Rimliklar turmush tarzi - Qadimgi zamonlarda rimlik zodagonlar - patritsiylar bir qavatli oddiy uylarda yashardilar, xo‘jalikda qullar ham unchalik ko‘p emasdi. Vaqt o‘tib rimliklar turmushida keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Badavlat kishilar yashaydigan tepaliklar bag‘rida tomosha bog‘lar va chorbog‘lar ko‘p, havosi esa pastlikdagi joylardagiga qaraganda ancha toza bo‘lgan. Imperatorning yaqin kishilari muhtasham saroylarga egalik qilar edilar. Oddiy rimliklar tepaliklar o‘rtasidagi tekis joylarda yashagan. Bu yerlarda ko‘chalar tor va iflos bo‘lgan: axlatni to‘g‘ri ko‘chaga tashlashgan.
- Rimlik imperatorlar poytaxt aholisi uchun «termalar» deb atalgan ko‘rkam hammomlar qurdirgan edilar (yunoncha «termos», «issiq» so‘zidan kelib chiqqan). Arzimas to‘lov evaziga har bir rimlik termalarga tushish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda suzish uchun hovuzlar, sport zallari mavjud edi. Termalar qoshida ta’lim olish va fanlar bilan shug‘ullanish uchun kutubxona ham bo‘lgan.
Ta’lim - Rimda bolalarning maktabda ta’lim olishi ota-onalarning tahsil uchun haq to‘lash imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgan. Kambag‘al rimliklarning farzandlari xo‘jalik ishlarida ota-onalariga yordam berganliklari sababli maktabda o‘qimas edilar.
- Badavlat xonadon farzandlari esa 6 yoshdan maktabga qatnagan. Yozuvni o‘rganayotgan bolalar stil degan metall tayoqcha bilan harflarni mum qoplangan taxtachalarga o‘yib yozardilar.
- O‘qish, yozish va hisoblashni o‘rganganidan keyin ko‘pchilik ta’lim olishni yakunlar edi. Ayrimlar grammatikada (o‘rta maktabda) tahsilni davom ettirgan. U yerda tarix, geografiya, geometriya, musiqa va astronomiya o‘qitilardi. Yunon tilini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan, chunki fanning turli tarmoqlariga oid kitoblarning ko’pchiligi yunon tilida yozilgan edi. Siyosiy arbob bo‘lishni istagan har bir kishi ritorikani – chiroyli so‘zlasni o‘zlashtirgan.
Me’morchilik - Rim imperiyasida qurilish ishlari ayniqsa taraqqiy etgan edi. Amfiteatrlar, sirklar, teatrlar, ibodatxonalar, saroylar, triumfal arklar va ko‘p qavatli uylar barpo etildi. O‘rmonlar, tog‘lar va botqoqlar orqali yo‘llar o‘tkazilgan. Yo‘llar bilan bir qatorda, suv quvurlari qoldiqlari ham hozirga qadar saqlanib qolgan. Quvurlar nishablik asosida qurilgan bo‘lib, tog‘dagi buloqlardan suvning o‘zi oqib kelar edi. Suv quvurlarini daralar va vodiylardan o‘tkazish uchun akveduklar – ko’tarma ko‘priklar qurilgan. Ulkan ko‘priklarni butunlay toshdan qurish qimmatga tushar va uzoq davom etar edi. Rimliklar yangi qurilish materiali bo‘lmish betonni ixtiro qilishgan.
- Beton ixtiro etilganidan keyin shiftlar gumbaz shaklida ustunlarsiz quriladigan bo‘ldi. Rimdagi Panteon shu taxlitda qurilgan. Rimning eng katta amfiteatri bo‘lmish Kolizey o‘tmishdagi ulug‘vorlik namunasi sifatida hozirgacha saqlangan.
Tarix va din - Qadimgi Rimda mashhur tarixiy asarlar yaratilgan. Tarixchi Tit Liviy «Rim tarixi»ni yozgan. Plutarx yunon-rim sarkardalari hayoti haqida kitob yozib qoldirgan. Kvint Kursiy Ruf «Makedoniyalik Aleksandr tarixi» asarini yaratgan. Mazkur asarlar bizgacha yetib kelgan.
- Milodiy I asr boshlarida Rim hokimiyati ostida bo‘lgan Falastin yerlaridagi Vifleem shahri Nazaret qishlog’ida Iso Masih tug‘ilganligi haqida rivoyatlar keng tarqala boshlagan. Rivoyatlarga ko‘ra, 30 yoshida Iso o‘n ikki nafar havoriylari (apostollar) bilan Falastin bo‘ylab sayohat qilib, Xudo oyatlari haqida hikoya qilib beradi va mo‘jizalar ko‘rsatadi – yashashdan umidini uzgan, tuzalmas xastalarni davolaydi. Mahalliy ruhoniylar Iso payg‘ambarni mavjud diniy haqiqatlarni buzib talqin etishda ayblab, uni o‘lim jazosiga mahkum etadilar. Rim noibi Pontiy Pilat bu hukmni tasdiqlagan. Iso Masih haqidagi rivoyatlar Yevangeliya (Injil) nomini olgan, yunonchadan tarjima qilganda bu so‘z «Xushxabar» ma’nosini anglatadi. Iso payg‘ambar ta’limoti izdoshlari xristianlardir.
- Milodiy 313-yilda imperator Konstantin xristianlik boshqa dinlarga teng dindir degan farmon chiqardi. Farmon xristianlarga ibodatxonalar qurish va oshkora ibodat qilish imkonini berdi.
Mustaqil ish - O’zingizni Rim imperiyasi fuqarosi bo’lgan yozuvchi sifatida tasavvur qiling. Rimliklar turmush tarzi,atrofingizdagi uylar va odamlar haqida tasavvuriy kichik hikoya tuzing.
- P.S. Iltimos, chiroyliroq va xatosiz yozishga harakat qiling. Eng yaxshi hikoya mualliflari ikkita yulduzchali 5 olishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |