Qozoqboy Yo‘ldosh uzun yo‘l boshi yoki erkin so‘z umri
Download 32.75 Kb.
|
1 2
Bog'liq26-mavzu
Qozoqboy Yo‘ldosh UZUN YO‘L BOSHI YOKI ERKIN SO‘Z UMRI Badiiy kitobga qiziqib, mualliflarni bir-biridan farqlay boshlaganimdan buyon Shukur Xolmirzayev nomini eshitib, uning asarlarini o‘qib kelayotgan bo‘lsam ham, o‘zini ilk bor o‘tgan asrning 80-yillari oxirrog‘ida Yozuvchilar uyushmasidagi bir yig‘inda ko‘rdim. Boshida qachon olingani noma’lum o‘sha mashhur poxol shlyapa, asli xayolchan qiyofasidagi parishonxotirlikni yanada kuchaytirgan Shukur aka yig‘inning oxirrog‘ida rayosatga qarata: «Men… Men ham bir og‘iz so‘z aytsam bo‘lama?» – dedi-da, so‘z berilishiga ishongan holda javobni ham kutib o‘tirmay, orqarokdagi joyidan yurib kelaverdi. O‘sha kuni nima degani hozir to‘la esimda bo‘lmasa-da, uning bilimdonligi, fikrlarining kutilmagan va o‘ziga xosligi meni qoyil qoldirgan edi. Yodimda: u yosh yozuvchilardan biri, menimcha, Shoyim Bo‘tayevga qarata: «Har bir odamning oti uning qaysi millatga mansubligini ham bildirib turadi. Masalan: «Xolmirza» bo‘lsa, o‘zbek; «Xolmirzo» bo‘lsa, tojik, «Xalmurza» bo‘lsa, o‘ris, «Qolmirza» bo‘lsa, qirg‘iz yo qozoq ekani bilinadi. Sizning qahramonlaringizning otlaridan kimligini bilib bo‘lmaydi. Bunga e’tibor qilish kerak», – degandi. U vaqtlarda men bu xil yig‘ilishlarga atay Gulistondan kelardim, hali ijodkorlarning birontasi bilan ham shaxsan tanish emasdim. Bu gap Shoyimga aytilgan bo‘lsa kerak deb chamalayotganimning sababi uning asarlaridagi qahramonlarning oti mening o‘zimda ham shunga o‘xshash fikr uyg‘otardi. Shukur aka bulbuligo‘yo notiqlardan emasdi. Ammo u ko‘p narsa bilardi va aytish kerak deb hisoblagan gapini o‘ziga yoqadigan yo‘sinda unchalik qisinmay ayta oladigan erkin odam edi. Hali gapirmay turib, falonchi nima derkin deb xavotirlanib, qo‘lidan kelguncha o‘zini yashirib yashashga intiladigan odamlardan iborat muhitda bu sifat juda kamyob edi. Xullas, Shukur aka gapini aytib bo‘ldi-da, sahnadayoq cho‘ntagidan arzon sigaretasini chiqarib, raislik qilayotgan kishiga: «Bitta chekib kelsam maylima?» – deya tashqariga yo‘naldi. Shu vaqtgacha u kishining gaplaridagi mantiq meni rom qilgan bo‘lsa, endi uning tutumlaridagi erkinlik (balki, o‘ziga yarashib turgan erkalikdir bu) lol qoldirdi! Bildimki, u o‘rnatilgan tartiblarga tushadigan qolipdagi odam emas. Buni o‘ziyam bilar va o‘rni kelib qolganda, atay namoyish etardi. Uning bu royishi fe’lidagi o‘ziga xoslikdan tashqari, qolipga sig‘maydigan odamning quyushqonni istovchilarga o‘ziga xos isyoni ham edi! Elaro mashhur, o‘zining boshqalardan boshqacharoq ekanini bilgan har qanday odamning fe’li-xo‘yida bir qadar artistlik bo‘ladi. Chunki taniqlilik har qanday kishidan, hozirgi til bilan aytganda, «imij»ni taqozo etadi. Shukur Xolmirzayevda-ku artistlik jihati inchunun edi. Sababi u kishining tabiatida azaldan o‘zgaga ko‘cha bilish, birovning holatini uning o‘zidan-da teranroq tuyish qobiliyati bor edi. Undagi ayni shu jihatni buyuk otdoshi Shukur Burhon o‘z vaqtida payqab, unga Hamlet rolini bergandi. Har qanday o‘quvchi sifatida men ham Shukur akaning shaxsiga qiziqib qoldim. Lekin u kishiga yaqinlashish, tanishish haqida o‘ylashga ham botinolmasdim. Ammo taqdir mehribonroq chikdi: vaqti kelib men bir muddat Shukur akaning Do‘rmondagi xonasiga deyarli qo‘shni bo‘lib qoldim va bir qadar yaqinlashib ketdim. 1991 yilning erta kuzagi edi. Ko‘pchilik mustaqillik epkinlaridan mast bo‘lib, so‘z hurligidan miriqib-miriqib foydalanib yurgan damlar… U vaqtlar Do‘rmonda xususiy chorbog‘lar qurilmagan, Shukur Xolmirzayev Yozuvchilar dam olish uyining uchinchi qavatida pillapoyaning to‘g‘risidagi o‘sha mashhur xonasida yashardi. Hukumatning topshirig‘i bilan bir guruh olimlar adabiyot bo‘yicha tuzilgan dasturni takomillashtirish va shu dastur bo‘yicha adabiyot darsliklarini yozish uchun Do‘rmonga taklif etilgandi. Mualliflarning ko‘pchiligi Toshkentdan bo‘lib, ular orasida marhum prof. Akram Kattabekov domla bilan men gulistonlik edik. Ijodiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi Do‘rmondagi vaziyatni yaxshi biladigan kishilar bo‘lganidan har kim o‘ziga ma’qul joyni tanlab oldi. Aytish kerakki, olimlarga juda yaxshi sharoit yaratib berilgandi. Hamma birinchi yoki ikkinchi qavatdan joy olishga oshiqardi. Do‘rmonni birinchi bor ko‘rib turgan, bu yerning pastu balandini bilmaydigan odam sifatida xonalar taqsimotining oxirigacha kutib turdim. Va… guruhdagilardan yolg‘iz menga uchinchi qavatdan joy tegdi. Muhimi, men o‘zim bilmagan holda Shukur Xolmirzayev bilan deyarli qo‘shni bo‘lib qoldim. Har kuni ertalik, tushlik, kechlik mahali davrada Shukur aka kechirmish voqealar haqida gap bo‘lardi-yu, negadir, o‘zi ko‘rinmasdi. Bunga sari mening qiziqishim ortardi. Nihoyat, oradan biror haftadan mo‘lroq vaqt o‘tib, yozuvchiga yo‘likdim. Negadir doim kechlikdan so‘ng gurunglashib o‘tiradigan, ko‘pincha jamoa bo‘lib Do‘rmon bog‘larini birgalikda aylanadigan olimlar o‘sha kuni qandaydir xavfni sezgan polaponlarday joylariga tezgina tarqalishdi. Yolg‘iz o‘zim kechki salqinda birpas bog‘ aylandim-da, xonamga kirib ishlamoqchi bo‘ldim. Pillapoyalardan uchinchi qavatga chiqib, Shukur akaning xonasi yonidan endigina o‘tib ketayotgandim, yarim ochiq eshikdan sochlari to‘zg‘igan yozuvchi boshini chiqarib, yuzimga qaradi-da: «Salom! Qani bu yoqqa kiring», – dedi. Bu taklifdan ko‘ra, amrga yovuqroq eshitildi. Bunday bo‘lishini kutmaganim uchun shoshib qoldim. Qaytadan salom berib, so‘rashdim. O‘zimni tanishtirdim. «Voy, aynonayin! Qozoqboy deganlari sizmisiz, Sizni bilaman», – dedi Shukur aka. Quvonib ketdim. Chakana gapmi, shunday odam meni bilsa?! O‘sha kungi kutilmagan tongotar suhbatimizdan menga ma’lum bo‘ldiki, ko‘pchilik ijodkorlardan farq qilaroq, Shukur aka o‘zbek adabiyotini ham, adabiyotshunosligini ham muntazam o‘qib borar ekan. Shu kuni yozuvchi mo‘ljaldagi ishini bitirib, dam olishga tushgan ekan. Tonig‘ bo‘ldimki, Shukur aka qattiq ishlardi. Yozayotgan paytida to‘lig‘icha asariga ko‘chib o‘tar, qahramonlarining xayoli bilan yashar, ularning orasidan chiqib ketmaslik uchun hech kim bilan gaplashmas, mabodo yuzma-yuz kelib qolganda ham oldidagi odamni tanimas yoki o‘zini tanimaganga solib qo‘ya qolardi. Chamasi, adib ham vaqtini qizg‘anardi, ham holatdan chiqib ketishdan qo‘rqardi. Ishlashiga yarasha u kishining dam olishi ham qattiq bo‘lardi. O‘ylaymanki, u kishining dam olishi ishidan-da og‘ir kechardi. Chamasi, yozuvchi asarlarida tasvirlangan sharoitga shunchalik ko‘chib o‘tardiki, asar bitgandan so‘ng ham u yerdan osonlik bilan chiqib ketolmasdi. Shu bois xotirasi va ruhiyatidagi eski «yozuvlar»ni o‘chirishi kerak bo‘lardi. Salkam uch oy mobaynida men o‘nlarcha marta o‘shanday suhbatdosh bo‘ldim. Va bizning o‘ziga xos gurunglarimiz to adib umrining oxiriga qadar turli darajadagi muntazamlik bilan davom etdi. 1991 yil noyabrining oxirlarida ana shu gurunglarimiz natijasi o‘laroq bir narsa yozib, yozuvchi va olim Xurshid Do‘stmuhammadga ko‘rsatgandim. Bu bitikdan Shukur aka ham bexabar ketdi. O‘shandagi suhbatlardan birida, nima bo‘ldi-yu, men 7-sinf dasturida M. Shayxzodaning «Toshkentnoma»sidan parcha berilgani, asar bu yoshdagi bolalarga unchalik mos emasligi to‘g‘risida gapirib qoldim. Shukur aka Shayxzodaning «Yillarning salomin yillarga eltib…» she’rini to‘la yoddan o‘qidi va o‘n to‘rt yashar o‘smirlarga ana shunga o‘xshash she’rlarni o‘rgatish foydaliroq bo‘lishini aytdi. Men adibning xotirasi va bilimdonligiga qoyil qoldim. Shukur akaning taklifini guruhdagilarga amallab o‘tkazdim. O‘sha asar kiritildi. Uzoq yillar mobaynida o‘rta maktabning 7-sinfi o‘quvchilari bu go‘zal falsafiy she’rdan bahramand bo‘lishdi. Shukur akaning tabiatida mening e’tiborimni tortgan eng birlamchi sifat uning haddan tashqari tabiiyligidir. Hatto, uning sun’iyliklari ham tabiiy bo‘lardi. Shu bois unga bir marta aldanganlar ham yana qayta yozuvchining «tuzog‘i»ga ilinaverishardi. Unchalik hozirjavob bo‘lmagan, hatto, eshitgan gapinida, birdaniga anglayolmayotganday elovsirab turadigan Shukur aka, o‘rni kelganda, turli shumliklar qilishni ham joyiga qo‘yardi. Chunonchi, kimnidir «tushirish» kerak bo‘lganda, adib o‘z qurboni bo‘lmish obyektni shu qadar bexato topar va unga shunchalar puxta ishlov berar ediki, «obyekt» Shukur akaning yoniga kirib, uning yo‘liga yurayotganini bilmay ham qolardi. Men buni Shukrullo, Isoq O‘ktam, Turg‘unboy G‘oyib va turli viloyatlardan kelib turadigan boshqa bir qator katta-kichik ijodkorlar misolida o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘zim qatorilarni aytib ham o‘tirmayman. Bizlar uchun Shukur akaga «yem» bo‘lish juda yoqimli tuyulardi. Va bu hakda maqtanibroq gapirib yurardik. Shukur akaning fe’lida, adabiyotimizning namoyandalariga munosabatda ham o‘sha tabiiylik ustuvor bo‘lardi. U yozganlarini tushunolmayotgan yoki qabul qilishga qiynalayotgan ijodkorlar haqida ochiqchasiga gapirardi. Deylik, u ancha vaqt talantli shoir Faxriyorning she’riyatini qabul qilolmay yurdi. «Bu bola nima demoqchi o‘zi, u nega muncha tilini burab so‘zlaydi?» – deb qolardi ba’zan. Men har safar Faxriyor she’riyatidagi diqqatga loyiq biror jihatni ko‘rsatishga intilardim. Dalillarim u kishini qoniqtirsa, iVo‘, ukkag‘ar-ye, juda aqlli-ku buningiz», – deb qo‘yardi. Nazar Eshonqulning yozganlariga ko‘nikishi ham og‘ir kechgandi. Yosh yozuvchilarda til qashshoqligi, ularning bitganlarida o‘zbek tilining tarovati, imkoniyati bor bo‘yicha ko‘rinmayotganidan norozi bo‘lardi. Shukur akaning adabiyotdan ortiq narsasi yo‘q edi. U kishi adabiyot uchun va faqat adabiyotda mavjud edi. Lekin u adabiyotdan manfaat qidirmas, uni o‘ziga xizmat qildirish mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi. Uning uchun adabiyot yashashning shakli edi. Holbuki, adabiyotni tirikchilikka vosita qiladigan kishilar qancha… Shoira va jurnalist Nilufar Safo bilan bo‘lgan bir suhbatda jurnalistning: «Har bir inson o‘z ishiga, o‘z sohasiga fidoyi bo‘lishi kerak. Siz adabiyotshunoslar orasida bu xislatni ko‘proq kimlarda ko‘rasiz?» – degan savoliga shunday javob bergan ekanman: «…So‘z odamlari orasida men faqat Shukur Xolmirzayevnigina adabiyot fidoyisi deb ayta olaman. Shukur aka o‘zidan ko‘ra adabiyotni ko‘proq sevmoqning uddasidan chiqdi. U qulayliklardan voz kechib, adabiyotga xizmat qilishga o‘zida kuch topa oldi. Yozuvchi adabiyotni o‘ziga xizmat qildirmadi, aksincha, bir umr unga xizmat qildi. Shu bois adabiyot ham Shukur Xolmirzayevni astoydil yorlaqadi. Aslida ham adabiyot ijodkorga hech narsa bermay turib, undan kurbonlik so‘raydigan hodisadir. Adabiyotni o‘ziga xizmat qildirgan yozuvchilar esa juda ko‘p, lekin badiiy so‘z, vaqti kelib, ulardan o‘ch oladi. Tanqidchilar orasida afsuski, bunday shaxsni ko‘rsata olmayman. Chunki tanqidchilar – el qatori, risoladagi odamlar. Risoladagi odamlarning esa fidoyilikdan tashqari ham bir dunyo majburiyatlari bo‘ladiki, ular odamga o‘zini fido qilish imkonini ham bermaydi. Lekin adabiyotga ko‘lidan kelgancha halol xizmat qilgan adabiyottanuvchilar hamisha bo‘lgan va bor». Haliyam shu fikrdaman. 1999 yilning oxirlari edi, shekilli, xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilgani, bilganidan ham ko‘ra, folklor asarlari va ularning qahramonlari ruhini tuygani bois Shukur akaning fikrini olish uchun endigina tugallagan «Alpomish» talqinlari» kitobim qo‘lyozmasini yozuvchiga berdim. Bir oylarga qolmay o‘qib chiqdi, qo‘lyozmaning har varag‘iga fikrlarini yozib qo‘yibdi. Muhimi, kitob u kishiga ma’qul kelibdi. Shundan so‘ng kitobni olimlarga ko‘rsatganman va «Ma’naviyat» nashriyotiga olib borganman. Ko‘pchilik ijodkorlar singari Shukur aka ham kayfiyat odami edi. Ko‘pchilikdan farqli ravishda u o‘z kayfiyatini pardalashga urinib o‘tirmasdi. 2000 yilning ko‘klamida adibning Do‘rmondagi kulbasiga borib qoldim. Vaqt tushga yaqin edi, shekilli. Shukur aka juda tajang, o‘zicha kimnidir bo‘ralab so‘kayotibdi. Surishtirsam, so‘kishlar Azim Suyunga qaratilgan ekan. Azim aka qadrdon jo‘ram bo‘lgani uchun sababini bilgim keldi. – E, bu noinsof nodonni qarang! Anov kuni menga bir yangi qozon bergan edi. Bugun ishlatay deb olsam, ablah, qopqog‘ini bermagan ekan! Endi nima qilaman buni! – Ha, chindan ham noinsoflik qilgan ekan shoir. Keling, manavi fanerni qopqoq o‘rnida ishlatamiz, – dedim men o‘zimcha qochiriq qilib. – Darvoqe, shunday qilsa bo‘larkan, esga kelmaganini qarang! – dedi Shukur aka samimiy jilmayib. Shu kuni ikkimiz ham chap tomonimiz bilan turgan ekanmiz, shekilli. Uzoq o‘tirdik, miriqib suhbatlashdik. Anovi sabil ham keragidan mo‘lroq bo‘ldi. Shukur aka gurungning adog‘ida sha’nga tegadiganroq gap qildi. Men ham indamay qo‘ya qolmadim. Xullas, ikkalamiz arazlashib ajrashdik. Ancha vaqt u kishini ko‘rishga bormay yurdim. Qish kunlarining birida shoir Tursun Ali qo‘ng‘iroq qilib Shukur akaning Yunusoboddagi uyiga bormoqchiligini, agar xohlasam, meni ham olib o‘tishi mumkinligini aytib qoldi. Bu shunchaki tasodifmidi yoki tabiatan odamlarni bir-biriga yaqinlashtirib yuradigan Tursun Alining bilib qilgan ishimidi, haligacha tushunolmayman. O‘zimizga xos tayyorgarlik bilan ustozning bir xonali uyiga bordik. Anchadan beri ko‘rishmaganimiz uchun juda uzoq suhbatlashdik. Bugungi adabiyotning bu yog‘idan kirib, u yog‘idan chikdik. She’rlar ham o‘qildi. Ketayotganimizda, adib meni to‘xtatdi. Xonasiga qaytib, nimanidir ancha qidirdi. Nihoyat, qidirganini topib chiqdi. Qo‘lida jigar rangli qorako‘l teri bor edi. Miyamdan: «Tiktirib berish kerak, shekilli», – degan o‘y kechdi. – Bu sizga mendan esdalik bo‘lsin. Yodgorlik desa ham bo‘laveradi, – dedi Shukur aka. Men buni kutmagandim. Shosha-pisha adibning qo‘lini qaytarishga urinib, qorako‘l terini boshqa narsalarga ishlatish ma’qulligini uqtirmoqchi bo‘ldim. Shukur aka fikrida qat’iy edi. Tursun Ali ham: – Shukur akaning qo‘lini qaytarmang. U kishi hammaga ham sovg‘a beravermaydilar, – dedi. O‘sha qorako‘l teri aziz bir esdalik sifatida haliyam turibdi. Shukur akada mayda manfaatlar, o‘zini aslidagidan balandroq ko‘rsatishga chiranish bo‘lmagani uchun u kishini yomon ko‘rib bo‘lmasdi. U bilan kelishmaslik, fikriga qo‘shilmaslik mumkin edi. Lekin, o‘ylaymanki, yomon ko‘rib bo‘lmasdi. «O‘zAS»ning 2008 yil 28 noyabrida Nizom Komilovning «Sen hayotni sevarding» maqolasini o‘qib qoldim. Unda Shukur Xolmirzayev haqida «Sen har qadamda o‘zingning «Yolg‘iz» kuyingni xirgoyi qilarding. Biz senga jo‘r bo‘lardik. Ammo o‘xshatolmasdik… keyin ham o‘xshatolmadik», – deb yozadi. Esimga lop etib, 1991 yilning kuzida yozib qo‘yib, X. Do‘stmuhammaddan boshqa hech kimga ko‘rsatmagan va og‘amizning holatidan kelib chiqib, «Yolg‘izlik» deb nomlagan qaydlarim tushdi. Ehtimol, Nizom akaning maqolasida Shukur aka «tobiga kelgan»da to‘xtovsiz aytadigan o‘sha so‘zi ham, so‘nggi ham yo‘q dahshatli kuy ko‘zda tutilgandir. Menimcha, o‘sha kuy ko‘zda tutilgan. Shukur akaning kuyini Siz ham bir tinglab ko‘ring: Download 32.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling