Qor kuni haqida bilasizmi?


Download 8.76 Kb.
Sana27.02.2023
Hajmi8.76 Kb.
#1234105
Bog'liq
qorkuni


Qor kuni haqida bilasizmi?

Qish - koʻpchilikning sevimli fasli. Ayniqsa, bu faslda Yangi yil va Vatan himoyachilari kunini nishonlaganimiz uchun uni orziqib kutamiz. Ammo aksariyatimiz qishda bulardan boshqa koʻplab bayramlar ham nishonlanishidan bexabarmiz. Masalan, 2012-yildan buyon 19-yanvar sanasida Butunjahon qor kuni nishonlanadi. Bu bayram Butunjahon qishki sport oʻyinlari kuni deb ham yuritiladi. Chunki bu bayramni nishonlash Xalqaro changʻi sporti qoʻmitasi tashabbusi bilan boshlangan. Bundan maqsad yoshlarni changʻi uchish, figurali uchish, chanali uchish, snoubord, xokkey kabi qishki sport oʻyinlariga jalb qilish va ular orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻlgan. 2012-yilda bu sana 20dan ortiq davlatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Kanada, Polsha, Avstraliya, Finlandiya, Shveysariya, Norvegiya, Ukraina, Turkiya va Qozogʻistonda nishonlandi. Shu yili Magnitogorskda oʻtkazilgan festival doirasida shahar aholisi dunyodagi eng katta qor sharini yasab, Ginnes rekordlari kitobiga kirishga harakat qilgan. Keyingi yildan esa 40 dan ortiq davlatlar bu xalqaro festivalni qoʻllab-quvvatlay boshladi. Bu kunda qor festivallari oʻtkaziladi, kattalar va bolalar uchun changʻi va konki uchish boʻyicha sovrinli musobaqalar tashkil etiladi. Bayram sanasi nega yanvar oyi oxirlariga qoʻyilgani haqida ham aytib oʻtsak. Chunki bu paytda aksariyat davlatlarda qishki taʼtil davom etayotgan boʻladi. Oʻsmirlar, bolalar oila aʼzolari bilan bu festivalda ishtirok etadi va vaqtini mazmunli oʻtkazadi. Shu orqali ularda changʻi sportiga muhabbat uygʻonishi mumkin. Shu oʻrinda yurtimizda qishki sport oʻyinlariga berilayotgan eʼtibor haqida toʻxtalib oʻtish zarur. 2020-yil 4-fevralda "Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori qabul qilindi. Unga ilova tarzida "Oʻzbekistonda qishki sport turlarini 2020-2023-yillarda rivojlantirish dasturi" ham ishlab chiqilgan. Bu qonun hujjatlari asosida qishki sport turlarini rivojlantirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aytgancha, sizning qishki sport turlaridan biri bilan shugʻullanadigan birorta doʻstingiz yoki qarindoshingiz boʻlsa uni bu bayramdan xabardor qilish va tabriklab qoʻyishni unutmang.


Ametova Gulnur, Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti talabasi
Download 8.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling