Qora Oqqush Nassim Nikolas Taleb
Download 0,67 Mb. Pdf ko'rish
|
Qora oqqush (1-15)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Benua Mandelbrotga – rimliklar orasidagi yunonga (grek) bag’ishlanadi. Prolog
Qora Oqqush Nassim Nikolas Taleb Sodir bo’lish ehtimoli juda kam bo’lgan voqeliklar va ularning ta’siri. Benua Mandelbrotga – rimliklar orasidagi yunonga (grek) bag’ishlanadi. Prolog Qushlarning patlari to’g’risida Avstraliya kashf qilinmaguniga qadar Eski Dunyoda (Yevropa) istiqomat qiluvchilar oqqushlarning barchasi oq rangda ekanligiga qat’iy ishonishgan. Ulardagi ushbu ishonch esa batamom tajribaga asoslangan. Qora oqqush bilan birinchi uchrashuv ornitologlarni (va qaysidir sabablarga ko’ra, qushlarning rangiga jiddiy qaraydigan boshqa odamlarni) anchagina hayratlanartirgan bo’lsa kerak. Biroq bu voqea boshqa sababga ko’ra katta ahamiyatga ega. Ushbu voqea kuzatuvlarimiz yoki shaxsiy tajribamizga asoslangan bilimlar qay darajada cheklanganligini va qanchalik nisbiy ekanligini ko'rsatadi. Bor-yo’g’i bitta uchrashuv bir necha mingyilliklar va millionlab oq rangdagi oqqushlar kuzatuvi asosida shakllangan umumiy ma’lumotning rad etilishiga olib keldi. Bunga esa atigi bittagina (hattoki, aytishlaricha, juda xunuk) qora qushning o’zi yetarli bo’ldi. Men ushbu falsafiy-mantiqiy savol chegarasidan bir qadam oldinga siljib, meni bolalikdan beri ta’qib qilib kelayotgan empirik (tajribaga asoslangan) haqiqat masalasiga o'taman. Biz Qora oqqush (aynan katta harf bilan yozamiz) deb ataydigan bunday voqeliklar quyidagi uchta xususiyatga ega bo’ladi. Birinchidan, bu g'ayritabiiy hodisa. Chunki o’tmishda hech narsa uning sodir bo’lishi mumkinligiga ishora qilmagan va u odatiy kutilmalar doirasidan tashqarida bo’ladi. Ikkinchidan, u juda katta ta'sir kuchiga ega (qushdan farqli o’laroq). Uchinchidan, inson tabiati voqea sodir bo’lganidan keyingina uni izohlashga harakat qiladi va buning oqibatida, hodisa g’ayritabiiylik maqomiga qaramay, izohlash va bashorat qilish mumkin bo’lgan voqelikka o’xshab qoladi. Keling, shu joyida ushbu uchlikni tahlil qilib olsak: noyoblik, katta ta’sir kuchi, retrospektiv 1 (lekin istiqbolli emas) bashorat qilish imkoniyati 2 . Ushbu noyob Qora oqqushlar dunyoda sodir bo’layotgan deyarli barcha voqea-hodisalarni izohlab beradi – g'oyalar va dinlarning muvaffaqiyat qozonishidan tortib, tarixiy voqealar dinamikasi va shaxsiy hayotimizning tafsilotlariga qadar. Biz pleystotsendan chiqqanimizdan buyon, ya’ni taxminan o'n ming yil oldin Qora oqqushlarning ta’siri sezilarli darajada oshdi. Bu ayniqsa sanoat inqilobi davrida tezlasha boshladi, dunyo murakkablashib boraverdi, biz 1 O'tmishga oid, o’tmishga qaratilgan 2 Sodir bo’lishi kutilayotgan hodisaning ro’y bermasligi ham Qora oqqush hisoblanadi. E’tibor qarating, simmetriya qonunlariga ko'ra, juda g’ayritabiiy hodisa – sodir ehtimoli yuqori bo'lgan hodisaning ro’y bermasligi bilan tengdir. kuzatadigan, muhokama qiladigan va gazetalarda o’qish orqali bashorat qilishga urinadigan odatiy hodisalar tobora tartibsizlasha boshladi. O’ylab ko’ring, 1914-yil voqealari arafasida turibsiz, bu payt sizning dunyo haqidagi bilimlaringiz sizga bundan buyog’iga nima yuz berishini tahmin qilishingizda qanchalik asqotardi? (Faqat maktab o’qituvchilari miyangizga joylagan narsalarni o’ylab o’zingizni aldamang). Masalan, siz Gitlerning hokimiyat tepasiga kelishi va jahon urushining ro’y berishini tahmin qila olgan bo’larmidingiz? Sovet blokining tezda parchalanib ketishini-chi? Islom fundamentalizmining avj olishi haqida-chi? Internetning keng tarqalishi va uning ta’siri haqida-chi? 1987-yilgi bozor inqirozi (va umuman kutilmagan barqarorlashuv) haqida-chi? Moda, epidemiyalar, odatlar, g'oyalar, san'at janrlari va yangi maktablarning paydo bo'lishi – bularning barchasi "qora oqqush" dinamikasiga amal qiladi. Umuman olganda, atrofingizdagi barcha qadr- qimmatga ega narsalar bu qoidaga amal qiladi. Ta'sir kuchining kattaligi va oldindan bashorat qila olish ehtimolining kamligi "Qora oqqush"ni haqiqiy jumboqqa aylantiradi, lekin bizning kitobimiz bu haqda emas. Ushbu kitob birinchi navbatda Qora oqqushning mavjudligini tan olishni istamasligimiz haqida! Men nafaqat sizni, amakivachchangiz Jo va o’zimni ham, shuningdek, mana bir asrdan ko'proq muddatdan beri o'z usullari orqali noaniqlikni o'lchash mumkinligiga ishonib, o’zlarini yolg'on umidlar bilan ovutib kelayotgan ijtimoiy fanlar vakillarini ham nazarda tutmoqdaman. Aniq bo’lmagan fanlarni real dunyo muammolariga yechim topishda qo'llash kulguli ta’sir ko’rsatadi. Men bu holatning iqtisod va moliya sohasida qanday sodir bo'lishini ko'rdim. O’z “portfel-menejeringizdan” xatarlarni qanday hisoblashini so'rang. U sizga, katta ehtimol bilan, "qora oqqush" ro’y berishi mumkinligini hisobga olmaydigan bir mezonni aytadi. Va boshqa ijtimoiy sohalarda ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Bu kitobda asosan nima haqida so’z boradi – nega biz tasodiflar oldida (ayniqsa keng ko’lamdagi tasodifiy voqeliklar oldida) ojizmiz? Nega biz – olimlar va olim bo’lmaganlar, daholar va nodonlar – tangalarni hisoblaymiz, lekin millionlar haqida unutamiz? Nega biz aniq dalillarga beparvomiz, ulkan ta'sir kuchiga qaramay, muhim voqealarga emas, balki kichik narsalarga e'tibor qaratamiz? Va agar siz men nimani nazarda tutayotganimni tushunayotgan bo’lsangiz – nega gazeta o'qish bizning dunyo haqidagi bilimimizni pasaytiradi? Hayot bu bir qator muhim zarbalar ta'sirining yig’indisi ekanligini tushunish qiyin emas. Siz o'rindiqdan (yoki bar taburetidan) turmasdan, Qora oqqushlarning roli haqida tushuncha olishingiz mumkin. Quyidagi mashqni bajaring. O'z hayotingizga nazar soling. Tug'ilganingizdan buyon hayotimizda sodir bo'lgan muhim voqealarni, texnologik o’zgarishlarni va ixtirolarni sanab o’ting, ular sodir bo’lguniga qadar nima yuz berishi kutilgani haqida o’ylang – solishtiring. Ularning qanchasi aniq jadval asosida sodir bo’lgan? Shaxsiy hayotingizga razm soling: kasb tanlashingiz yoki juftingizni uchratishingiz, o'z ona vataningizni tark ketishingiz, sizga nisbatan qilingan xiyonat, to'satdan boyib yoki birdan qashshoq bo’lib qolishingiz haqida o’ylang. Bu kabi voqealar qanchalik tez-tez reja asosida sodir bo’ladi? Download 0,67 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling