Qushlar bizning do’stimiz


Download 76.5 Kb.
Sana02.07.2020
Hajmi76.5 Kb.
#122673
Bog'liq
2 5472400148900348861


Telegram:Maktablar uchun hujjatlar

QUSHLAR BIZNING DO’STIMIZ



Tadbir bolalarning yozgi oromgohlarida o‘tkaziladi. Undan maqsad tabiatga muhabbat, yashil olam boyliklarini himoya qilish, qanotli do‘stlarimiz —  qushlarga ozor yetkazmaslik bo‘lib, bu kabi sa’y-harakatlar zamirida tabiatga onglimunosabatda bo‘lish maqsadi yotadi.

Sahna chiroyli bog‘ ko‘rinishida bezatiladi. O‘rtaga kattakon yam-yashil daraxt maketi qo‘yilgan. Uning shoxlarida bolalarning o‘zlari yasagan har xil qushlarning maketi va  ular uchun qurilgan inlar  osilgan. Daraxt atrofiga bolalar o‘tirishi uchun kursilar hozirlangan. Tadbirni boshlovchi olib boradi. Mayin musiqa sadolari ostida sahnaga qushlar niqobini kiygan bolalar va boshlovchi chiqib kelishadi.

Boshlovchi:

 — Assalomu alaykum, aziz ota-onalar, qadrli bolajonlar! Mana, fasllar ichida biz, bolalar  sevgan to‘kin yozning o‘lkamizga tashrif buyurganiga ancha bo‘ldi. Maktablarda o‘qish tugab, yozgi ta’til ham boshlanib ketdi. Saxiy quyosh o‘z nurlarini yurtimiz uzra to‘kayotgan bir paytda dalalaru bog‘larda shirin-shakar mevalar ham  pishib yetila boshladi. Kuzda janubga, issiq o‘lkalarga uchib ketgan qushlar yana o‘zlarining jonajon makonlariga qaytib kelishdi. Ularning daraxtlaru ayvonlarning peshtoqlariga qurilgan mo‘’jazgina uychalari yana gavjum bo‘lib qoldi. Endilikda barchamiz uchun sevimli bo‘lgan qanotli do‘stlarimiz o‘z polaponlarini parvarishlab, uchirma qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Ularning bog‘lar uzra chug‘ur-chug‘uri quloqqa xush yoqadi. Ertayu kech tinim bilmay polaponlari uchun ovqat tashigan bu jonivorlar tabiatga qanchalar foyda keltirishlarini siz tasavvur ham qila olmaysiz. Hozirgi kunda O‘zbekistonimizda qushlarning 410 dan ziyod turi mavjud. Laylak, chumchuq, turna, bulbul, zag‘cha, kabutar, to‘rg‘ay, ko‘k qarg‘a… Ehe, ularni sanab sanog‘iga yeta olmaysan kishi! Bu qushlarning ayrimlari bilan tabiatshunoslik darslarida tanishgansiz. Bugungi tadbirimizda esa qushlarimiz hayoti bilan  sizlarni  yanada yaqinroq tanishtirish niyatidamiz.



Boshlovchi (qushlarga qarab so‘z qotadi): — Qaldirg‘och, qaldirg‘och!

Mehmonlarga diling och! (Daraxt tagida o‘tirgan qaldirg‘och niqobini kiyib olgan bola o‘rnidan turib uchayotgandek qo‘llarini silkitadi. U daraxt atrofini gir aylanib uchib, o‘rtaga keladi va so‘zlaydi).



Qaldirg‘och:

— Men qaldirg‘och, tez keldim,

Shamol misoli yeldim!

Qanotim tolmay uchdim,

Sizni sog‘inib quchdim!

Men qaldirg‘och g‘och-g‘och,

Keldim, eshik och, och!

Sayrayman sizga atab,

Don-dun soching hovuchlab!

(Shunday deya qaldirg‘och yana ajratilgan joyga borib o‘tiradi)



Boshlovchi:

-  Bolajonlar! Mana, qaldirg‘ochning so‘zlarini eshitdingiz. Ular ayvonlarning peshtoqiga in qurishganlarida, uy egalari bu qushni xosiyatli bilishib,  qaldirg‘ochlarga sirayam ozor berishmaydi.

— Keling, bolalar,  biz ham qaldirg‘ochga atab qo‘shiq aytamiz.

(Bir guruh qizchalar qo‘shiq aytishadi).

— Qushlar ichra a’losi,

Bilimdonu donosi,

Qaldirg‘ochim, qaldirg‘och!

Vijirlashib sayraydi,

Ko‘ngillarim yayraydi.

Qaldirg‘ochim, qaldirg‘och!

Qaldirg‘ochim g‘och-g‘och,

Dovul kelsa qoch, qoch!

Degin: eshik och, och!

Qaldirg‘ochim, qaldirg‘och!

(Qizlar qaldirg‘ochlarga don-dun berishayotgan kabi harakatda bo‘lishadi. Qaldirg‘och donni yeydi va uchib o‘z joyiga o‘tiradi).

Boshlovchi:  — Bolajonlar! Qushlarning turli joylarga in qurishini yaxshi bilasiz. Masalan, qaldirg‘och ayvon peshtoqlariga, chumchuq, mayna, qarg‘alar daraxt shoxlariga in qurib, bola ochadilar. Laylaklarni simyog‘ochlar, shuningdek, ko‘p yillik ulkan daraxtlar ustiga kattakon g‘ildiraksimon in qurganini ko‘ragansiz. Bu qushlar poklik va ezgulik timsolidir. Hozir davraga Laylakvoyni chaqiramiz. (Laylak uchib keladi va bolalarga qarata deydi)

Laylak:

— Sizlar sevgan laylakman,

Yaxshilarga kerakman.

Men yozning darakchisi,

Fasllar yo‘riqchisi!

Men haqimda ertaklar,

Yaxshilikka yetaklar.

Aytishar ajib qo‘shiq

Men haqimda barcha xo‘p.

(Ikki bola davraga chiqib, laylakka qarab qo‘shiq aytadi)

— Laylak keldi, yoz bo‘ldi,

Qanoti qog‘oz bo‘ldi.

Laylakvoyning kelishi,

Bolalarga soz bo‘ldi.

(Bolalar Laylak bilan qo‘l ushlashib, musiqa sadolari ostida chiqib ketadilar).



Boshlovchi: —  Endi bolalar, laylak to‘g‘risidagi mana bu rivoyatga quloq tuting. (Ohista musiqa sadosiostida rivoyat ayta boshlaydi).

— Qadimda bir dehqonning uyi tepasidan uchib o‘tayotgan yarador laylak madorsizlanib, hovliga qulab tushibdi. Kambag‘al dehqon laylakning yarasiga malham qo‘yib, uni parvarishlab,bahor kelgach, uchirib yuboribdi. Laylak dehqonning qilgan yaxshiligini unutmabdi. Kelasi yil    bahor faslida yer haydayotgan dehqon tepasidan uchib o‘tayotgan laylak unga uch dona sehrli tarvuz urug‘ini tashlab ketibdi. Bu urug‘lardan unib chiqqan tarvuzlar pishib yetilgach, ularni so‘yishganda, ichidan juda ko‘p tillalar chiqibdi. Kambag‘al dehqon o‘zining yaxshiligi evaziga laylakning himmatiga sazovor bo‘lib, umrining oxirigacha boy-badavlat yashagan ekan. Albatta, bu — bir rivoyat. Ammo, qushlarning yashil boyligimiz hisoblanmish tabiatni himoya qilishi, har xil zararkunanda hashoratlarga qiron keltirib, ekinlar hosilini saqlab qolishi, xalq xo‘jaligiga keltiradigan foydasi har qancha tillodan ham qimmatlidir. Lekin, ayrim bolalar bu jonivorlarga tosh otib, ularga ozor yetkazadilar. Qushlarning polaponlari yashayotgan inini buzib tashlaydilar. Qushlar judayam sezgir, nozik jonivor. Agar u qo‘ngan makondan ana shunday yomonliklar ko‘rsa, ikkinchi bor o‘sha joylarga qaytib kelmaydi. Natijada bog‘larimiz huvillab qoladi. (Davraga chumchuq kirib kiradi).



Chumchuq:

— Men chumchuq birovga hech,

Yomonligim yo‘q aslo!

Hashoratlarni cho‘qib,

Yo‘qotaman mutlaqo!

Non uvog‘in ko‘rgan on,

Tozalab terib yeyman.

Odamlarga doimo,

Yordamim tegsin, deyman.

(Bolalardan biri chumchuqchaga chiroyli qurilgan in hadya etadi. Chumchuq «rahmat», deb joyiga qaytadi).



Boshlovchi: —  Bolalar, qushlar orasida qarg‘ayu hakkalar ham dala-yu bog‘larda, uzumzoru mevazorlarda ko‘p uchraydi. Ularning ham dalalardagi hashoratlarni yo‘qotishda xizmati beqiyosdir. Qarg‘alarning turlari ko‘p: oq qarg‘a, ko‘k qarg‘a, ola qarg‘a, qora qarg‘a, va hokazo! Ular qishloqlarda, hovlilar tepasida gala-gala bo‘lib uchib yurishadi. Suzma, pishloq, qurt ularning jonu dili. Agar bu ne’matlarni savatlarga solib osib qo‘yilganini ko‘rib yoki sezib qolishsa bormi, darrov do‘stlariga «xabar» yetkazishadi. Shu onda   savatdagi yeguliklarga hujum boshlanadi. Ayniqsa, hakka! (Hakka kiradi va hazil she’r o‘qiydi).

Hakka:

— Men hakkaman, hakkaman,

Nafsim-chi, hakkalagan.

Kasbi korim o‘g‘rilik,

Men uchun bu — to‘g‘rilik!

Iqbolimga, baxtimga

Yaxshiyamki, qishloq bor.

Sora xolam pishirgan

Savatchada pishloq bor!

(U daraxtda osilib turgan savatchadan bir parcha pishloqni oladi-da, qochib qoladi. Shu choq quvnoq musiqa chalinib, qizaloqlar «Ola qanot hakkalar» qo‘shig‘ini kuylashadi).



Boshlovchi:  — Bolalar, ko‘rdingizmi, mana shunaqangi ayyor qushlarimiz ham bor. Lekin ularni biz juda yomon, deya olmaymiz. Boisi, ularning ham qishloq xo‘jaligida ma’lum foydali tomonlari yo‘q emas. Ammo, oq kabutar hakkaning yuqoridagi kabi ba’zi ishlarini sirayam yoqtirmaydi. (Davraga oq kabutar kirib keladi) Kabutar tinchlik ramzi, o‘zi yuvvosh, yoqimtoy, bolalarning jonu-dili.

— Siz maktub tashuvchi kabutarlar to‘g‘risida ham ko‘p eshitgansiz. Qadimdan bu qushlar insonlarga katta yordam berib kelishgan.



Kabutar (qanot qoqib):

— Men kabutar, xat tashuvchi

Shamol kabi yeluvchi,

Eshik chertaman «taq-taq!»

Maktub bor, sizga, faqat!

Olib keldim xat — xabar,

Eshik oching, «taq-taq-taq»,

Suyunchini cho‘zing tez

Sizni qilay xushchaqchaq!

(Kabutar qo‘llaridagi maktublarni bolalarga ulashadi. Bir bola kabutarning boshini silab, she’r o‘qiydi).



Bola:

— Boqdim men ikki kaptar,

Qanotlari oq-sapsar.

Tumshug‘i uchli juda,

Sevar singlim Mavjuda!

Gar chaqirsam keladi,

Shamol kabi yeladi.

Qo‘nar, yelkam, qo‘limga

Doim chiqar yo‘limga.

O‘zi yoqimtoy yuvvosh,

Silasam egadi bosh.

Sevadi hamma kishi

Bu kabutar — erk qushi!

(Daraxt atrofida o‘tirgan qushlar qo‘l ushlashib, qo‘shiq aytib, raqsga tushadilar).



Bolalar (jo‘r  bo‘lishib):

— Salom, do‘stlarim,

Salom, qushlarim,

Ko‘kning erkasi,

Uchar qushlarim!

Ko‘rib quvondim,

Uchganigizni,

Go‘zal samoni

Quchganingizni!

Boshlovchi:

- Go‘yo marjonday

Tizilasiz xo‘p.

Biling qushlarim,

Do‘stlaringiz ko‘p.

(Bolalar birin-ketin qushlar to‘g‘risida she’r aytadilar)



O‘quvchi bola:

Tong sabosi yelganda,

Chug‘urlashar qushchalar!

Xush ohangda xo‘p jo‘shib,

To‘lib-toshib kuylashar.

«Olamda tinchlik bo‘lsin!

Tinchlik bo‘lsin dunyoda».

Qushchalar qo‘shig‘i — bu,

Jo‘shib kuylar shunchalar!

O‘quvchi qiz:

—Oq bulutga talpinadi,

Ular — ko‘kning oshig‘i.

Quyosh zarrin nur sochadi,

Baralladir qo‘shig‘i!

O‘quvchi bola:

— Tabiatga husn kirdi,

Atroflarda tarovat.

Go‘zal erur, butun jahon

Butun borliq alomat!

O‘quvchi qiz:

—Parvoz qilgan qushchalarim

Sizga kelar havasim

Yayrab uching, sayrab uching,

Sizga yo‘qdir qafasim!

Qafas ichra yashamoq ne?

Juda yaxshi bilamiz.

Donlar sepay, kelaqoling,

Qanot qoqib terasiz.

O‘quvchi bola:

— Sabo bilan o‘ynaysiz

Shiringina so‘ylaysiz.

Tinchlik tilab olamga

Dilingizdan kuylaysiz!

Hamma:

— Bog‘u-rog‘lar yaratamiz,

Sizlar makon quringiz,

Go‘zal yurtim quchog‘ida,

Doim omon bo‘lingiz!

Boshlovchi:

—  Aziz bolajonlar! Qushlar doimo bizlarga do‘st. Ularni asrab-avaylamoq har bir insonning muqaddas burchidir. Biz ham o‘z burchimizga sodiq bo‘lib, jonivorlarni, yashil olamni, tabiatning jamiki go‘zalliklarini cheksiz muhabbat ila sevib, himoya qilaylik. Shu bilan «Qushlar — bizning do‘stimiz» mavzusidagi tadbirimiz nihoyasiga yetdi. Xayr, doimo sog‘- omon bo‘linglar!



Mayin musiqa sadolari ostida kechaga yakun yasaladi.
Download 76.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling