Tarbiyaning kelib chiqishi, uning kishilar mehnat faoliyati bilan bog`liqligi. Ibtidoiy jamiyatda tarbiya.
Kishilik jamiyati paydo bo`lishi bilan odamlarda mehnat faoliyati jarayonida ishlab chiqarish tajribalari, mehnat qilish malakalari va mehnat qurollarini ishlatish ko`nikmalari hosil bo`ldi. Bu qurollarni takomillashtirish natijasida nutq va tafakkur o`sib, kamol topa bordi. Keksa avlod mehnat qilish jarayonida orttirgan tajribasi asosida yosh avlodni ham mehnat qilishga o`rgatdi, uni mehnat jarayonida tarbiyaladi.
Shunday qilib, kishilik jamiyatining paydo bo`lishi bilan tarbiya ham vujudga keldi, u bilan birga taraqqiy etdi, jamiyatning o`zgarishi bilan u ham o`zgarib bordi. Tarbiyaning ijtimoiy vazifasi kishilarni bilim, malaka, ko`nikmalarda aks etgan mehnat, bilim tajribalarini avloddan - avlodga yetkazishdir. Tarbiyani amalga oshirish jarayonini anglash va bu sohadagi tajribalarni o`rganishga bulgan ehtiyojning tug`ilishi pedagogika fanini yuzaga keltirdi.
Shaxs jamiyatdan tashqarida kamol topa olmaydi, jamiyatdan tashqari tarbiya ham bo`lishi mumkin emas. Tarbiya ijtimoiy hodisa bo`lib, jamiyat hayoti, uning to`xtovsiz taraqqiy etib borishi tarbiyasiz bo`lmaydi. Tarbiya bo`lmasa, jamiyat ham bo`lmaydi, jamiyat usiz yashay va taraqqiy eta olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |