Q. J. Mirzaev, E. Sh. Shavqiev,B. K. Janzakov innovatsion iqtisodiyoT


Download 0.98 Mb.
bet80/107
Sana13.02.2023
Hajmi0.98 Mb.
#1194392
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   107
Bog'liq
Иннов иқтисодиёт Ўқув қўлланма СамИСИ 20 12 2019 охирги версия

Tayanch iboralar
Marketing, tahlil, uslubiyot, samaradorlik, innovatsion mahsulot, tijorat, narx, ilmiy tadqiqot, huquqiy muhofaza, innovatsiya bozori, raqobat, bashoratlash.


Nazorat va muhokama uchun savollar
1.Zamonaviy innovatsion marketingning strategik ko‘ri­nish­larini sharhlab bering?
2.Yuqori texnologik tovarlarning innovatsion marketing xususiyatlari qanday tavsiflanadi?
3. Yangi innovatsion tovarlarni ishlab chiqishda maqsadli bozor tahlili?

17-mavzu. Innovatsion loyihalarni moliyalashtirish tizimi


Reja:

17.1. Innovatsion loyihalarning mazmuni va ularga qo‘yi­la­di­gan talablar.


17.2. Innovatsion loyihalar tanlovi va ekspertizasi.
17.3. Innovatsion loyihalarni moliyalashtirish elementlari,
manbalari va shakllari.
17.4. Innovatsion loyihalarni venchur kapitali hisobiga
moliyalashtirishning xususiyatlari.


17.1. Innovatsion loyihalarning mazmuni va ularga qo‘yiladigantalablar

Innovatsion loyihalarni moliyalashtirish tizimiga oid masalalarni o‘rganish uchun “loyiha” tushunchasining mazmunini to‘liq anglab yetishimiz lozim bo‘ladi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida keltirilishicha “loyiha” atamasi arab tilida – “ro‘yxat”, “nizom”, “qoida”, “reja”, “dastur” degan ma’nolarni anglatadi. Lug‘atda ushbu atamaga ikkita izoh berilgan. 1. Bino, inshoot, mashina va shu kabilarni qurish yoki tiklash uchun ishlangan, tayyorlangan hujjatlar (chizma, hisob-kitob, andoza, nusxa va shu kabilar) majmui. 2. Qaror, farmon, qonun va shu kabi hujjat­lar­ning dastlabki xomaki matni95.


Iqtisodiy adabiyotlarda loyihalarga96 – iqtisodiy, sotsial va boshqa manfaat ko‘rish maqsadida mablag‘ saraflagan (kiritgan) holda oldindan belgilangan muddat mobaynida amalga oshi­ri­la­digan o‘zaro bog‘liq tadbirlar va ishlar majmuasi, deb qaraladi.
“Innovatsion faoliyatni boshqarish” nomli darslik muallifi S.A.Salixovning ta’kidlashicha, “... innovatsion loyiha – bu resurslar, muddatlar va ijrochilar bo‘yicha o‘zaro bir-birini asoslaydigan hamda o‘zaro bir-biriga bog‘liq bo‘lgan, ilm-fan va texnika taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarida muayyan maqsadlar (vazifalar)ga erishishga qaratilgan jarayonlarning murakkab tizimidir”97.
Keltirilgan fikrlar asosida aytish mumkinki, “innovatsion loyiha” tushunchasi:

  • innovatsion maqsadlarga erishishga xizmat qiladigan tad­bir­lar yig‘indisini;

  • innovatsion faoliyatni amalga oshirish jarayonini;

  • amalga oshiriladigan tadbirlarni asoslovchi va bayon qiluvchi hujjatlar paketini o‘zida mujassam etadi.

Bu jihatlar innovatsion loyihaning innovatsion faoliyatini tashkil qilish va maqsadli boshqarish shakllari sifatidagi ahamiyatini ko‘rsatadi.
Tadqiq etilayotgan muammolar ko‘lamlariga qarab innovatsion loyihalar qyyidagi ko‘rinishlarda bo‘ladi:

  • monoloyiha – odatda, bitta tashkilot (yoki bitta bo‘linma) tomonidan bajariladigan loyihadir. Uning oldiga bitta innovatsion maqsad: aniq buyumni, texnologiyani yaratish qo‘yiladi. Tadqiqot – qat’iy vaqt va moliyaviy resurs doirasida amalga oshiriladi. Bunda, loyiha muvofiqlashtiruvchisi yoki rahba­ri­ning bo‘lishi zarur bo‘ladi;

  • multiloyiha – o‘nlab monoloyihalarni birlashtiruvchi kompleks dasturlar ko‘rinishida taqdim etiladigan, murakkab innovatsion maqsadga erishishga (masalan, ilmiy-texnik majmuani barpo etish, yirik texnologik muammoni hal qilishga) qaratilgan loyihadir. Bunda, loyiha muvofiqlashtiruvchisining bo‘lishi ma’­qul hisoblanadi;

  • megaloyiha – bir qator multiloyihalarni va yuzlab mono­loyi­­halarni birlashtiradi. U bitta maqsadga yo‘naltirilgan kompleks loyiha bo‘lib, markazlashtirilgan moliyalashtirishni hamda muvofiqlashtirish markazidan boshqarilishini talab qila­di.

Megaloyihalar asosida mintaqaviy sotsial-iqtisodiy hamda ekologiya muammolarini hal etish, tarmoqni texnik qayta qurol­lantirish, mahalliy mahsulotlar va texnologiyalar raqobat­bar­dosh­ligini oshirish kabi innovatsion maqsadlar ro‘yobga chiqa­ri­la­di.
Innovatsion loyihalar bajarilayotgan ishlar hajmlari va davomiyligiga qarab:

  • qisqa muddatli – 1 yilgacha;

  • o‘rta muddatli – 5 yilgacha;

  • uzoq muddatli – 5 yildan ortiq bo‘lishi mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, innovatsion ilmiy-texnik loyihalar (boshqa turdagi loyihalarga qaraganda) mavhumlik darajasining yuqori ekanligi bilan ajralib turadi. Shu sababdan ular ishlanmaning erta bosqichidayoq katta bo‘lmagan moliyaviy yo‘qotishlar bilan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin;
Nazariyada va amaliyotda “innovatsion loyiha” tushunchasi bilan bir qatorda, “innovatsion dastur” degan tushuncha ham keng qo‘llaniladi. Bu tushunchalar bir-biriga yaqin va uzviy bog‘liq . Shunday bo‘lsa-da, ular o‘rtasida keskin farqlar mavjud.
Innovatsion dastur – “multi” va “mega” loyihalar doirasida tuziladi. U – amaliy va tematik ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, innovatsion ishlanmalar tanlovining muammolari ilm-fan va texnikaning ustuvor yo‘nalishlarini, mamlakatni innovatsion rivojlantirishni inobatga olgan holda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yirik sanoat korxonalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining takliflari asosida shakl­lan­tirilishi mumkin.
“Innovatsion dastur loyihalarning (multiloyiha va megaloyihalar) murakkab kombinatsiyasi bo‘lib, boshqaruv ob’ekti sifatida alohida loyihadan yoki o‘zaro bir-biri bilan juda zaif bog‘langan, tashkilot yoki uning ijrochilari tomonidan baja­ri­la­di­gan loyihalardan juda kuchli farq qiladi”98.
Respublikadagi innovatsion faoliyat ko‘p jihatdan (qonun­chi­lik, davlat va idoralar fondlari, davlat tomonidan moliya­lash­tiril­adigan yirik loyihalar, turli imtiyozlar va hokazolar) dav­lat tomonidan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi “Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivoj­lan­ti­rishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 133-son qarorining 3-bandiga muvofiq, davlat buyurtmasi tematik ilmiy tadqiqot loyihalari, maqsadli ilmiy tadqiqot loyihalari hamda ilmiy faoliyat sub’­ekt­larining tashabbuslari asosidagi ilmiy tadqiqot loyihalari99 asosida shakllantiriladi.
Davlat buyurtmasini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuklatilgan. U fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni bajarish borasida – ilmiy tadqiqot loyihalarning ijrochi tashkilotlari bilan shartnoma tuzish va loyihalarni amalga oshirishga mas’uldir.
Fundamental ilmiy tadqiqot loyihalari quyidagi talab­lar­ga javob berishi lozim:

  • tabiat, jamiyat, inson, ong va sun’iy ravishda yaratilgan ob’ektlarning tuzilishi, faoliyati va rivojlanishining asosiy qonuniyatlarini ochishga qaratilgan yangi bilimlarni egallash;

  • ilm-fanning muayyan sohasidagi tadqiqotlar natijalarini nazariyalar, tushunchalar, metodologiyalar, usullar, tavsiyalar shak­lida qo‘llash maqsadida tadqiq etish;

  • ilm-fan nazariyasi va metodologiyasini boyitishga, kelgusida bajariladigan amaliy tadqiqotlar hamda ularni amaliy qo‘llashga qaratilgan innovatsiya ishlari uchun asos sifatida xizmat qilish.

Fundamental loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p muddati besh yilgacha bo‘lishi mumkin.
Amaliy ilmiy tadqiqot loyihalari quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • ishlab chiqarish va/yoki ijtimoiy, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida yangi konstruksiyalar, materiallar, usullar, xizmatlarni yaratishga yoki mavjudlarini takomillashtirishga xizmat qilishi;

  • iqtisodiyotning real sektorini shakllantirishga ko‘mak­la­shish, ishlab chiqarish sohasida energiya va resurslarni tejashni ta’­min­lash, milliy iqtisodiyot sub’ektlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning innovatsion tar­ki­bini va qo‘shimcha qiymatini oshirish;

  • yuqori texnologiyali mahsulotlar namunalarini tayyorlash va yoki ishlanmalarning texnik va texnologik sinovlarining natija­lari va yoki olingan ilmiy-texnik natijani iqtisodiyotning real sektoriga joriy qilish;

  • ilmiy-texnik mahsulotlar va unga ilmiy-texnik hujjatlar to‘plamini, shu jumladan loyihalash hujjatlarini va yoki texno­lo­gik hujjatlarni tasdiqlash, laboratoriya qoidalari va yoki tex­nik shartlar va pasportlar, shuningdek, ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar to‘plamini ishlab chi­qish.

Amaliy loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p muddati uch yil­gacha bo‘lishi mumkin.
Innovatsion loyihalari quyidagi talablarga javob berishi za­rur:

  • avval bajarilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar asosida mahalliy xomashyolardan foydalangan holda import o‘rni­ni bosuvchi, eksportga mo‘ljallangan yangi mahsulot va texno­lo­giyalarni yaratish, mavjudlarini sifat jihatidan tako­mil­lash­ti­rish, tannarxini pasaytirish, mehnat bozorida yangi ish o‘rin­la­rini yaratishni ta’minlash;

  • keyinchalik ulardan amaliyotda foydalanish maqsadida amalga oshiriladigan konstruktorlik, tajriba namunalari, asboblar, materiallar, buyumlar va boshqa ilmiy ishlanmalarni loyihalash, tayyorlash va sinovdan o‘tkazish, rivojlantirish bilan bog‘liq tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish;

  • yuqori texnologiyaga asoslangan mahsulotlar namunalari yoki prototiplarini yaratish va/yoki tajriba-laboratoriya texno­lo­giya-sini tatbiq etish, ilmiy hajmdor mahsulotni ishlab chiqarishga tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘llash uchun yangi turdagi xizmatlarning tajriba-sinovini o‘tkazish (sog‘liqni saqlash, bank-moliya sektori va boshqalar).

Innovatsion loyihalarni amalga oshirishning eng ko‘p mud­dati ikki yilgacha bo‘lishi mumkin.
Izlanishlar natijasida yangi yoki takomillashtirilgan mah­sulotlar (tovarlar, ishlar, xizmatlar), ilg‘or texno­lo­giya­lar­ni yaratish yoki mavjudlarini takomillashtirishga yo‘nal­ti-ril­gan loyi­ha­larga alohida ustunlik beriladi.
Innovatsion loyihalar – g‘oyalar, fikrlar va texnik yechimlarning ilmiy-texnik ahamiyati darajasiga ko‘ra quyidagicha tasniflanadi:

  • modernizatsion loyihalar. Bunda namuna konstruksiyasi yoki asosiy texnologiya tub o‘zgarmaydi;

  • novator loyihalar. Bunda yangi buyum konstruksiyasi turiga va elementlari xossalariga qarab (o‘ziga xos yangi xususiyatlari bilan) oldingisidan keskin farq qiladi;

  • ilgarilab boruvchi. Bunda konstruksiya ilgarilab boruvchi yechimlarga asoslanadi;

  • o‘xshashi yo‘q (yangi) loyihalar. Ular asosida ilgari mavjud bo‘lmagan materiallar paydo bo‘ladi.

Loyihaning sotsial-iqtisodiy ahamiyati – uning murak­kab­ligi, ko‘lami, davomiyligi, ijrochilar tarkibi, tadqiqot natija­lari­ning amaliyotga tatbiq etilish darajasi bilan belgilanadi.
Umumlashtirgan holda aytish mumkin-ki, innovatsion loyiha-ning tarkibi – ishlab chiqariladigan mahsulotning taxmin­lana­yotgan sotuv bozori ko‘lamiga, raqobatchilarning bor-yo‘qligiga va loyiha natijalaridan foydalanish istiqbollariga bog‘liq.
Innovatsion loyiha tuzishda e’tibor qilinadigan asosiy shartlar quyidagilar:

  • innovatsion loyiha professional va shu bilan bir payt-da sodda, bajarish uchun tushunarli va oson bo‘lishi lozim;

  • innovatsion loyiha investor yoki boshqa manfaatdor shaxs o‘ziga kerakli ma’lumotlarni qidirib topishi uchun bo‘limlarga (boblarga) bo‘linishi lozim;

  • innovatsion loyihaning ob’ektiv baholanishiga erishish kerak, ya’ni unda xatolar va noto‘g‘ri hisob-kitoblar bo‘lmasligi lozim.

Innovatsion loyiha yetarlicha batafsil tuzilishi kerak, chunki ekspertlar loyiha bilan tanishayotganda, uning haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishi va loyihaning maqsadlarini tushunishi lozim. Innovatsion loyihani qay darajada detallashtirish va uning tarkibi bo‘lajak tadqiqot ishlari hajmlariga bog‘liq. Masalan, loyihada qandaydir mahsulotni ishlab chiqarish yoki innovatsion texnologiyani joriy etishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilayotgan bo‘lsa, juda batafsil reja ishlab chiqilishi lozim. Uning qanchalik batafsilligi innovatsion loyihaning yakuniy mahsuloti murakkabligiga va mazkur mahsulot (taxminlanayotgan) sotuv bozorining ko‘lamiga, raqobatchilarning bor-yo‘qligiga va loyiha natijalaridan foydalanish istiqbollariga bog‘liq.
Ishlab chiqilgan innovatsion loyiha jamiyatning, nafaqat, istiqbolli yo‘nalishini aks ettiribgina qolmasdan, balki: ushbu loyihaga pul ajratish kerakmi yoki yo‘qmi?, bu loyiha qancha daromad keltiradi?, qilingan xarajatlar va unga sarflangan kuch o‘zini qachon oqlaydi? kabi savollarga ham javob berishi kerak.
Qo‘yilgan savollarga javob berish uchun esa, innovatsion loyihalar: tashkiliy, texnik, tijorat va ekologik nuqtai nazardan chuqur tahlil qilinadi. Amaliyotda innovatsion loyihalarni taxlil qilishda: moliyaviy, investitsion va texnik-iqtisodiy, matematik-statistik usullardan foydalaniladi.



Download 0.98 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling