Ramonova sadoqat komilovna
Download 49.74 Kb.
|
RAMONOVA SADOQAT KOMILOVNA
TAHLIL VA NATIJALAR
Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining xotira, fikrlash va kuzatuvchanligini rivojlantirishga, yangi materialni o‘rganish va mustahkamlash, bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga imkon beruvchi dacturiy vositalar, nazorat topshiriqlari, test sinovlari va dars ishlanmalaridan mashg‘ulot jarayonida foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi; oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish uchun “Elektrotexnika va elektronika asoslari fanidan amaliy mashg‘ulotlar to‘plami” hamda “Elektronika va raqamli texnika fanidan amaliy ishlari uchun uslubiy ko‘rsatma”(1,2-qism), “Elektronika va sxemotexnika fanidan amaliy ishlar uchun uslubiy ko‘rsatma (maxsus fakultet talabalari uchun)” nomli o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqildi va amalda foydalanilmoqda. Respublika va xalqaro miqyosidagi ilmiy konferensiya materiallari to‘plami, OAK ro‘yxatidagi maxsus jurnallar hamda xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar, tajriba-sinov ishlarining tahlili, yaratilgan o‘quv qo‘llanmalar, xulosa, taklif va tavsiyalarning amaliyotda joriy etilgani, olingan natijalarning vakolatli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangani bilan izohlanadi. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati taklif etilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha dasturiy metodik ta’minot, ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalar oliy harbiy bilim yurti kursantlarining ijodiy (izlanuvchanlik, tadqiqotchilik, konstruktorlik) qobiliyatlarini rivojlantirishi, ta’lim jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi hamda kursantlarda o‘quv bilish faoliyatining faollashtirilishi bilan izohlanadi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati oliy harbiy ta’limda elektrotexnika va elektronika asoslari fanini kursantlar an’anaviy va aralash ta’lim sharoitida mustaqil o‘rganishlari uchun imkon yaratadi hamda o‘quv jarayonining samarasini oshirish uchun xizmat qiladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika asoslari fanini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida takomillashtirish metodikasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida: oliy harbiy ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika asoslari fanini o‘qitish metodik xususiyatlarini ratsionallik va emotsionallik, nazariy va empirik bilimlarning birligi, elektrotexnikaning hayot va amaliyot bilan bog‘liqligi kabi umumdidaktik tamoyillarini kompyuterli chizmatexnik modellashtirish jarayonlariga komparavistik tarzda tatbiq etish orqali aniqlashtirishga doir taklif va tavsiyalardan “Elektrotexnika va elektronika asoslari fanidan amaliy mashg‘ulotlar to‘plami” o‘quv qo‘llanmasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Mudofaa vazirligining 2021 yil 8 sentyabrdagi 10/1984-son ma’lumotnomasi). Natijada oliy harbiy ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika asoslari fanini innovatsion yondashuvlar asosida o‘qitish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilgan; elektrotexnika va elektronika asoslari fanini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida o‘qitishning metodik tuzilmasini elektr zanjirlarni almashtirish chizmasi, modellashtirish, vektorli diagrammalar, analitik metodlarni axborot texnologiyalarini qo‘llashga imkon beruvchi chizma-tasviriy modellar bilan modifikatsiyalashning produktivligini ta’minlash asosida aniqlashtirish, elektrotexnika va elektronika asoslari fanini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida o‘qitishning didaktik modeli konstruktiv-texnik masalalarni yechish jarayonida ijodiy texnik fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiluvchi ilmiy bilish shakl va metodlarini majmuaviy qo‘llash algoritmini ishlab chiqish asosida takomillashtirishga doir amaliy taklif va tavsiyalardan OT-Atex-2028-519 “Kompyuterda immitatsion modellar asosida virtual resurslar Web ilovasini dasturiy ta’minotini yaratish” (2018-2020 yy.) amaliy loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Mudofaa vazirligining 2021 yil 8 sentyabrdagi 10/1984-son ma’lumotnomasi). Natijada oliy harbiy ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika asoslari fanini o‘qitishda virtual ta’lim texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga ko‘maklashgan; elektrotexnika va elektronika asoslari fanini o‘qitishning metodik ta’minoti elektron dasturiy vositalarni izlanishli-tadqiqotchilik faoliyat jarayonida texnik intellektni rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirishga xizmat qiladigan test-kartlarni adaptiv tarzda ishlab chiqish orqali takomillashtirishga doir amaliy taklif va tavsiyalardan “Elektrotexnika va elektronika asoslari” o‘quv qo‘llanmasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Mudofaa vazirligining 2021 yil 8 sentyabrdagi 10/1984-son ma’lumotnomasi). Natijada bo‘lajak ofitserlarda axborot-kommunikativ kompetentlikni rivojlantirish samaradorligini oshirishga erishilgan. XULOSA Elektrotexnika va elektronika asoslari fanini o‘qitish metodikasi fizika, matematika va umumtexnik fanlari bilan uzviy bog‘liq. Shuningdek, o‘qitish jarayonida o‘qituvchi tomonidan berilayotgan ma’lumotlarning ilmiyligi, ko‘rgazmaliligi, tushunarli bayon qilinishi, o‘qituvchining ta’lim resurslar, texnik vositalar va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan mashg‘ulotlar jarayonida samarali foydalanishi hamda o‘qituvchining ta’lim berish mahorati o‘qitishda yuqori muvaffaqiyatlarga erishishiga zamin yaratadi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida elektrotexnika asoslari fanini o‘qitish metodikasi A.E.Kaplyanskiy ilg‘or pedagogik yondashuvlar va texnologiyalar asosida ishlab chiqishda quyidagi didaktik tamoyillarga: ilmiylik; nazariya va amaliyot a’loqa; o‘qitishni faollashtirish; tizimli va tushunarli bayon qilish; o‘qitishda ko‘rgazmalilik kabilarga alohida e’tiborni qaratgan. Metodist olim ma’ruza darslarida namoyishli tajribalarni (masalan, ossillografda) o‘tkazish davomida mantiqiy va texnik fikrlash orqali muhim natijalarga erishish mumkinligi e’tirof qilgan. Tadqiqotimiz davomida oliy harbiy ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika asoslari fanlarini o‘qitish va mazkur yo‘nalishda kompetentli mutaxassislarni tayyorlash muammosiga ta’sir ko‘rsatuvchi ayrim ziddiyatlar o‘rganildi. Bular: birinchidan ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika fanlari o‘qitilayotgan an’anaviy o‘qitish metodikasi bo‘lajak mutaxassisning kasbiy faoliyati mazmuniga yuksak talablar qo‘yayotgan zamonaviy sharoitda yaxshi samara bermayotganligida bo‘lsa, ikkinchidan elektrotexnika va elektronika asoslari fanini o‘qitishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan foydalanishning yorqin ifodalangan tendensiyalariga ega bo‘lgan dasturiy ta’minoti ishlab chiqilmaganligida, uchinchidan hayotiy ehtiyojlarimizga elektrotexnika va elektronikaga oid zamonaviy elektr va elektron qurilmalarning jadal kirib kelishi va bu qurilmalar haqidagi ma’lumotlarning amaldagi o‘quv adabiyotlarimizda aks etmaganligi, to‘rtinchidan oliy harbiy ta’lim muassasalarida elektrotexnika va elektronika fanlari o‘quv rejada auditoriya dars soat hajmi kam ajratilganligi. Bizning fikrimizcha o‘quv jarayonlari reproduktiv metodlar asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda, o‘qituvchi bir juftlik mashg‘ulot davomida tinglovchilarga katta hajmdagi ma’lumotlarni berishi mumkin, ammo bu ma’lumotlarni tinglovchi tomonidan o‘zlashtirish yoki ularni uzoq muddatga yodda saqlash imkoniyatlari chegaralangan. Bu usulda mashg‘ulot o‘tilganda aksariyat holda o‘qituvchi faol, ammo tinglovchi esa passiv bo‘ladi. O‘qitishning produktiv (samarali) usuli esa bugungi kunda o‘quv amaliyotiga keng joriy qilinmoqda. O‘qitishning bu usulida tinglovchi muammoli vaziyatlarni hal etishda, jumladan loyiha va o‘quv tadqiqot ishlarini bajarishda ijodiy yondashgan holda faol ishtirok etadi. O‘quv jarayonida o‘quv ma’lumotlari tinglovchilarga turli usullarda, ya’ni ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ta’lim orqali taqdim qilinadi. Ma’ruza - o‘qitish jarayonining bir bo‘g‘inidir. Ma’ruzadagi asosiy didaktik maqsad – tinglovchilar tomonidan o‘quv materialini kelgusida o‘zlashtirishi uchun yo‘naltirilgan asoslarni shakllantirishdir. Ma’ruza mashg‘ulotlarini olib borish metodikasi muammoli o‘qitish tamoyillarini amalga oshirishga, ma’ruza kurslari mazmunida berilayotgan nazariy ma’lumotlarni va uning amaliyotdagi dolzarb o‘rnini anglatishga, ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlarini aks ettirishga, tinglovchida ilmiy dunyoqarashni va tafakkurni shakllantirish uchun imkon yaratishga, xotirani chiniqtirishga, mantiqiy va fikriy tafakkurni rivojlantirishga qaratiladi. Muayyan kursning asosiy ilmiy-nazariy qoidalari va ko‘rsatmalari faqat ma’ruzalar asosida taqdim etilishi mumkin. Ma’ruzada voqea va hodisalarning ilmiy asoslari beriladi, o‘rganilayotgan masalaning mohiyatini ochib berish usullari o‘rganiladi. Pedagog olim M.Djoraev “ma’ruzaning didaktik vazifasi tinglovchilarni fanga olib kirish, mavzuning asosiy tushunchalarini berish, o‘rganilayotgan fanning qonuniyatlariga, uning uslubiy asoslarini egallashga yo‘naltirishdan iborat”- deb ta’kidlaydi [20]. Bu bilan muayyan fan bo‘yicha tinglovchining kelgusidagi barcha faoliyatining mazmuni va xususiyati belgilanadi, unda o‘rganishga qiziqish va mantiqiy fikrlash ko‘nikmasi rivojlanadi. Ma’ruzalar o‘quv faoliyatining barcha turlari: amaliy, laboratoriya, mustaqil va boshqa mashg‘ulotlar bilan o‘zaro aloqa bog‘laydi. S.I.Arxangelskiy ma’ruzaning asosiy vazifalaridan biri, o‘qitishning o‘quvchilarning mustaqil va qo‘shimcha mustaqil ishlari bilan aloqa o‘rnatish zarur ekanligini ta’kidlaydi. Olimning fikriga ko‘ra ma’ruza orqali tinglovchilarni turli o‘quv adabiyot va darsliklarga murojaat qilishni taqozo etadi, bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishga chorlaydi. A.V.Usova “ma’ruza o‘quvchilardagi bilimlar tuzilmasini tahlil qilish natijasida aniqlangan quyidagi asosiy unsurlarni (ilmiy dalillar; tushunchalar; qonunlar; nazariya; olamning yagona manzarasi) o‘z ichiga olgan bilimlar tizimi shakllanishining yuz berishi”- deb ta’kidlagan. Ma’ruza singari mustaqil ta’lim o‘quv faoliyatining eng yuqori shakli bo‘lib, undan ta’limning turli (umumta’lim, o‘rta-maxsus va oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi magistratura) bosqichlarida tashkil etish masalasi ta’lim mussasalarida keyingi paytlarda keng muhokama etilmoqda. Mustaqil ta’limni samarali tashkil etishda o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi psixologik-pedagogik munosobatlar muhim sanaladi. Pedagogik amaliyotdan ma’lumki, agar shaxsda mustaqil anglash faoliyati yaxshi shakllangan bo‘lsa, ta’lim jarayonining o‘qitish samaradorligi ham yuqori bo‘ladi. Shuningdek, mustaqil ta’limni tashkil etishda talabaning qabul qilish qobiliyatini inobatga olgan holda individual yondashuvning amalga oshirilishi ob’ekt – talabada kognitiv va kreativ sifatlarini rivojlanishiga imkon yaratadi. Download 49.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling