Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalarining moliyaviy munosabatlari. Alohida mamlakatlarda Davlat byudjetidan tashqari Davlat jamg’armalarining mavjudligi fond ichida, fondlararo va moliya tizimining boshqa bo’g’inlari o’rtasida ko’p qirrali moliyaviy munosabatlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Amaliyotdagi bunday moliyaviy munosabatlar bir tomonlama, ikki tomonlama va ko’p tomonlama bo’lishi mumkin.
Bir tomonlama moliyaviy munosabatlar. Bunday munosabatlar, odatda, jamg’armaning daromadlarini shakllantirishda yoki uning xarajatlarini amalga oshirishda namoyon bo’ladi. Masalan, ko’pchilik mamlakatlarda valyuta fondining tashkil etish manbai markazlashtirilgan byudjet mablag’laridan qaytarib berilmaydigan subsidiya shaklidagi resurslar hisoblanadi. Bir tomonlama moliyaviy aloqalar fond daromadining bir qismini moliya tizimining boshqa bo’g’iniga dotatsiya yoki subsidiya sifatida o’tkazganda ham vujudga keladi. Masalan, AQShda tashkil etilgan Yo’l jamg’armasi maxsus soliqlar hisobiga tashkil etiladi, ammo daromadlar xarajatlardan ortiq bo’lgan davrlarda Federal byudjetga zayom shaklida taqdim etiladi.
Ikki tomonlama moliyaviy munosabatlar. Bunday munosabatlar amaliyotda moliyaviy resurslarning oqimi fondlararo va moliya tizimining boshqa bo’g’inlari o’rtasida sodir bo’ladi. Masalan, Pensiya jamg’armasi nafaqat maxsus ajratmalar hisobiga tashkil etiladi, balki hozirgi davrda respublika byudjetidan olinayotgan subsidiya (transfertlar) hisobidan ham qisman shakllanadi. Bir vaqtning o’zida, agar fond daromadida aktiv saldo vujudga kelsa, u ortiqcha moliyaviy resurslar hisobiga qisqa muddatli davlat g’aznachilik qimmatli qog’ozlarini xarid qilib, byudjet defitsitini kamaytirishi yoxud Davlat byudjetga kreditor sifatida ham namoyon bo’lishi mumkin.
Ko’p tomonlama moliyaviy munosabatlar. Bunda bitta davlatning byudjetdan tashqari jamg’armasi bir vaqtning o’zida bir nechta fondlar hamda moliya tizimining boshqa bo’g’inlari bilan o’zaro aloqada bo’ladi. Ya’ni, pul mablag’lari turli xil va rang-barang yo’nalishlarda harakat va oqimda bo’ladi.
Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalari bir qator vazifalarni bajaradi.
Ularning ko’lami keng, ammo asosiylari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
iqtisodiyotning ustuvor sohalarini qo’shimcha moliyaviy resurslar bilan ta’minlash (ekologiya fondlari, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari va boshqalar);
turli maxsus jamg’armalar ko’magida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko’lamini kengaytirish.
Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalari bevosita davlat ixtiyorida bo’lsa-da, alohida shaklda faoliyat yuritadi va davlat tomonidan moliyaviy resurslarini daf’atan olib qo’yishga ruxsat berilmaydi. Ularning Davlat byudjeti va unga tenglashtirilganlardan farqli tomoni shundaki, bu fondlarning moliyaviy resurslaridan foydalanish qat’iy maqsadli xususiyatga ega. Maqsadga erishgandan keyin daromad olish maqsadida boshqa tijorat obyektlariga muddatli investitsiya qilish ham mumkin.
Amaliyotda har bir Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armasining moliyaviy manbalari har xil bo’ladi. Lekin shartli ravishda ularning quyidagi guruhlardan tashkil topishi jahon tajribasida namoyon bo’ladi:
mos ravishdagi fondlar uchun davlat tomondan o’rnatilgan maxsus maqsadli soliqlar, yig’imlar va ajratmalar;
xo’jalik subyektlarining iqtisodiy-moliyaviy samarasidan ajratmalar;
Davlat byudjeti mablag’lari;
fondlarni yuridik shaxs sifatida tijorat faoliyati(moliya bozori)dan olgan foydalari;
tijorat banklarining kredit resurslari. Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalarining klassifikatsiyasi. Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalarini o’zlarining iqtisodiy mazmuni va tashkil etish zaruratiga ko’ra ikkita katta guruhga bo’lish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |