Qahramon alpning ilohiy tugʻilishi motivida, bir tomondan, uning ilohlar bilan bogʻliqligi eʼtirof etilsa, ikkinchi tomondan, u oʻz shajarasining davomchisidir
Download 16.39 Kb.
|
alpomishda mifologik qatlam
Qahramon – alpning ilohiy tugʻilishi motivida, bir tomondan, uning ilohlar bilan bogʻliqligi eʼtirof etilsa, ikkinchi tomondan, u oʻz shajarasining davomchisidir. Shunga koʻra, Alpomish Boyboʻrining bolasi, Dobonbiy va Alpinbiylarning avlodi. Ikkinchi tomondan, u farzandsizligi tufayli Boyboʻriga Shohimardon pir, yaʼni Qultoy tomonidan ato etilgan ilohiy farzand. Shuning uchun ham u Qultoyga oʻgʻil hisoblanadi. Shuning uchun ham yetti yillik zindondan soʻng u aynan Qultoy qiyofasiga kiradi. “Dada Qoʻrqut kitobi”da bu holat ochiqroq bayon qilingan, yaʼni Bomsi Bayrak oʻziga ism bergan, oʻziga homiylik qilgan oʻzon – Qoʻrqut ota qiyofasiga kiradi. “Alpomish” dostonidagi Qultoy ham, “Dada Qoʻrqut kitobi”dagi Qoʻrqut ota ham ajdodlar kultini oʻzida tamsil etgan badiiy obrazlardir. biz epos va mif munosabatidagi oʻzaro bogʻliqlikni, eposda ham, mifda ham bitta tizimga rioya etilganini koʻramiz: Farzandsizlik – tush – ilohiy tugʻilish – ulgʻayish – safar-sinov – qaytish. Shuning uchun tush va ilohiy tugʻilish motivlari dostondagi boshqa yetakchi motivlar bilan qiyosiy oʻrganilgandagina eposning mifologik asoslari va badiiyati yanada chuqurroq ochiladi. Xuddi mif yoxud ertakdagi kabi eposdagi qahramonning tugʻilishi tushda oldindan bashorat qilinadi, gʻayritabiiy tugʻiladi va tez ulgʻayadi, yoshligidayoq oʻz qahramonliklarini namoyish etadi. Alpomish yetti yoshida Alpinbiy bobosidan qolgan “oʻn toʻrt botmon birichdan boʻlgan parli yoyini otib, alp ataladi: “Oxiri Alpomishbek alp boʻlib, toʻqson alpning biri boʻlib, sanaga oʻtib, alplik otini koʻtarib, yetti yoshida Alpomish oti qoʻyildi”. Yarim odam – yarim iloh bunday qahramonlarning hali yoshlik chogʻidanoq jasorat koʻrsatishi qahramonlik eposiga xos bir xususiyat boʻlib, bu jasoratlar qahramon tugʻilishi karomat qilinganda uning taqdiriga bitilgan, zimmasiga yuklatilgan vazifalardir. Alp – qahramonning ham ilohlarga xos boʻlgan xususiyati ularning tashqi badiiy tasvirlarida ham yaqqol koʻrinadi. Alpomish, Goʻroʻgʻli va boshqa qahramonlarning tashqi koʻrinishi tasvirlari ham bizga dev yoki ajdarho kelbatini eslatadi. Alplarning ulkanligi, gʻayritabiiy kuch-qudratga egaligi, tashqi badiiy tasvirlari bilan dev va ajdarho kabi mifologik mavjudotlarga qiyoslanadi. Shohimardon pir bilan bogʻliq oʻrinlar islomdan keyingi tasavvurlar mahsulidir. Zero, dostonning asosiy syujet tizimi, undagi mazmun va mohiyat islomiyatdan ancha oldingi, qadimiy tasavvurlar bilan bogʻlanadi. Bizningcha, Shohimardon pir bilan bogʻliq oʻrinlar, aslida, oʻzida ajdodlar kultini tamsil etgan Qultoy obraziga tegishli, deb qarash kerak. Qultoy dostonda oddiy bir choʻpon emas, Alpomishga hamisha koʻmak beruvchi homiy ruhdir. Dostonda Alpomishning Qultoyga tutingan oʻgʻil ekanligi aytiladi. “Bilmaganlar Alpomishni Qultoyning uli der edi”.[6] Alpomishning yelkasidagi besh panja izining biri Qultoyga tegishli ekanligi ham, zindondan qaytgan, yaʼni qayta tirilgan Alpomishning Qultoy qiyofasiga kirishi ham bejiz emas. Shohimardon pir bilan bogʻliq voqealar, atoqli folklorshunos olim Hodi Zarifov aytganidek, keyingi davrlar mahsuli boʻlib, aslida, Alpomishga pirlik, yaʼni homiylik qilgan oʻzida ajdodlar kultini tamsil etgan Qultoydir. Buni Alpomish aynan choʻponlar qoʻshxonasida yotib qolishi va u yerda tush koʻrishi ham tasdiqlab turibdi. Shuning uchun ham Alpomishning tushida homiy ruh – Qultoy koʻmakka yetib keladi. Zero, Alpomish tunab qolgan choʻponlar qoʻshxonasi ham oddiy qoʻshxona emas, muqaddas, ilohiy joy hisoblanadi. Download 16.39 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling