Qosimjonova Aziza "Boburnoma"


Download 30.75 Kb.
Sana20.02.2023
Hajmi30.75 Kb.
#1215979
Bog'liq
Boburnoma qomusiy asar sifatida (1)


Jizzax davlat pedagogika universiteti
o’zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi
Qosimjonova Aziza
“Boburnoma” qomusiy asar sifatida.
“Boburnoma” – ulug’ ajdodimiz Zahiriddin Muhhamad Boburning butun umrini bag’ishlagan, qalb qo’rini, bor mehrini, o’zida bor barcha bilimini qizg’anmasdan berib yozgan, bir o’rinda oddiy insonning ichki kechinmalariga, boshqa o’rinda bir yozuvchining
shoirona mulohazalariga, yana bir joyida sinchkov olim fiklariga ba’zan zukko tadqiqotchining topilmalariga aylangan ensiklopediyaga o’xshaydi. Asarni o’qir ekanmiz, goh tarix bizga ko’zgu tutib, yillik voqealarni bor haqiqati bilan ro’yi-rost so’zlayotgandek bo’ladi, goh qo’limizdan ushlab ajib bir shaharlar orqali sayohat qildiradi, goh sirli mo’jizalarga to’la tabiatning bebaho ne’matlar, go’zalliklari bilan tanishtiradi. Bir so’z bilan aytganda kitobning ichiga kirib qolgan odam undan chiqqisi kelmaydi. Asar kitobxonni zeriktirib qo’ymaydi. Unda bir xillikdan cheklanish, bir narsani qayta takrorlayverishdan qochilgan. Tili soda va ravon bo’lib, o’qiganimiz sari bir asardan turli sohaga oid bilimlarni olamiz, rohatlanamiz, qalb eshiklarimizni ochamiz, aql darajamizni kengaytiramiz.
Asar jahon bo’ylab misli ko’rilmagan darajada tarqaldi. Oradan 500 yil o’tgan bo’lsada, turli mintaqalar, turli davlatlar, turli millatlarning ko’ngliga kirib borgan, o’zida haqiqatlarni tashigan xabarnomadir.
“Boburnoma”ni keng qamrovli qomusiy asar deb bemalol ayta olamiz. Unda Markaziy Osiyo va Hindistonning tabiati, hayvonot va o’simlik dunyosi, iqlimi, atrof-muhit holatiga oid boy ma’lumotlar mavjud. Asarda tarix, ijtimoiy-tabiiy fanlar, din ta’limoti, tilshunoslik, tabiatshunoslikka oid ma’lumotlar ham mavjud. Bobur asarda tog’ va turli xil o’simliklar, nabotot, hayvonot, turli hudud va mintaqalarni boyliklari, u yerda yashaydigan xalqlarning uruf-odati, tili adabiyoti, ayrim so’zlarning kelib chiqishi kabi masalalar asarda yoritib beradi, ularni hammasini erinmay kuzatadi.
“Boburnoma”da mamlakatlar, o’lkalar, shahar va qishloqlarning siyosiy tarixi bilan birga tabiati, xo’jaligi, ilm-fani, madaniyatini ham mukammal tasvirlab boradi. Masalan: Kobulning jo’g’rofiy o’rni, chegaralari, yaylovlari, o’simlik va ko’llari, xalqi, kasb-kori, urf-odati, tili, savdo-sotiq ishlari haqida batafsil qimmatli ma’lumotlar beradi. Asarda Kosonsoyni quyidagicha ta’riflaydi: “Kosonsoyning havosi yaxshi safoli, bog’lari ko’p, bog’lar asosan soy yoqasida bo’lgani uchun “po’stini besh barra” ya’ni xuddi qorako’l terisi bilan bezatilgan po’stinga o’xshaydi, safo va havoda O’sh bilan Kosonsoyning o’xshashligi bor”[1;7]. Havoning musaffoligini shoir bog’ bilan bog’laydi. Bobur qaysi viloyatga borgan bo’lsa, u yerning tabiati, o’simlik va hayvonot dunyosining xilma-xilligini ilmiy asosda tasvirlangan. Asarda mevalar haqida ham ma’lumotlar bergan. Jumladan: Hindiston mevalaridan keylaning o’ziga xos jihatlarini tavsiflaydi: “Yana bir meva keyladir. Daraxti unchalik baland emas, balki daraxt deb ham bo’lmas. G’unchasining har bargi ochilgach, bargaining tubida qator asti-yetti guli bo’ladi. Bu qator gullar keyla bo’ladi” [2;321]. Bundan tashqari sangtara degan meva haqida ham yozadi. Uni terisi silliq, dag’al emas deb ta’riflagan. Daraxti baland, o’rik daraxticha keladi, o’zi nordon degan. Sharbatini juda lazzatli, xushtam degan. Meva haqida yozaturib, uning foydali xususiyatini ham aytib o’tgan. Jumladan, u oshqozonga kuch-quvvat berib, kuchsizlantirmas ekan.
Asarda nafaqat Hindiston mevalarini, balki, o’zimizning bir-biridan shirin, foydali mevalarimiz haqida ham ma’lumotlar bergan.
Marg’ilonning anor va o’rigini tasvirlaydi “Yirikdona deyiladigan bir nav anori bo’ladi: chuchukligidan biroz o’rik shirinligicha ta’mi bor. Samnon asarlaridan yuqori qo’ysa bo’ladi. Yana bir navi o’rik bo’ladiki, danagini olib, ichiga mag’iz solib quritadilar, buni subhoniy deydilar”, - deydi.[3;5].
Andijonning “Mirtemuriy” degan qovuni boshqa joyda yo’q deydi. Buxoro qovuni mashhurligini, Axsi qovunining mazasini maqtaydi. Bobur asarda o’simlik dunyosining rang-barangligi haqida ham to’xtaladi. Jumladan: Farg’ona viloyatidagi tobulg’i daraxtining mo’jizaviyligi, o’ziga xosligi, ijtimoiy ahamiyati xususida e’tiborli jihatlarini bayon etadi. Bu daraxt Farg’ona tog’larida bo’ladi, u po’sti qizil, kassa, qushlarga qafas qiladilar, tarashlab kamon o’qi qiladilar”, deydi.[4;7] “Boburnoma”da Hindistondagi xurmo daraxti haqida qiziqarli ma’lumot bor. Bobur uni ikki jihati bilan hayvonlarga o’xshatadi. Biri hayvonni boshini kessalar hayot to’xtaydi, xurmo daraxtining ham boshini kessalar, daraxti quriydi. Ikkinchisi, erkagi bo’lmasa hayvonlardan zuryod olib bo’lmaydi, xurmo daraxtiga ham erkak xurmoning shoxini keltirib tekkizmasalar, yaxshi hosil bermaydi deydi. Bundan tashqari daraxtlarning qanday yonishi, o’ziga xos xususiyatlari haqida ham ma’lumotlar berilgan.
Boburning yozishicha, Kobulning yaqinidagi, “Dashti shayx” degan joyda yerlarning bahori juda yaxshi keladi, xilma-xil lolalar o’sadi.[5;46] Bobur lolarning xillarini sanab chiqishni buyuradi. 32-33 xil lola borligi ma’lum bo’ladi. Bir nav loladan qizil gulning hidi kelgani uchun Bobur “Lolai gulbo’y” deb atashni taklif etadi.
“Boburnoma”da keltirilgan deyarli barcha daraxtlar, o’t-o’lanlarning nomlari qo’sh nom bilan yozilgan. Masalan, qulon quyruq, ko’k shiboq, mehri giyoh, sebi samarqandi, anori donakalon kabi. Bobur ayrim hollarda bir so’z bilan aytiladigan o’simlik nomlarini ham to’liq ifoda orqali ikki so’z bilan yozishga harakat qilgan: “Andijon viloyatida bu o’tni butka o’ti deydilar. Nima sababdan shunday nom bilan atalishi ma’lum emas edi, Kobul viloyatida uni “Butai kax” der ekanlar, chunki u buta-buta bo’lib o’sar ekan. Bundan tashqari “Boburnoma” asarida qushlar, hayvonlar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, Hindistonning tog’ va daryolari, o’rmon va sahrolari, shahar va o’simliklari, odamlari va tili, yomg’ir va shamoli – hammasi boshqacha, biznikiga o’xshamaydi”, – deya bu o’lkani o’zining jonajon vatani – Movorounnahr bilan qiyoslar ekan, Hindistonda uchraydigan hayvonlar va o’simliklar, qushlar va daraxtlarni tavsiflaydi. Asarda karkidon haqida qiziqarli ma’lumot aytib o’tgan. U xuddi fe’l kabi ulkan jonivor deb yozadi. “Kattaligi uchta ho’kizga teng keladi”, - deya ta’rif berib o’tadi. [6;312] Ammo bunday ma’lumotlarni keltirishda, o’z odatiga ko’ra, hech qachon faqat eshitganlariga tayanmaydi, balki, o’zi ko’rgan, kuzatgan, tekshirganlariga tayanib ish yuritadi. Asarda shuningdek, Hindistonda uchraydigan maymun, kiyik turlari, yovvoyi ho’kiz hamda bizning o’lkada uchramaydigan nilagov (ko’k ho’kiz), ko’takpoy (kaltaoyoq) kabi jonivorlar haqida ham ma’lumot beradi.
“Boburnoma”da qushlar – jumladan, to’tilar haqida ham ma’lumot bor. Masalan, to’tilarning sakkiz turi haqida hikoya qilinadi. Boburning aytishicha, ularning uch turiga gapirishni o’rgatish mumkin. Yana bir turi haqida “Ular gapirishni ham bilar emish” deya xabar beradi. [7;315]
Shuningdek, “Boburnoma” asarida hayvoni, tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalar haqida yozgani ham uning ekologik muvozanat qonunlariga birinchilardan bo’lib ahamiyat bergan olim ekanini ko’rsatadi. Jumladan, u asarda Xo’jandni havosi haqida gapira turib, havosi toza emasligi va bunga shaharning shimolida joylashgan tog’lardagi kon ishlari sabab ekanini aytib o’tgan. Bundan tashqari Xo’jand havosining rutubatli ekani, ko’plab kasalliklar tarqalishi, bir rivoyatda hatto chumchuq ham bezgakka chalinganini aytadi. [8;6]
“Boburnoma”da qog’oz bosmachiligi haqida ham aytib o’tgan “Dunyodagi eng yaxshi qog’oz Samarqanddan chiqadi, Samarqand qog’ozining afzal tomonlaridan biri – oq xalqa ko’rinishidagi suv belgilariga ega bo’lgan”, - deydi. [9;52]
Bundan tashqari “Boburnoma” asarini o’qish davomida biz XVasr oxiri XVI asr boshlaridagi o’zbek adabiy tili va hamda uning o’sha davrdagi asosiy shevalaridan bo’lgan Andijon shevasi haqida keng va mukammal tasavvurga ega bo’lamiz.
“Boburnoma”da xalq og’zaki ijodiga xos maqollar va iboralardan ham ustalik bilan foydalangan. Jumladan, “Dushman ne demas, tushga ne kirmas”. [10;156] Yoki bo’lmasa “Qishloq qayerda-yu, daraxtlar qayerda?” maqolini keltirib, bu maqolini keltirib, bu maqolni aftidan Axsi uchun aytganlar deydi. [11;6] Bir joyida esa Afg’oniston tog’lari haqida so’zlayotib, past-past, o’tioz, daraxtsiz, ko’rimsiz, nobon tog’lardan deya turib: “Teng bo’lmagunicha to’sh bo’lmas” deganlar deya fikrini aytib o’tadi. [12;153] Yana bir o’rinda “Shahar darvozasini yopib bo’lmaydi” maqolini qo’llaydi. Shularga o’xshash juda ustalik bilan qo’llanilgan maqollarni asarda ko’p uchratishimiz mumkin. “Boburnoma”da din va diyonat masalalari bo’yicha ham o’zimiz uchun foydali ma’lumotlarni olishimiz mumkin. Jumladan, asarda Bobur “Inson tabiati o’zining yaratilishi bo’yicha nafs lazzatlariga moyildir, zavq keltiruvchi yoqimli narsalarni tark qilish Xudoning tavfiq berishiga bog’liq”, - deydi. [13;356] “Nafsimni poklay olmadim, chunki nafs yomonlikka amr etguvchidir”, - deydi. Insonlarni nafsdan qaytishga chorlaydi. Hamda nafsdan qaytganlarga bu Allohning ehsonidir, kimga xoxlasa baxsh etadi deya Allohning ehsonidan bebahra qolmaslikka, nafsni tiyishga chaqiradi. Bir farmonida esa ichkilik ichishni taqiqlaydi. “Ichkilikdan qochingizlar, shoyadki, najot topsangizlar”, - deydi. [4;358] Xalqini tavbaga, yaxshi ishlarni qilishga chorlaydi. Qiyin damlarda sabridan voz kechmaydi, g’alabalarida shukronalik bildiradi, Tangri taoloni tilidan qo’ymaydi. Xullas, “Boburnoma”ni qancha o’qimaylik, har gal o’zimiz uchun kerakli jihatlarni, yangi bilimlarni kashf etaveramiz. Asarni qaysi soha kishisi o’qimasin, o’ziga kerakli ma’lumotlarni albatta topadi, balki, boshqa sohalariga oid ko’pgina bilimlarga, tushunchalarga ega bo’ladi. Biologiya, ekologiya, geografiya, adabiyottga va islomiy masalalar va albatta, tarix borasida ham juda ko’plab ma’lumotlarga ega bo’ladi, qiziqishi ortadi. Biz yuqorida misolllar keltirgan parchalar “Boburnoma” dek qomusiy asardan bir tomchi edi xolos.
Asarni mutolaa qilish davomida bunga guvoh bo’lishimiz mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma”. Toshkent. “Yangi kitob”, 2019. 448 b.
2. Hasan Qudratullayev. “Bobur armoni” – T. “SHARQ”, 2019.
3. Bobur Xalqaro Fondi: “Zahiriddin Muhammad Bobur” – T. “SHARQ”, 2008.
4. www.Ziyouz.com kutubxonasi.
Download 30.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling