Qadriyatlarimiz tarixida Zahiriddin Boburning murakkab shaxs sifatida tilga olinishiga ko‘nikib qolganmiz


Download 35.23 Kb.
Sana16.06.2023
Hajmi35.23 Kb.
#1512555
Bog'liq
bobur ijodi


Qadriyatlarimiz tarixida Zahiriddin Boburning murakkab shaxs sifatida tilga olinishiga ko‘nikib qolganmiz. Har gal adib nomini jahonga mashhur etgan “Boburnoma” asarini, dilbar g‘azallarini, mehr bilan tarjima qilgan Xoja Ahrori Valining “Volidiya” asarini o‘qiganda shaxsiyatidagi zamondosh hukmdorlardan ustun jihatlarni ko‘ramiz. Maqola, kitob va boshqa ilmiy izlanishlarimizda Bobur shaxsining buyukligiga oid fikr­larni bildirdik va bu qarashlarimizni to‘ldirib borishga intildik. Ammo uning shaxsiyati naqadar murakkabligi, hali ayrim jihatlari xolisona aniqlanishi lozimligini ham sezamiz va bunga kirishishdan gohida andishaga boramiz. Bugun adibning tavalludi kuni munosabati bilan ayrim mulohazalarimizni bayon etishga jur’at qildik.

Tarixshunoslar va adabiyot sohasi bilimdonlari o‘rtasida Zahiriddin Boburning islom dinining ikki qanoti – sunniy va shia oqimlariga munosabati masalasida turlicha fikrlar borligi sir emas. Bobur umri davomida komil musulmon sifatida sunniylikning hanafiylik mazhabiga sodiq bo‘lib keldi. Tarixdan ma’lumki, islom dini paydo bo‘lishidan ko‘p o‘tmay ikki qanotga bo‘lingan edi. Islom dini g‘animlari hatto hozirgi kungacha uning qudratini pasaytirish uchun bu ikki qanotni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, o‘z rejalarini amalga oshirishga urinib keladi.

Boburning bosh maqsadi bobosi Amir Temur saltanatini qayta tiklash va boshqa­rish ediki, bu yo‘lda u barcha kasri nafsi, o‘zga niyat, intilishlari bahridan o‘tib, astoydil harakat qildi va muhim natijalarga erishdi ham. Eng yaqin qarindoshlarining fitnayu xiyonatlarini kechirdi, dushmanlari bilan sulh tuzishni ma’qul ko‘rdi, suyukli egachisi Xonzodabegimni ashaddiy dushmani Shayboniyxon nikohiga kirishiga ham rozi bo‘ldi, Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘diy jangda mahv etilgach, uning onasi Baydaga ko‘p muruvvatlar ko‘rsatib, saroyidan joy berdi. Shoh Bobur bu kabi tadbirlarini saltanat yaxlitligini asrashda muhim diplomatik yo‘l, deb bildi.

Shayboniyxonning shiddatli qarshiligini, kuchini o‘zining harbiy imkoniyati bilan qiyoslab: “Bir men Kobulda qolib edim. Dushman bisyor qaviy, biz ko‘p zaif, ne maslahat qilmoqqa ehtimol, ne muqovamat qilmoqqa majol. Muncha quvvat va qudrat. O‘zumuzni bir yer fikrini qilg‘uluqdur va bu miqdor furja va fursatta qaviy dushmandin yiroqroq ayrulg‘uluqdur. Yo Badaxshon jonibi, yo Hinduston sori jazm qilmoq kerak”, der ekan Bobur o‘ta mushkul siyosiy ahvolda qolganini bildirgan.

Boburning kindik qoni to‘kilgan Movarounnahrga qaytish maqsadi uni umrining oxirigacha tark etgan emas. Chunonchi, “Boburnoma”da muallif yozadi: “Bizning ehtimomimiz ul sarilar bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hinduston ishlari ham bir nav’ somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topqay. Bu ish zabtidin so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjih bo‘lg‘umdur. Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay. Alalxusus mundoq toyib va torik bo‘lg‘onda qovun va uzumdek mashru’ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqargay”.

Ushbu satrlar Bobur Hindistonda mustahkam saltanat barpo etgan davrida yozilgan. Uning Vatan sog‘inchini yoniq ifodalagan yuqoridagi iqtibosga e’tibor beraylik. Bobur uchun muqaddas maqsad bo‘lgan ushbu fikrning ifodasida u uch marta Tangri – Ollohga murojaat etadi. Bu e’tirof Bobur nomiga, gohida bo‘lsa-da malomat toshini otib, uning Hindistonda qurgan imoratlari, barpo etgan bog‘-rog‘lari, Movarounnahr tsivilizatsiyasini yuksak davlatchilik siyosati bilan takomilga yetkazganiga qaramay, “nega Bobur bu bunyodkorlikni o‘z yurti Movarounnahr­da qilmadi”, degan asossiz da’volarga munosib javobdir. Boburning hind yerida amalga oshirgan bunyodkorligining jahondagi shon-shuhrati Movarounnahrda qurishi ehtimoli bo‘lgan obidalar dovrug‘idan ­balandroqdir.

Bobur 1512 yili Samarqand shahriga kirib boradi va bobosi Amir Temur, otasi Umarshayx mirzo saltanat qilgan poytaxt taxtiga ma’lum muddat o‘tirishga muvaffaq bo‘ladi. Keyinroq u Buxoro xoni Ubaydulla bilan jangda shikast topadi. Bu mag‘lubiyat Boburning asl maqsadi barbod bo‘lishiga katta xavf tug‘dirgan holat edi. Shu muddatda u Eron shohi Ismoil Safaviydan harbiy yordam so‘raydi va bu yordami uchun u Samarqand masjidida xutbada Ismoil Safaviy nomi va shia mazhabini kiritib o‘qishni taklif etadi. Sof sunniy tariqatiga mansub Samarqand aholisi Boburga ixlos bilan qarasa-da, uning bu harakatini ma’qullamaydi. U shaharni tark etishga majbur bo‘ladi. Biroq, yuqorida keltirganimizdek, Bobur bir umr Movarounnahrga qaytishni orzu qiladi.

Hayotida sodir bo‘lgan bu noxush holatdan so‘ng Bobur Ismoil Safaviy bilan munosabatini buzadi. Bunga Qarshida yuz bergan voqealar ham sabab bo‘ladi. Boburning bu harakatini ayrim tarixchilar mazhabiy chalkashlikka kirganlikka yo‘yishadi. Bizning nazarimizda, bu masalaga Boburning siyosiy qarashlari nuqtai nazari bilan yondashmoq lozim. Ma’lumki, sunniylar va shialarning qarama-qarshiliklari asrlar bo‘yi davom etgan, tarixda ko‘p qonli urushlar bo‘lib o‘tgan. Bobur esa azaldan mutaassib dindor sifatida faoliyat olib bormagan va islom dinining bu ikki qanotini birlikda ko‘rish tarafdori edi. U shia tarafdorlarining harakatlarini islom diniga o‘ta xavf soluvchi mazhab deb hisoblamagan va shuning uchun ham Ismoil Safaviyning taklifini qabul qilgan, bu qarorini sunniy mazhabiga zid, deb bilmagan.

Ikkinchidan, Bobur Ismoil Safaviyning shartiga faqat bir maqsad – Amir Temur saltanatini qayta tiklash maqsadini amalga oshirish uchun rozi bo‘lgan. Keyinroq, Boburning o‘g‘li Humoyun ham Hindistonda bu yurt sultoni Shershohga qarshi kurashida Eron shohlari bilan muzokaralarga kirishgan, ularning ko‘magini qaytarmagan va shu yo‘l bilan boburiylar saltanatini asrab qolgan. Bunday siyosat yurgizish, sunniy va shialar ishlariga aralashmaslik, ularning nizolarini davlat miqyosga ko‘tarmaslik Humoyunga ota meros bo‘lgan va bu siyosat o‘zini oqlagan.

Zahiriddin Bobur o‘zining davlatchilik boshqaruvida millat, qavm va qabilalar, Hindistonda esa turli-tuman kastalar orasidagi mazhabiy va diniy nizolarni imkon qadar ahillik, o‘zaro tushunish va ayrim jihatlarga qisman yon berish orqali, bugungi til bilan aytganda, tolerantlik siyosatini yurgizgan.

U Afg‘onistonda hukmronligi davrida afg‘on qizi Dildora og‘achaga uylanadi, ikki farzandiga hindistonlik qizlardan kelin qiladi. Farzandi Humoyunga yozgan “Vasiyatnoma”sida: “Ey farzand! Hinduston mamlakati turli mazhablardan iborat. Subhonollo taolo haqqi, senga buyurildiki, har bir maz­habga pok qalb bilan qaragin, har bir mazhab va tariqatga adolatli bo‘lgin. Xususan, sigirni qurbon qilishdan saqlanginki, bu Hinduston xalqining qalb ardog‘i va bu viloyat ahli podshohga yaxshi nazar bilan bog‘lanadi. Podshoh farmoniga bo‘ysungan xalqni xarob qilmagin. Adolatni ixtiyor qilgin. Shunda shoh raiyatdan, raiyat shohdan xotirjam bo‘ladi. Islomning taraqqiyoti ehson tig‘i bilan yaxshiroqdir. Zulm tig‘i bilan emas”, deb ta’kidlaydi.

“Vasiyatnoma”ning davomida Bobur sunniy va shia mazhablarining o‘zaro ixtiloflari e’tiborga molik emasligi, bu ikki qanot ziddiyatlari faqat islom dini kuchini yo‘qotishga olib kelishini alohida ta’kidlagani muhim. Bunda Boburning har ikkala qanotdan ayb qidirmagani, ularning bir aqida – muqaddas islom dini atrofida birlashishini istaganini ko‘ramizki, bu dalil uni shia tarafdorlariga bo‘lgan munosabatini aniq ko‘rsatib beradi: “Ahli sunnat va shialarning ikir-chikirlaridan ko‘zingni yum. Chunki islomga qarshilar bor. Turli e’tiqoddagi xalqlarni teng tutginki, shunda saltanat turli tashvishlardan xoli bo‘ladi”. Nazarimizda, Boburning Samarqandda shia mazhabiga bildirgan muvaqqat qarashlarini uning mustahkam saltanat yo‘lidagi intilishlari asosidan qidirish kerak. Yuqoridagi matn buning yorqin dalilidir.

Keyinroq, Hindistonda boburiylar saltanatini yuksak cho‘qqiga ko‘targan Boburning nabirasi Akbarshoh bobosining bu vasiyatini imkon qadar amalga oshirib, turli diniy mazhablarni birlashtirishga, ularning bir maqsad sari intilishlariga bosh bo‘ldi.

Bobur hayoti bilan bog‘liq yana bir muhim jihat bu uning Hindistonda olib borgan urushlari va yakuniy g‘alabaga erishgani munosabati bilan unga berilgan “g‘oziy” unvoni masalasidir. Sharq xalqlari tarixiga oid manbalardan ko‘pgina g‘oziy sulton, shoh va sarkardalarni bilamiz. Ularning aksariyati olib borgan urushlarida ma’lum diniy e’tiqodlarini asos deb bilib, o‘zlari ko‘z tikkan g‘ayridinlarga mansub mamlakat, muayyan hudud aholisi yoki mazhablarni qatli om qilib, o‘z dinlariga kiritishni, qilich zarbi bilan bu niyatlarini amalga oshirishni maqsad etganlar. Ushbu niyatlari amalga oshgandan so‘ng, ularga din peshvolari tomonidan “g‘ozi” – g‘azavot orqali zafarga erishgan shaxs unvoni berilgan. Tarixda Sulton Mahmud, Sulton Muhammad G‘oziy va boshqalar shu xizmatlari bois “g‘oziy” atalishgan.

Zahiriddin Bobur ham Hindistonda Ibrohim Lo‘diy va boshqa hind sultonlari ustidan erishgan g‘alabasi bois bu unvonga loyiq, deb bilingan. Xo‘sh, ularning orasidagi farq nimada? Eng avvalo, ta’kidlaganimizdek, yuqorida nomi zikr etilgan sultonlar diniy nuqtai nazarni ko‘zlab, islom diniga qarshi bo‘lgan boshqa dinga mansub kishilarni islom bayrog‘i ostida birlashtirish uchun kurash olib borib, ko‘p sonli qurbonliklarni amalga oshirib, g‘oziy bo‘lishgan. Biz yuqorida Boburning islom dini, uning sunniy va shia qanotlariga oid qarashlarining, Hindistondagi dinlar va mazhablarga bo‘lgan munosabatining naqadar odilona ekanligiga oid dalillar orqali bu masalaga qisman oydinlik kiritgandek bo‘ldik. Shunday qarashga ega bo‘lgan shoh hech vaqt o‘zining kurashlari maqsadini islom dinidan tashqaridagi ommaga nisbatan qaratishi mumkin emas. Boburning Hindistonga yurishi va bu janglarda minglab kishilarning halok bo‘lishi “Boburnoma”da bayon etilgan. Ammo bu yurish, Boburning o‘zi ta’kidlaganidek, “kofirlar”ga qarshi emas, balki Hindistondagi Amir Temur saltanatining tasarrufiga kiritilgan yerlarni qayta egallash, saltanat qudratini avvalgidek saqlab qolishga qaratilgan muhorabalardir. “Boburnoma”dagi bu jang bayon qilingan sahifalarning biron joyida islom diniga qarshi xalqning kurashi tasviri mavjud emas. Adibning bosh maqsadi bobosi saltanatini qayta tiklash bo‘lgan, xolos. Shuning uchun ham Boburga “g‘oziy” unvoni, aniqrog‘i, islom dini peshvolari takliflari bilan berilgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Bu borada e’lon qilingan “Fath” farmonidagi bir matn fikrimizni quvvatlaydi. Bunda “kofir” atamasi islom diniga mansub bo‘lmaganlarni anglatsa-da, aslida, bu so‘z zamirida hind askarlari, Boburning harbiy raqiblari haqida so‘z boradi. Farmon matnida “islom diniga qarshi chiqqanlar”, “islomiy ibodatlarni amalga oshirmaganlar”, “islom diniga bo‘ysinmaganlar” mazmunidagi so‘z, iboralar yo‘q, gap dushmanning lashkarlari va uning kuchi haqida ketmoqda. “Mashhur kofirlar” iborasi zamirida Hindiston dini hisoblangan buddizm tarafdorlari emas, hindlarning Bobur lashkarlariga qarshi kurashish uchun birlashgan Salohiddin, Raval Uday Sing Bagariy, Mediniy Ray, Barmal Idriy kabi lashkarboshilari nazarda tutilgan. Shu bois Bobur bu urushda diniy g‘azovot qilmasdan, harbiy janglarga kirgan va g‘alaba qozongan. Farmonning ushbu matniga e’tibor beraylik: “Bu kunlarda ­mashhur kofirlarning ko‘pginasi hech qachon hech bir ma’rakada unga (ya’ni hind sarlashkari Raana Sangaaga — H.Q.) islom askarlariga dushmanliklari jihatidan uning buzuq tabiat lashkarlari safini orttirdilar”.

Farmonning boshqa bir joyida hindistonlik sulton va rojalarning Amir Temur vassali bo‘lgan “kofirlar tug‘ini islom mamlakatlarining ikki yuzga yaqin shahrida tikkan edi. Masjid va ibodatxonalarni xarob qilib, u joylardagi mo‘minlarning xotin, bola-chaqalaridan asir qildi”, deyilgan. Ko‘rinib turibdiki, Boburning “g‘azovot”i diniy harakat bo‘lmasdan, temuriylarga mansub yerlarni qaytarib olish, ularning sha’nini himoya qilishga qaratilgan. Shuning uchun Zahiriddin Boburga berilgan “g‘oziy” podshoh darajasi nisbiy bo‘lib, u boshqa g‘oziy sultonlardan tubdan farqlanadi. Tarixchi, boburshunos G‘.Sotimovning quyidagi fikri bu masalaga yanada oydinlik kiritadi: “Albatta, Hindistonda bo‘lganida u mahalliy hindlar diniga nisbatan murosasizlik qilgan hollar ham ko‘zga tashlanadi, lekin bu hol faqat jang paytlarida, g‘oliblik ishtiyoqi yongan onlardagina seziladi... ularni g‘ayridin bo‘lgani uchun emas, balki o‘z saltanatini ­kengaytirish yo‘liga g‘ov bo‘lgan raqib ­sifatida yo‘lidan olib tashladi. Bu maqsad yo‘lida u faqat g‘ayridin rajputlarnigina emas, balki musulmon afg‘onlarning ham ko‘pini o‘rtadan ko‘tarib tashlaganligini unutmaslik kerak” (G‘.Sotimov, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, Toshkent, 2009, 64-bet).

Boburning o‘tgan boshqa sharqlik podshohlardan farqli va bizni hayratga soladigan xislatlari ko‘pki, bir maqola doirasida ular haqida batafsil fikr bildirish mushkul. Mulohazalarimizni hind tarixchisi Shri Ram Sharmaning bu borada xolisona bayon etgan ushbu fikri bilan yakunlaymiz: “Boburiylar Hindistonga fotih sifatida kelgan bo‘lsalar ham, ular qo‘l ostidagi mahalliy hindlarning hurmatini qozonganlar va ularga ma’qul bo‘lgan an’ana va udumlarni yo‘lga qo‘ya oldilar. Har kuni ertalab podshohning “Jarohai darshon” marosimida fuqaro oldida ko‘rinish berishi (salomga chiqishi), arzdorlarning podshoh qabuliga shikoyat bilan kira olish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ma’muriy idoralar rahbarlari bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarni aniq va ravshan belgilab berilishi... mamlakatni boshqarishdagi adolatli ishlari deb qarash kerak”. Bu guvohliklar yana bir bor Boburning shaxsiyatiga oid ­ayrim qarashlarni to‘g‘ri tushunishga yordam beradi, degan umiddamiz.


2-maqola
Turkiy adabiyotning eng mashhur vakillaridan biri, o‘zining ijobiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning munosib vorislaridan bo‘ldi. uning avlodlari esa ko‘p yillar davomida dunyo siyosatiga katta ta’sir ko‘rsata oldilar. Shu tariqa Bobur ulkan sulola asoschisi sifatida tarixda qoldi.


Boburning nozik ta’bi, musiqaga bo‘lgan qiziqishini barcha juda yaxshi bilardi. U farzandlarini ham ilm olishga undar, ular uchun eng yaxshi ustozlardan homiylik qilishni so‘rardi. Qarangki, Boburning o‘rtancha o‘g‘li Kamronda ham shoirlik qobiliyati paydo bo‘ldi. U "Kamron" taxassuli bilan ruboiy va g‘azallar bitishni boshladi. Boburning sevimli qizi Gulbadan esa nasr yo‘lanishidan bordi. Uning katta akasi Humoyunga bag‘ishlab yozgan"Humoyunnoma" asari esa muhim tarixiy hujjatlardan biri bo‘lib qoldi.
Zahriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifathaqidagi g’oyalari, axloq odob, yaxshilik, vafo, insonni xalqqa yaxshilik, qiladigan qilib tarbiyalash, mehnat ahlini qadrlash, insonparvarlik,Vatandan judolik g’am, alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari,axloqiy-ta’limiy fikrlari hozirgi davr yoshlar tarbiyasida ham g’oyat ahamiyatlidir.
Bobur nima haqda va kim haqda yozmasin, g`oyat samimiydir. O`zining quvonchini ham, g`amini ham hech kimdan yashirmay, ro`y-rost aytadi. Do`sti haqida ham, dushmani haqida ham ko`nglidagini so`zlaydi.

Bobur butun umri jangu jadallarda kechishiga qaramasdan tabiatan nihoyatda ziyrak va sinchkov, g`oyat fahmli va idrokli, hamma narsaga qiziquvchan bir zot edi. U qaerga bormasin, o`sha yerning geografik tuzilishi, joylashishi o`rindan tortib, o`simlik va hayvonot dunyosigacha, qishu yozining ob-havosidan, elining tili-yu, urf-odatlarigacha hamma-hammasi bilan qiziqadi va yozib qoldiradi.

“Boburnoma” da Boburning ilk she`riy mashqlaridan tortib yirik asarlarigacha yozilish tarixi, ular bilan bog`liq voqealar haqida ma`lumot berilgan. Alisher Navoiy bilan xatlashgani, “Boburiy xat” ni ixtiro etgani, musiqa bilan shug`ullangani, turkiy tilning sofligi va ravnaqi uchun kurashganlari haqida ham batafsil ma`lumot beradi.

“Boburnoma” Bobur kezgan yurtlar haqida o`ziga xos qomusdir. Lekin bu faqat sinchkov emas, badiiy zavqi ham baland bo`lgan ijodkor tomonidan yozilgan. Asarda turli fanlarga oid ma`lumotlar bilan bir qatorda go`zal ijodiy kuzatishlar, chiroyli badiiy lavhalar ham bor. Ayniqsa, Xuroson va Hindiston manzaralarini chizganda, xususan, o`zbek o`quvchisiga notanish urf-odatlar, o`simlik va hayvonlar haqida hikoya qilganda Boburning badiiy iste`dodi ish beradi. Masalan, u xurmoni shunday tushuntiradi:

“Yana xurmodir. Agarchi xurmo Hindiston maxsusi emas. Chun ul viloyatlarda yo`q edi, mazkur bo`ldi. Xurmo daraxti Lamg`onda ham bordur, shoxlari daraxt kallasida bir yerda-o`q bo`lur. Barglari shoxlarining tubidin uchig`acha ikki tarafida bo`lur, tanasi nohamvor (notekis) va badrang (ko`rimsiz) dir. Mevasi uzumning xo`shasidek bo`lur, xo`shasidin xili ulug`roq bo`lur.

Derlarkim, nabotat orasida xurmo daraxtining ikki ishi hayvonotqa o`xshar: biri ulkim, nechukkim hayvonot boshini kesarlar-hayoti munqati` bo`lur(uzilur). Xurmo daraxtining ham boshi kesilsa, daraxti qurur. Yana biri ulkim, nechukkim hayvonottin benar natija hosil bo`lmas, xurmo daraxtig`a ham narxurmo shoxini kelturub, tegurmasalar, yaxshi bar bermas. Bu so`zning haqiqati ma`lum ermas”.

“Boburnoma” o`zbek nasri taraqqiyotiga juda katta ta`sir ko`rsatdi. Buning yorqin namunasi Abulg`ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” va “Shajarai takorima” asarlaridir. “Boburnoma”ning tasvir va bayon usuli tarjimalar orqali boshqa adabiyotga ham o`tdi. G`arb va Sharqning fan va davlat arboblari Boburning tarix va madaniyat oldidagi xizmatlarini belgilashda bu kitobga asosiy manba sifatida qaradilar. Hindiston tarixini yoritishda esa, mutaxassislar fikricha, hali xam buyuk bobomiz Beruniyning “Hindiston” idan keyingi muhim asar“Boburnoma” bo`lib turibdi.

Bobur o`zining ma`lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o`z hissasini qo`shgan olim sifatida xalqimiz ma`naviy madaniyati tarixida munosib o`rin egallaydi.


Shunday qilib, «Boburnoma»da Boburning Farg’ona viloyati hokimi bo’lib,Kobulda o’zini podshoh deb e’lon qilgani va nihoyat Hindistonda o’z saltanatiga asos solgani bilan bog’liq voqealar tizmasi o’z aksini topgan.

«Boburnoma»ning mazmuni unda tasvirlangan hodisa-voqealar shunchalik boy va ko’p qirraliki, buning natijasida u Movarounnahr, Afg’oniston vaHindistonning XV asr va XVI asr boshlaridagi tarixiy, madaniy, urf-odatlar, ilmi va adabiyoti, o’simliklar va hayvonot dunyosi, shahar, qishloq, meva va gullarining boy manzarasini chizuvchi nodir manbaga aylanib qoldi.

Asarning bosh qahramoni-hikoya qiluvchisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. «Boburnoma»ni o’qigan kishi bosh qahramonning achchiq-chuchuk sarguzashtlari, o’ziga xos fazilatli shaxsiyati, nihoyatda hassos, qiziquvchan, o’tkir zehn va serqirra idrokli, keng dunyoqarashli ekanligi, mard va jasur, to’g’ri so’z va mustahkam iymon-e’tiqodli bo’lganligining guvohi bo’ladi. Shunisi muhimki, bosh qahramon-Bobur o’zgalar aybini axtarishga intilmaydi, balki o’z aybi va xatosini ham, o’zining «gunohlarini ham shafqatsiz bo’lib qalamga oladi. Shundan-da, Bobur ba’zan qiyin ahvolda qolganini ham yozib, shunday deydi:«Manga bisyor dushvor keldi, beixtiyor g’alaba (ko’p) yig’ladim» (Boburnoma,113-bet).

«Boburnoma» - da hayotiylik, haqqoniylik, haqgo’ylik va sodda-turkona bayon yetakchilik qiladi. Boburning quyidagicha yozganlari ham bu fikrlarni qo’llab-quvvatlaydi: «Chun bu tarixda andoq iltizom qilinibdurkim, har so’zning rostini bitilgay va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgay» (Boburnoma,292-bet).


Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,

Tiyra bo‘ldi ro‘zg‘orim ul qaro qoshdin yana.

Men xud ul tifli parivashg‘a ko‘ngul berdim, vale,

Xonumonim nogahon buzulmag‘ay boshdin yana.

Yuz yomonliq ko‘rub ondin telba bo‘ldung,ey ko‘ngul,

Yaxshilig‘ni ko‘z tutarsen ul parivashdin yana,

Tosh urar atfol mani,uyida forig‘ ul pari,

Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.

Oyog‘im etgancha Boburdek ketar erdim, netay,

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.

Zahiriddin Muhammad Bobur deganda ko‘z o‘ngimizda o‘zbek adabiyotining Alisher Navoiyning keyingi buyuk namoyondasi gavdalanadi. Zero, mashhur muarrix Mirzo Haydar ta'biri bilan aytganda: ”Turkiy she'rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas”. Darhaqiqat, Bobur ijodi mumtoz so‘z san'atimizda Navoiydan keyingi alohida bosqichni tashkil etadi. U adabiyotni hayotga, adabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirdi. Bobur o‘z asarlarining mavzuini asosan hayotdan oldi. Shoir merosining hayratlanarli darajada hayotiyligi, ko‘ngilga yaqinligi, tuyg‘ularining tabiiy va samimiyligidandir. Bobur asosan ko‘rgan-bilgan, qalbidan o‘tkazgan, o‘zini to‘lqinlantirgan narsalar, kechinmalar haqida yozadi. Bobur sohibdevon shoir bo‘lsada, uning devoni bizgacha mukammal holda yetib kelmagan. Hozirgacha shoirning 119 g‘azal, 1masnaviy she'ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit'alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibidan umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, Bobur o‘g‘illari Humoyun va Komron Mirzolarga atab, shariat aqidalariga bag‘ishlangan “Mubayyin” asarini,aruz nazariyasiga oid “Mufassal” kitobini yaratadi. Xoja Ahror Valiyning “Volidiya” risolasini she'riy tarjima qiladi. Arab alifbosini isloh qilib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish, uni turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirish maqsadida “Xatti Boburiy”ni ixtiro etgan.

Boburning buyukligi, donoligi, vatanparvarligi haqida gapirmoqchi bo‘lsak,uning qomusiy asari “Boburnoma”ga to‘xtalishimiz lozim. ”Boburnoma” 36 yil davomida yozilgan bo‘lsa, afsuski, bugungi kunda uning 18 yilini aks ettiruvchi hujjatlar topilgan. ”Boburnoma” asarining asl qo‘lyozmasi eski o‘zbek tilida yozilgan. ”Boburnoma”ni tarjima qildirgan olimlar ichida Beverij xonim asarni asl holatda arab alifbosidagi o‘zbek tilida qayta chop ettirishga muvaffaq bo‘ldi. “Boburnoma” bugungi kunda uch joyda saqlanayapti: Haydaroboddagi “Salar jangi” muzeyida, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti kutubxonasida hamda Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida.

Boburning “Boburnoma” tarixiy- memuar asari shoirga olamshumul shuhrat keltirdi. Unda XV asr oxiri-XVI asr boshlarida Movarounnahr, Xuroson va Hindistonda kechgan voqealar, temuriylar saltanatining inqirozi, shayboniylarning hokimiyat tepasiga kelishi sodda uslub, samimiy ruhda yozilgan. Asarda Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniy, Ubaydulloxon, Shoh Ismoil Safaviy, Ibrohim Lo‘diy kabi o‘nlab hukmdorlar, Alisher Navoiy, Kamoliddin Binoiy, Behzod, Xondamir, Mirzo Haydar singari qator adabiyot va san'at namoyondalari to‘g‘risida ma'lumot va xotiralar keltirilgan. Qomusiy xarakterdagi bu asarda ,shuningdek, Movarounnahr, Avg‘oniston va Hindiston mamlakatlari tarixi ,madaniyati, tabiati, hayvonot va o‘simlik dunyosi, shahar va qishloqlari, buerlarda yashaydigan xalqlarning turmush tarzi, urf- odat, an'analari, diniy e'tiqod va marosimlari, turli ijtimoiy tabaqalar, harbiy san'at va jang qurollari o‘zining urush-yurishlari, turli fanlarga oid ko‘pdan –ko‘p ma'lumotlar o‘rin olgan.

Bobur hayotning ko‘ziga tik qaraydi, taqdir zarbalaridan dovdirab qolmaydi, har qanday sharoitda kurashish uchun o‘zida kuch topadi. Qismatning shafqatsiz qo‘li uni tug‘ilgan yurtidan badarg‘a qilganida tabiatidagi tug‘ma shijoat va iroda tufayli u begona yurtlarda jon saqlab qoldigina emas, balki 332 yil hukm surgan buyuk boburiylar saltanatiga asos soldi.

Javoharla'l Neru ham: ”Bobur dilbar shaxs edi. Uyg‘onish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi bo‘lib, san'atni, adabiyotni, go‘zallikni sevar edi... Bobur ham fasohatli va orif kishilar sirasiga mansub edi”,-deb ta'riflagan edi.



Bobur bag‘ri keng, mehri daryo inson bo‘lgan: o‘ziga yomonlik qilganlarning ham gunohlaridan o‘tib, qo‘lidan kelgancha ularga yaxshilik qilgan.

Shuning uchun ham taniqli adib Xayriddin Sulton: ”Bobur –insonlar ichida eng rostgo‘yidir, deb aytsak ham xato bo‘lmas,-deb aytgan edi”.
Download 35.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling