12-modda. Harbiy okruglar
Harbiy okrug operatsion yo‘nalishlarda O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlovchi asosiy harbiy-ma’muriy birlik hamda umum qo‘shin tezkor-strategik hududiy birlashmasidir.
Harbiy okruglar zimmalariga yuklangan vazifalarni bajaradilar hamda qonun hujjatlariga muvofiq qarorlar qabul qiladilar.
13-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning mudofaa sohasidagi vakolatlari
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar qonun hujjatlariga muvofiq mamlakat mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarning jangovar va safarbarlik tayyorgarligini, shuningdek jangovar qobiliyatini ta’minlashda qatnashadilar hamda zimmalariga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun mas’uldirlar.
Harbiy buyurtmalarni bajaruvchi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar mudofaa ehtiyojlariga zarur bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berilishi, tarmoqning safarbarlik tayyorgarligi uchun mas’uldirlar, safarbarlik tayyorgarligi rejasiga muvofiq tarmoqning urush davrida barqaror ishlashini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mudofaa sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
tegishli safarbarlik topshiriqlari bajarilishini ta’minlaydilar;
o‘z hududlarida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda safarbarlik rejalari hamda davlat va safarbarlik zaxiralari moddiy boyliklarini jamlash topshiriqlari bajarilishi ustidan nazorat olib boradilar;
harbiy hisobga olish ishini, harbiy va muqobil xizmatga chaqirishni, safarbarlik, harbiy yig‘inlarni tashkil etishda, shuningdek safarbarlik va urush davrida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga bron berishda qatnashadilar;
fuqaro muhofazasi tadbirlari bajarilishini ta’minlaydilar;
hududiy mudofaa tadbirlarini rejalashtirishda va ularning bajarilishini ta’minlashda qatnashadilar;
Qurolli Kuchlarning zarur mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlariga, issiqlik va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlaydilar, ularga aloqa vositalarini beradilar, kommunal-maishiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatadilar;
harbiy qismlar, Qurolli Kuchlarning korxona, muassasa va tashkilotlari ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda yer, xizmat xonalari hamda turar joy beradilar;
fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tashi, jangovar harakatlarda qatnashishi munosabati bilan ularga, shuningdek ularning oila a’zolari uchun belgilangan ijtimoiy kafolatlar amalga oshirilishini ta’minlaydilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |