlim sharoitlari - unumdor sug‘oriladigan yerlar, qir-adirlar, dasht-cho‘l va tog‘oldi yaylovlari, daryolar qayirlari chorvachilikning rivoji uchun qulay. Chorvachilik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining obikor dehqonchilikdan keyingi muhim tarmog‘idir. Sug‘oriladigan yerlarda, asosan qoramolchilik, parrandachilik, ipakchilik, quyonchilik, cho‘o‘chqachilik, asalarichilik, qir-adirlar, dasht-cho‘l va tog‘ oldi yaylovlarida esa qo‘ychilik, echkichilik, yilqichilik, tuyachilik, suv havzalarida baliqchilik rivojlangan. Resublikamizda qorako‘lchilik xalqaro ahamiyat kasb etgan. Qorako‘lchilik tabiiy va iqtisodiy omillar, ozuqa resurslariga bog‘liq ravishda mintaqalar bo‘yicha ixtisoslashib, rivojlanib bormoqda.Mustaqillik yillarida chorvachilikda xususiy sektorga e’tibor kuchaytirildi, qishloq xo‘jaligida tub iqtisodiy islohotlar amalga oshirila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 15 martda «Respublika chorvachiligida iqtisodiy islohrtni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 1994 yil 23 fevralda «Chorvachilikda iktisodiy islohotlarni takomillashtirish hamda dehqon (fermer) xo‘jaliklari va xususiylashtirilgan fermalar manfaatlarini himoya qilish choralari to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilindi. Unga ko‘ra zarar bilan ishlayotgan 1499 ta qoramolchilik fermalari mazkur ferma jamoalari va fermyerlarga xususiy mulk qilib berildi (1995). 2012 yil 22 oktabrda “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Chorvachilikda fermer xo‘jaliklari tashkil etish va ularni rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Bularni va shaxsiy chorvachilikni em-xashak, mexanizatsiya va transport bilan ta’minlash borasida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qoramolchilik Respublika chorvachiligida asosiy o‘rinda turadi. Yetishtiriladigan jami go‘shtning 75—80%, sutning 99,9% shu tarmoqqa to‘gri keladi. O‘zbekistonning turli tabiiy-iqlim sharoitlarida sut (qora-ola, qizilcho‘l, bushuev), sut-go‘sht (shvis) va go‘sht (qozoqi oqbosh, santa-gertruda, aberdin-angus) yo‘nalishidagi qoramol zotlari boqiladi. Qoramolchilikka ixtisoslashtirilgan 30 ta xo‘jalik bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalog‘istondadir. O‘zbekistonda qo‘ylar, asosan yaylovda boqiladi (ob-havo sharoiti noqulay hollarda qo‘shimcha oziqlantiriladi). Respublikada qo‘ychilikning qorako‘l teri, go‘sht-yog‘ va jun uchun boqiladigan tarmoqlari rivojlangan. Respublikamizda qorako‘lchilik xalqaro ahamiyatga ega. Qorako‘l terilari o‘zining nafisligi, pishiqligi, rang-barang tuslarda tovlanib turishi bilan jahon mo‘yna bozorida yuqori baholanadi. O‘zbekistonda 120ga yaqin ixtisoslashgan qorako‘lchilik xo‘jaliklari bo‘lib, 5 mln boshga yaqin qorako‘l qo‘ylari boqiladi. Qorako‘l qo‘ylari Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng ko‘p boqiladi. Qorako‘l terisining arabi (qora), sherozi (kulrang) va oltin tusli mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekistonda yetishtirilgan qorako‘l terilari O‘zbekiston-Gretsiya hamkorligida tashkil etilgan «Buxoro-Omega» qo‘shma korxonasida qayta ishlanadi. Qorako‘l terilar, asosan mo‘yna bozorlarida, jumladan Sankt-Peterburg, Kopengagen (Daniya) va Finlandiya mo‘yna kimoshdi savdolarida, xalqaro yarmarkalarda, shuningdek Yevropa va Amerika bozorlarida sotiladi. 2017 yil 1 yanvar holatiga, respublikaning barcha toifadagi xo‘jaliklarida yirik shoxli qoramollarning umumiy bosh soni 12181,4 ming boshni, shu jumladan sigirlar – 4217,3 ming boshni, qo‘y va echkilar – 19697,9 ming boshni , cho‘chqalar – 85,5 ming boshni, otlar – 221,4 ming boshni, tuyalar – 17,4 ming boshni, parrandalar – 67037,7 ming boshni, asalari oilalari – 428,9 mingtani tashkil etdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni xo‘jaliklar toifalari kesimida tahlil etilganda, yildan-yilga fermer xo‘jaliklarining ulushi oshib borayotganligi, o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar ulushi esa kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Respublikamizda faoliyat yuritib kelayotgan past rentabelli qishloq xo‘jaligi tashkilotlari yer maydonlarini qisqartirilib, ular negizida mustahkam moddiy texnika bazasiga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining tashkil etilishi, jami qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotida fermer xo‘jaliklari ulushining 2000 yildagi 5,5 foizdan 2016 yilda 32,9 foizgacha ko‘payishida hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar ulushini esa 2000 yildagi 27,8 foizdan 2016 yilda 2,0 foizgacha kamayishida o‘z ifodasini topdi.2019 yilda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining barcha toifadagi xo‘jaliklarga nisbatan ulushi xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha hududlar kesimida tahlil qilinganda barcha hududlarda eng yuqori ko‘rsatkichlar dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga to‘g‘ri kelishi kuzatildi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Surxondaryo (73,9%), Navoiy (71,9%) hamda Buxoro (70,8%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.Fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotidagi barcha toifadagi xo‘jaliklarga nisbatan ulushi hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkichlar Samarqand (39,9%), Sirdaryo (37,5%) va Qashqadaryo (37,1%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Qishlok xo‘jaligi O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining eng muhim va yirik tarmog‘i bo‘lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, sanoatni esa xom ashyoga bo‘lgan talabini qondiradi. Qishloq xo‘jaligining mamlakat milliy iqtisodiyotida va ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Buni eng avvalo, uning respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi, aholining turmush farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati, qishloq xo‘jaligida band aholi salmog‘ining kattaligi, mamlakat eksport salohiyatida tutgan o‘rni, ko‘plab xo‘jalik tarmoqlarining qishloq xo‘jaligi bilan bog‘langanligida ko‘rish mumkin. Odatda, «qishloq xo‘jaligi» deganda, uning asosiy tarmoqlari-dehqonchilik va chorvachilik tushuniladi. Bunday qarash an’anaviy bo‘lib qolgan va u tarmoq nuqtai nazaridan to‘g‘ridir. Ammo hududiy jihatdan qaraganda, qishloq xo‘jaligi shahar, mintaqa, milliy va dunyo xalq xo‘jaligiga o‘xshash alohida bo‘g‘in, taksonomik birlik sifatida ham namoyon bo‘ladi. Bunda qishloqda qanday xo‘jalik tarmoqlarining mavjudligi nazarda tutiladi. CHindan ham hozirgi vaqtda qishloq joylarda nafaqat dehqonchilik va chorvachilik (agrar sohalar), balki turli boshqa tarmoqlar, masalan, sanoat korxonalari, transport, dam olish maskanlari, sanatoriya va kurort, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalari mavjud. Shu bois, «qishloq xo‘jaligi» tushunchasining bunday ikki ma’noga ega ekanligini (birinchisida tarmoq, ikkinchisida-joyning funksiyasi) unutmaslik lozim.Qishloq xo‘jaligi moddiy ishlab chiqarishning eng qadimiy va eng keng tarqalgan tarmog‘idir. Dunyoda birorta mamlakat yo‘qki, uning aholisi qishloq xo‘jaligi va unga yondosh tarmoqlar - o‘rmon xo‘jaligi, ovchilik, baliqchilik bilan shug‘ullanmasin. Dastlabki ijtimoiy mehnat taqsimoti ham avval chorvachilik, so‘ngra dehqonchilikning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Sug‘orma dexqonchilik jamoa, uning asosida doimiy aholi manzilgohlarining vujudga kelishida, ilmu-fan taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan. Keyinchalik dehqonchilik hunarmandchilik va savdo-sotiqni, ular esa, o‘z navbatida, manufaktura va yirik mashina industriyasini rivojlantirishga olib keldi. Qishloq xo‘jaligi rivojlanishi va hududiy tashkil etilishining quyidagi xususiyatlari mavjud. • eng qadimgi, an’anaviy xalq mashg‘uloti ekanligi; • mavsumiy hususiyatga egaligi; • qishloq ho‘jaligining rivojlanishi ob-havo, iqlim sharoitlariga bog‘liq ekanligi; • qishloq ho‘jaligining holati, o‘z navbatida, sanoatga, ayniqsa yengil va oziq-ovqat sanoati rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatishi; • ushbu tarmoqning hududiy tashkil etilishi areal xususiyatiga ega ( sanoat nuqta shaklida, transport chiziqsimon , tasmasimon ) ekanligi; • qishloq xo‘jaligining mehnat unumdorligi sanoatga nisbatan past ekanligi; • qishloq xo‘jaligi aholini iste’mol mollari bilan, sanoatni xom ashyo bilan ta’minlashi; • qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun xom ashyo kerak emas, uning asosi agroiqlimiy rusurslar, ya’ni harorat, namlik va tuproq xisoblanadi. Jahondagi barcha mamlakatlarda qishloq xo‘jaligining u yoki bu tarmoqlari mavjud. Lekin uning rivojlanish darajasi va tarmoqlar tarkibi turli hududlarda turlicha. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mulkchilikning turli shakllarida, turli qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan er, suv, iqlim va tabiiy sharoiti xilma-xil bo‘lgan turli mintaqalarda yetishtiriladi. Mehnat taqsimoti mana shu hududlarda ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanganlik darajasini o‘zida aks ettiradi. Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining joylashishi va rivojlanishi har bir geografik rayonning tabiiy sharoitiga va iqtisodiy imkoniyatlariga bog‘liq. Bu esa qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda joylashtirish va ixtisoslashtirishda har bir mamlakat, rayon yoki xo‘jalikning tabiiy sharoiti va iqtisodiy imkoniyatlarini inobatga olishni taqozo etadi. O‘zbekiston milliy iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligi yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Uning ulushiga 2017 yilda yalpi hududiy mahsulotning 28,7% qismiga yaqini to‘g‘ri keldi. YAHM – milliy hisoblar tizimining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib, muayyan vaqt davomida mintaqaning iqtisodiy hududida joylashgan rezident – institutsional birliklar ishlab chiqarish faoliyatining yakuniy natijasini ifodalaydi. YAHM ishlab chiqarish usulida, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi va mahsulotlarga sof soliqlar yig‘indisi sifatida hisoblanadi So‘ngi yillarda respublikamizda iqtisodiyotni sanoatlashtirish dasturini amalga oshirish natijasida qishloq xo‘jaligining nisbiy ko‘rsatkichlari, ya’ni ulushi pasayib borishi tendensiyasiga ega. Shu asosda mamlakatimiz iqtisodiyoti agrar-industrial shakldan tobora, asta-sekin industrial-agrar yo‘nalish kasb etmoqda. O‘zbekistonning qulay iqlimiy-tabiiy sharoiti va unumdor vodiy-vohalari qadimdan dehqonchilik qilish uchun qulay imkoniyat yaratgan. Mamlakatimiz o‘rtacha kengliklar (370 – 45 0) ning chala cho‘l va cho‘l zonasida joylashganligi uchun havo ochiq va quyoshli kunlar ko‘p bo‘ladi. Masalan, Toshkentda yiliga o‘rtacha 2889 soat (bir yil – 8766 soat 9 minut, 9 sekund ekanligini hisobga olinsa, bu katta ko‘rsatkich) quyosh nurlari tushsa, bu miqdor Termizda 3019 soatga teng. Qizilqum, Mirzacho‘l, Qarshi cho‘llarida esa Quyosh 4460 soat nur sochib turadi. Musbat haroratlar yig‘indisi Ustyurtda 30000 dan ortiq, Surxondaryoda esa 59000ga etadi. Respublikamizda quyoshli kunlar uzoq (190-270 kun) davom etganligi uchun qishloq xo‘jalik ekinlaridan yiliga 2-3 marta hosil olish, vegetatsiya davri uzoq davom etadigan, issiqsevar o‘simliklarni yetishtirish imkoniyati mavjud. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi xususan, dehqonchilik, boy tarixga ega. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra respublikamiz hududlarida bug‘doy, sholi, qovun, tok va boshqa ekinlar 3 ming yildan buyon yetishtirib kelinadi. G‘o‘za Farg‘ona, Zarafshon va Chirchiq-Ohargaron vodiylari hamda Xorazm vohasida miloddan avvalgi VII-VI asrlardan buyon ekiladi. O‘rta Osiyo Aleksandr Makedonskiy tomonidan zabt etilgan davr tarixchilarining yozma manbalarida ham mahalliy xalq paxtachilik va to‘qimachilik bilan shug‘ullanganligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi. To‘plangan boy tajribalar asosida respublika qishloq xo‘jaligi, ayniqsa uning yetakchi tarmog‘i hisoblangan dehqonchilik madaniyatining shakllanishi tufayli mamlakatimiz jahonning eng taraqqiy etgan mintaqalaridan biriga aylandi.O‘zbekistonning tabiiy sharoiti dehqonchilikni rivojlantirishga qancha qulaylik yaratgan bo‘lsa, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish uchun ham shunchalik qulaydir. Qorako‘l qo‘ylari bundan 8000 yil ilgari, qorabayir otlari eramizdan oldingi asrlarda boqila boshlagan. Obikor dehqonchilik hududlarida qoramolchilik, asalarichilik, qo‘ychilik, cho‘l va tog‘ oldi zonalarida qorako‘lchilik, tuyachilik, yilqichilik, echkichilik, daryo va ko‘l havzalarida baliqchilik, darrandachilik rivojlangan.Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlari kabi qishloq xo‘jaligi ham barqaror sur’atlar bilan rivojlanmokda. Mustaqillik yillarida agrar tarmoqda tub iqtisodiy islohotlar amalga oshirilganligi, fermer xo‘jaliklari rivojlanishi uchun barcha huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilganligi, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi o‘z samarasini bermoqda. Eng muhimi, xalqimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashga zamin yaratildi. Bu esa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chet mamlakatlarga eksport qilishga imkon bermoqda. Respublikamiz agrar sohasida chukur tarkibiy uzgarishlarning amalga oshirilishi natijasida 2017 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi kariyib 7 foizga oshdi.O‘zbekiston jahondagi sug‘orma dehqonchilik qadimdan rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiradi. Mamlakatimizda ekin maydonlari qishloq xo‘jaligi yer fondining katta qismini tashkil etadi. Ekin maydonining tarkibi ekinlar hosildorligiga, yalpi hosil hajmiga, bir gektar maydon mahsuldorligiga, oziq-ovqat ba’zasiga va chorvachilikni rivojlantirish darajasiga ta’sir etadi. Shuning uchun ham ekin maydoni tarkibi xo‘jalik yetishtiradigan mahsulot hajmini belgilab beradi. Hozirda sug‘oriladigan hududlarda 1 ga ekin maydoniga 12000-14000 m3 suv (parlanishlar va ariqlarda yer ostiga singib ketishi bilan birga) sarflanmoqda, jami daryolar va yer osti suvlaridan 2500 km3 yoki jami toza chuchuk suvning 6 foizi qishloq xo‘jaligi uchun ishlatilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini isloh qilishni diversifikatsiyalash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy yuqori samarali texnologiyalarni joriy etish hamda xo‘jaliklarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, 2010-2016 yillar davomida jami qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi barqaror sur’atlarda o‘sib bordi, bunda o‘sish sur’ati yiliga 6-7 foizni tashkil etdi. 2016 yilda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti tarkibida dehqonchilik mahsulotlarining ulushi 2000 yildagi 50,2 foizdan 61,2 fozgacha ko‘paydi va shu davr mobaynida mos ravishda chorvachilik mahsulotlarining ulushi 49,8 foizdan 38,8 foizgacha kamaydi (1-rasm). Ekin maydonining ilmiy jihatdan asoslangan tarkibi rejalashtirilgan darajada paxta, don, sabzavot, oliz va em-xashak yetishtirishni ta’minlash bilan birga asosiy ekinlarning agrotexnika talablariga javob bergan holda ular hosildorligining oshishi va tuproq unumdorligi yaxshilanib borishini ham ta’minlaydi. YUrtimizda ekin maydonlarini optimallashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini rayonlashtirish borasida har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilayotganligi paxta yetishtirishning nisbatan barqaror hajmini saqlagan holda, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni bir necha barobar ko‘paytirish imkonini berdi.Statistik ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2000-2016 yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladigan maydonlar biroz qisqarish kuzatildi. Agar jami qishloq xo‘jalik ekinlari maydoni 2000 yili 3778,3 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2005 yili 3647,5 ming gektarga tushib qoldi. 2010 yili 3708,4 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yili 3694,2 gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 2000 yildagiga nisbatan 84,1 ming gektarga kamaydi, 2016 yili esa 3706,7 ming gektarni tashkil etdi. Keyingi yillarda mamlakatimiz ekin maydonlari tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Buni quyidagi grafik ma’lumotlaridan ham ko‘rish mumkin (2-rasm).Yuqoridagi grafik ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, donli ekinlar maydoni 2000 yilda 1614,0 ming gektardan 2016 yili 1689,4 ming gektarga ortib, umumiy ekin maydonining 45,6%ni tashkil etgan. Sabzavot, kartoshka va poliz ekinlari maydonida ham sezilarli darajada o‘sish sur’atlari kuzatiladi. Texnik ekinlar maydoni esa 2000 yilda 1512,5 ming gektardan 2016 yili 1333,9 ming gektarga kamaygan, ya’ni jami ekin maydonining 36%ga paxta va boshqa texnik ekinlar ekilgan. Tahlillardan don ekinlari va g‘o‘za maydonlarining asosiy qismi fermer xo‘jaliklari, kartoshka, sabzavotlar, poliz, meva va uzum maydonlari fermer va dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari ixtiyorida qolayotganligi kuzatildi 2000-2016 yillardagi qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlari tuzilmasidagi o‘zgarishlar tahlili, umumiy ekin maydoniga nisbatan don ekinlari mos ravishda 42,7 foizdan – 45,6 foizgacha, kartoshka 1,4 foizdan – 2,3 foizgacha, sabzavotlar 3,4 foizdan – 5,5 foizgacha, poliz 1,0 foizdan – 1,6 foizgacha ko‘payganligini, shu bilan birga, texnik ekinlar 40,0 foizdan 36,0 foizgacha, ozuqa ekinlari 11,4 foizdan 9,0 foizgacha kamayganligini ko‘rsatdi. Tahlillardan don ekinlari va paxta xom-ashyosi ishlab chiqarishda fermer xo‘jaliklari, kartoshka, sabzavotlar, poliz, meva va uzum ishlab chiqarishda fermer va dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari asosiy ishlab chiqaruvchilar bo‘lib qolayotganligi kuzatildi (2-jadval).Respublikada oziq-ovqat ekinlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish va shu asosda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha tizimli choralarning amalga oshirilishi natijasida, 2016 yilda respublikaning barcha toifadagi xo‘jaliklarida jami don – 8261,3 ming tonna (2000 yilga nisbatan 2,0 marta ko‘p), kartoshka – 2958,4 ming tonna (4,0m.), sabzavotlar – 11275,8 ming tonna (4,3m.), poliz – 2044,9 ming tonna (4,5m.), mevalar va rezavorlar – 3042,8 ming tonna (3,8m.), uzum – 1735,8 ming tonna (2,8m.) ishlab chiqarilishiga erishildi. 2016 yilda 2959,0 ming tonna paxta xom-ashyosi ishlab chiqarilib, bu 2000 yilga nisbatan 98,6 foizni tashkil etdi. 2016 yilda 21,0 mln.tonna meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarildi. Respublika aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash darajasining ko‘tarishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, 2016 yilda 2000 yilga nisbatan aholi jon boshiga don ishlab chiqarishni 100 kg, kartoshkani 63 kg, sabzavotlarni 247 kg, poliz mahsulotlarini 46 kg, mevalarni 64 kg, uzumni 30 kg, go‘shtni 34 kg, sutni 158 kg, tuxumni 142 donaga ko‘payishiga olib keldi.Xulosa qilib aytganda, mustaqillik yillarida respublikada qishloq xo‘jaligi sohasiga bozor tamoyillarini joriy qilish va mulkchilik shakllarini to‘liq o‘zgartirish bilan tub islohotlar o‘tkazildi, natijada xo‘jalik yuritishning yangi shakllari paydo bo‘lib, ular qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotining rivojlanishida o‘z aksini topdi. Paxta monokulturasiga barham berilib, oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda don mahsulotlari bilan o‘zini-o‘zi ta’minlash hamda oziq-ovqat mustaqilligiga erishish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasining asosiy tamoyillari bo‘lib hisoblanadi. Mamlakat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida, oziq-ovqat ekinlari maydonlarining kengaytirilishi hisobiga g‘o‘za ekin maydonlari qisqartirildi. Ozuqa ekinlari maydonlarining qisqartirilishi, chorva mollari va parrandalarni mustahkam ozuqa bazasi bilan ta’minlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan takroriy, oraliq, qator oralig‘i ekinlarini ekish hisobidan qoplanayotganligi bilan izohlanadi.Respublikada ekin maydonlari tarkibiy tuzilmasini oziq-ovqat ekinlari maydonlarini kengaytirish hisobiga bosqichma-bosqich maqbullashtirish bo‘yicha aniq maqsadli yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, shuningdek dehqon (shaxsiy yordamchi) va fermer xo‘jaliklarida chorva mollari va parrandalar bosh sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Fermer xo‘jaliklarida asosan paxtachilik, donchilik, meva-sabzavotchilik va dehqonchilikning boshqa yo‘nalishlari, dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklarida esa chorvachilikning yuqori sur’atlarda rivojlanayotganligidan dalolat bermoqda. Respublika aholisini dehqonchilik mahsulotlari bilan ta’minlash asosan fermer xo‘jaliklari tomonidan, chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash esa dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari tomonidan amalga oshirilayotganligi kuzatilmoqda. Download 25.33 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling