QONUNDA BELGILANGAN TARTIBLAR: «Metrologiya toʻgʻrisida» gi qonun 5 boʻlimdan iborat boʻlib, bu boʻlimlar 32ta moddani oʻz ichiga olgan. Respublikamizda metrologiya xizmatini yoʻlga qoʻyish va bunda jismoniy va yuridik shaxslarning ishtiroki va funksiyalari, bu boradagi javobgarliklar boʻyicha keng maʼlumotlar berilgan. Qonunda koʻrsatilganidek, oʻlchash vositalarining davlat sinovlarini oʻtkazish, ularning turlarini tasdiqlash va davlat roʻyxatiga kiritish «Oʻzstandart» agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Qonunda yana bir masala – davlat roʻyxati belgisini qoʻyish toʻgʻrisida ham bayon etilgan. «Metrologiya toʻgʻrisida» gi qonunda aytilishicha, tasdiqlangan oʻlchash vositalariga yoki ularning foydalanish hujjatlariga ishlab chiqaruvchi davlat roʻyxati belgisi qoʻyilishi shart. Ma'lumki, ishlab chiqarishdagi oʻlchash vositalarining holati va ularni vaqti-vaqti bilan qiyoslashdan oʻtkazib turish har doim e'tiborda boʻlmoqligi lozim. Ular boʻyicha roʻyxatlar tuziladi va oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati «Oʻzsandart» agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Ilmiy-tadqiqotlar bilan bogʻliq oʻlchash vositalari, asboblari, qurilmalari hamda oʻlchovlari «Metrologiya toʻgʻrisida» gi qonunning 17-moddasi asosida «Oʻzsandart» agentligining davriy ravishda qiyoslashdan oʻtkazilib turilishi lozim boʻlgan oʻlchash vositalari guruhining roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, shu qonunning 7-moddasiga binoan, amaliy foydalanishda boʻlgan oʻlchash vositalari belgilangan aniqlikda va foydalanish shartlariga mos holda, qonuniy birliklardagi oʻlchash natijalari bilan ta'minlashlari lozimligi alohida koʻrsatib oʻtilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |