Qucholmadim boʻsh beshikni ham, Toabadga kuydi bardoshim


Download 143.06 Kb.
Pdf ko'rish
Sana20.06.2023
Hajmi143.06 Kb.
#1629133
Bog'liq
she\'rlar lotin tilida



*** 
Qucholmadim boʻsh beshikni ham
Toabadga kuydi bardoshim. 
Nima qilay? Topolmay malham, 
Arosatda aylanar boshim. 
Yuragimga otashni yoqar 
Tilanardim begimga har zum. 
U suyukli Kumushga boqar 
Menga bersin Xudoyo toʻzim. 
Qachongacha? Nasibam firoq 
Qachongacha turar edim jim. 
Yelkadoshim oʻzimdan yiroq 
Sabr kosam toʻlar betinim. 
Va yorildim... Oʻt qoʻydim hatto, 
Bari bitti. Tugab gʻam-u dard. 
Qoldim baxtsiz, yorsiz va ne hol
Qilib ikki dunyo malomat. 
Alqamang koʻp Kumushbibini, 
Bilsam, " yarim nonni yemasdim". 
Agar qismat qoʻlimda boʻlsa, 
Otabekni begim demasdim! 


**** 
Bo'shliq- 
Ruhiyatga singgan hodisa 
to'liq. 
Iznsizlik sarhadi esa 
Yo'qlik. 
Xayol- 
Haqiqatdan olar tarsaki, 
Hayot- 
Kamomadi qanday narsaki 
keltirsa malol. 
Ko'z yosh 
Soddaligim belgisi xolos. 
Ey tosh! 
Yuragimga aylan iltimos... 
**** 
Yo'lingiz oq bo'lsin, 
"Azizim!" 
Oqlarga belansin yo'lingiz. 
Unda gard ko'ringan faqat siz— 
yakka o'zingiz! 


Aytilmagan so'zlar alami tutsin, 
Ochilsin
mubhamlik darvozalari. 
Joningizdan o'tsin! Sira unutsiz— 
Noraso tuyg'uning janozalari. 
O'zimcha izladim ko'nglim maslagin 
Qaysiki,
bo'lolmas mavjudi odam... 
Bir kun nasibingiz bo'lmoq istagin– 
Yaxshiyam Egamga aytmadim! 
Balki, maqbulidir ikkimizga ham 
Muborak bo'lmagan... 
ehtimol, 
bo'lmas... 
Garchi ketmog'ingiz 
malhamli alam, 
aslida, foydaki, qolmagay abas. 
Keling, o'rganaylik insof darsini... 
Xotirim anchayin topingan to'zim. 
Kutaman xayrini O'zidan izni. 
Keting! 
Yo'lingiz oq bo'lsin, 


"Azizim". 
**** 
Menga qiziqsiz... 
Havolanib ko'kning yuziga– 
Dimog'ingiz ko'tarilgan dam, 
Xohlamayman go'yo o'zidan 
Yasab olgan majnunlarni ham. 
Axir qiziq? Siz— 
Gul ajratmay qo'nar qushmasmi? 
Mayna bo'lib tikan dastida. 
Nazarimdan chetlashing rosti 
O'ralashmang oyoq ostida. 
Juda qiziq, osonmi shunday? 
Bir kun u deb, bir kun bu demak. 
Kulguli-ku, bilsangiz faqat 
O'zingizni qilyapsiz ermak. 
Menga sira qiziq emassiz!
Takror takror etaymi hali,
Eslatish ham shart emas, shaksiz 
Yuragingiz to'rt kamerali! 


Ofarin
Asta "ertaklanib" ketmoqda olam, 
Haqchi bulbullardan chiqmayapti sas. 
Daraxtlar egilib tilangani ham, 
Qulluq sifatida nazar qilinmas. 
Nabotot nafasi bo'g'ib havoni, 
Zulmatdek akslanar gul istarasi. 
Yo'lchi yulduzlarning chiqib zaboni, 
Botilga chorlaydi zimdan qarasang.
Qoyalar viqori nomiga xolos, 
O'pirar botindan kibr rutbasi. 
Qarinchg'a jonini etmoqchun xalos 
Boshqa jondoshining olar nafasin. 
Samoning erklari qoldi kishanda 
Chaqmoqlar qo'rqadi yomg'ir dastidan. 
Parranda bo'lgandek etxo'r kushanda, 
Yirtqichlar topmoqda zavol, aftidan. 
Go'zallik "Ma'budi" qilmoqda riyo 
Borliq yo'qsillikka ayladi qaram. 
Vijdoning qiynalmay qo'ydimi, dunyo? 
Odamdan rang olib boryapsan sen ham! 


Go'zallik ma'budi— Diana nazarda tutilgan. 
FAQAT 
Osmon yiroq emas, menga sira ham, 
Yerningda ko'ksini tig'lamoq oson, 
Ming yillik o'latga topilar malham, 
Bir kun kemtiklarin to'ldirar inson. 
Yechmoq mushkul emas, topaman toki, 
Asrlik so'roqqa izlansa javob. 
Gar, mal'un yoqamdan tutsa hattoki, 
Yagona javobim— tilimda salot. 
Qayta yashamoqqa imkon bor go'yo, 
Tog'lar etagidan siljiydi bir kun. 
Sahro suvga to'lib, qum bosar daryo, 
O'lmoqqa tirilmoq yasaydi yakun.
Topmoq va yo'qotmoq azal. Qanchaki 
Yiroq yurish mumkin gunoh- xatodan. 
Ammo, alam qilar menga shunchaki, 
Faqat, so'rolmayman sizni Xudodan. 
(Garchi, farqingiz yo'q Odam Atodan!) 


O'LIM GUVOHNOMASI 
Qismat chizgilari chizilmish rangin
Ko'rkli taqdirlarga kiydirilgan tus. 
Qadim bitiklari ko'rsatar o'ngin, 
Bir xil falsafasi aylanar hanuz. 
Nomiga yashamoq. Borsa ham nari— 
Sukunat sukunin yamlaydi ovoz, 
Umrlik nisbatni yozsak bo'lari 
Kelar-ketarimiz bir enlik qog'oz! 

Adoqsiz bulutlar ostida, 
Soyalar oladi xavotir. 
Chalqancha zaminning etida 
Ahli mavjudlik uxlayotir... 
Toʻlgʻonib epkinning izmida 
Toʻzgʻigan nihollar kokili, 
Ochganda qahrabo koʻk yuzin 
Yulduzlar osmonning sepkili. 
Nigohin tikadi bir dilbar, 


Hiloldan husnini tilanib. 
Tojdor qichqiradi shu mahal 
Samodan malaklar yoʻllanib.
Oʻrlagan borliqda sakinat, 
Dilrabo suv olar yuziga, 
Nigohin berkitar zulumot 
Ufqrang oʻzgarar koʻzidan... 
Oshirib uyquda oʻzgalar 
Hisobi qazodan qarzini... 
Borliqqa Rabboniy soʻz toʻlar, 
Azonni oʻqigach muazzin. 
Xolis 
Yuragingga uzring aytolsang. 
To'kis– 
Muhabbating hajrida tolsang, 
ne afsus! 
Axir
Sadolari singgan kenglikka, 
Bag'ir 
To'lganida hislarga yakka 
yo'q oxir. 


Mavhum? 
Ayting bunda qay biri mubham 
Afsun... 
Aslo! Bir kun yasolmas sitam 
hech yakun. 
Asliy 
Azalimning yozilgan naqli 
Oliy 
Toabadga egallar qalbim— 
Egasi. 
#oq_shér
Biz kimmiz?! 
Kechmishi tutashgan Atoga... 
ma'nisiz, zayllar uyqashgan xatoga. 
Buyruqki!
Loyga egmay bo'ynini olov, 
Fikr-u yod —
Vasvasaga elanar darrov. 
Rostmana, 
Toleda iblisning kulgusi, 
astayin ro'yin xush etadi qutqusi. 


Tavallo aylab odam 
mal'un izmiga, 
Qarangki,
Xochdan Xoja yasab o'ziga. 
Kulguli! 
O'zi o'ylab topib o'zi qul... 
Qayg'umi? 
Ochiq ko'zlar topolmasa yo'l. 
Hayvonga, Yo tog'ut 
va yoki boshqa? 
Mo'jiza— 
qizil tus surtilsa toshga. 
E'tiqod— 
Manglayga bitmish qora dog' 
Va bir kun
haykaldan qalanar o'chog'... 
Loy qotsa 
Ularning bo'lgani bo'lak, 
Bor yo'g'i 
Qanchadir saqlangan kesak! 
**** 


Kapalak tentirar savdoyi, 
O'par dalli, g'uncha yuzidan. 
Musofir qush qilar sazoyi, 
(Telbalardan go'yo bezigan). 
Subh shamolin ilib raqsini, 
Gul barglari sallona yoziq. 
Parvonasi bezab tusini— 
Hozirida bir kunlik oshiq. 
Telba ruhi kechmasa qani, 
Qondirsaydi o'zin bodadan. 
Poyonimga yetsam ham mani- 
Chiqarma der: Gulim yodingdan! 
Garchi bilmas... atagani yor- 
Xiyonatin sezmas, barini. 
Garchi bilmas... kunlik oshiqlar, 
Quchishlarin shiralarini... 
Yangi bir kapalak savdoyi, 
O'par eski g'uncha yuzidan. 
(Oshiqlar ko'p, gul-chi havoyi 
Umri o'tar, shuning kezidan.) 
Musofir qush qilar sazoyi, 


Telbalardan harchand bezigan... 
NAVOIY 
Qora bulutdan so'ng Xuroson ko'kin, 
Hirotdan samoga chiqdi bir Hilol. 
Mitti Alisher lek, saboti shuki, 
Birgina misradan Lutfiy tili lol. 
Yazdiy Fotihasi bo'ldi mustajob, 
Mag'ribdan mashriqqa bir ziyo cho'mdi. 
Ko'hna zarvaraqqa bitilgan kitob
Turkiy so'z jumlai- jahonni ko'mdi. 
Moziy charxpalagi kemtik , goh to'la. 
Fursatda toblanar har bir kosasi. 
Gardun bitigida ajib silsila, 
Ash'ori beqiyos Navoiy sasi. 
Besh ganjning izidan yangi xazina, 
So'zlar shokilasi tizilgan mujgon. 
Turon zaminida bo'lmagan sira— 
Boqiy doston bilan maqtanar jahon. 
Farhod Shiriniga intildi va lek, 


Iymon sobitligi asli murodi. 
Komillik ilinji, maqsadi demak, 
Majnun ko'nglida ham xolis Haq yodi. 
Biz kimmiz? Kechmishi Atoga tutash, 
Biz kimmiz? Ertasi nurga to'lajak, 
Kimlarga zo'r ibrat bo'lmagan o'tmish, 
Va yoki sururbaxsh baxtli kelajak. 
12.2019- yil 
Bolajon 
Malomat qilmaysan, ko'ngli tugunim... 
Sarflari yo'qolgan kecha bugunning, 
Murg'akkina jonim, dili yukunim 
Dardingga darmoning bo'lay bolajon. 
Mitti jonginangga sarhadsiz hazin, 
Haqdan haqqing tilar hayoting izin, 
Sabri-oliyingga loyiqdir tahsin, 
Dardingga darmoning bo'lay bolajon. 
Azizam noraso dunyo kami ko'p, 
Hali g'amlar tugar... Mardim, ishon, xo'p 


So'nggida tamoman baxtlarga yo'llab 
Muroding quchadi olam, bolajon. 
*** 
Noliding deyishar, dardingni yorsang, 
Qimmatga tushgan bu taskin tilyapti. 
Bo'g'ilib ketasan... Biqiq hayotdan— 
Ketgim kelyapti... 
G'urbatdan toliqqan mitti farishta, 
Fayzsiz hovli bilan uzmoqda rishta. 
Qo'lin ushlab men ham u bilan asta-- 
Ketgim kelyapti... 
Mayli-ku , berilsa Firdavs daragin, 
Kerakmas, Jannatning bo'lmoq malagin, 
Robbim! O'rnimni qil Arshing poygagin-- 
Ketgim kelyapti... 
Ruh vujudga ingan, jon singgan tana, 
Uzlatdan uzoq-u, qaytardir yana... 
Qaniydi! Sen qodir aylagan sana-- 
Sajdada boshim-u Ketgim kelyapti... 


KUMUSHNING SO'NGGI SO'ZLARI 
Men o'shaman! Dunyolari sig'dirmagan, 
Matlubimga payvand edim oshuftahol. 
" Begoyim" deb begim jondan suygan ekan 
Bizni ayirdi o'zga bir telba ahvol. 
Tarozining biri edim naylay manam, 
Istabmidim? Qolmoq sitam zulmatida. 
Yuz zafaron, ko'zim giryon, qilar alam— 
Ikki gulning biriligim dil qatida... 
Qismat bitgan yozug' ekan ne ham derdik, 
Osonmidir ko'nikmoqlik aql joylab. 
Ich-ichimga g'ulu solar, chulg'ar hadik 
O'z ajalim turgan ekan qatlim poylab.
Rozi bo'ling... Kumushingiz rozidir ko'p, 
O'ylamangki, yuragingiz bo'lib dog'da. 
Ey siz, begim, menga qarang. Yig'lamang xo'p, 
Omoningiz omonatin berar chog'da... 
QALBIM EGASI 


Bilmadim, Shirinda tug'yon qayerdan, 
Hech fursat ishq deya ko'ngil tilmadim. 
Garchi, bong ursa ham butun bir jahon, 
Muhabbat ko'yiga asir bo'lmadim. 
"Hali bolaman-ku" ( shuda ovunchim) 
Mahliyo aylarmish bir go'zal jilo. 
Zotan, qiynamagan o'tdek sog'inchi, 
Oshiqlar oshiqqan qandayin ma'vo. 
Kimdir aytdi: " Senda yo'q ekan yurak"
Qanday yashash kerak, charxi baloda? 
Bir kun bezar sevgi hayotim va lek, 
Qalbimning Egasi Arshi- A'loda! 
Ona 
Boshingdagi og'riqlarga izlar holing mador-malham, 
Ichikkansan siqtalardan, qochgan rang-u ruxsoring ham. 
g'ussa to'la ko'z yoshingga bir dastro'mol tutdim, alam... 
Alam qilar qarab turib, ikki qo'lim bo'shi, ona! 
She'r yozaman bisotimdan, shu maydalik kelar faqat, 
Kibor bosmish g'aflat ko'yi, dimog' quchdi osmon-u qat, 
To'rt tomondan topinganim, tutinganim qay adolat? 
Senga kelgach boz qotdimi yuragimning toshi, ona? 


Yillar sayl derdi ekan, sayrona kezdirding meni... 
Ona, meni bilmas birov, birovga sezdirding meni, 
Dunyo o'zdan ketganing shu, o'zingdan bezdirding.... tovba! 
Mo'rt irodam chidamagan, qolganim shu loshim, ona. 
Ma'ni izlab, puchmohlardan qay mantiqqa inonchim bor, 
Hayot degan kechadan gap– bugunlarga kelar malol, 
Yuragida kelbat yo'g'u, faqat tilda bor so'zamol 
Bolangga ham bersin illo, toqat-u bardoshing, onam! 
**** 
Sog'indim, avvalgi qorlarni 
Yastansa maydonlar ko'ksiga. 
Chug'urchuq qo'nganda, torlarni 
Siltasa tushgandek raqsga. 
Marmarning ustidan toza qor 
Hovuchlab kaftimga olaman, 
Yon-berga alanglab necha bor 
So'ng, tezda og'zimga solaman... 
Mazzami?! Jim turing! Bilsalar 
Onamlar qulog'im tortalar 
Vovaylo, ozgina yo'talsam


Tomoqqa zelyonka surtalar. 
Esimda, tandir-kul o'choqda 
Kartoshka kuygancha pishgani. 
Arilar g'ujanak bir chog'da— 
O'ylamay, devorni teshganim. 
Ajratgach o'rikning danagin 
Belardim akamning egnini. 
" Sen shayton, qurmag'ur, tosh yegin" 
–Onam der, shimarib yengini.
Ostida plastmas tefalni,
Yoniq gaz ustiga qo'yganim.
To'ysin deb, xamirni oshirib, 
Yedirsam, essiz, bir qo'y qani?... 
Bugunlar erinchda negadir 
O'tmoqda qiynamay deb jonni... 
Domlarda — sut keldi —deb yurgan 
Sog'indim avvalgi, chaqqonni, 
Ha, o'sha, tinchimas gapdonni
Sog'indim... 
Ketmog'im bor. 


Kutilgan yechim! 
Subutimni bezaydi toqat. 
Ikki enlik yozgan maktubim— 
Kundaligim bezaydi faqat. 
Anglayolmas uzoqmi-yaqin, 
Masofani talashmas hislar 
Nimasini izlaydi tag'in 
Nimanidir yo'qotgan ko'zlar. 
Ey, nazdlari shunchalar og'ir?! 
Topinasiz qaysi maslakdan? 
Murodingiz yetkazsin oxir... 
Toleingiz qaysi malakda. 
Haqki, hikmat yasalgan o'zga 
Ilinjlarning yo'qdir qurbati! 
Ketmog'im bor– 
haddidan o'zgan 
Tuyg'ularni hovuchlab nari. 
Siz yaxshisiz...
Nasib qadar keng 
Dargoh bersa, jannatiy holda.
Balki, kirib boradirman men— 
Siz hurlarni kutgan mahalda. 


Lahzada unutdim ismingni
Lahzada ilg'adim o'zimning 
borligim... 
Yo'liga solgancha izmimni, 
Ko'lkalar berkitgan ko'zimning 
ko'rligin... 
Dunyoda har manzil ro'yodir, 
Sezdimki, men uchun bu yerning 
torligin. 
Oshiqlar intilgan ayon bir 
Angladim, faqatki Xudoga 
Yorligim! 
UNUTILGAN TUYG'ULAR 
Oson tutmang sira, umidlanmas deb.. 
Yaxshiki! Siyratim o'yim yashirar, 
Sig'indi vujudda g'ussalar hadeb 
Majolim qarichlab, ko'ksimda urar. 


Balki, rangi -ro'yim ko'rinar behis, 
Sezimim unutdim, sezmadilar ham... 
Men telbaga telba bo'lgandim ‐qo'qqis, 
Uning "bemorligi" qilmoqda alam. 
Kerakmas, havoyi so'zlar ortiqcha, 
Jim turib, aldamay boqqan ko'z aziz. 
Istab-istamasdan ko'nikdik qancha 
Eski tarixlardan qolganicha iz... 
Unut. Tuyg'ulardan qolmagan zarra! 
Faqat nishona-yu nomi bor xolos. 
Soxtalik- ishqqa dor tizgandan ko'ra 
Ey tosh— yuragimga aylan, iltimos!... 
QACHON O'RGANAMIZ... 
O'z rizqin kam bilib yurgan odamlar, 
Nafs uchun bosilgan egri qadamlar, 
O'z ishin kasridan dilda alamlar... 
Bosh egib, ko'p bilib ozroq tashvishni 
Qachon o'rganamiz shukur qilishni?! 
Oqdan g'ubor izlab yurganlar kammi?! 


Yolg'onni rost bilib turganlar kammi?! 
Harom oshdan to'yib turganlar kammi?! 
Ro'kach qilavermay ro'zg'or turmushni 
Qachon o'rganamiz shukur qilishni?! 
Goho Xudo bergan darddan noliymiz, 
Ba'zi etga ingan garddan noliymiz, 
Nega "Baxtsizman" deb baxtdan noliymiz? 
Nasibaga ko'nib qo'ysak nolishni 
Qachon o'rganamiz shukur qilishni?! 
UMID 
Bunda qorachiqlar unutgan holin, 
Suv bor-u , afsuski, tayammum chora 
Sirtida urchigan holati so'lg'in, 
Istar lek, ketolmas, vujudni yora.
(qaniydi....) 
Qaniydi, tik turib qilolsa ruku, 
(Majoz) tovongacha singganida dard... 
Xayolan mashriqqa borib- kelsa u 
O'chirardek go'yo qalbindagi gard. 


A'molin bezatsa, g'oyibdan Iloh, 
Kutilmagan joydan kelardek najot. 
Bo'g'zidan ilkiga ko'chgancha duo 
Bir umid cho'kkalab o'qiydi bomdod... 
Yaxshiyamki shoir emassiz 
Tusamaydi ta'bingiz she'rlar 
Yaxshiyamki bitmaysiz doston. 
Ikki telba bir bo'lsa agar 
"Kelib qolar oxiri zamon". 
Qadrligim— xushingiz o'zda 
Emasdirsiz yozmoqqa molik. 
Yuz takalluf qilmoqlik — so'zga 
"Shoirlarga tekkan kasallik". 
Ular tilmoch yuraklariga
Lafz topolmay qoladi oxir. 
O'ylaganin yozolmasa gar 
"Jin chalgandek yuradi shoir" 
Siz yaxshisiz! Holingiz solim 
Nasibingiz shu bo'lsa agar. 
Sevmoq kerak kelguncha o'lim 


Ash'orlari bilan barobar. 
** 
Yangi suvrat kiyar eski hodisa, 
Kechagi tong yasar qaytadan shakl. 
Soniya ilmoqlab — daqiqa bog'lar. 
Sig'dirmas aql... 
Inson o'ylab topgan o'ylariga qul, 
Miyasini tirnar "nimalarim kam". 
Odamlar odamdan odimlayman deb— 
Dunyosiragan. 
Bo'lar- bo'lmasiga urunib tag'in 
Bo'ldirmoqlik uchun tinmay qilar sa'y. 
Bitmagan ishini birov bitkazsa, 
Xudodek ko'rgay. 
Faqat men xotiri jam bo'lgan yakkash, 
Sayrona kuzatar o'ng-u so'lini. 
Bori-yo'q, yo'qi- bor, baridan go'yo 
Yuvgan qo'lini.... 


** 
Aylantirib tolmasmi aqlim, 
Ko'rarimni ko'rib yuribman.... 
Tegramda iligan qahraton— 
Men uni sovutib turibman. 
Daf'atan,
latoyif pardalar 
Yuzimni o'raydi o't sari. 
Qarshilar—qarshilar.
Qanchalar 
Rizo deb qo'ymadim axiyri... 
Zax bosgan vujudga
qay vaqtda,
kirgan— 
Chiqarib yuborgum ruhimni. 
Osmon! 
Yetti otash 
tikilib turgan, 
Men esam o'rayman goh uni. 
Chertib chidamagan taqdirmi? 
toki- 
Xayolotim


o'yimdan bezor 
Keldim. 
Yurayapman odamday balki— 
Alhazar! 
odamday ketmasligim bor. 
Nazdimda yutindim bemajol, behol... 
Bir ilinj bo'g'zimni alqab turadi. 
Garchi, 
do'zoxlari itarsin cho'g'ga 
So'ng so'zim! 
Meni Xudo yaxshi ko'radi. 
Aldama sen o'zingni... 
shunchaki, 
aldama! 
osmonlardan tusharsan bir kun, 
zo'r gulshan deb, qalbing yo'llama, 
bilmadim.. 
Havas baxtga bo'lolmas ustun! 
Havolanma ko'kning yuziga, 
soxta ishqqa dahling bo'lmasin. 
Sen shu bugun tizgan iziga, 
Erta ilhaq, ko'ngling qolmasin. 


O'ylama... o'rganma, 
bexuda balki, 
sen tuyg'uga yo'ygan shu havas! 
so'ngsiz deya ataysan toki- 
Ilnj boqqan nigoh bo'lgach past. 
sen o'zingni asra ( xatodan) 
asra shu bugun... 
Erta qo'lingdan tutguvchi 
insoning uchun.. 
MARINA 
Latoyiflik mengzagan oqshom
Salqinlanar qorishiq havo. 
Sergey asta so'zlar muloyim 
Va Marina tinglar. Dilrabo! 
Jimlik. Yakunlanar kulgular 
Hadik bosar dilni ilkisdan. 
Go'yo g'aybdan ogohdek ular, 
— To'xta, Sergey ketma bir pasga... 
Xizmat uchun ketdi oq zobit, 
Ming to'qqiz yuz qirq birinchi yil. 
Fransiyadan ortiga qaytib, 
Qaydnomada yozildi qatl. 


Qismat chizgin chizdi bir talay, 
Zardob to'ldi ko'ngil qa'riga. 
Jismu-ruhi muzlab, hoynahoy 
Ich- ichidan yonar Marina. 
Telba isyon turolmaydi jim, 
Og'ir botdi ravosi ochun. 
Hukmga ters qilmoq-chun hukm— 
Yakun qildi kelmasdan yakun! 

Download 143.06 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling