Qadimgi gretsiyada tarix fanining vujudga kelishi hamda eng qadimgi tarix fani haqida


Download 29.2 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi29.2 Kb.
#196082
Bog'liq
3 uz Qadimgi Gretsiya tarixi


QADIMGI GRETSIYADA TARIX FANINING VUJUDGA KELISHI HAMDA ENG QADIMGI TARIX FANI HAQIDA

Turg’unboyev Valijon Alijon o’g’li

Qadimgi Gretsiya o'z davrida yirik madaniyat markazi bo'lib, uning hududida adabiyot va teatr, falsafa va din, haykaltaroshlik va me'morchilik, notiqlik sanati, tibbiyot va aniq fanlar yuksak darajada tarqqiy etdi va bu taraqqiyot Gretsiyadagi hayot tarzining yuqori pag'onalarga ko'tarilishiga yetarlicha omil bo'lib xizmat qildi. Bunday yuksalishlarda tarix fani hamda tarixshunoslik sohasining vujudga kelishi ham muhim ahamiyatga egadir .

Gretsiyada tarix fani birdaniga vujudga kelmadi. Greklarning tasavvuricha tarix fan emas, balki sanatdan va pand-nasihatdan iborat, shu sababli qadimgi greklar boshqa fanlar singari tarixning ham o'z muzasi bor, bu muza Kliodir. Klio boshqa muzalar bilan bir qatorda sanatlar xudosi Apolon ayonlari orasida bo'lgan, deb hisoblaydilar[1.c.485]1. Greklar tarixiy voqealar to'g'risida chiroyli va pand- nasixatli hikoyani hammadan ko'proq qadrlardilar. Ular tarixning asosiy vazifasi pand-nasixatdan iborat deb, o'zlarining bu tushunchalariga uzoq vaqt sodiq qoldilar.

Dastlabki davrlarda yunonlar o'tmish yozuvchilari (Gomer, Gesiod kabilar)ning asarlari hamda mif va afsonalardagi malumotlarni to'la qonli ravishda tarixiy haqiqat sifatida qabul qildilar. Keyinchalik esa ma'lum bir davrlar oralig'ini va o'z davrini yoritib beruvchi, oz bo'lsa-da ilmiylikka e'tibor bergan nosirlarning, ulardan so'ng geografik, etnografik va boshqa dalillarga tayanuvchi tarixchilarning asarlari vujudga kelgach, yunonlarning afsona va hikoyalarga bo'lgan qiziqishi so'nib, sifatli, haqiqatga yaqin ma'lumotlarga ergasha boshladilar. Shu tariqa, Gretsiya aholisining qiziqish va ehtiyojlari natijasida, bu hududda ilmiylikka asoslangan va o'tmishdan xabar beruvchi tarix fani vujudga keldi. Gretsiyadagi tarix fani ko'p asrlar davomida shakllanib bordi. Xususan, uning vujudga kelishi bir necha bosqichlarga bo'linadi:


  1. Birinchi bosqich - eng qadimgi tarix fani - Gomer davri (mil.avv. XI-VIII asrlar) va Gomergacha bo'lgan davrlarni o'z ichiga olgan bu bosqichda tarix fanining asosiy manbalari vazifasini afsonalar va shoirlarning asarlari o'tagan. Bu bosqichdagi tarixiy manbalar og'zaki va qisman nasriy usulda bayon etilgan(bu bosqichni «mifologik bosqich» deb atash ham mumkin).

  2. Ikkinchi bosqich - logograflar davri tarix fani - yani bu bosqich mil.avv. VI asr va V asrning ikkinchi yarmini o'z ichiga olib, bu davr tarixchilari ham nasriy, ham nazmiy uslublarda ijod qilib, tarixni yoritishda afsonalarga va o'z davri malumotlariga tayanganlar. Qadimgi Gretsiyada bunday tadqiqotchilarni logograflar (yunoncha logographos so'zidan—logos so'z, nasriy asar hamda grapho yozaman, qadimgi yunon tarixiy nasri ilk asarlarining mualliflari) deb atashgan[2.c.40]2.

  3. Uchinchi bosqich tarix fanining vujudga kelish bosqichlari ichida so'nggisi bo'lib, bu davrga kelganda (mil.avv. V asrning ikkinchi yarmida) haqiqiy ilmiy tarixga asos solindi. Adabiyotlarda ilmiy tarixga asos solgan va birinchi ilmiy asarlarni yozgan shaxs sifatida Gerodot tilga olinadi.

Dastlabki vaqtlarda, yani mil. avv. XII-VIII asrlar oralig'ida yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, yunonlar uchun tarix pand-nasihat va ana shu davrni qamrab olgan xalq qo'shiqlaridan iborat edi. Bu qo'shiqlarda aytilgan shaxslar va voqealar to'laqonli ravishda tarixiy hisoblandi.

Eng qadimgi tarixni yoritishda Gomer (uning yashagan yillari to'g'risida aniq malumotlar mavjud emas, shuning uchun u yashagan yillarni mil.avv XII-VII asrlar oralig'ida deb taxmin qilinadi), Gesiodning asarlari muhim o'rin tutadi. Gomer so'qir bo'lgani, o'z asarlarini baxshilar kabi aytgani ma'lum. U asarlarini yaratishda o'z davrigacha mavjud bo'lgan xalq og'zaki ijodi namunalari qo'shiqlar, ertaklar, rivoyatlar va masallarga tayangan. Gomerga nisbatan berilgan asarlar ko'p, lekin gomershunoslar tortishuvlardan so'ng faqat ikki asarni - «Iliada» va «Odisseya» Gomerniki deb tan olishdi[3.c.15]3. Bu asarlarning ikkovi ham qahramonlikni aks ettirgan mifologik, tarixiy asarlardir. Shu bilan birga ular faqat she'rlar, afsonalar va rivoyatlardan emas, real tarixiy voqealardan ham aks etgan (jumladan, «Iliada» dostonida tasvirlangan Troya shahri). Gomerning asarlari Gretsiyaning eng qadimgi tarix fanida ahamiyatli ekanligini shundan ham ko'rishimiz mumkinki, mil. avv VIII-VII asrlarda o'zaro tortishib yotgan davlatlar ham Gomer poemalariga obro'li, keng tan olingan hujjatlar sifatida murojaat qilishning ilojini qilishardi[4.c.95]4. Xuddi shunday deb Kikliya eposi, Gesiod poemalari («Mehnat va kunlar») va Genealogiya poemalari haqida ham aytish mumkin va bu asarlarda o'z davrning ijtimoiy hayoti va ziddiyatlari aks ettiriladi. Bundan tashqari Evmelning "Korinf haqida" (KopivGiaKa) poemasida eng qadimgi Korinfning tarixi(dostonlardan qolgan ma'lumotlar asosida) hikoya qilinadi. Bu poema nasrda qayta ishlanadi va Pavsaniya tomonidan eslatib o'tiladi[5.c.812]5. Elegik Ksenofan esa afsonalarga tayangan holda o'z ona shahri Kolofonning tashkil topishi va koloniyaning Italiyadagi Eleyaga olib ketilishi haqida ham poema yozib, ommaga taqdim etdi[6.c.112]6 .

Eng qadimgi tarix fani mualliflari haqida yana shuni ham aytish joizki, ular (Gomer va Gesiod) yunonlar uchun tarixchilarning ahamiyatini uzoq vaqt saqlab turganlar. Bu haqda mil. avv I asr Elladasining eng ziyoli kishilaridan biri bo'lgan Strabonning misollarida yaxshigina ko'rish mumkin. Uning fikricha, "Iliada" va "Odisseya" tarixiy asosga ega, "Ktesiy, Gerodot, Gellanikka va boshqa shular kabilarga ishongandan ko'ra, -deydi u, qahramonlar haqida hikoya qiluvchi shoirlarga-Gesiod va Gomerga- yoki tragediya yozuvchilarga ishonish mumkin" (XI, 6, 3)[7.c.489]7.

Yuqoridagi malumotlardan xulosa shuki, greklarning afsona va miflarga katta qiziqishlari uzoq vaqtgacha saqlanib qoldi va shuning uchun ham tarix fanining vujudga kelishdagi birinchi bosqichi (eng qadimgi tarix fani bosqichi) uzoq davrni qamrab oldi. Ellinlar miflardagi davrni uncha uzoq bo'lmagan o'tmish deb hisoblashdi. Hatto mil. avv VI-V asrlarda ham Troya urushlarini yaqin vaqtlarda bo'lib o'tgan tarixiy voqea deya fikr yuritishdi.



Agar yangi davr olimlarining miflarda tarix urug'larini topish mumkin deb aytgan nazariyalarni hisobga olinsa, qadimda yashagan ellinlarning afsona va miflarda o'z xalqi o'tmishini ko'rganiga hech hayratlanmasa ham bo'ladi.



  1. Геродот. История. – Лелинград: Наука, 1972. – ср.485.

  2. Фукидид. История. – Санкт-петербург: Наука, 1999. – ср.40

  3. Аверипцева.С., Апта.С., Гаспарова.М., А. Тахо Годи, С. Перепискою и В. Ярхо. Ораторы Греции. – Москва: Художественная литература, 1985. –ср.15.

  4. Гаспарова.М., Ковалевой И. Историческая проза Древней Греции. – Москва: Наука, 1982. – ср.95.

  5. «Суждение о Фукидиде», изд. Рейске, стр. 818–820;

  6. Диоген Лаартский, IX, 2, 20

  7. Страбон. География. – Москва: Наука, 1964. – ср.489.




1 Геродот. История. – Лелинград: Наука, 1972. – ср.485.

2 Фукидид. История. – Санкт-петербург: Наука, 1999. – ср.40

3 Аверипцева.С., Апта.С., Гаспарова.М., А. Тахо Годи, С. Перепискою и В. Ярхо. Ораторы Греции. – Москва: Художественная литература, 1985. –ср.15.

4 Гаспарова.М., Ковалевой И. Историческая проза Древней Греции. – Москва: Наука, 1982. – ср.95.


5 «Суждение о Фукидиде», изд. Рейске, стр. 818–820;

6 Диоген Лаартский, IX, 2, 20

7 Страбон. География. – Москва: Наука, 1964. – ср.489.

Download 29.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling