Poliz ekinlari, xususan, qovun, tarvuz, qovoq inson har kuni iste'mol qilishi zarur bo'lgan oziq-ovqat ratsioniga kiritilgan mahsulotlardan hisoblanadi


Download 17.66 Kb.
Sana01.03.2023
Hajmi17.66 Kb.
#1238691
Bog'liq
qovun bo\'yicha


Poliz ekinlari, xususan, qovun, tarvuz, qovoq inson har kuni iste'mol qilishi zarur bo'lgan oziq-ovqat ratsioniga kiritilgan mahsulotlardan hisoblanadi. Tarkibidagi vitaminlarga bo'lgan munosabatiga ko'ra meva ekinlariga yaqin turadi, tarkibidagi karotin miqdoriga ko'ra qovoq o'simligi qizil sabzidan bir necha barobar ustun hisoblanadi. Tibbiyotda oshqozon-ichak yo'llari kasalliklarida poliz ekinlarining mevasini yengil hazm bo'ladigan dietik oziq-ovqat mahsuloti sifatida e'tirof etiladi.
O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Tibbiyot instituti xodimlari mamlakatimiz aholisi jon boshiga bir yilda 98 kg poliz mevalarini iste’mol qilishni tavsiya etadi, shu jumladan 54,5 kg qovun, 36,5 kg tarvuz va 7 kg qovoq mahsulotlari.
O'zbekistonning tuproq-iqlim sharoiti bu ekinlarni yetishtirish uchun qulay bo'lgani uchun qadimdan o'stirilgan va hozirda ham keng miqyosda yetishtirib kelinmoqda. Jumladan, Davlat statistika qo'mitasining ma'lumotlariga ko'ra,
2021-yil yanvar-sentabr oylarida respublikada jami 1,4 mln tonna poliz ekinlari yetishtirilgan bo’lib, bu ko’rsatkich 2022-yilga kelib, 1,6 mln tonnage yetgan. Ana shundan 107,2 ming tonna ulushi viloyatimiz hududiga tegishlidir.
Xorazm viloyatining umumiy ekin maydoni 262 143 gektar bo'lib, shundan har yili 2 010 gektar maydonda tarvuz, qovun - 6 783 gektar, qovoq - 700 gektar maydonda ekilib, yuqori va sifatli hosil olib kelinmoqda.
Poliz ekinlari orasida ayniqsa qovunning mevasi ajoyib ta’mga hamda ko’pgina foydali xususiyatlarga egaligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Uning tarkibida 85,0-92,0% suv, 8,0-15,0% quruq modda, 0,8% oqsil, 1,8% kletchatka va 6,2% boshqa uglevodlar, 0,9% moy, 0,6% kul, 20,0-30,0 mg/% C darmondorisi, 0,03-0,07 mg/% boshqa darmondorilar, Zn, Fe, Ca, Mg, K, P kabi mikroelementlar, organik va mineral tuzlar mavjud. Qovun tarkibidagi folat kislotasi organizmda qon ishlab chiqish uchun zarurdir, mevasi esa bronxit, sil, revmatizm, yurak va buyrak kasalliklarini davolashda ishlatiladi.
O’zbekiston qovunlari o’zining shirinligi, betakror mazasi, hidi, uzoq muddat saqlanishi bilan butun dunyoga mashxur.
Qovun issiqsevar, yorug’sevar o’simlik, qurg’oqchilikka va tuproq sho’rlanishiga chidamli. Urug’lari tuproq harorati 14-15°C ga yetganda una boshlaydi, shuningdek 13°C dan past haroratlarda urug’i chirib ketadi. Ekilgandan keyin 5-7 kunda maysalari unib chiqa boshlaydi. O’suv davri mobaynida qator oralari 2-3 marta yumshatiladi.
Qovunning maysalarining normal oʻsishi hamda rivojlanishi uchun qulay harorat 25-30°C hisoblanadi. Harorat 12-15°C gacha pasaysa, qovun ekinlarning guli toʻkilib ketadi, ular oʻsishdan toʻxtaydi va sekin-asta qurib qoladi. Havo harorati 0°C yoki -1°C da esa, maysalari yoppasiga nobud bo‘ladi yoki -3-5°C ga tushib qolsa, voyaga yetgan oʻsimliklar ham zararlanadi.
O‘zbekistonning tuproq va iqlim sharoitida olib borilgan tajribalar shuni koʻrsatadiki, havo harorati juda koʻtarilib ketsa ham poliz ekinlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. 60°C haroratda qovun barglaridagi oqsil iviydi.
Qovun qisqa kun oʻsimligi hisoblanib, u 10-12 soatli kunda eng tez oʻsib rivojlanadi. Shu bilan birga juda yorugʻsevar oʻsimliklardan biri bo’lib, soyada ular yaxshi rivojlanmaydi va natijada hosildorligi pasayib ketadi. Shuning uchun ularni soyalab qoʻyadigan oʻsimliklar bilan birga yoki mevali bogʻlar qator oralariga ekish tavsiya etilmaydi.
Poliz ekinlari hammasi - qurgʻoqchilikka chidamli. Ularning qurgʻoqchilikka chidamliligi faqat suvning kam sarflashiga emas, balki baquvvat ildizlari orqali tuproqdan oʻzlashtirib olayotgan suv miqdoriga ham bogʻliq. Bundan tashqari qovunning yoʻgʻon, sersuv poyalari va mevalaridagi suv namlik eng tanqis boʻlgan vaqtlarda ularning hayotchanligini saqlash uchun sarflanishi ham qurgʻoqchilikka chidamliligini oshirishga sabab boʻladi.
Qovunda transpiratsiya koeffitsiyenti juda yuqori – 621ga teng. Bu koʻrsatkich eng namsevar ekinlardan boʻlgan karamda 539, kartoshkada 636 va makkajoʻxorida 368 ga teng.
Qovun o’simligi tuproq tipiga unchalik talabchan emas, lekin unumdor, mexanik tarkibi yengil tuproqlarda yaxshi oʻsib, yuqori hosil beradi. O'zbekistonda uchraydigan boʻz, oʻtloq tuproqlar va yangidan oʻzlashtirilgan yerlar poliz ekinlari uchun yaroqli hisoblanadi. Tuproq eritmasida pH – 6,5-7,5 ga teng boʻlsa, bunday sharoit qulay hisoblanadi. Shuni ham aytish lozimki, qovun oʻsimligi yer shoʻrligiga oʻrtacha chidamsizdir. Tuzlar koʻpligi ildizlarni zararlaydi, oʻsimliklar pakana boʻlib qoladi, hosil pasayadi. Zararlangan oʻsimliklarning rangi toʻqroq boʻladi. Tuzlar ta’sirida barglarining chetlari kuyadi.
Qovun organik oʻgʻitlarga nisbatan talabchan. Lekin juda koʻp miqdorda organik oʻgʻitlar berish (ayniqsa yangi, chirimagani) ham ekinlarni rivojlanishini sekinlashtiradi, kasalliklarga chidamliligini kamaytiradi va mevasining sifatini buzadi.
Mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ham katta ahamiyatga ega, ayniqsa birinchi navbatda fosforli oʻgʻitlarga talabchan, keyingi navbatda esa azotli va kaliyli. Ayniqsa, oʻsuv davrining boshida fosforga talabchan boʻladi. Lekin, oʻsimliklarni oʻsishi, shakllanishi va generativ organlarining paydo boʻlishi uchun azot ham zarur. Normadan ortiq, ayniqsa kechiktirib azotli oʻgʻitlarni berish mevalarning sifatini buzib, nitratlar koʻpayishiga, meva qanddorligining pasayishiga va shakllanishining yomonlashuviga sabab boʻladi.
Qovunning o‘simligiga meva tugishidan to mevasining pishib yetilguncha uning tur va naviga qarab o‘rta hisobda 20 kundan 70 kunga qadar vaqt o‘tadi. Oziqlanish maydonining kattaligi qovun mevalarining yirik bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, qovun ekilgan maydon birligidagi ko‘chatlar soni o‘simlikda pishib yetilishi mumkin bo‘lgan mevalar soniga bevosita ta’sir etib, mevalarni pishishini kechiktiradi. Maydonda ko‘chatlarni siyraklash mevalar yetilishini tezlashtirib, uning miqdorini oshiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati
1. A.Y Tajiyev – Tomorqa sabzavotchiligi – Ilmiy-amaliy qo‘llanma.
Xiva 2019
2.T.E.Ostonaqulov, V.I.Zuev, O.Q.Qodirxo‘jayev – Sabzavotchilik. Qishloq xo‘jalik oliy o‘quv yurtlari talabalar uchun darslik. Toshkent-2009
3. B.O Abdolniyozov, G.S Gulimov ― Xorazm qovunlari. Urganch-2008
4. O‘zbekiston qovunlari P.Mavlyanova, A.Rustamov P. Khakimov, A.Khakimov, M Turdieva – O‘zbekiston qovunlari. T-2005
5. B.K Dushamov – Qovun pashshasi va unga qarshi kurash usullari Xorazm-2005
Download 17.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling