Metrologiyada oʻlchanadigan kattalik obʼyekt (tizim, jarayon) ning xususiyati sifatida izohlanadi. U sifat jihatidan ajratilishi va miqdoriy aniqlanishi mumkin, yaʼni xususiyat sifatida qator obʼyektlar uchun umumiy va u bir obʼyekt uchun boshqasiga qaraganda maʼlum son marta katta yoki kichik boʻlishi mumkin. Mas, uzunlik, massa, zichlik, temperatura, kuch va boshqa (obʼyektning fizik xususiyatlarini aks ettiruvchi kattaliklar). Har bir obʼyekt yetarlicha aniqlikdagi xususiyatlarga — uzunlik, massa, zichlik va boshqalarga ega. Obʼyekt uchun kattalik tushunchasi aniq boʻladi (mas, stolning uzunligi, tarozi toshining massasi, suyuklikning zichligi va boshqalar). Faqat aniq kattaliklarni oʻlchash mumkin. Katallikka obyektiv (miqdoriy) baho berish uchun shu kattalikning birligini (ayrim kattaliklar uchun — shkalani) tanlab olish kerak. Kattalik birligi — sonli qiymati kelishuv boʻyicha birga teng qilib qabul qilingan (aniq) kattalik. Har xil oʻlchamli (mas, temperatura shkalasi, Brinel boʻyicha qattiqlik shkalasi) bir nomdagi kattaliklar qiymatlarining ketma-ketligi kattalik shkalasi deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |